Har qanday mansabdor shaxs jazoga tortiladi, agar...

30.10.2018, 09:16

Har qanday mansabdor shaxs jazoga tortiladi, agar...

Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon tumanida bugʻdoyni vaqtida sugʻormagani uchun olti mutasaddining suv oqib turgan ariqqa kiyimi bilan tushirilgani bilan bogʻliq holat internet va ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik tomonidan keng muhokamaga sabab boʻldi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga asosan majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik va uning har qanday koʻrinishiga barham berish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu holat keskin tanqid qilindi. 

Majlisda mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligi taʼkidlandi. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar va majburiy mehnatning oldini olishga qaratilgan amaliy choralar koʻrilgani haqida taʼkidlab oʻtgan. 

Shunga qaramay, ayrim joylarda eskicha ishlash prinsipidan voz kecholmayotgan, uni qoʻmsayotgan rahbarlar ham yoʻq emasligiga eʼtibor qaratildi. Bugungi islohotlarning mazmun-mohiyatini yetarli darajada tushunib yetmayotgan ana shunday rahbarlarning xatti-harakatidan davlatimiz rahbari norozi ekani, bu kabi kamchiliklarga qarshi qatʼiyat bilan kurashish, majburiy mehnatga biror-bir sohada yoʻl qoʻymaslik lozimligi aytildi. 

Oqqoʻrgʻon tumanida roʻy bergan holatga Prezidentimiz oʻzining qatʼiy munosabatini bildirdi. 2018 yil 29 oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari rahbarlarining majburiy mehnatning har qanday shakl va koʻrinishlariga yoʻl qoʻymaslik borasidagi javobgarligini oshirish toʻgʻrisidagi farmoyishi qabul qilindi. 

Ushbu farmoyishga muvofiq, gʻalla ekish va sugʻorish ishlarini tashkil etish jarayonida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygani bois Mirzayev Zoyir Toirovich Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksining rahbari lavozimidan ozod etildi. 

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga qishloq xoʻjaligi ishlari chogʻida yoʻl qoʻyilgan qonunbuzilish holatlari yuzasidan tekshirish oʻtkazish, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga, joylardagi davlat hokimiyati organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlariga majburiy mehnatning barcha shakl va koʻrinishlariga barham berishga qaratilgan chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish boʻyicha topshiriqlar berilgan. 

Yigʻilishda mamlakatimizda inson huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasi, majburiy mehnatning har qanday koʻrinishiga yoʻl qoʻymaslik masalalari Prezidentimizning shaxsan nazoratida ekani, inson huquqlarini paymol etish, majburiy mehnatga yoʻl qoʻyishga hech kimning haqqi yoʻqligi, bunday holatda kim boʻlishidan qatʼi nazar, har qanday mansabdor shaxs muqarrar jazoga tortilishi, qonun ustuvorligini taʼminlash, noqonuniy xatti-harakatlar uchun jazo muqarrarligi prinsipiga qatʼiy amal qilinishi alohida taʼkidlandi. 

Yigʻilishda ishtirok etgan Xalqaro mehnat tashkilotining uchinchi tomon monitoringi loyihasi Bosh texnik maslahatchisi Jonas Astrup oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi. 

– Asosiysi bu holat emas, ushbu holatga davlat, hukumatning munosabati, yaʼni pozitsiyasi. Davlatingiz rahbari tomonidan qabul qilingan majburiy mehnatga barham berishga oid ushbu hujjat juda toʻgʻri va qatʼiy qaror boʻldi. Buni Xalqaro mehnat tashkilotining vakili sifatida qoʻllab-quvvatlayman, – dedi u. 

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Teglar
Kun mavzusi
  • Ko'rildi
    1082
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+