O‘zbekiston Respublikasida urug‘chilik tizimini tubdan takomillashtirish chora- tadbirlari to‘g‘risida

28.04.2018, 12:26

O‘zbekiston Respublikasida urug‘chilik tizimini tubdan takomillashtirish chora- tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Qishloq xo‘jaligi va boshqa ekinlarning urug‘larini yetishtirish, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash va sotish, shuningdek, nav va urug‘lik nazorati oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning muhim omili hisoblanadi. 

Shu bilan birga, birlamchi urug‘chilik va yangi, istiqbolli navlarni sinash bilan shug‘ullanuvchi elita-urug‘chilik xo‘jaliklari, ilmiy-tadqiqot muassasalarining faoliyatini tashkil etish masalalari hal etilmasdan qolmoqda. 

Turli navdagi urug‘lar va reproduksiyalarni alohida yig‘ish, shuningdek, ularni saqlash va qayta ishlash sharoitlariga rioya etilishi ustidan lozim darajada nazoratning mavjud emasligi ekin materiali sifatining pasayishiga va hosildorlikning tushishiga olib kelmoqda. 

Bunday hollarda marketing va huquqiy tartibga solishning samarasiz tizimi qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larining eksportini yetarli darajada amalga oshirish imkonini bermayapti, seleksiya va birlamchi urug‘chilikning lozim darajada bo‘lmaganligi esa ularni import qilish hajmining ortishiga olib kelmoqda. 

Urug‘chilik sohasini tubdan takomillashtirish, sifatli va raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni kengaytirish, ularni xalqaro bozorlarga yanada ilgari surish maqsadida: 

1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2018-yil 1-sentabrdan: 

bitta viloyatda o‘ntadan ko‘p, bitta tumanda beshtadan ko‘p boshoqli don ekinlarining rayonlashtirilgan navlarini, shuningdek, bitta viloyatda beshtadan ko‘p, bitta tumanda ikkitadan ko‘p g‘o‘zaning rayonlashtirilgan navlarini joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi (sinov o‘tkazish uchun joylashtiriladigan yangi navlar bundan mustasno); 

boshoqli don ekinlari va g‘o‘za navlarini sinovdan o‘tkazish muddati ikki yildan, boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini sinovdan o‘tkazish muddati bir yildan oshmasligi lozim; 

qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larining navlarini (boshoqli don ekinlari, g‘o‘za va kartoshka urug‘lari bundan mustasno) majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish va O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan Qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritish to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi; 

boshoqli don ekinlari va g‘o‘zaning urug‘larini eksport qilish O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining xulosasiga asosan Innovatsion rivojlanish vazirligining qarori bo‘yicha amalga oshiriladi, boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘larini eksport qilish uchun maxsus ruxsatnoma talab qilinmaydi; 

qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini import qilganda (boshoqli don ekinlari, g‘o‘za va kartoshka urug‘lari bundan mustasno), agar sinovdan o‘tkazishda qo‘llanilgan talablar O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan shunga o‘xshash talablardan past bo‘lmasa, akkreditatsiya bo‘yicha xalqaro akkreditatsiya tashkilotlari akkreditatsiya qilgan xorijiy laboratoriyalar tomonidan o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini sinovdan o‘tkazish natijalari tan olinadi. 

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 apreldagi “Qishloq va suv xo‘jaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5418-son Farmoniga muvofiq G‘o‘za urug‘chiligi respublika markazi va Boshoqli don ekinlari urug‘chiligi respublika markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Urug‘chilikni rivojlantirish markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb yuritiladi) tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin. 

3. Quyidagilar Markaz faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilansin: 

qishloq xo‘jaligi ekinlari, shu jumladan g‘o‘za va boshoqli don ekinlarining urug‘larini tayyorlash, foydalanish va eksport qilishning zamonaviy tizimini shakllantirish; 

mahalliy va xorijiy seleksiya navlari, shu jumladan biotexnologik navlarning birlamchi urug‘chiligini tashkil etish va rivojlantirish; 

tarmoq korxonalari tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarining ekiladigan urug‘larini tayyorlash, qayta ishlash va saqlash bo‘yicha normativ talablarni xalqaro standartlar va texnik reglamentlarga muvofiq ishlab chiqish; 

urug‘chilik sohasida ilmiy va tajriba-eksperimental tadqiqotlarni olib borishga, tarmoq korxonalarining ilmiy salohiyati va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish; 

urug‘chilik bo‘yicha xalqaro va milliy organlar bilan o‘zaro faol hamkorlik qilish, urug‘larni ekishdan oldin ishlov berish va qayta ishlashga oid innovatsion texnologiyalarni, ushbu sohadagi nou-xaularni joriy etish. 

4. O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi B.N.Umarovning mamlakatda zamonaviy urug‘chilik tizimini shakllantirish, Markaz, shuningdek, birlamchi urug‘chilik, yangi va istiqbolli navlarni sinash bilan shug‘ullanuvchi elita-urug‘chilik xo‘jaliklari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va boshqa korxonalarning faoliyatini tashkil etishga shaxsiy javobgarligi belgilansin. 

5. Quyidagilar: 

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq; 

Markaz hududiy boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

6. O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziriga, zarur bo‘lganda, Markaz va uning hududiy boshqarmalari tashkiliy-shtat tuzilmalariga xodimlarning belgilangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, elita-urug‘chilik xo‘jaliklarining miqdori va xodimlar sonini optimallashtirish hisobiga tuman filiallarini tashkil etish huquqi berilsin. 

7. Belgilab qo‘yilsinki: 

Markaz davlat unitar korxonasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi; 

qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘larini eksport qilish urug‘chilik xo‘jaliklari va korxonalari bilan tuzilgan vositachilik shartnomalari asosida Markaz tomonidan amalga oshiriladi; 

vositachilik shartnomalari bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘larini eksport qilishda vositachilik haqi bir foizdan oshmasligi lozim; 

Markaz direktori va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. 

8. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin: 

ko‘rsatilayotgan xizmatlardan, urug‘chilik materialini sotishdan, shu jumladan uni eksport qilishdan olingan daromadlar; 

belgilangan tartibda to‘lanadigan navli urug‘lar uchun ustama haqlardan olinadigan o‘tkazmalar; 

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan grant tanlovlari natijalariga ko‘ra ajratiladigan mablag‘lar; 

O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar. 

9. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda: 

Markaz Ustavini tasdiqlasin va uning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin; 

Markazni uning faoliyatini yuqori va kasbiy darajada samarali tashkil etishni ta’minlashga qodir malakali xodimlar bilan to‘ldirsin; 

Markazni joylashtirish, uni aloqa vositalari, shu jumladan hukumat aloqasi, komputer texnikasi va o‘ziga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarish uchun zarur boshqa moddiy-texnika resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

10. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Markaz zimmasiga davlat buyurtmasi doirasida 2018-2019 yillar hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘larini tayyorlash va joylashtirish bo‘yicha vazifa va mas’uliyat yuklatilsin. 

11. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi Fanlar akademiyasi, Intellektual mulk agentligi, Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi tadbirlar rejasining Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlasin: 

brend va tijoratbop, shuningdek, duragay va litsenziyalangan navlarning urug‘lik materialini yetishtirish, qayta ishlash va tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi urug‘chilik kompaniyalarini, shu jumladan chet el kapitali ishtirokida va davlat-xususiy sheriklik asosida kompaniyalarni tashkil etish; 

urug‘ tayyorlovchi va yetishtiruvchi korxonalarda ichki sifat nazorati tizimi va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, xalqaro talablarga muvofiq akkreditatsiya qilingan zamonaviy laboratoriyalarni tashkil etish; 

mavjud mahalliy va xorijiy seleksiya navlari kolleksiyasi asosida yuqori hosildorlikka, yuqori sifatga ega va kasalliklarga chidamli ustuvor qishloq xo‘jaligi ekinlarining duragaylarini yetishtirish tizimini tashkil qilish; 

qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘larini litsenziyalash mexanizmlarini, originatorlar tomonidan korxonalar va klasterlardan litsenziya bo‘yicha olinadigan royalti sxemalari va miqdorlarini joriy etish; 

mamlakatda mavjud bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining to‘liq inventarizatsiyasini, ularning molekulyar-genetik pasportizatsiyasini (DNK bar-koding) o‘tkazish, shuningdek, ularni mamlakatning seleksiya yutuqlarini himoya qilish imkonini beruvchi O‘simliklarning yangi navlarini muhofaza qilish xalqaro ittifoqida (UPOV) ro‘yxatdan o‘tkazilishini amalga oshirish; 

urug‘chilik xo‘jaliklari va urug‘lik materialini qayta ishlash sexlarining o‘rnatilgan normalar, talablar, reglamentlar va texnik hisoblarga muvofiqligi bo‘yicha inventarizatsiya qilish; 

g‘o‘zaning seleksiya navlari patentlari va mualliflik guvohnomalarini (originator huquqlarini) baholash va ularni har uch yilda qayta tasdiqlash. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda urug‘chilik masalalari bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni o‘rnatish, shuningdek, O‘zbekistonning ushbu tashkilotlarga qo‘shilishi mumkinligi masalalarini o‘rganib chiqsin. 

13. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari S.R.Xolmuradov va Z.T.Mirzayev zimmasiga yuklansin. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                                       Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 27-aprel 

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2403
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Jalolxon Taylor BPT2018-05-10 19:11:19

Urug'chilik tizimini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to'g'risidagi Prezidentimiznig mazkur qarorlari qishloq xujaligida yuqori hosildor ikinlarlarning kirib kelishi va undan yuqori hosil olish jarayonini tezlashtirib buning natijasida ichki bozordani arzon sifatli mahsulotlar bilan taminlanadi, mamlakatimizning eksportdagi salohiyati yanada yuksaladi


Термиз туман Кенгаши аппарат рахбари Н.Норкулов2018-05-03 15:22:22

Мазкур қарор ҳосилдорлик сифатини янада ошишига, маҳсулотларнинг экспорт салоҳиятини кескин кўтарилишига ҳизмат қилиши шубхасиз. Қарорда қайд этилганидек уруғчилик навларини яратиш борасида чет давлатлар билан ҳамкорлик истиқболлари ниҳоятда самарали бўлиши, ватанимиз иқтисодиётига ижобий таъсирини бериши инсонни қувонтиради албатта.


O’zLi O’zLiDeP Олтинсой туман Кенгаши аппарат раҳбари Тиркашов Абдурасул2018-05-01 15:45:49

Ўзбекистон Республикасида уруғчилик тизимини тубдан такомиллаштириш чора-тадбирлари тўғрисида қарори юртимизда янги сифатли навли уруғларини етиштирилиш имконият яратади


Кулматов Улугбек-Шурчи туман Кенгаши аппарат рахбари2018-04-30 17:28:26

Шу пайтгача уругчилик сохасига эътибор деярли йук эди, кишлок хужалик экинлари уруглари четдан келтирилиб экиб келинар эди, ушбу карор оркали узимизда синалган кишлок хужалик экинлари уругларини яратишга замин яратилди,шунингдек Уругчиликни ривожлантириш марказини ташкил этилиши эса айни муддао булди,ушбу марказ оркали эса уругчилик сохасида куплаб янгиликлар булиши шубхасиз.


Джураев Рузимурод Каттақўрғон туман Кенгаши раиси2018-04-30 12:08:59

Жуда вақтида чиқарилди бу қарор чунки кейинги пайтларда уруғчиликка эътибор жуда камайиб кетган т\эди.


Қизилтепа туман бўлими раиси Юсупов Замон Фармонович2018-04-30 09:30:11

Ҳеч иккиланмай айтишим мумкинки мазкур қарор ҳосилдорлик сифатини янада ошишига, маҳсулотларнинг экспорт салоҳиятини кескин кўтарилишига ҳизмат қилиши шубхасиз. Қарорда қайд этилганидек уруғчилик навларини яратиш борасида чет давлатлар билан ҳамкорлик истиқболлари ниҳоятда самарали бўлиши, ватанимиз иқтисодиётига ижобий таъсирини бериши инсонни қувонтиради албатта.


Абдурахмонов Азамат Остонақулович Сурхондарё вилояти Ташкилий-партиявий ишлар бўлими мудири2018-04-30 09:04:49

Хозирги кунда экинларни кластер услубида етиштирувчи деҳқон хўжаликлари учун уруғ навларини харид қилишда янги имтиёзлар жорий этиш керак.


O`zLiDeP Қумқўрғон туман Кенгаши ходими Жахонгир Абсаматов2018-04-28 17:40:07

Президентимиз ташаббуслари билан қабул қилинган "Ўзбекистон Республикасида уруғчилик тизимини тубдан такомиллаштириш чора-тадбирлари тўғрисида"ги Қарорнинг қабул қилиниши қишлоқ хўжалиги маҳсулотларнинг сифати ошиши билан бир қаторда хориж мамлакатларга экспортбоп махсулотлар кўпайишига кенг имконият яратади.


Узлидеп Термиз туман кенгаши Жайронхона БПТ раиси Астснскулова Р2018-04-28 17:30:35

Хакикиатдан хам экспортга килишга арзийдиган ракобатбордош махсулотларни купайтиришимиз керак.


O`zLiDeP Ангор туман Кенгаши ижрочи котиби Эркин Абдуллаев2018-04-28 17:15:11

Қишлоқ хўжалиги ва бошқа экинларнинг уруғларини етиштирилиши ва уларни такомиллаштириши бозорларимизда янги навларда етиштирилган махсулотларни кўпайишига имкон яратади. Бу қарор халқимиз учун жуда мухим қарор деб хисоблайман.


Fikringizni qoldiring

+