Miroqidagi sayyor qabuldan so‘ng tabiiy giyohlarni quritib, qadoqlaydigan korxona ishga tushiriladigan bo‘ldi

09.02.2018, 16:25

Miroqidagi sayyor qabuldan so‘ng tabiiy giyohlarni quritib, qadoqlaydigan korxona ishga tushiriladigan bo‘ldi

Shahrisabz tumanidagi Miroqi shaharchasi tog‘oldi hududida joylashganligi bois bu yerda aholi bandlik masalasida talay muammolar borligi O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi deputatlari va faollari ishtirokidagi sayyor qabulda bot-bot takrorlandi. Shaharchada 10 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Sayyor yig‘ilishda ishtirok etgan Oliy Majlis Senati a’zosi Islomiddin Abrorov yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida bu yerda giyohlarni quritib qadoqlaydigan korxona 2018 yil viloyat Dasturiga kiritilganligi va tez orada qurilish ishlari boshlanib, yil yarmiga qadar ishga tushirilishini ma’lum qildi.   

- Shaharchamiz Hisor tog‘ining shundoqqina yon bag‘rida joylashgan,-deydi Miroqi shaharchasidagi O‘zLiDeP boshlang‘ich tashkiloti raisi Istam Hotamov. – Tog‘larimizda dorivor giyohlar bisyor. Turli xil mevali va manzarali daraxtlar ham qarovsiz yotganligi bois ayrim kishilar tomonidan kesib ketilayapti. Partiyadoshlarimiz bizning hududda o‘rmon xo‘jaligi tashkil etish tashabbusi bilan chiqishdi. Ana shunda yuzlab yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida yoshlarga dam olish maskanlari tashkil etishga ruxsat berilishi kerak. Har yili bu yerga yuzlab odamlar kelib dam olib ketishadi. Ammo ularga ko‘rsatilayotgan xizmat talabga javob bermaydi. Lochin bolalar dam olish oromgohiga Sho‘rtangazkimyo majmuasi tomonidan toza ichimlik suvi uchun olib o‘tilgan 3 ta quvurning bittasidan Qora tut qishlog‘i aholisiga toza ichimlik suvi yetkazib berish uchun foydalanishga ruxsat berish  masalasi keng muhokama qilindi.

Axoli bilan muloqot jarayonida 30 dan ortiq dolzarb masalalar yechimi yuzasidan taklif va mulohazalar o‘rtaga tashlandi. Maqbul yechimlar bildirilib, ularni amalga oshirishda partiya deputatlarining ko‘magi zarurligi aytib o‘tildi. Sayyor qabulda O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyati Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, apparat rahbari A. Sherov va O‘zLiDeP Shahrisabz tuman kengashi a’zolari va deputatlari ishtirok etdilar.

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyati Kengashi

matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1516
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+