Tarixiy ahamiyatga ega hujjatlar imzolandi

10.03.2018, 12:44

Tarixiy ahamiyatga ega hujjatlar imzolandi

Muzokaralardan so‘ng erishilgan kelishuvlar bo‘yicha hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon Do‘stlik va yaxshi qo‘shnilikni mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot, O‘zbekiston-Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.

Savdo, iqtisodiyot, investitsiya, moliya, transport va tranzit, qishloq xo‘jaligi, suv-energetika, soliq, bojxona, turizm, fan-ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, xavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlik hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan jami 27 ta hujjat imzolandi. 

Ushbu salmoqli hujjatlar to‘plami mamlakatlarimiz va qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish uchun yangicha huquqiy asos yaratadi. 

Matbuot anjumanida Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon muzokaralar do‘stona, ochiq va amaliy ruhda o‘tganini, muloqotlar natijasidan mamnunligini ta’kidladilar.

“Biz O‘zbekiston va Tojikistonning siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va boshqa ustuvor sohalardagi munosabatlarini mustahkamlashga doir dolzarb masalalarni muhokama qildik. Buning natijasi sifatida muhim hujjatlar – Davlat chegarasi bo‘yicha shartnoma va Fuqarolarning o‘zaro qatnovi to‘g‘risida bitim imzolandi. Bugun erishilgan tarixiy kelishuvlar nafaqat xalqlarimiz, balki butun mintaqa uchun ulkan ahamiyatga ega”, dedi davlatimiz rahbari.

Xabar qilinganidek, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini avvaliga 500 million dollarga yetkazish haqida so‘z borgan edi. Davlat rahbarlarining samarali muzokaralari, ishbilarmon doiralarning bevosita muloqoti natijasida bu ko‘rsatkich 1 milliard dollarga olib chiqiladigan bo‘ldi.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida hal qilinmagan masalalar qolmaganini ta’kidladi. Prezident Imomali Rahmon bu fikrni to‘la qo‘llab-quvvatladi. 

Tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnilik asosida yanada mustahkamlashga intilishini bildirdi.

 

O‘zLiDePning Facebook va Instagram’dagi rasmiy sahifasi hamda Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Teglar
Kun mavzusi
  • Ko'rildi
    1473
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+