Shavkat Mirziyoyev Mo‘ynoq tumaniga tashrif buyurdi

16.11.2018, 16:12

Shavkat Mirziyoyev Mo‘ynoq tumaniga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mo‘ynoq tumaniga tashrif buyurdi.

Mo‘ynoq mamlakatimizning eng shimoliy hududi. Bu yerda 30 mingdan ziyod aholi yashaydi. Mehnatga layoqatli insonlarning aksariyati ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, savdo, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda band. 

Keyingi yillarda hududdagi ekologik holatni yaxshilash, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari ochish bo‘yicha bajarilgan aniq, manzilli chora-tadbirlar natijasida odamlar turmush darajasi sezilarli oshdi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 28 fevraldagi  «Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini 2017-2018 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq to‘qimachilik, farmatsevtika va elektrotexnika mahsulotlari, tomchilab sug‘orish uskunalari, plastmassa quvurlar ishlab chiqarish tashkil etildi, baliqchilik va turizmni rivojlantirish bo‘yicha imkoniyatlar ishga solindi.

2019 yilda Mo‘ynoq tumanida yana ko‘plab - sanoat sohasida 12 ta, qishloq xo‘jaligida 5 ta, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 14 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ijtimoiy soha ob’ektlari qurish va ta’mirlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilgan. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Mo‘ynoqning mavjud salohiyati, tabiiy imkoniyatlaridan foydalanib, ichki bozorga kerakli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Masalan, Mo‘ynoq atrofida qamish ko‘p. Uni qayta ishlaydigan korxonalar tashkil etib, bozorbop qurilish materiallari tayyorlash, yoshlarni ish bilan ta’minlash mumkin.  

Hududning yana bir imkoniyati - suv havzalari. Ularda baliqchilikni rivojlantirish, baliqni qayta ishlab sotish orqali oilalarga baraka kiradi. 

Mo‘ynoqda chorvachilik, ayniqsa, echkichilikni rivojlantirish ham mumkin. Echki tashqi muhitga yaxshi moslashadi, ozuqa tanlamaydi. Uning junidan kundalik ehtiyoj tovarlari tayyorlab sotish xotin-qizlar uchun ish o‘rni bo‘ladi.

Orol fojiasidan eng ko‘p zarar ko‘rgan asli shu - Mo‘ynoq aholisi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Ularning sabr-qanoati, vatanparvarligi, mehnatkashligi uchun rahmat aytishimiz, shunga munosib xizmat qilishimiz kerak.

Shu bois Prezidentimiz kelgusi ikki yilda Mo‘ynoqda 20 ta ko‘p qavatli uy qurish, yangi shaharcha barpo etish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu yerda zamonaviy shaharsozlikdagi barcha yangiliklarni joriy etish, namunaviy infratuzilma yaratish zarurligini ta’kidladi. 

Ekologiya muzeyi zalida mahalliy aholi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda ana shu ulkan rejalar haqida so‘z bordi. Prezidentimizning tarixiy tashrifi, tumanni har tomonlama rivojlantirishga qaratayotgan e’tibori mo‘ynoqliklarga katta quvonch bag‘ishladi.

  • Ko'rildi
    2170
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+