O‘zLiDeP fraksiyasida mamlakatimizga xorijiy investitsiyalar va ilg‘or zamonaviy texnologiyalarni faol jalb etish masalalari muhokama qilindi

07.02.2018, 16:30

O‘zLiDeP fraksiyasida mamlakatimizga xorijiy investitsiyalar va ilg‘or zamonaviy texnologiyalarni faol jalb etish masalalari muhokama qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan seminarda O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi vakillari hamda mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlar korpusi ishtirokida mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va rivojlantirishda xorijiy investitsiyalar va ilg‘or zamonaviy texnologiyalarni faol jalb etishni faollashtirish masalalarini muhokama etdilar.

Seminar ishtirokchilari so‘nggi yillarda O‘zbekiston dunyoning ko‘plab mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni jadal rivojlantirayotganligini alohida ta’kidladilar. Jumladan, 2017 yilning o‘zida 200 dan ziyod bitimlar tuzilgan, qariyb 60 milliard dollarlik savdo va investitsion bitimlar imzolangan, ularning ijrosini ta’mirlashga qaratilgan 40 dan ortiq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilib amalga oshirilmoqda, ular hukumatlararo bitimlarning har bir bandining manzilli ijrosini bevosita ta’minlamoqda.

Joriy yil 11 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti tomonidan respublikaning tashqi siyosat idorasi faoliyati tahliliga bag‘ishlangan majlisda vazirlik majburiyatlari doirasini investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishga ko‘maklashish borasidagi vazifalarni yuklash orqali kengaytirish taklif etildi.

Davlat rahbari aniq investitsion loyihalarni amalga oshirish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorga olib chiqish va mamlakat turistik imkoniyatlarini targ‘ib etish, biznes-kooperatsiyani kuchaytirish bilan bog‘liq masalalarni hal etish zaruratini qayd etdi. So‘zsiz, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni faollashtirish qo‘shni mamlakatlar va barcha do‘stona davlatlar bilan ko‘p vektorli munosabatlarni yanada jadal rivojlantirishga, uzoq muddatli investitsion sheriklikni chuqurlashtirishga turtki bo‘ladi.

Samarali xalqaro hamkorlikning namunasi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘tgan yil 22-25 noyabrdagi Koreya Respublikasiga amalga oshirilgan tarixiy Davlat tashrifi bo‘ldi, - dedi fraksiya a’zosi Abdurashid Abduqodirov. – Bu O‘zbekistonning eng yangi tarixidagi nihoyatda muhim siyosiy voqea, ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishdagi katta qadam bo‘ldi. Strategik sheriklikdagi munosabatlarni har tomonlama chuqurlashtirish to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonot O‘zbekiston – Koreya munosabatlarini siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda rivojlantirishda sifat jihatdan yangi bosqichni boshlab berdi.

Davlat tashrifi davomida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnika va boshqa faoliyat sohalarida 70 dan ziyod bitimlar imzolandi. Ikki tomonlama bitimlardan kelib chiqadigan vazifalarni faol amalga oshirish fan, ta’lim, avtomobilsozlik, energetika, qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish sohalarida muhim ob’ektlarni barpo etish va ishga tushirish, ikki tomonlama savdo uylarini yaratish, O‘zbekistonni hamkorlikdagi faoliyatning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha rivojlantirish borasida yirik loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish imkonini beradi.

O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalarni faol jalb qilish bo‘yicha mamlakatimiz hukumati tomonidan olingan kurs O‘zLiDeP siyosiy platformasiga hamohang, chunki u iqtisodiy o‘sishning jadal sur’atlarini ta’minlash, tarkibiy o‘zgarishlar jarayonlarini chuqurlashtirish, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, uning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishning eng muhim va zarur omilidir.

Bu borada deputatlar xususiy investorlarni barcha iqtisodiyot tarmoqlariga jalb qilish, real iqtisodiyot sohasida, birinchi navbatda, sanoat va uning yetakchi tarmoqlarida xususiy mulk yetakchi o‘rin egallashi uchun qulay sharoit yaratish masalalariga e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan respublika TIV faoliyatining aniq yo‘nalishlari qatorida mamlakat milliy iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb qilish, biznes bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilanishi, jahon tajribasida o‘zini oqlagan kuchli va innovatsion chora hisoblanadi.

Seminar davomida Qonunchilik palatasidagi fraksiya a’zolari va O‘zLiDePning mahalliy Kengashlardagi deputatlari tashqi siyosat idorasi oldiga davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishda faol ishtirok etish, mamlakatimizda investitsiyaviy biznes muhitni yanada rivojlantirishga qaratilgan aniq siyosiy, qonunchilik va ma’muriy o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilishga tayyorligini namoyon etdilar.

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1282
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+