Partiya hududiy Kengashlarida Davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi

09.02.2018, 17:25

Partiya hududiy Kengashlarida Davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Samarqand viloyat  Kengashining Kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi B. Yakubov, mahalliy Kengash deputatlari, partiya viloyat, tuman va shahar Kengashlari raislari va mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda Prezidentimizning 2017 yil 28 dekabrdagi “2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan vazifalar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, bugungi tub islohotlar jarayonida partiya va uning quyi bo‘g‘inlari oldiga siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylanish, mahalliy kengash deputatlari amaldagi qonunchilik, davlat dasturlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, hukumat qarorlari, hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini nazorat va tahlil qilish, joylardagi mavjud muammolarni o‘rganish uchun deputatlik eshituvlarini tashkil etish hamda ularni partiya vositalari orqali o‘z vaqtida hal qilish kabi ustuvor vazifalar qo‘yilgan.

Mazkur vazifalardan kelib chiqqan holda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida partiya deputatlik korpusi vakillari faolligini oshirish, deputatlik guruhlari tomonidan partiya elektorati manfaatlarini ifoda etadigan, joylarda qulay ishbilarmonlik muhitini qaror toptirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga kiritilgan loyihalar ijrosi ustidan ta’sirchan deputatlik nazoratini olib borish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va foydalanilmay qolgan imkoniyatlar qattiq tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilindi. Ayrim tuman va shahar partiya tashkilotlari va deputatlik guruhlari elektorat manfaatlarini himoya qilish, deputatlik nazoratining eng muhim va samarali shakli bo‘lgan nazorat-tahlil, eshituv hamda deputatlik so‘rovlari mehanizmlaridan samarali foydalana olmayotgani aytib o‘tildi. Bu borada tegishli tavsiyalar ishlab chiqilib, aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammoli masalalarni aniqlash, ularning tub sabablariga yetib borish, chuqur tahlil qilish, hal etishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish kerakligi alohida ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi

matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    428
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+