Samarqand viloyatida O‘zLiDeP mas’ul xodimlari ishtirokida tashkil etilgan sayyor qabulda muammolar ijobiy hal etildi

09.02.2018, 16:15

Samarqand viloyatida O‘zLiDeP mas’ul xodimlari ishtirokida tashkil etilgan sayyor qabulda muammolar ijobiy hal etildi

O‘zLiDeP mas’ul xodimlari va Xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya deputatlik guruhi a’zolari Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi Zarafshon mahalla fuqarolar yig‘ini hamda Samarqand shahridagi “Farhod qo‘rg‘oni” aholisi bilan yuzma-yuz muloqot qildi. Muloqotlarda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi B.Yakubov ishtirok etdi.  

Jomboy tumanidagi Zarafshon mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan sayyor qabulda aholi tomonidan gaz va elektr energiyasidagi uzilishlarni bartaraf etish, yo‘llarni kapital va joriy ta’mirlash, toza ichimlik suvi ta’minoti, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda yoshlarni ishga joylashtirishga oid murojaatlar kelib tushdi. 

Zulxumor Rahimjonova O‘zLiDeP rahbariyatiga shikoyat yo‘llagan fuqarolardan biri. Sayyor qabulda u o‘n olti yildan buyon etikdo‘zlik qilib kelayotganini ta’kidladi.

– Faoliyatimni yanada kengaytirish maqsadida kredit olish uchun “Xalq banki” tuman filialiga murojaat qildim, – deydi Z.Rahimjonova. – Bank xodimlari menga yillik 24 foiz ustama to‘lash sharti bilan kredit berishlari mumkinligini aytishdi. Men kredit foizi og‘irlik qilishini tushuntirdim.

Z.Rahimjonova foiz stavkasi pastroq bo‘lganida, xorijda ishlab yurgan turmush o‘rtog‘ini ham qaytarib, oilaviy ish boshlamoqchi ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Sayyor qabulda ko‘tarilgan ushbu masala ijobiy yechim topib, Z.Rahimjonovaga “Xalq banki”ning imtiyozli krediti beriladigan bo‘ldi.

Mamarasul Ergashovning ham savdo do‘koni ochish uchun bankdan kredit olish borasidagi murojaati besamar ketmadi. Agrobank tuman filiali xodimlari murojaatchiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, ushbu masala tez orada yechim topishiga va’da berishdi.

– Mamlakatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda, – deydi fuqaro Zulfiya Xalilova. – Men ham ana shu imtiyozlardan unumli foydalangan holda, o‘z tadbirkorligimni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Bugungi sayyor qabulda O‘zLiDeP rahbarlari va deputatlariga mahallamizda tashlandiq bo‘lib yotgan yerdan foydalanish rejam borligini aytdim. Murojaatim partiya rahbarlari ko‘magida ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.

– Shu mahallada 40 yildan buyon yashayman, – deydi “Farhod” qo‘rg‘onchasida istiqomat qilayotgan J.Sulaymonov. – Mahallamiz Samarqand shahridan ancha olis joylashgan. Shaharga borib-kelishda transport masalasida ancha yillardan qiynalib kelayotgan edik. Bir necha tashkilotlarga murojaat qildik. Ammo natijasi bo‘lmadi. Bugungi sayyor qabulda murojaatimiz O‘zLiDeP deputatlari tomonidan nazoratga olindi.

“Farhod” qo‘rg‘onchasida bo‘lib o‘tgan sayyor qabul davomida Sh.Xudoyberdiyevaning ko‘p qavatli uylarda issiq suv yo‘qligi to‘g‘risidagi murojaati, J.So‘laymonovning mahallada dorixona tashkil etish, “Bunyodkor” mahallasida yashovchi N. Yo‘ldoshevning maktab qurish hamda Sh.Sharipovaning gaz va elektr ta’minoti to‘lovlarini to‘lash uchun bank shoxobchasini ochish to‘g‘risidagi murojaatlari joyida hal etildi.

– Bugungi yuzma-yuz muloqot Samarqand viloyatida muammolar hali ham ko‘pligini ko‘rsatdi, – deydi O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi B.Yakubov. – Prezidentimiz ta’kidlaganidek, shu paytgacha quyi bo‘g‘inlarga tushmaganimiz oqibatida muammolar yig‘ilib qolgan. Endi faoliyatimizni bugungi kun talabi darajasida tubdan isloh qilish, ish samaradorligini oshirish, oldimizda turgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, fuqarolar murojaatlariga mas’uliyat bilan yondashish barcha bo‘g‘indagi partiya tashkilotlari, partiya faollari va deputatlar faoliyatining bosh mezoniga aylanishi lozim. Bir so‘z bilan aytganda, xalqni rozi qilish uchun hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib ishlashimiz kerak.

Sayyor qabulda dehqonchilik qilish uchun yer ajratib berish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligini tashkil qilish, mahallada savdo do‘koni ochish kabi yo‘nalishlarda qilingan barcha murojaatlar deputatlar nazoratiga olindi. 

O‘zLiDeP matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1121
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+