Iqtisodiyot bazaviy tarmoqlaridagi loyiha ishlarini hamda muhandis-loyihalovchilarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

23.02.2018, 10:22

Iqtisodiyot bazaviy tarmoqlaridagi loyiha ishlarini hamda muhandis-loyihalovchilarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Respublika iqtisodiyoti bazaviy tarmoqlaridagi loyihalash ishlarining holati ixtisoslashtirilgan loyiha institutlarida malakali muhandis-loyihalovchilarning yetishmasligidan, ushbu sohada ishlarni tashkil etish zamonaviy innovatsion usullarning joriy etilishi lozim darajada emasligidan va buning oqibatida ishlab chiqilayotgan loyiha hujjatlari sifatining past ekanligidan dalolat bermoqda. 

Natijada investitsiya loyihalarini ro‘yobga chiqarishda chet el injiniring kompaniyalari ishtirokiga kuchli muhtojlik yuzaga keldi, bu esa ko‘rsatiladigan xizmatlarga haq to‘lash uchun katta miqdorda valyuta mablag‘lari sarflanishiga sabab bo‘lmoqda. 

Kadrlar tayyorlashning amaldagi tizimi ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini loyiha institutlari va injiniring tashkilotlarining faol ishlab chiqarish faoliyatiga tez jalb qilish imkonini bermayapti. Yosh mutaxassislar texnologik tizimlarni loyihalash, konstruktorlik hujjatlarini tayyorlash va loyihalarni boshqarishning boshlang‘ich ko‘nikmalariga ega emas. 

Iqtisodiyot bazaviy tarmoqlarida investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar bo‘yicha loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish borasida asosiy pudratchi hisoblanadigan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti (keyingi o‘rinlarda “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti deb yuritiladi) xodimlari sonining cheklanganligi ishlarni tashkil etishning zamonaviy innovatsion usullarini samarali joriy etish va muhandis-loyihalovchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish imkonini bermaydi. 

Loyiha ishlari sifati va ularni mahalliylashtirish darajasini oshirish, ushbu sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek, “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida: 

1. Iqtisodiyot bazaviy tarmoqlaridagi loyiha ishlarini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin: 

loyihalash va loyihani boshqarish sohasida muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, chet el ta’lim muassasalaridan va injiniring kompaniyalaridan yetakchi mutaxassislar va muhandis-loyihalovchilarni o‘quv jarayoniga keng jalb etish; 

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent arxitektura-qurilish instituti, Navoiy davlat konchilik instituti (keyingi o‘rinlarda – ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari) talabalari iqtisodiyot bazaviy tarmoqlarining korxonalari va loyiha institutlarida (keyingi o‘rinlarda – loyiha institutlari) majburiy stajirovkadan o‘tish amaliyotini joriy etish, shuningdek, ularda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish; 

O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlari doirasidagi loyihalarni amalga oshirishda loyiha ishlarini mahalliylashtirish darajasini oshirish hamda chet el injiniring kompaniyalari xizmatlari o‘rnini bosqichma-bosqich egallash; 

mamlakatimiz muhandis-loyihalovchilarini va boshqa mutaxassislarni loyihalashning zamonaviy standartlariga amaliy o‘rgatish maqsadida iqtisodiyot bazaviy tarmoqlarining obyektlarida kontraktlar bo‘yicha loyihalash ishlarini amalga oshirayotgan chet el injiniring kompaniyalari tomonidan loyiha institutlarida loyiha guruhlari tashkil etilishini amaliyotga joriy qilish; 

loyiha ishlarini sifatli bajarish uchun loyiha institutlarini zarur zamonaviy tashkiliy texnika va asbob-uskunalar, xorijiy ilmiy-texnik adabiyotlar, jahondagi ixtisoslashtirilgan nashrlar mahsulotlari, shuningdek, ilg‘or dasturiy mahsulotlar bilan jihozlash. 

2. Belgilansinki, “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti iqtisodiyot bazaviy tarmoqlarida loyihalash ishlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi, shuningdek, ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari, iqtisodiyot bazaviy tarmoqlarining korxonalari va loyiha institutlari o‘rtasida yuqori malakali muhandis-loyihalovchilarni tayyorlash masalalari bo‘yicha hamkorlik qiluvchi organ hisoblanadi. 

3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi oliy, shu jumladan chet el ta’lim muassasalarining loyihalashga doir amaldagi o‘quv dasturlarini o‘rganish asosida: 

2018/2019 o‘quv yili davomida oliy ta’lim muassasalarining iqtisodiyot bazaviy tarmoqlarining obyektlarini loyihalash sohasidagi yangi malaka talablarini, o‘quv rejalarini va dasturlarini har tomonlama tahlil qilsin va ular ustidan monitoring o‘tkazsin, shuningdek, ularni yanada takomillashirish bo‘yicha choralar ko‘rsin; 

ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalarining o‘quv rejalari 
va dasturlariga, shu jumladan ushbu qaror 1-bandining uchinchi xatboshisida belgilangan talablarni hisobga olgan holda loyihani boshqarish va loyihalash asoslari bo‘yicha darslarni kiritsin; 

ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalarini loyihani boshqarish va loyihalash asoslari bo‘yicha yangi avlod o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlashga doir, mazkur muassasalar talabalari uchun mualliflik mashg‘ulotlari va master-klasslar o‘tkazish uchun chet el tadqiqot, ta’lim muassasalari va injiniring kompaniyalaridan yetuk mutaxassislar va muhandis-loyihalovchilarni jalb qilishga doir amaliy chora-tadbirlar rejasining amalga oshirilishini ta’minlasin; 

“O‘zInjiniring” Respublika loyiha institutiga va loyiha institutlariga ixsisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari orasidan iqtidorli muhandis-loyihalovchilarni tanlab olishda muntazam amaliy ko‘maklashsin. 

4. Iqtisodiyot bazaviy tarmoqlarining korxonalari – investitsiyaviy va infratuzilmaga oid loyihalar buyurtmachilariga xorijiy injiniring kompaniyalari va pudratchilar bilan tuzilgan shartnomalarga loyihalashtirish institutlarida mazkur qarorning 1-bandi beshinchi xatboshisida belgilangan loyiha guruhlarini tuzish bo‘yicha shartlarni kiritish tavsiya etilsin. 

Belgilansinki, loyiha guruhlari o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasidagi norezident doimiy muassasa maqomisiz amalga oshiradi. 

5. Loyiha institutlariga quyidagilar ruxsat etilsin: 

chet ellik yuqori malakali mutaxassislarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida loyiha ishlarini bajarishga jalb etish va ularga xalqaro amaliyotda qabul qilingan narx va miqdorlarga muvofiq xaq belgilash; 

xorijiy tashkilotlar va mutaxassislar bilan ishlaganda har qanday texnik va tijoriy hujjatlar va axborotdan birgalikda foydalanish, bundan davlat sirlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirdan iborat ma’lumotlar mustasno. 

6. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi xalqaro va xorijiy moliya institutlarining: 

“O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti va boshqa loyiha institutlarining muhandis-loyihalovchilarini, shuningdek, ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari tarkibini loyiha boshqaruvi va loyihalashtirishning zamonaviy usullariga o‘qitish, ularning yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlarida, loyiha institutlarida, ishlab chiqarish va injiniring kompaniyalarida tajriba orttirishi va malakasini oshirishini tashkil etishga; 

loyiha ishlarini sifatli bajarish uchun loyiha institutlarini zarur zamonaviy tashkiliy texnika va asbob-uskunalar, xorijiy ilmiy-texnik adabiyotlar, jahondagi ixtisoslashtirilgan nashrlar mahsulotlari, shuningdek, ilg‘or dasturiy mahsulotlar bilan jihozlashga yo‘naltirilgan grantlarini doimiy asosda jalb etsin. 

7. Belgilansinki, “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi tarkibiga kiradi. 

8. “O‘zInjiniring” Respublika loyiha institutining boshqaruv, ishlab chiqarish va texnik xodimlari soni 300 birlikdan iborat yangilangan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

“O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti direktoriga: 

Institut shtat jadvalini mustaqil ravishda tasdiqlash va unga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida o‘zgartishlar kiritish; 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi rahbari bilan kelishib, zarur hollarda Institut xodimlari soni va tuzilmasiga o‘zgartish kiritish huquqi berilsin. 

9. Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtlari, loyiha institutlari va investitsiyaviy loyihalar buyurtmachilarining buyurtmasiga asosan o‘rnatilgan tartibda yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari tarkibi va mutaxassislariga, shu jumladan ular oila a’zolariga kirish vizalarini konsullik yig‘imlarini olmasdan rasmiylashtirishni ta’minlasin, taklif etayotgan tomon to‘laydigan amaliy xarajatlarni qoplashga doir yig‘imlar bundan mustasno. 

10. Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari, loyiha institutlari va investitsiyaviy loyihalar buyurtmachilarining buyurtmalariga asosan yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari tarkibi va injiniring kompaniyalari mutaxassislariga, shu jumladan ular oila a’zolariga davlat bojlarini undirmay o‘rnatilgan tartibda ko‘p martalik vizalar berish va muddatini uzaytirish, shuningdek, vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishni ta’minlasin. 

11. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari, loyiha institutlari va investitsiyaviy loyihalar buyurtmachilariga respublikaga yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etishga ruxsatnomalar berish (uzaytirish), shuningdek, ularning O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar berilishini ta’minlasin. 

12. “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti: 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi rahbari bilan kelishgan holda “O‘zInjiniring” Respublika loyiha institutining yangilangan nizomini bir oy muddatda tasdiqlasin; 

ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda uch oy muddatda magistraturaning iqtidorli talabalarini rag‘batlantirish va motivatsiyalash, ularni “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti va boshqa loyiha institutlariga ishga qabul qilish dasturini tasdiqlasin. 

13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin. 

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.R.Xolmurodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M.Sadikov zimmasiga yuklansin. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                          Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 22-fevral 

  • Ko'rildi
    2218
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+