Ichki yo‘llarni ta’mirlashga 40 yil kerakmi?

05.02.2018, 17:39

Ichki yo‘llarni ta’mirlashga 40 yil kerakmi?

Mamlakatimizdagi ichki yo‘llar qachon mukammal ta’mirlanadi? Maktablarda farroshlar shtati nega qisqartirildi? Hududlarda tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonalarning samaradorligi qachon oshadi? Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi tomonidan deputatlar, soha mutaxassislari, olimlar, ekspertlar, tegishli vazirlik va idoralarning vakillari ishtirokida tashkil etilgan kengaytirilgan yig‘ilishida shu kabi masalalar muhokama qilindi. Parlament a’zolarining joylardagi mavjud ahvol bilan yaqindan tanishish, bu yerdagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha olib borilgan ishlar yakuni yuzasidan iqtisodiyot va moliya vazirligi mutasaddilarining javobi eshitildi.

Sanoat zonalari muammosi nimada?

Islomjon ZOKIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

–  Fraksiyamiz a’zolari joriy yilning 13-20 yanvar kunlari aholi bilan bevosita uyma-uy yurib, muloqotlar o‘tkazdi. Muloqotlar mobaynida fuqarolar tomonidan ikki mingdan ortiq turli yo‘nalishdagi muammolar ko‘tarilib, ularning 796 tasi deputatlar tomonidan o‘z joyida hal etildi. 1100 dan ortig‘i tuman hokimligi orqali tumanning tegishli mutasaddi tashkilotlariga ijro uchun yuborildi. Shu bilan birga, respublika darajasidagi 200 dan ortiq muammo alohida ajratib olinib, parlament nazoratining turli shakllari orqali bartaraf etishga kirishildi.

Chunki, biz ko‘tarayotgan masalalar, nafaqat bitta saylov okrugi, balki respublikaning barcha tumanlarida bir necha yillardan buyon o‘zining yechimini kutmoqda.

Jumladan, mamlakatimizda erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyatini boshqarish hamda ular faoliyatini tashkil etishning yangi tizimi to‘liq joriy etilgan bo‘lsa-da, o‘rganishlar davomida bir qator muammoli masalalarga duch keldik.

Xususan, kichik sanoat zonalari tashkil etish bo‘yicha Respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan bir qatorda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan reja asosida tizimli ishlar olib borilmayotgani ko‘zga tashlanadi.  Ayrim davlat mulki ob’ektlaridan to‘liq foydalanilmayapti. Sanoat zonalarida injener-texnik kommunikatsiya ishlari («O‘zbekenergo», «O‘ztransgaz» tashkilotlari tomonidan) o‘z vaqtida hal etilmagan. Birgina, xuddi shunday Yangiyer kichik sanoat zonasida xuddi shunday holat kuzatildi.

Dilshod ASOMOV,

Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari:

–  Bugungi kunda mamlakatimizda 14 ta erkin iqtisodiy va 45 ta kichik sanoat zonalari faoliyat olib bormoqda. «Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida»gi qonun bundan 22 yil oldin qabul qilingani bois, uning normalari juda eskirgan. Uni bugungi kun talabi asosida qayta ko‘rib chiqish zarur.

O‘rganishlar jarayonida deyarli barcha hududlarda mahalliy ichki yo‘llarning holati achinarli ekani kuzatildi. Jumladan, Mirzacho‘l tumani hududida jami 149 kilometr, Yozyovon tumanida 328 kilometr ichki yo‘llar ta’mirtalab holatda. Bunday raqamlar respublikaning Nurobod, Mirishkor, Shumanay, Oltinsoy, Tomdi, Yangibozor, Xonobod, Romitan, Mingbuloq, Oqoltin, Zangiota tumanlarida ham mavjudligi kuzatildi.

2017 yil Davlat dasturi bo‘yicha avtomobil yo‘llari holatini yaxshilash va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida, 1,5 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanishi belgilangan.

1 yilda 2,5 foizga bajarilmoqda

Sohibjon ISMOILOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

– 2009 yildan buyon ichki yo‘llarga alohida e’tibor qaratila boshlangan bo‘lsa-da, respublika bo‘yicha yo‘l qurilish ishlari 1 yilda 2,5 foizga bajarilmoqda. Umumiy hajmni tugallash uchun 40 yil sarf bo‘ladi. Yo‘lni saqlash muddati 18 yil, lekin aksariyat ichki yo‘llar 2-3 yilda yana ta’mirtalab holatga tushib qolyapti.

Umuman, ushbu maqsadlarda yo‘naltirilgan mablag‘lar qanday samara bermoqda? Ichki yo‘llarni yaxshilash bo‘yicha yana qanday choralar belgilash maqsadga muvofiq?!

Abduhofiz KARIMOV,

Moliya vaziri o‘rinbosari:

–  Respublika miqyosida 116 ming 560 km ichki yo‘llar bo‘lsa, o‘tgan 8 yilda ularning 12 ming kilometrni ta’mirlash uchun davlat budjeti va Respublika yo‘l jamg‘armasidan 524 milliard 473 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Ammo 2017 yildan boshlab ichki yo‘llar ta’miri uchun ajratiladigan mablag‘ nisbatan ko‘paytirildi. 2017 yilning o‘zida bu maqsadlarga, ya’ni 3690 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun 356 milliard so‘m ajratildi. 2018 yilda esa undan ham ko‘p, ya’ni 3779 kilometr yo‘lni ta’mirlash uchun 369 milliard so‘m ajratilyapti. Yuqorida keltirilgan raqamlar to‘g‘ri. Ammo biz ham davlat budjeti imkoniyatlaridan kelib chiqib yo‘l ta’miri uchun mablag‘ ajratamiz.

Maktab tozaliliga kim mas’ul?

Deputatlarning qayd etishicha, Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Xalq ta’limi vazirligining buyrug‘iga asosan hozirgi kunda respublikamizdagi barcha maktablarda 700 mterkvadrat maydonga 1 nafar farrosh hisobidan shtat birligi ajratilgan.

Natijada, ayniqsa, qishloq joylarda maktablarni toza saqlash masalasida bir muncha qiyinchiliklar tug‘ilmoqda. Sodda qilib aytganda, tozalik ta’minlanmayapti, bu esa, bolalar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu o‘rinda aytish lozimki, 2010 yilga qadar 1 nafar farrosh shtat birligi 1 stavkasi uchun 400 metrkvadrat maydon, keyinchalik 500 metrkvadrat etib belgilangan. Bugungi kunga tozalangan har bir metrkvadrat uchun 172 so‘mdan ish haqi to‘lanyapti. Natijada farroshlarning ish hajmi ko‘payib, ular jismonan bu hududni tozalashga ulgurmayapti. Berilgan oylik ish haqi ko‘paygani bilan ish hajmining oshishi maktab tozaligini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Deputatlar bir necha hududlarda shu kabi muammoga duch kelganini ta’kidladi.

Abduhofiz KARIMOV,

Moliya vaziri o‘rinbosari:

– Chindan ham, bu muammo ustida bir necha bor ishlaganmiz. Ayni paytda maktablarda 13 mingta farrosh shtati qisqartirildi. Ularning mavjud yuklamasi oshishi hisobiga oylik ish haqini oshirishga erishdik. Ammo ish hajmi juda yuqori va ko‘pgina maktablarda umuman qisqartirib yuborilgan. Agar hozir bu shtatlar qayta tiklanadigan bo‘lsa, har oy budjetdan 86 million so‘m mablag‘ ajratilishi talab etiladi. Budjetni optimallashtirish borasida boshqa takliflarni ham o‘rganyapmiz. Bu masala ustida ham yana o‘rganishlar olib boramiz.

Kengaytirilgan yig‘ilishda odamlarni qiynayotgan shu kabi bir necha hayotiy muammolar,  ularning yechimiga oid takliflar o‘rtaga tashlandi. Eshituv yakunlariga ko‘ra, fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

«Jamiyat»

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1376
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+