O‘zLiDeP fraksiyasi to‘qqiz oylik hisobotni ma’qulladi

06.11.2017, 18:02

O‘zLiDeP fraksiyasi to‘qqiz oylik hisobotni ma’qulladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2017 yil to‘qqiz oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilning 9 oyi davomida mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti 5,3 foizga, sanoat hajmi – 4,1 foizga, qishloq xo‘jaligi xajmi – 3,5 foizga, xizmatlar hajmi – 6,4 foizga, qurilish xajmi – 5,3 foizga o‘sdi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida, mikrofirma va kichik korxonalarning ishlab chiqarish hajmi 105,6 foizga o‘sdi. Bu esa o‘z navbatida ular tomonidan to‘lanadigan yagona soliq to‘lovi miqdorining oshishiga zamin yaratdi.

Fraksiya a’zolari masalaning ushbu jihatlariga to‘xtalib, mamlakatda tadbirkorlik sub’ektlarining ko‘payishi davlat budjetining mustahkamlanishiga xizmat qilishi asnosida aholi turmush farovonligini yanada yaxshilashga xizmat qilayotganini ta’kidlashdi.

Ta’kidlash kerak, mamlakatimiz iqtisodiyotining modernizatsiyalashuvi hamda sifat jihatidan yangilanishini amalga oshirish uchun xorijiy investitsiya va ilg‘or texnologiyalar jalb qilinishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash partiyamiz oldida turgan eng muhim vazifalardan biri. Shundan kelib chiqib fraksiyamiz a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 23 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2017 yilgi Investitsiya dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Davlat budjetining markazlashgan investitsiyalar mablag‘lari hisobidan mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yo‘l-transport, muhandislik kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish ishlariga alohida e’tibor qaratishdi. Ta’kidlandiki, bu maqsadlarga joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi mobaynida 2 450,0 mlrd. so‘m mablag‘lar ajratilgan.

Hisobotda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilgan ishlar muhokamasi ham fraksiya a’zolarining e’tiboridan chetda qolmadi. Ta’kidlanganidek,  mamlakatimiz bu borada ulkan patensialga ega. Bugungi kunda ushbu sohada 3,6 milliondan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Shuningdek, qishloq xo‘jaligining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 17,2 , yillik o‘sish esa 6 – 7 foizni tashkil etadi. Shu bilan birga respublikamizda xom-ashyoni qayta ishlash, uni tayyor eksportbop mahsulot holiga keltirish bo‘yicha davlatimiz tomonidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, iste’mol tovarlari sohasida 63 ta loyihani amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi. Ular hisobiga har yili 140,7 ming tonna meva-sabzavot va 10,2 ming tonna go‘sht-sut mahsulotlarini qayta ishlash rejalashtirilmoqda.

Tayyor to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish sohasiga 32 mln. AQSh dollari miqdorida investitsiyalar jalb qilinib,
3 ta yangi va modernizatsiya qilingan zamonaviy yengil sanoat korxonalari ishga tushirildi va ularda 1000 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Fuqarolarning shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qoramol, qo‘y, quyon boqish va go‘sht yetishtirish, parrandachilik va asalarichilikni rivojlantirish, ixcham issiqxonalar tashkil etish loyihalari doirasida esa 285 400 ta ish o‘rinlari yaratilgani deputatlarni befarq qoldirmadi. Bu esa mamlakatimizda tadbirkor va fermerlar erkinligini ta’minlash uchun nafaqat iqtisodiy, balki, tashkiliy, huquqiy sharoit va kafolatlar ko‘lami kengayib, mazkur qatlam faoliyatining har tomonlama rag‘batlantirilishdagi mavjud to‘siqlar bartaraf etilayotganidan dalolatdir.

Qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘lgan yig‘ilish yakunida O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2017 yil to‘qqiz oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ma’qulladilar.

O‘zLiDePning Facebook’dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1454
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+