Prezidentimizning yangi Farmoni Xorazm vohasida turizm salohiyatini rivojlantirishga yangi imtiyoz va afzalliklar yaratdi

06.02.2018, 19:11

Prezidentimizning yangi Farmoni Xorazm vohasida turizm salohiyatini rivojlantirishga yangi imtiyoz va afzalliklar yaratdi

O‘zbekiston azaldan o‘zining milliy an’anasi, urf-odatlari va madaniyati bilan boshqa mamlakatlardan ajralib turadi. Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlar olib borilayotgan oqilona siyosatimizga tan bermoqda.

Mamlakatimizda mustaqillikka erishgandan to bugungi kungacha turizm sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, “Ochiq osmon ostidagi muzey” nomi bilan mashhur Xiva shahrimiz, Xorazmning qadimiy poytaxtlari bo‘lgan: Qiyot, Qo‘yqirilgan qala, Katqala, Tuproqqala, Sulton Uvays bobo ziyoratgohlari, Yusuf Hamadoniy ziyoratgohlari borki, ular har qanday sayyohni qiziqtirmasdan qo‘ymaydi. Xorazm vohasining ko‘rki hisoblangan Xiva shahridagi tarixiy obidalar alohida ahamiyat kasb etadi.

Hurmatli yurtboshimiz Sh.M.Mirziyoyevning 2017 yilning 14-15 oktabr kunlari vohamizga qilgan tashriflarida ham  Xorazmning sayyohlik salohiyatini yanada  yuksalishiga xizmat qiluvchi aniq taklif va ko‘rsatmalar bergan edilar. Buning natijasida viloyatimizda katta qurilish, rekonstruksiya ishlari, turizm sohasida qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda Xiva shahriga sayyohlarni ko‘proq jalb qilish, ularni bir necha kun olib qolish maqsadida “Deshon qala” hududidagi 25 ta madaniy meros obektlarini restavratsiya qilish va ularni sayyohlik obektlari tarkibiga kiritish yuzasidan grafik loyihasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Xorazm viloyatining turizm salohiyatini targ‘ib etuvchi “Come to see Khorezm” videoroligi ishlab chiqildi, ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha Xorazm viloyatidan ko‘plab ishchi-xodimlarning Respublikmizning Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan, Navoiy, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent shahri va Toshkent viloyatlariga sayohati uyushtirildi.

Yurtboshimizning “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida ham bundanda katta imkoniyatlar, zarur bo‘lgan vazifalar belgilandi, jumladan, qator rivojlangan mamlakatlarga 30 kunga vizasiz rejim belgilanishi, turizm vizalarini rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartibining joriy qilinishi, ayniqsa, ichki sayyohlikni rivojlantirishga qaratilgan, aholining dam olish kunlarini yanada mazmunli tashkil qilish maqsadida  respublika hududlari bo‘ylab turizm-ekskursiya turlarining tashkil etilishini ko‘zda tutuvchi “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturining amalda joriy etilgani bugun nafaqat xorijdagi mehmonlar, balki har bir hudud aholisi boshqa viloyatlarga tashrifi, ziyoratini amalga oshirishga katta imkoniyat yaratilganidan dalolat beradi.

Partiyamiz elektorati bo‘lgan tadbirkorlarga, ayniqsa, turizm sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mehmonxonalar, ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan muhandislik va kommunikatsiya infratuzilmalarini qurish bo‘yicha investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun turizm sohasi tadbirkorlik sub’ektlariga kredit mablag‘larini ajratish maqsadida kredit liniyalarini ochilishi barobarida  nafaqat turizm, balki sayyohlar uchun mahsus milliy asbob-anjomlar, turli xil buyumlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subektlari faoliyati ham yanada rivojlanadi.

Zamonaviylik va milliylik uyg‘unlashgan mehmonxonalar sonini ko‘paytirish, mehmonxonalarda xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, sayyohlarni jalb qiluvchi ko‘plab milliy  ko‘ngilochar o‘yinlar, loyihalarni tadbiq qilish yana bir muhim vazifalarimizdan biridir.

Kelgusida mamlakatimizda chet el sayyohlari tashrifining yanada ortishi iqtisodiyotimiz rivojini ham, milliy-ma’naviy taraqqiyotimiz rivojini ham yanada yuksaltiradi.

Shavkat SAFARBAYEV,

O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi raisi,

Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashidagi

 O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2566
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+