Buxoro: yangi marralar sari dadil qadamlar

18.02.2018, 17:33

Buxoro: yangi marralar sari dadil qadamlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida 16 fevral kuni Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi. 

Davlatimiz rahbari 2017-yil 10-11-mart kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida barcha sohalarni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli rejalarni belgilab bergan edi. Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Yangi sanoat korxonalari, tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi. Mahalliylashtirish darajasi va eksport hajmi oshdi. Transport va servis infratuzilmasi rivojlanib, sayyohlar oqimi ko‘paydi. Qishloq xo‘jaligida foydalanilmagan imkoniyatlar ishga solindi. Yangi uy-joylar, ijtimoiy ob’ektlar bunyod etildi. 

Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifini Bahouddin Naqshband majmuasi ziyoratidan boshladi. 

Yurtimiz qadimiy qadamjolarga boy. Bu zaminda buyuk allomalar, diniy va dunyoviy ilm egalari yashab, ijod qilgan. Prezidentimiz tomonidan milliy madaniy merosimizni asrab-avaylash, rivojlantirish, yurtimizdagi tarixiy obida va yodgorliklarni tiklash, o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 
Davlatimiz rahbari 2017-yil 10-mart kuni Bahouddin Naqshband majmuasida bo‘lib, bu yerni yanada obod maskanga aylantirish, ziyoratchilar uchun zarur sharoitlar yaratish borasida mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar bergan edi. 

Prezidentimiz o‘tgan vaqt mobaynida qilingan ishlarni ko‘zdan kechirdi. 

Taomilga binoan o‘tganlar ruhiga Qur’on tilovat qilindi. 

Prezidentimizning 2017-yil 11-iyuldagi «Abduxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 915 yilligini va Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi farmoyishi ijrosi yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Shavkat Mirziyoyevga mazkur sanalar munosabati bilan amalga oshiriladigan ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-amaliy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» haqida ma’lumot berildi. 

Davlatimiz rahbari mazkur tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish, buning uchun barcha manbalardan foydalanish lozimligini ta’kidladi. 

Bahouddin Naqshband, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Orif Revgariy, Ali Romitaniy, Boboyi Samosiy, Mahmud Fag‘naviy, Sayyid Amir Kulol kabi me’moriy majmualarni o‘z ichiga olgan yetti pir ziyoratgohi nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo musulmonlari uchun tabarruk maskanlar hisoblanadi. 

Prezidentimizga mazkur majmualarni rekonstruksiya qilish va yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ochish bo‘yicha qilinadigan ishlar haqida ma’lumot berildi. Unga muvofiq, bu majmualar qayta ta’mirlanib, qo‘shimcha bino va inshootlar quriladi. Atrofi obodonlashtirilib, mehmonxona, choyxona, savdo majmualari, avtoturargohlar barpo etiladi. 

Mazkur majmualar o‘rtasidagi umumiy masofa 122 kilometr. Shavkat Mirziyoyev majmualar orasidagi yo‘llar bo‘yida zamonaviy infratuzilma tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Buxoro davlat universiteti huzurida Buxoro tarixini o‘qitadigan maxsus fakultet ochish kerakligini ta’kidladi. 

– Yetti pir yotgan qadamjolar orasidagi yo‘llar bo‘yida ular haqidagi ma’lumotlar aks etsin. Ziyoratga kelganlar keng ma’lumotga ega bo‘lsin. Buning uchun kadrlar tayyorlashga e’tibor berish kerak, – dedi Prezidentimiz. 

Davlatimiz rahbari tashrif davomida Buxoro tumanidagi «Buxoro baliq sanoat» mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi. 

Mamlakatimizda aholining baliq mahsulotlariga ehtiyojini ta’minlash, tarmoqda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, mazkur sohada faoliyat yuritayotgan xo‘jaliklar moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Keyingi yillarda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, jumladan, sifatli baliq mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish bo‘yicha bir qancha dasturiy chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Xususan, Prezidentimizning 2017-yil 1-maydagi “Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, «O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tashkil etildi. Uyushma tomonidan tabiiy va sun’iy suv havzalarini baliqlantirish uchun qimmatli baliq turlarini ko‘paytirishni yo‘lga qo‘yishda baliqchilik tarmog‘i tashkilotlariga ko‘maklashish, lichinka yetishtirish bo‘yicha yangi inkubatsiya sexlari tashkil etish, baliq chavog‘i yetishtirish hajmini ko‘paytirish, chavoq hovuzlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. 

«Buxoro baliq sanoat» mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham bu borada ibratli ishlar qilinmoqda. Bu yerda baliqni qayta ishlash, dudlash, baliq ozuqasi ishlab chiqarish, inkubatsiya sexi va yopiq suv aylanma tizimi ishga tushirilgan. 

Umumiy maydoni 90 gektar bo‘lgan xo‘jalikda 40 gektarlik suv havzasi bo‘lib, yangi loyihaga ko‘ra, qolgan 50 gektari rekonstruksiya qilinadi. 

Prezidentimiz baliqchilik xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. 

– Baliq yetishtirish hajmini oshirishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ayni paytda aholining baliq va baliq mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondira olayotganimiz yo‘q. Bu kabi xo‘jaliklarni Buxoroning har bir tumanida tashkil qilish zarur. 

Davlatimiz rahbari Buxoro tumaniga tashrifi davomida bir qator iqtisodiy loyihalar bilan ham tanishdi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, sobiq “Buxoroteks” AJ negizida paxta tolasidan kompakt ip-kalava ishlab chiqarish bo‘yicha “Indorama Bukhara Textile” xususiy korxonasini tashkil etish loyihasi ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 60 million, ikkinchi bosqichda 55 million dollar miqdoridagi investitsiya kiritiladigan korxona zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanadi. Bu 650 kishining bandligini ta’minlash imkonini beradi. 

Prezidentimizga Buxoro viloyatida mavjud yaylovlardan samarali foydalanish to‘g‘risida ham ma’lumot berildi. Ushbu ma’lumot o‘z-o‘zidan viloyatda qorako‘lchilikni rivojlantirish loyihasiga ulandi. Viloyatda azaldan qorako‘lchilik rivojlangan. Lekin so‘nggi yillarda sohaga yetarlicha e’tibor berilmagani sababli qorako‘l teri ishlab chiqarish keskin pasaydi. Sohadagi mavjud muammolar haqida batafsil ma’lumot berilar ekan, ilmiy yondashuvning yo‘qligi bois qo‘ylarning nasli buzilgani qayd etib o‘tildi. Bundan tashqari, yaylovlarning qisqarishi, sug‘orish tizimlaridagi kamchiliklar, zarur texnika vositalari yo‘qligi asosiy omillar sifatida sanab o‘tildi. 

Davlatimiz rahbari muammolarning yechimi bilan qiziqdi. Mutaxassislar qorako‘lchilikni rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini aytdi. 

Shavkat Mirziyoyev ayni paytda faoliyat yuritayotgan xo‘jaliklar, olimlar, seleksionerlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha soha rahbarlariga tegishli ko‘rsatmalar berdi. 

Shu yerda “Komteks pposh” MChJ tomonidan qo‘y junini sanoat usulida qayta ishlash klasteri taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Loyiha qiymati 24 milliard so‘m bo‘lib, yiliga 1500 tonna tozalangan jun, 425 tonna tayyor ip-kalava, 100 ming dona odeyal ishlab chiqarishni ko‘zda tutadi. 

Shuningdek, 2018-yilda viloyatda amalga oshiriladigan parrandachilik loyihalari to‘g‘risidagi ma’lumot taqdim qilindi. Bu yo‘nalishda 32 ta loyiha amalga oshirilib, 252 ish o‘rni yaratiladi. 

Loyihalar asosan qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, istiqbolli maqsadlarni o‘zida aks ettirgani bilan ahamiyatlidir. Pilla yetishtirish, asalarichilik, naslli echki boqishga ixtisoslashgan echkichilik kompleksi, zamonaviy issiqxonalar, agrosanoat logistikasi va savdo logistikasi markazlari tashkil etish loyihalari asosiy e’tiborda bo‘ldi. 

Loyiha tashabbuskorlari o‘z rejalari haqida batafsil so‘zladi. O‘z navbatida, davlatimiz rahbari ularni qiynayotgan muammolar bilan qiziqdi. 

G‘ijduvon tumanida tut bargidan choy tayyorlash loyihasi Prezidentimiz e’tiborini tortdi. Bunday choyning afzalliklari unda kofein va tanin moddasi yo‘qligidadir. 

– Bu eng samarali ishlab chiqarish loyihasi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Sababi, uning noyobligi va inson salomatligi uchun g‘oyat foydaliligidir. 

Loyiha bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. Mahsulot 2019-yildan eksportga chiqarilishi mo‘ljallanmoqda. 

Sistanxe va isiriq yetishtirishga alohida e’tibor berilgani viloyatda o‘ziga xos yangilik bo‘ldi. Sistanxe ildizi dorivor hisoblanib, xavfli o‘sma kasalliklarining oldini oladi. Shamollashga qarshi, immunitetni oshiruvchi xususiyatga ega. Yaponiyalik olimlarning ta’kidlashicha, bu o‘simlik jenshendan besh barobar samarali hisoblanadi. Hozirgi vaqtda Qozog‘iston Markaziy Osiyoda bu o‘simlikni eksport qiluvchi yagona davlat bo‘lib, yiliga 100-150 tonnagacha xorijga sotadi. Yangi loyihada mazkur o‘simlikni yetishtirish va qayta ishlash ko‘zda tutilgan. 3 ming gektar yerda shunday o‘simlik yetishtirish 400 kishining bandligini ta’minlaydi. 

Bundan tashqari, davlatimiz rahbariga 2018-2020-yillarda viloyatda irrigatsiya-melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish dasturi, Buxoro shahrida rekonstruksiya qilinayotgan kanallar haqida ma’lumot berildi. 

Prezidentimizning 2017-yil 1-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini Buxoro viloyatida bajarish choralari to‘g‘risida ham so‘zlab berildi. Jumladan, aholiga sifatli go‘sht yetkazib berish, chorvachilikda qo‘llaniladigan vaksina va antibiotiklar, hayvonlarni sotish, sotib olish va o‘zaro ayirboshlashda sog‘lom va ishonchli muhit yaratish masalalari xususida fikr almashildi. 

Shavkat Mirziyoyev loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi. 

Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish, bolalarni maktabga sifatli tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shavkat Mirziyoyev hududlarga tashrifi davomida bunday muassasalarda bo‘lib, muammolarni o‘z vaqtida hal etish yuzasidan tegishli topshiriqlar beradi. 

Prezidentimizning 2016-yil 29-dekabrdagi “2017-2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida mamlakatimizda bunday muassasalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi bog‘chalar qurish ishlari amalga oshirilmoqda. 

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 30-sentyabrdagi "Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bilan esa Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Yangi vazirlikning asosiy vazifalari bosqichma-bosqich barcha bolalarni maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olish, yurtimizda o‘zaro raqobat qiluvchi davlat va nodavlat MTMlari tarmog‘ini yaratish, maktabgacha ta’lim va bolalarni tarbiyalashning muqobil shakllarini amaliyotga joriy etishdan iborat. 

Mazkur hujjatlar ijrosi yuzasidan Buxoro viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda viloyatda 343 maktabgacha ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, ularning 7 tasi nodavlat, 1 tasi ichki ishlar boshqarmasi tasarrufida. Ularda 46 mingdan ziyod, ya’ni viloyatdagi bolalarning 35,1 foizi ta’lim-tarbiya olmoqda. 

Buxoro shahridagi 54-maktabgacha ta’lim muassasasi 280 o‘ringa mo‘ljallangan. Bog‘cha binosi o‘tgan yili kapital rekonstruksiya qilinib, zamonaviy jihozlandi. Bu yerda 31 nafar pedagog va tarbiyachi faoliyat ko‘rsatadi. 

Davlatimiz rahbari bog‘chada bolalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, xodimlar bilan muloqot qildi. 

Prezidentimizga bog‘chada tajriba tariqasida tashkil etilgan qisqa muddatli boshlang‘ich rivojlantirish markazi faoliyati haqida ma’lumot berildi. Yangi tizimning afzalligi qisqa muddatli guruhlarda bolalarga mantiq, mental arifmetika, ingliz tili, amaliy va tasviriy san’at turlari interfaol usullarda o‘rgatiladi. Markaz hududdagi bog‘chaga qamrab olinmagan bolalarni maktabga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi. 

– Maktabgacha ta’limga bejiz bunchalik e’tibor qaratayotganimiz yo‘q, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bolalar ayni bog‘cha yoshida bilimni tez va oson o‘zlashtiradi, bir umrga eslab qoladi. Shuning uchun ushbu tizim rivoji bilan bog‘liq masalalar doim diqqatimiz markazida bo‘lishi kerak. 

Prezidentimiz mazkur muassasani viloyatdagi bog‘chalar uchun metodik tajriba almashish markaziga aylantirish, sohani yetuk mutaxassislar bilan ta’minlash, xususan, pedagogika kollejini tugatgan yoshlarni qayta tayyorlov kurslariga yuborib, ularni MTMlarga ishga joylashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi. 

Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrining tarixiy qismida viloyatda turizm sohasini yanada rivojlantirish konsepsiyasi asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. 

Buxoro o‘zining betakror tarixiy obidalari, osori-atiqalari, asrlar osha davom etib kelayotgan milliy hunarmandlik an’analari bilan yurtimiz turistik jozibadorligini oshirishda ulkan salohiyatga ega. 

Viloyatda 2018-yilda turizmni yanada rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, 61 loyihani hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan. Jumladan, 32 mehmonxona, 12 motel, 10 istirohat bog‘i barpo etilib, “Buxoro Palas”, “Varaxsha” va “Zarafshon” mehmonxonalari rekonstruksiya qilinadi. Bundan tashqari, turizm bo‘yicha xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish, restoranlar qurish, sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalari xarid qilish, madaniy meros ob’ektlarini tadbirkorlarga ijaraga berish, havo sharida sayohatni tashkil qilish, G‘ijduvon, Shofirkon, Vobkent va Jondor tumanlarida qishloq turizmini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. 

Ushbu loyihalar ijrosi natijasida viloyatga kelayotgan xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimini sezilarli darajada ko‘paytirishga erishish mumkin. Tarmoqda xizmatlar eksporti hajmi ortib, ko‘plab yangi ish o‘rinlari tashkil etish imkoniyati paydo bo‘ladi. 

Davlatimiz rahbari viloyatga o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida Buxoro shahrining sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida uning tarixiy qismida hunarmandlar mavzesi qurish, Haqiqat va Xo‘ja Nurobod ko‘chalarini kengaytirib saylgohga aylantirish, Poyi Kalon va Mir Arab madrasalarini qayta ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. 

Shunga muvofiq, Haqiqat ko‘chasi kengaytirilib, 1,5 metr qalinlikdagi tuproq qatlami olib tashlandi, tarixiy obidalar atrofi ochildi. Ko‘cha bo‘ylab birinchi qavatida do‘kon va ustaxonalar bo‘lgan, ikkinchi qavatida hunarmandlar oilalari yashaydigan uylar qurishga kirishildi. Natijada ko‘cha shaharning tarixiy qismiga monand saylgohga aylanib bormoqda. Viloyatga kelayotgan sayyohlar bu yerga ham tashrif buyurib, usta-hunarmandlar ishi bilan tanishmoqda, ipak gilamlar, kashtalar, zarbof to‘nlar, turli kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlari, suvenirlar xarid qilib, Buxoroning qadimiy dovrug‘ini dunyoga yanada keng yoyishga munosib hissa qo‘shmoqda. 

Joriy yilda Poyi Kalon majmuasidagi tarixiy obidalarni ta’mirdan chiqarish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqildi. Xo‘ja Nurobod ko‘chasida joylashgan Abdulazizxon va Ulug‘bek madrasalarida ta’mirlash va tiklash ishlari amalga oshiriladi. Ark qo‘rg‘oni majmuasi atrofi obodonlashtirilib, uning ichkarisidagi bino va inshootlar ta’mirlanadi. Mir Arab madrasasini qayta tiklash va uning yangi o‘quv binosini qurish ishlari olib boriladi. Shu ko‘chaning o‘zida hunarmandlar rastasi quriladi. 

Shavkat Mirziyoyev eski shahar qismining turizm infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari bilan tanishar ekan, ushbu hudud tom ma’noda Buxoroning yuragi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. 

Davlatimiz rahbariga shaharning tarixiy qismidagi madaniy meros ob’ektlarini ta’mirlash va tiklash, ulardan samarali foydalanish, tarixiy obidalarni qamrab olgan Buxoro shahar kichik halqa yo‘li hamda piyodalar yo‘laklari qurish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan mamlakatimizda zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini barpo etish loyihalari haqida ma’lumot berildi. 

Prezidentimiz har bir loyiha yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini berdi. Mir Arab madrasasi bino va inshootlari, turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi avtoulovlar, infratuzilma ob’ektlarini ko‘zdan kechirdi. 

Shu kuni Peshku tumani hokimligida viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada oshirish, tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi va ularni ish bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Davlatimiz rahbarining Buxoro viloyatiga tashrifi davomida ko‘zdan kechirilgan istiqbolli loyihalar, bo‘lib o‘tgan uchrashuv va suhbatlar Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida yangi marralar sari dadil qadamlar qo‘yilib, aholi farovonligini oshirishda muhim yutuqlar qo‘lga kiritilayotganining yana bir yorqin tasdig‘i bo‘ldi. 

Prezidentimizning Buxoro viloyatiga tashrifi davom etmoqda. 

Teglar
Kun mavzusi
  • Ko'rildi
    368
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+