Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

23.05.2018, 10:05

Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Mamlakatda atrof-muhitni muhofaza qilishni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, hududlarning sanitariya va ekologik holatini yaxshilash sohasida izchil siyosat amalga oshirilmoqda. 

Xususan, qisqa muddatda qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimining infratuzilmasini takomillashtirish, umumiy quvvati yiliga million tonnadan ortiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlarini tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar aholini sanitariya jihatidan tozalash xizmatlari bilan qamrab olish ko‘lamining o‘n baravardan ziyod ortishiga imkon berdi. 

Shu bilan birga, ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, aholi punktlarining sanitariya holatini lozim darajada shakllantirishga ayrim tizimli muammolar to‘sqinlik qilmoqda, xususan: 

birinchidan, tegishli infratuzilmani qoniqarsiz holatga va aholi punktlari xizmatlar bilan to‘liq qamrab olinishining ta’minlanmasligiga olib keluvchi maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida davlat-xususiy sheriklik yetarli darajada joriy etilmagan; 

ikkinchidan, tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslikka olib kelayotgan ikkilamchi moddiy resurslardan foydalanish holati, shuningdek, maishiy chiqindilarni qayta ishlash tizimi zamonaviy talablarga javob bermaydi; 

uchinchidan, aholi yashash punktlarining ifloslanishiga sabab bo‘layotgan polimer plyonkali materiallardan haddan tashqari ko‘p foydalanilgan va ular tarqalgan, shuningdek, muqobil biologik chiriydigan materiallardan foydalanish tizimi mavjud emas; 

to‘rtinchidan, sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar, jumladan, atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun javobgarlikka tortilmaslik hissining paydo bo‘lishiga olib kelayotgan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklarga chora ko‘rish va ularning oqibatlarini bartaraf etish tizimi samarasiz; 

beshinchidan, sohada mamlakatning haqiqiy sanitariya-ekologik holatini baholash imkonini beruvchi zamonaviy innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mavjud emas. 

Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada rivojlantirish, aholining sifatli sanitariya jihatidan tozalash xizmatlari bilan ta’minlanganligi darajasini oshirish, shuningdek, ekologik muammolarni hal etishdagi mavjud imkoniyatlarni ishga solish maqsadida: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi PQ-2916-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga (keyingi o‘rinlarda Davlat ekologiya qo‘mitasi deb yuritiladi) tadbirkorlik subyektlarining chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, ko‘mish va realizatsiya qilish jarayonlaridagi ishtirokini yanada kengaytirishni nazarda tutish vazifasi yuklatilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin. 

2. Davlat ekologiya qo‘mitasining mazkur sohaga investitsiya kiritish uchun qulay sharoit yaratish orqali maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatiga tadbirkorlik subyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida jalb qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin. 

3. Belgilab qo‘yilsinki, 2018-yil 1-avgustdan: 

maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish faoliyatini amalga oshirish uchun tuman va shahar hududlari (keyingi o‘rinlarda – hududlar) tadbirkorlik subyektlariga davlat-xususiy sheriklik asosida chiqindi to‘plash shoxobchalarida lozim darajadagi tozalikni ta’minlash, shuningdek, maishiy chiqindilarni mustaqil ravishda saralash sharti bilan biriktirib beriladi; 

maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish uchun hududlarni tadbirkorlik subyektlariga davlat-xususiy sheriklik asosida biriktirib berish faqat tanlov asosida, nol stavkadan boshlanuvchi elektron auksion yo‘li bilan “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshiriladi; 

jismoniy shaxslarga maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari ommaviy shartnomalar asosida ko‘rsatiladi. 

Belgilansinki: 

maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish uchun hududlarni tadbirkorlik subyektlariga biriktirib berish bo‘yicha tanlov o‘tkazilmagan deb topilgan hollarda, tegishli hududlar “Toza hudud” DUK yoki “Maxsustrans” DUKga tanlov o‘tkazilmagan holda biriktirib beriladi; 

Davlat ekologiya qo‘mitasi maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasiga investitsiyalarni jalb qilishga yo‘naltirilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tadbirlarni muvofiqlashtiradi. 

4. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Davlat ekologiya qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar 

va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda: 

maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish uchun hududlarni tadbirkorlik subyektlariga biriktirib berish materiallarini yig‘ish va vakolatli organlar bilan kelishish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha avtomatlashtirilgan axborot tizimining ishlab chiqilishi va joriy etilishini, shuningdek, uning “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasiga integratsiya qilinishini; 

maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish uchun hududlarni elektron auksion o‘tkazish yo‘li bilan tadbirkorlik subyektlariga biriktirishning “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali tashkillashtirilishini ta’minlasin. 

5. 2019-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilar taqiqlanadi: 

polimer plyonkali paketlarni bepul berish, ularning narxini O‘zbekiston Respublikasi hududida sotiladigan tovarlar narxiga qo‘shish, shuningdek, ularni o‘z tannarxidan past narxlarda sotish (tutqichsiz va tovarlarning ajralmas qismi hisoblangan paketlar bundan mustasno); 

O‘zbekiston Respublikasi hududida qalinligi 40 mikrondan kam bo‘lgan polimer plyonkali paketlarni ishlab chiqarish (eksport uchun ishlab chiqariladigan, tutqichsiz va tovarlarning ajralmas qismi hisoblangan, xo‘jalikda foydalanish uchun rulonlarda sotiladigan polimer plyonkali paketlar, shuningdek, biologik chiriydigan polimer materiallardan tayyorlangan paketlar bundan mustasno); 

O‘zbekiston Respublikasi hududiga polimer plyonkali paketlarni 

(TIF TN bo‘yicha 3923 21 000 0, 3923 29 100 0, 3923 29 000 kodli) olib kirish, jismoniy shaxslar tomonidan tovarlar va shaxsiy buyumlarni tashish va qadoqlash uchun olib kiriladigan paketlar, shuningdek, tamg‘alangan yuk bo‘linmasida tranzit tarzida olib o‘tiladigan tovarlar bundan mustasno. 

Davlat ekologiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi mazkur bandda belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin. 

6. Davlat ekologiya qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xorijiy tajriba va jamoatchilikning har tomonlama muhokamasini hisobga olgan holda, 2020-yil 1-yanvarga qadar muddatda foydalanish xususiyatini yo‘qotgandan so‘ng atrof-muhitga zarar yetkazuvchi ishlab chiqariladigan va import qilinadigan tovarlar guruhiga ekologik yig‘imni joriy qilishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan asoslangan takliflar kiritsin. 

7. 2023-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatga: 

maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar sotib oladigan, mamlakatda ishlab chiqarilgan yangi maxsus avtotransport vositalarini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlarida ro‘yxatga olishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga to‘lanadigan yig‘imlardan; 

“Toza hudud” DUK va “Maxsustrans” DUK yer solig‘i va davlat maqsadli jamg‘armasiga majburiy to‘lovlardan (yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari) bo‘shayotgan mablag‘larni ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga maqsadli yo‘naltirgan holda; 

respublikada ishlab chiqarilmaydigan, tovarlarni qadoqlash va joylash-o‘rash uchun biologik chiriydigan polimer materiallarni ishlab chiqarishning texnologik jarayonida foydalanish uchun o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar asosida olib kirilgan texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar, xom ashyo va materiallar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imidan tashqari); 

respublikada ishlab chiqarilmaydigan, maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlarini tashkil qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar asosida olib kirilgan maxsus texnika, texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imidan tashqari) ozod qilinsin. 

8. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Markaziy bankining: 

maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlarini tashkil qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida xorijiy kredit liniyalari hisobidan ajratilgan kreditlarni (keyingi o‘rinlarda – ajratilgan kreditlar) milliy valyutaga almashtirib, ularning foiz stavkasini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan miqdorda belgilab, restrukturizatsiya qilish; 

kreditlarni qaytarish jadvallariga tegishli o‘zgartishlar kiritgan holda, ularning so‘nggi to‘lov muddatlarini restrukturizatsiya qilingan sanadan boshlab 7 yil etib belgilash; 

berilgan kreditlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining aktivlar sifatini tasniflash to‘g‘risidagi talablarini qo‘llamaslik, ularni qayta ko‘rilgan kreditlar hisob varaqlariga o‘tkazmaslik va ular bo‘yicha zaxiralar tashkil qilmaslik to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin. 

9. Quyidagilar: 

2019-2021 yillarda “Toza hudud” DUKlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan maxsus texnika va uskunalar bilan qo‘shimcha jihozlashning prognoz parametrlari 1-ilovaga muvofiq; 

2019-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan chiqindi to‘plash shoxobchalarini qurish va ularni konteynerlar bilan jihozlash bo‘yicha manzilli dastur 2-ilovaga muvofiq; 

2020-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan “Toza hudud” DUKlarning faoliyat ko‘rsatayotgan amaldagi poligonlarini jihozlash bo‘yicha manzilli dastur 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini muvofiqlashtirish va takomillashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasiga mazkur bandda nazarda tutilgan prognoz parametrlari va manzilli dasturlarga o‘zgartishlar kiritish huquqi berilsin. 

10. O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya qo‘mitasi: 

a) Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 1-iyulga qadar muddatda: 

Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish uchun hududlarni tadbirkorlik subyektlariga biriktirish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini; 

jismoniy shaxslarga maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha namunaviy ommaviy shartnoma loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin; 

b) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 1-avgustga qadar muddatda: 

hududlarni ifloslantirganlik uchun shaxslarni javobgarlikka tortishning ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqishni, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida fuqarolar va mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirishni; 

jamoat joylarida chiqindilarni to‘plash uchun konteynerlar (chiqindi qutilari)ni o‘rnatishga, jumladan, ularning namunaviy shakllariga, shuningdek, tashkilotlarning o‘zlariga tegishli bo‘lgan binolarga yaqin yoki tutash hududlarga mazkur konteynerlar (chiqindi qutilari)ni o‘rnatish bo‘yicha talablarni nazarda tutuvchi takliflar kiritsin; 

v) O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2018 yil 1 sentyabrga qadar muddatda: 

aholiga atrof-muhit holati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkonini beruvchi, mazkur sohadagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi foto va video materiallarni joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan maxsus veb-portalni yaratish hamda har bir xabar berilgan holat bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish tizimi joriy qilinishini; 

Davlat ekologiya qo‘mitasining rasmiy veb-saytida mazkur sohada davlat-xususiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida mamlakat hududlari kesimida aholi yashash punktlari, yashovchi aholi va mavjud konteynerlar sonini ko‘rsatgan holda barcha chiqindi to‘plash shoxobchalari joylashishining elektron xaritasini ko‘rsatuvchi sahifa ochilishini ta’minlasin. 

11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tuman hokimlari maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga tegishli bo‘lgan maxsus avtotransport vositalarini ularning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan (qishloq xo‘jaligi, qurilish va boshqalar) ishlarga jalb qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida qat’iy ogohlantirilsin. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B.T.Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                    Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 18-may
 

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2351
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Сергели тумани O'zLiDeP фаоли А.Ёрматов 2018-05-25 14:29:57

Президентимиз Ш.М.Мирзиёенинг ушбу қарори мамлакатимизда атроф-муҳитни муҳофаза қилишни таъминлаш тадбиркорлик соҳасида қайта ишлаб чиқариш саноатини ривожлантиради. Ушбу қарор туфайли кенгайиб, аҳоли сони ўсиб бораётган шаҳарларда санитария ҳолати ва экологик муҳит мусаффолиги сақланиб қолади.


Шовот туман Кенгаши 2018-05-25 09:50:27

Маиший чиқиндилар билан боғлиқ ишларни амалга ошириш тизимини янада ривожлантириш, аҳолининг сифатли санитария жиҳатидан тозалаш хизматлари билан таъминланганлиги даражасини ошириш, шунингдек, экологик муаммоларни ҳал этишдаги мавжуд имкониятларни ишга солиш мақсадида Ўзбекистон Республикаси Президентининг қарори жуда ҳам ўринли бандлар билан бойитилган.


Акбар Алламов O'zLiDeP Сурхондарё вилояти Кенгаши Ёшлар билан ишлаш бўлими этакчи консултанти2018-05-25 09:23:49

Бу қарордан ахолининг турмуш даражасини яхшилаш хамда халқимизнинг саломатлиги ва табиатимизни асрашга хизмат қилади.


Илхом ИСЛОМОВ O'zLiDeP НУРОТА туман депутатлик гурухининг ижрочи котиби2018-05-25 04:02:09

Chiqindilarni qayta ishlash ham jamiyatga ham tabiatga foydalidir. Arzon xom-ashyo hamda Atrof muhitni ifloslanishi kamayadi. ..


Денов туман Кенгаши депутати С.Рахимов2018-05-24 17:56:46

Президентимизнинг ушбу қарори мамлакатимизда атроф-муҳитни муҳофаза қилишни таъминлаш тадбиркорлик соҳасида қайта ишлаб чиқариш саноатини ривожлантиради. Ушбу қарор туфайли кенгайиб, аҳоли сони ўсиб бораётган шаҳарларда санитария ҳолати ва экологик муҳит мусаффолиги сақланиб қолади.


О'zLiDep Кизирик туман Кенгаши ижрочи котиби Илхом Жумаев2018-05-24 17:22:30

Бу карорнинг мазмуни ва унинг натижасида ахолимиз саломатлиги ва табиатимизни экологик жихатдан тозалиги учун тизимли ишлар олиб борилади


Ғайратжон Абдуллаев2018-05-24 15:27:49

Жуда долзарб қарор бўпти.Энди ижросини таъминлаш керак


Сурхондарё вилоят Кенгаши Тадбиркорлар ва фермерлар билан ишлаш бўлими мудири Абдулллаев Турсунали2018-05-24 11:34:18

Ушбу қарор атроф мухитни тоза ва озода қилиш, майиший чиқиндиларни йиғиб қайта ишлаш учун янги имкониятдир. Худди шундай тадбиркорлар сафини кенгайтиришда бизлар ўз хиссамизни қушишимиз керак.


Навоий шаҳар Янгариқ МФЙ2018-05-23 18:08:29

Чиқиндилар билан боғлиқ ишларни амалга ошириш тизимини янада такомиллаштириш чора-тадбирлари тўғрисида қарор мамлакатимиздаги маиший чиқиндилар билан боғлиқ ишларни амалга ошириш тизимининг инфратузилмасини такомиллаштиришда муҳим аҳамият касб этади


Жасур Рустамов (Навоий шаҳар бўлими ижрочи котиби)2018-05-23 18:06:57

Ушбу қарор атроф мухитни тоза ва озода қилиш, майиший чиқиндиларни йиғиб қайта ишлаш учун янги имконият беради .


Fikringizni qoldiring

+