Samarqandda turizm salohiyatini rivojlantirish masalalari muhokama etildi

09.02.2018, 17:18

Samarqandda turizm salohiyatini rivojlantirish masalalari muhokama etildi

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi tomonidan Samarqand shahridagi  “KAMILA” mehmonxonasida “Turizm – serdaromad biznes” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.

Turistik firmalar, mehmonxona va restoranlar, muzeylar, sug‘urta kompaniyalari, transport-logistika tarmoqlari, dam olish maskanlari vakillari ishtirok etgan tadbirda asosiy e’tibor Prezidentimizning 2018 yil 3 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilab berilgan ustuvor vazifalarga qaratildi. Unda viloyatda turizmni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, sayyohlik infratuzilmasini kengaytirish imkoniyatlar muhokama etildi.

Ushbu farmon turizm va sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish, turistik xizmatlarni ichki va xalqaro sayyohlik bozorlariga taklif etish, sayyohlik ob’ektlarini obodonlashtirish, xizmat ko‘rsatishning sifati va samaradorligini bugungi kun talablari darajasiga ko‘tarishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni qamrab oladi.

Tadbirda turizm sohasida xalqaro tashkilotlar, yirik xorijiy brendlar va kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish, turizm xizmati ko‘rsatishning ilg‘or jahon sifat standartlarini joriy etish, mehmonxonalar, transport tuzilmalari, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish, mintaqalarda yangi turizm yo‘nalishlarini yaratish, turizm tarmog‘i uchun malakali kadrlarni sifatli tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Tadbirda qayd etilganidek, Samarqand O‘zbekistonning eng boy sayyohlik salohiyatiga ega bo‘lgan shaharlaridan biri hisoblanadi. Ushbu tarixiy shahar, necha asrlardan buyon turli mamlakatlar xalqlarining diqqat e’tiboridan tushmay kelayapti. Samarqandga oshifta bo‘lganlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab Samarqandda turizmni rivojlantirishning yangi bosqichi boshlandi. Dastlabki yillarda bor yo‘g‘i 2-3 ta mehmonxona va 3-4 ta sayyohlik firmalari faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugunga kelib 5 ming kishini qabul kilish imkoniyatiga ega 130 dan ortiq zamonaviy va milliy uslubdagi mehmonxonalar sayyohlarga munosib xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Tadbirda soha mutaxassisilari turizmning ziyorat, ekologik, ma’rifiy, etnografik, gastronomik, sport, davolash-sog‘lomlashtirish, qishloq xo‘jaligi, sanoat, ishbilarmonlik, bolalar, yoshlar va oilaviy kabi yangi turlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida ma’lumot berdilar.

– Viloyatimizda turizmni rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etilgan bo‘lib, yillik dastur ishlab chiqildi, – deydi Turizm Davlat qo‘mitasi Samarqand viloyat  hududiy boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Narzullayev. – Viloyatda 30 ga yaqin foydalanilmagan istiqbolli turistik ob’ektlar aniqlandi. Masalan, Qushrabot tumanining Pankat, Qoratosh, Jom maskanlarida lochin ovini, Kattaqurg‘on tumanidagi suv ombori hududida esa yoshlar turistik zonalarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Tadbir ishtirokchilari viloyatda turizm industriyasini yanada rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, yurtimizga kelayotgan xorijlik sayyohlar oqimini ko‘paytirish, turizmni izchil rivojlantirish istiqbollari, sayyohlik ob’ektlaridan samarali foydalanish, ko‘rsatilayotgan xizmat turlari sifatini yuksaltirishga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladilar.

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi

matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2675
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

jasur2018-05-06 08:07:59

Bu eng guzal va eng rivojlanayotgan viloyat hisoblanadi. Men shu viloyatda yashaytganimdad ursandman. This is the best and developing of the region. I am happy that am living this region.


Fikringizni qoldiring

+