Partiya ko‘magida Qo‘rg‘ontepada 220 nafar xotin-qiz bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi

08.02.2018, 16:37

Partiya ko‘magida Qo‘rg‘ontepada 220 nafar xotin-qiz bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi

O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Savay qishloq vrachlik punktida Andijon viloyat ona va bola skrining markazi hamkorligida “Sog‘lom oila – mustahkam oila” loyihasi doirasida amaliy seminar tashkil etildi. Unda so‘z olgan viloyat ona va bola skrining markazi direktori Ra’noxon Sattarova yosh qizlarni turmushga tayyorlash, homiladorlik davridagi o‘zgarishlar, irsiy va turli kasalliklarni oldini olishda skrining tekshiruvlarning ahamiyati xususida atroflicha so‘z yuritib, hayotiy misollar orqali yig‘ilganlarga tushuntirishlar berdi.

– Aynan chekka hududlardagi qishloq vrachlik punktlarida mana shunday seminarlar o‘tkazilishi kelinchaklarimiz uchun qulaylik yaratmoqda, – deydi O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashining ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Xurshidaxon Xalilova. – Tadbir davomida yosh kelinlarimiz tomonidan mutaxassislarga berilgan savollardan ko‘rindiki, skrining tekshiruvlardagi ilg‘or tajribalarni olis hududlarda ham yanada kengroq ommalashtirish kerak.

– Ikkinchi farzandimga homiladorlik biroz qiyin kechmoqda, – deydi 1992 yilda tug‘ilgan, Savay qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Maqsuda Mansuraxonova. – Har safar markazga tibbiy ko‘rik va maslahat uchun borishga biroz qiynalardim. Bugun tashkil etilgan seminarda savollarimga javob olish bilan birga bepul skrining tekshiruvidan ham o‘tganimdan xursandman.

Shuningdek, shu kuni tumandagi 14-umumta’lim maktabida yuqori sinf o‘quvchi qizlari uchun ham davra suhbati o‘tkazildi. Unda tumandagi “Shifo Maxliyo diagnostika” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Mahliyo Bo‘lisheva tomonidan balog‘at yoshidagi qizlar uchun berilgan tibbiy tavsiya va maslahatlar ishtirokchilarga mustaqil hayotda asqotishi uchun asos bo‘ldi.

Qo‘rg‘ontepa tumanida bo‘lib o‘tgan seminar va davra suhbati davomida jami 220 nafar xotin-qiz bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Umidaxon ISAYEVA,

O‘zLiDeP Andijon viloyat  Kengashi

bo‘limi mudiri

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1156
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+