Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

08.05.2018, 09:27

Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Qayd etilsinki, mamlakatda qisqa muddatda innovatsiyaga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni shakllantirishga va innovatsiyalarni keng joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. 

Respublikani innovatsion va ilmiy-texnik rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi organ tashkil etilganligi, uning huzurida Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi shakllantirilganligi mazkur yo‘nalishdagi muhim bosqichlardan biri bo‘ldi. 

Shu bilan birga, ilmiy tadqiqotlar bilan ishlab chiqarish tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishga, aloqalarni mustahkamlashga to‘siq bo‘layotgan bir qator muammolar saqlanib qolmoqda, ularga, avvalambor: 

birinchidan, oliy ta’lim muassasalari ilmiy ishlari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari tadqiqotlarining natijalarini tijoratlashtirish ko‘rsatkichlarining pastligi hamda qoniqarsizligi; 

ikkinchidan,
 innovatsion jarayonlarni rag‘batlantirish, hududlar va tarmoqlar darajasida innovatsion rivojlanish va innovatsion faollik kompleks dasturlarini amalga oshirish, innovatsion faol tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari mavjud emasligi; 

uchinchidan, xususiy sektor vakillarining innovatsion faoliyatga, jumladan, ularning manfaatdorligi pastligi sababli yetarli darajada jalb qilinmasligi; 

to‘rtinchidan, 
davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida grantlarni taqsimlash va ulardan oqilona foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarning mavjud emasligi; 

beshinchidan, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni joriy qilish sohasida xalqaro hamkorlik va investitsiyalar jalb etish darajasining qoniqarsizligi kabi omillar sabab bo‘lmoqda. 

Innovatsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni yanada samarali joriy etish uchun shart-sharoitlarni yaratish maqsadida: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasining: 

oliy ta’lim muassasalarida ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimi o‘rniga ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimini joriy etish; 

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarini bir vaqtda tegishli yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori lavozimlariga tayinlash; 

oliy ta’lim muassasalari tuzilmasida innovatsion jamg‘armalar va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha bo‘linmalar tashkil etish; 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘laridan moliyalashtiriladigan qo‘shimcha 10 ta shtat birligini ajratgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tuzilmasida Fan va ilmiy-texnik tadqiqotlarni rivojlantirish boshqarmasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin. 

2. Belgilab qo‘yilsinki: 

oliy ta’lim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlarini hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarini (keyingi o‘rinlarda ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlar hamda ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari deb yuritiladi) lavozimga tayinlash O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi; 

ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlar hamda ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari innovatsiya faoliyatiga oid masalalar, ilmiy-innovatsion ishlanmalarni joriy etish va tijoratlashtirish natijalari bo‘yicha bevosita O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga hisobdordir; 

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi yiliga kamida ikki marta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlar hamda ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarining ilmiy-innovatsion faoliyatini baholash yuzasidan axborot kiritadi; 

O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi A.Yu.Umarov ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlar hamda ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarining faoliyatini samarali muvofiqlashtirish bo‘yicha shaxsan mas’ul hisoblanadi; 

oliy ta’lim muassasalarining innovatsion jamg‘armalarini (keyingi o‘rinlarda – innovatsion jamg‘armalar) shakllantirish innovatsion mahsulotlarni tijoratlashtirishdan olinadigan daromadlar, oliy ta’lim muassasalarining ish haqi, stipendiya to‘lash, shuningdek, boshqa joriy xarajatlari qoplangandan keyin to‘lov-kontrakt mablag‘larining 5 foizdan kam bo‘lmagan miqdorini yo‘naltirish hisobiga amalga oshiriladi. 

Innovatsion jamg‘armalarning mablag‘lari: 

ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni rag‘batlantirishga; 

ilmiy-laboratoriya uskunalari, sarflash materiallari va butlovchi buyumlar sotib olishga; 

ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini shakllantirish va yangilashga, ilmiy xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga; 

innovatsiya faoliyati bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni amalga oshirishga yo‘naltirilishi belgilab qo‘yilsin. 

3. Quyidagilar oliy ta’lim muassasalarining ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha bo‘linmalarining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib hisoblansin: 

bozorni tizimli ravishda tahlil qilish va innovatsion mahsulot (ish, xizmat)larga bo‘lgan talabni o‘rganish, o‘zini qoplash muddatini, rentabellik va innovatsion mahsulotlarni tijoratlashtirish bilan bog‘liq xatarlarni baholash; 

yuqori tijorat salohiyatiga ega va amalga oshirishga tayyor bo‘lgan, o‘zlashtirish uchun istiqbolli loyihalarni tanlab olish; 

innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun investorlar, sheriklar va boshqa manfaatdor shaxslarni jalb qilish; 

yangi texnologiyalarni joriy qilish va innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsadida sanoat korxonalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish. 

Belgilansinki, oliy ta’lim muassasalarining ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha bo‘linmalari faoliyati innovatsion jamg‘armalar mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. 

4. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari: 

bir oy muddatda rahbar o‘rinbosarlaridan birini innovatsion rivojlanish masalalari bo‘yicha mas’ul etib belgilasin; 

har yil 1 oktyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishgan holda tadbirlarni moliyalashtirishning aniq miqdor va manbalarini belgilab, kelgusi yil uchun tegishli tarmoq va sohalarni innovatsion rivojlantirishning “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilishini, shuningdek, ularning samarali amalga oshirilishini ta’minlasin. 

5. Quyidagilar: 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-5264-son Farmoniga muvofiq Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilganligi; 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-noyabrdagi PQ-3365-son qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini moliyalashtirish manbalari etib, tegishli qismlarda, boshqa manbalar bilan bir qatorda Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin. 

Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Kuzatuv kengashi Jamg‘armaga kelib tushadigan mablag‘larning, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga yo‘naltirilishini ta’minlasin. 

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2017-2021 yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturining yetishmayotgan qismida o‘z vaqtida, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishini ta’minlansin. 

6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ustuvor innovatsion, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik, “startap” loyihalarini o‘z xarajatlarini o‘zi qoplash asosida moliyalashtirish uchun 2018-yilda Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 50 milliard so‘m miqdorida byudjet mablag‘larini ajratsin hamda mablag‘larni o‘zlashtirish natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining asoslantirilgan takliflariga ko‘ra, Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirishning qo‘shimcha manbalari yuzasidan takliflar kiritsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi: 

grantlar asosida amalga oshirilayotgan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar bo‘yicha davlat ilmiy-texnik dasturlarining tizimli monitoringini, shu asosda maqsadsiz ishlatilayotgan grant mablag‘larini boshqa istiqbolli va talab yuqori bo‘lgan mavzuga oid loyihalarni amalga oshirish uchun qayta yo‘naltirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar qabul qilishni; 

fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar bo‘yicha davlat ilmiy-texnik dasturlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan hamda moliya yili davomida o‘zlashtirilmagan mablag‘lardan kelgusida maqsadli foydalanishni; 

fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha mavzuga oid grantlar berish yuzasidan muntazam ravishda tanlovlar e’lon qilishni amalga oshirsin. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligining xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda yirik davlat korxonalarining innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari mablag‘larining 0,1 foizini Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yo‘naltirish hamda ularni kelgusida innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etishga maqsadli ishlatish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin. 

8. 2022-yil 1-yanvarga qadar muddatda: 

belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot tashkilotlari tomonidan olib kiriladigan ilmiy asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, sarflash materiallari, reaktivlar, dasturiy ta’minot bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno); 

ilmiy-tadqiqot tashkilotlari ularning asosiy faoliyati bo‘yicha barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalardan ozod qilinsin, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga ajratmalar bundan mustasno, bo‘shayotgan mablag‘lar ularning xodimlarini moddiy rag‘batlantirish uchun maqsadli yo‘naltirilsin. 

9. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimlarining mehnatiga Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari va byudjetdan tashqari boshqa manbalar hisobidan haq to‘lash shartlari vazirlik hay’ati tomonidan belgilanadi. 

10. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda innovatsion g‘oyalar mualliflarini, mazkur g‘oyalarni amalga oshiruvchi tashkilotchilar va homiylarni moddiy rag‘batlantirishni ta’minlagan holda, respublikada innovatsiyalarni rivojlantirishga ko‘maklashgan alohida tadbirkorlik subyektlarini taqdirlash marosimini o‘tkazishni nazarda tutib, respublikada har yili Innovatsion g‘oyalar haftaligi – “InnoWeek.Uz” o‘tkazilishini tashkil qilish choralarini ko‘rsin. 

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R.Xolmuradov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                        Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 7-may

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1948
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

“Урганч Темуртранс” МЧЖ БПТ2018-05-10 16:23:59

Тадбиркорларимизнинг инновацион ишланмалари бозордаги рақобатни кучайтиради ва ҳалкимизга катта ҳизмат қилади деган умиддамиз


Урганч шаҳаридаги 20-сон “Оби-ҳаёт” МФЙ БПТ 2018-05-10 16:23:05

Фундаментал, амалий ва инновацион тадқиқотларнинг долзарб йўналишлари бўйича мавзуга оид грантлар бериш юзасидан мунтазам равишда танловлар эълон қилиниб келинмоқда ва бундан фойдаланиб тадбиркорлар, ёшларўз соҳалари бўйича юқори натижаларга эришади деган умиддамиз


Урганч шаҳар “Устатранс” МЧЖ БПТ2018-05-10 16:22:20

Инновацион фаолиятда ёшлар ўзларининг ташаббусларини амалга оширишлари учундавлатимиз раҳбари томонидан катта имкониятлар яратилябди. Мавжуд имкониятлардан ўз вақтида ва самарали фойдаланишда эса ёшлар ташаббускор ва интилувчан бўлишлари зарур


O'rol. UzLiDeP Yunusobod kengashi azosi2018-05-09 00:23:58

Meni fikrimcha masalaga yondoshishni eng quyidan boshlagan maqul. Avvalambor prezidentimiz tomonidan qilingan bu tashabbus aslida nima uchun ekanligini anglash lozim. bu tizimda alohida vazirlik qilinib. tizimdagi xodim va prorektorlar xukumat va vazir buyrugini bajarish uchun emas. balki buni nima ekanligini odamlarga xususan yosh kadrlarga tushuntirib. Xayotga tadbiq qilinishi uchun tashlik etilgan tuzilma bu. Quyi sektorga nazar tashlasak. Aynan shu mavzudagi ochiq darslar oliygohlar uchun. Maktablar uchun esa oquv darslari bitiruvchi sinflar uchun bulishi maqsadga muvofiq. Chunki innovatsion goya jamiyatning xar qaysi sohasida bulishi mumkin. Shunday ekan. Bu vazirlik avvalo talim tizimi bilan samarali xamkorlik asosida ish olib borishi kerak


Сарвархон Иброхимхонов - Тошкент шаҳар Кенгаши Ёшлар билан ишлаш бўлими мудири2018-05-08 18:17:42

Президентимиз томонларидан инновацион фаолиятни қўллаб-қувватлаш ҳамда бу борада амалий механизмни хаётга татбиқ этилиши. Юртимизда янгиликка интилувчан ёшларимиз, илмий ҳодимлариз ва олимларимиз учун катта кўмакчи бўлди. Бу борада Олий ўқув юртларида инновацион фаолият билан шуғулланувчи проректор лавозими жорий этилиши натижасида Олий ўқув юртларида соҳани ривож топишига ҳамда ўқитиш методикани янгитдан замон талабларига мос равишда ишлаб чиқилишига олиб келади албатта.


Холмат Тўраев Жиззах вилояти2018-05-08 15:38:19

Мазкур қарор илмий тадқиқотлар билан ишлаб чиқариш тармоқлари ўртасидаги ўзаро ҳамкорликнинг самарали механизмларини йўлга қўйишга, алоқаларни мустаҳкамлашга тўсиқ бўлаётган бир қатор муаммоларни бартараф этишга хизмат қилади.


Санжар Бакаев2018-05-08 15:27:44

Инновационный вектор развития на сегодняшний день является самым приоритетным. Многие развитые страны уже несколько лет делают упор в этом направлении. Внедрение инновационных проектов в экономику, даст огромный рывок вперед в развитии всех отраслей. Нашей стране важно не отстать в этой области и смело продвигать свои проекты. Параллельно с модернизацией имеющихся производственных и перерабатывающих мощностей, надо активно изучать опыт других развитых стран в этой сфере. Совместно с иностранными партнерами создавать технопарки и дать возможность учёным разрабатывать инновационные передовые технологии. В конечном итоге, мы получим бесценный опыт и знания для инновационного пути развития страны, которое на долгие годы вперед окажет положительный эффект.


Жахонгир Хужамкулов. ЎзЛиДеП Самарқанд вилоят Кенгаши Ташкилий-партиявий ишлар бўлими мудири2018-05-08 15:22:33

Инновация фаолиятини давлат томонидан тартибга солиш механизмларини тубдан такомиллаштириш, иқтисодиёт тармоқлари ва соҳаларига инновацияларни янада самарали жорий этиш учун шарт-шароитларни яратади


Абдурахмонов Азамат Остонақулович Сурхондарё вилояти Ташкилий-партиявий ишлар бўлими мудири2018-05-08 15:08:06

Иқтисодиёт тармоқлари ва соҳаларига инновацияларни жорий этиш механизмларини такомиллаштириш бўйича қўшимча чора-тадбирлар тўғрисидаЎзбекистон Республикаси Президентининг қарорида олий таълим муассасаларининг илмий ишлар ва инновациялар бўйича проректорларини ҳамда Ўзбекистон Республикаси Фанлар академияси, давлат ва хўжалик бошқаруви органлари илмий-тадқиқот муассасаларининг илм-фан бўйича директор ўринбосарларини ишга тайинлаш ва уларни бўшатиш збекистон Республикаси Инновацион ривожланиш вазирлиги бошқармалари томонидан амалга оширилиши олий таълим муассасалари билан алоқани боғлашда асосий восита хисобланади.


УзЛиДеП Термиз шахар Кенгаши ижрочи котиби Б.Ф.Маманоров2018-05-08 15:01:29

Ушбу қарор иқтисодиётимизни янада ривожланишига туртки бўлади.


Fikringizni qoldiring

+