Yoshlarda internet madaniyatini shakllantirish muhim vazifa

06.02.2018, 11:29

Yoshlarda internet madaniyatini shakllantirish muhim vazifa

O‘zLiDeP Bulung‘ur tuman Kengashi tomonidan Bulung‘ur qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida “Xavfsiz internet” partiyaviy loyihasi doirasida “Internet xavfsizligi va yoshlarda internet madaniyatini shakllantirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda mamlakatimizda jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk avlodni tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ularni zamonaviy axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirishi uchun yaratilayotgan sharoitlarga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Shunga qaramay zo‘ravonlik, giyohvandlik kabi illatlarni targ‘ib etuvchi ayrim veb-saytlar yoshlar tarbiyasi, milliy ma’naviyatimiz, tinch va osoyishta hayotimizga tahdid solayotgani sir emas. Bu esa yoshlarning internetdan foydalanish ko‘nikmasi, madaniyatini to‘g‘ri shakllantirishni taqozo etmoqda.

–  Hozirda internetdan foydalanuvchilarning salmoqli qismini yoshlar tashkil etadi, – deydi O‘zLiDeP faoli Mohira Xushbekova. – Shu bois yoshlarda internetdan maqsadli foydalanish madaniyatini yuksaltirish, yoshlarda internet axborotlaridan to‘g‘ri va o‘rinli foydalanish, malakasini oshirish, salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi axborotlardan himoyalash, xavfsiz internet muhitini shakllantirish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishda bunday tadbirlarning ahamiyati katta. 

– Internet axborotlaridan to‘g‘ri foydalanmaslik oqibatida ayrim tengdoshlarimizning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolayotgani biz yoshlarni ham tashvishga soladi, – deydi Bulung‘ur qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Otabek Dubayev. –  Bugungi tadbir yoshlarning internet tarmog‘idan to‘g‘ri foydalanish borasidagi bilim va tushunchalarimizni yanada boyitishga yordam berdi. 

Tadbirda oila, mahalla, ta’lim maskani o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yoshlarning qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlar ta’sirchanligini yanada oshirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr yuritildi.

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi

matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2695
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+