Mamlakatimizning turizm salohiyati yuksaladi

06.02.2018, 19:09

Mamlakatimizning turizm salohiyati yuksaladi

Turizmni madaniyatlar rishtasi deb bejiz aytmaydilar. Inson umrguzaronlik qilar ekan, olam go‘zalliklariga hamisha talpinib yashaydi. Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida turizmni rivojlantirish evaziga mamlakat iqtisodiga yaxshigina daromad kelib tushayotgani bor gap. Mingga yaqin tarixiy me’moriy obida va qadamjolar mavjud bo‘lgan bizning mamlakatimizda turizm imkoniyatlari nihoyatda keng ekanligini alohida ta’kidlashni istardim.  

 Prezidentimizning 2018 yil 3 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni sohani rivojlantirish, yangi-yangi loyihalarni ro‘yobga chiqishida yaqindan yordam beradi.  Turizmni rivojlantirish yo‘lida izlanayotgan yosh tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, tematik xiyobonlar, mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalarini qurish va jihozlanishi uchun olib kiriladigan materiallarni to‘lanadigan bojxona xizmatlaridan ozod etilishi soha rivojiga xizmat qiladi. Farmonda ichki turizm, dam olishning turlari, sport turizmini rivojlantirishga e’tibor qaratish, tabiiy hududlarni saqlash va dunyoga namoyon etish borasidagi muhim vazifalar belgilab berilgan. Mamlakatimizda boy tabiiy, madaniy va tarixiy merosimizni asrab-avaylash va mavjud resurslari va imkoniyatlardan samarali foydalanish bugunning dolzarb vazifasidir. Turizmga investitsiyalarni jalb etish, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni olib kirishda bojxona xizmatlaridan ozod etilishi turizm xizmatlarini zamonaviylashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Endilikda mazkur soha takomili uchun amalga oshiriladigan har bir loyiha uchun 10 mln. AQSh dollari miqdorida kredit ajratilishi ham ko‘plab yangi-yangi loyihalarni ro‘yobga chiqarishni ta’minlaydi.

Qadimda sharqning gavhari deya atalgan bizning Shahrisabz shahrimizdagi me’moriy obidalarni ko‘rish istagida bo‘lgan xorijliklar son mingta. Ayniqsa, Sohibqiron Amir Temur saltanatining muazzam koshonasi bo‘lmish Oqsaroy, Doriltilovat, Dorussaodat kabi yuzlab tarixiy ob’ektlarni xorijliklar hamon hayratu havas birla tomosha qilmoqdalar. To‘g‘ri istiqlol yillarida boy madaniy merosimizning yorqin namunasi bo‘lgan bu go‘zal inshoatlarni saqlash va ta’mirlash borasida qator ishlar qilindi. Biroq bugungi kunda vohamizda turizm salohiyatidan yetarli foydalanilmoqda deya olmaymiz. Turizm ravnaqi yo‘lidagi ishlarni zamonaviylashtirish, xususan, internet tarmog‘idan samarali foydalanish borasida ham hali ko‘p ish qilishimiz kerak. Bu vazifalarni bajarishda muhtaram yurtboshimizning Farmoni bizga dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.   

O‘zLiDeP Shahrisabz Kengashi faollari va partiya deputatlik guruhi a’zolari ishtirokidagi yig‘ilishda mazkur Farmonni o‘qib-o‘rganish va partiya elektorati o‘rtasida keng targ‘ib qilish hamda unda ko‘rsatib o‘tilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirish borasidagi vazifalar belgilab olindi.  Bu yil viloyat kengashi bilan hamkorlikda “Sharqning gavhari Shahrisabzga marhabo!” degan turistik aksiya tashkil etishni rejalashtirayapmiz. Mazkur aksiya doirasidagi tadbirlarda vohamizdagi barcha me’moriy obidalar, qadimiy inshoatlar, muqaddam qadamjolar va  go‘zal tabiat qo‘ynida sayohatlar uyushtirmoqchimiz. Turizm rivoji uchun investitsiyalar kiritish, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni joriy etadigan yosh tadbirkorlarga o‘z loyihalarini amalga oshirishda yaqindan yordam beramiz.

                            Uloch YARASHEV,

Xalq deputatlari Shahrisabz tuman Kengashidagi

O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2077
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+