Biznesda qay biri afzal: yolg‘izlikmi yoki sherikchilik?

24.02.2018, 16:23

Biznesda qay biri afzal: yolg‘izlikmi yoki sherikchilik?

Endigini o‘z ishini boshlayotgan tadbirkorlar tanlov imkoniyatga ega: ishni bir o‘zi tashkil etishi yoki hamkor topib, biznesni birga yuritishi mumkin. Hamkorlikda biznesni  boshlash ehtiyotkorlikni talab etadi. Agar hamkoringiz nohalol chiqib qolsa, ne mashaqqat bilan yo‘lga qo‘ygan ishingiz tanazzul tomon yuz tutishi mumkin. Buni biznes sherigi sabab inqirozga yuz tutgan ko‘plab firmalar, yirik kompaniyalar misolida ko‘rishimiz mumkin. Hatto tadbirkorlar orasida hazilomuz bir ibora ham bor: tadbirkorlikda sherik tanlash xotin tanlashdan ham muhim.

O‘z biznesingizni boshlayotganingizda uning huquqiy tuzilmasini tanlash muhim rol o‘ynaydi. Bu biznesni qonuniylashtirish bilan birga soliq solish va litsenziyalashda ham zaruriy shartdir. Korxonaning turi, jalb etilgan odamlarning soniga bog‘liq ravishda biznesni yakka tadbirkor, shirkat, mas’uliyati cheklangan jamiyat, qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat, aksiyadorlik jamiyati, kichik korxona, oilaviy tadbirkorlik bo‘lishi mumkin.

Biz quyida yakka asosda va sherikchilik asosida ish yuritish usullarining afzalliklari va kamchiliklari solishtirib ko‘rib chiqamiz.

Yolg‘izlik asosiga qurilgan biznes

“Yolg‘iz” tadbirkorlar qonunchilik bilan belgilangan tartibda yuridik shaxs tashkil etmasdan ham tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Biznes jismoniy shaxsning mulki bo‘lib, tashkilot bilan bog‘liq barcha daromadlar va qarzlar uning zimmasida bo‘ladi. Aytish kerakki, bu ro‘yxatdan o‘tishning eng arzon shakli bo‘lib, tadbirkorlik faoliyatini yuritishning mutlaq hokimiyati jismoniy shaxsga tegishli bo‘ladi. Bundan tashqari, yolg‘iz tadbirkorlar  yuridik shaxs tashkil etib ham faoliyat yuritishi mumkin. Shunisi qiziqki, dunyodagi aksariyat korxonalar “yolg‘iz tadbirkor” tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Afzalliklari:

  • eng afzal jihati shundan iboratki, korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun juda kam vaqt va mablag‘ talab etiladi.
  • yolg‘iz tadbirkorlikda barcha daromad va xarajatlarni bir odam nazorat qiladi. Rivojlantirish strategiyasini ham o‘zi belgilaydi.
  • biznesni tugatish masalasi ko‘ndalang turganida ham, yuridik jihatdan ushbu masala juda oson hal etiladi.

Kamchiliklari:

  • tadbirkor yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha qarzlar o‘zi uchun faqat bir o‘zigina mas’uldir. Tadbirkorning xususiy mulki ana shu qarzlarni qoplash hisobiga undirib olinishi mumkin.
  • biznesni boshlash uchun dastlabki kapitalni tadbirkorning o‘zi topishi darkor. Boshlang‘ich kapitaldan tashqari biznesni kengaytirish uchun mablag‘larni izlab topish ham tadbirkorning o‘z zimmasiga tushadi.
  • tadbirkor ko‘rgan daromadidan o‘zigina bahra olishi bilan birga barcha tanbehlarni ham o‘zi yakka eshitadi. Barcha qarorlarni faqat o‘zi qabul qilgani bois ham, ishlar chappasiga ketgan taqdirda, ayb faqat unda bo‘ladi.

ShYeRIKChILIK

Biznesda sherikchilik bu ikki yoki undan ko‘p shaxs tomonidan tashkil etilgan tijorat tashkiloti bo‘lib, uning boshqaruvida barcha sheriklar sheriklikni boshqarish to‘g‘risidagi kelishuvda belgilangan hajm va chegarada ishtirok etadi. Biznes ishtirokchilarining har biri o‘z mablag‘lari, mehnat va malakasini umumiy ishga qo‘shadi va korxonaning daromadi va xarajatlarini o‘rtada bo‘lishadi. Ikki yoki undan ortiq kishi tomonidan boshqariluvchi kompaniya – bu sheriklik asosiga qurilgan kompaniya.

 Afzalliklari:

  • boshlang‘ich kapital biznes egalari o‘rtasida taqsimlanadi. Biznesga yangi kirimlar kiritish talab etilgan taqdirda yetarli mablag‘larni to‘plash ancha osonlik tug‘diradi.
  • qarorlarni qabul qilish uchun mas’ulyait bir kishi zimmasiga yuklatilmagan. Demak, muammoli vaziyat yuzaga kelgan taqdirda faqat bir kishi javob bermaydi.
  • biznes boshida bir nechta kishining turishi muammoning yechimi bo‘yicha takliflar turfaligini ta’minlaydi. Hamkorlik asosiga qurilgan biznes vazifalarni taqsimlash imkonini beradi.

 Kamchiliklari:

  • sheriklikning eng katta kamchiliklaridan biri – uning egalari o‘rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqishi. Siz muayyan taklifga rozi bo‘lmaydigan vaziyat yuzaga keladi yoki siz taklif etgan usul boshqalarga ma’qul kelmaydi. Bu taqdirda siz ko‘pchidik tomonidan qabul qilingan qarorlar uchun yuridik jihatdan javobgar bo‘lib qolasiz. Hattoki unga qo‘shilmagan taqdiringizda ham.
  • foyda o‘rtadan bo‘linadi, bu esa ba’zida hamkorlar o‘rtasida munozaralar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, siz biron loyiha uchun tirishib harakat qilgan bo‘lsangizu, sherigingiz unga e’tibor ham qaratmagan bo‘lsa-da, olingan foydani o‘rtadan bo‘lishga har doim tayyor turishingiz zarur bo‘ladi.
  • hamkorlikning amal qilish muddati chegaralangan. Agar sheriklardan biri biron sababga ko‘ra biznesni tark etishga qaror qilgan bo‘lsa, barcha murakkabliklar va noaniqliklar biznesda qolgan sherikning zimmasiga tushadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, hamma narsaning o‘z kamchiliklari va shu bilan birga afzal jihatlari mavjud. Ish boshlashdan oldin har kim o‘z imkoniyatlarini baholab va muayyan sherik bilan kelajakni ko‘ra olishidan kelib chiqqan holda u yoki bu shaklni tanlashi mumkin.

Manba

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

 

  • Ko'rildi
    3433
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+