Oʻzbekiston – Hindiston: koʻp qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash yoʻlida

21.01.2019, 21:31

Oʻzbekiston – Hindiston: koʻp qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash yoʻlida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining taklifiga binoan 17-18 yanvar kunlari ushbu mamlakatda amaliy tashrif bilan boʻlib, “Joʻshqin Gujarat – 2019” IX xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etdi. 

Davlatimiz rahbari 18 yanvar kuni Gandinagar shahrida “Joʻshqin Gujarat – 2019” xalqaro sammiti doirasida Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashdi. 

Bosh vazir Prezidentimizni Hindistonga yana bir bor tashrifi bilan samimiy qutlar ekan, nufuzli Oʻzbekiston delegatsiyasining sammit ishidagi ishtiroki uchun chuqur minnatdorlik izhor qildi. 

Oʻzbekiston Prezidentining Hindistonga tashrifi oliy darajadagi muloqotning mantiqiy davomi, shuningdek, mamlakatlarimiz oʻrtasida tobora mustahkamlanib borayotgan doʻstlik va sheriklik munosabatlarining yana bir yorqin dalilidir. 

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻtgan yili oktyabr oyida Hindistonga davlat tashrifi yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarning amaliy ijrosi bilan bogʻliq masalalar, shuningdek, ikki tomonlama koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi. 

Tashrifdan soʻng oʻtgan qisqa vaqt davomida barcha yoʻnalishdagi oʻzaro aloqalar faollashgani qayd etildi. 

Oʻtgan hafta Samarqand shahrida “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqoti tashqi ishlar vazirlarining Afgʻoniston ishtirokidagi birinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. 

Savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida Toshkentda qoʻshma Tadbirkorlikni rivojlantirish markazi oʻz faoliyatini boshladi. Mamlakatimizda Hindiston sanoat konfederatsiyasi vakolatxonasi ochilishi koʻzda tutilmoqda. 

Sammit arafasida Gujaratda Oʻzbekiston – Hindiston ishbilarmonlar kengashining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi. 

Hindistonlik hamkorlar bilan Toshkent shahrida ilgʻor axborot texnologiyalari texnoparki, Andijon viloyatida farmatsevtika zonasi tashkil etilmoqda. 

Hindiston Eksimbanki bilan Oʻzbekistonda ijtimoiy muhim loyihalarni moliyalashtirish uchun qiymati 200 million dollarga teng kredit liniyasi ajratish boʻyicha kelishuvga erishildi. 

Yangi oʻquv yilidan boshlab mamlakatimizda Hindistonning yetakchi oliy oʻquv yurtlari – Amiti va Sharda universitetlari oʻz ishini boshlaydi. 

Davlat rahbarlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, zargarlik sanoati, qishloq xoʻjaligi, sayyohlik infratuzilmasini modernizatsiya qilish va boshqa yoʻnalishlardagi ustuvor loyihalar va hamkorlik dasturlarining amaliy ijrosini jadallashtirish zarurligini qayd etdi. 

Madaniy-gumanitar almashuvni yanada kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari boʻyicha fikr almashildi. 

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni faol rivojlantirish yoʻlida qatʼiy ekanliklarini taʼkidladilar. 

Uchrashuv soʻnggida Hindistonga uran yetkazib berish boʻyicha imzolangan uzoq muddatli kelishuvni oʻzaro almashish marosimi boʻlib oʻtdi. 

Gandinagar shahridagi “Mahatma Mandir” koʻrgazmalar majmuasida “Joʻshqin Gujarat – 2019” IX xalqaro investitsiya sammiti boʻlib oʻtdi. 

Sammitda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Avstraliya, Kanada, Fransiya, Yaponiya, Norvegiya, Niderlandiya, Polsha, Koreya Respublikasi, Daniya, Chexiya, Malta, Tailand, BAA kabi mamlakatlardan davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va transmilliy korporatsiyalar boshliqlari, ekspertlar ishtirok etdi. 

Yirik iqtisodiy anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi. 

Gujarat shtati qadimdan savdo va tadbirkorlikda yetakchi hudud boʻlib kelgani, mazkur sammit ana shu anʼanalarni davom ettirib, zamonaviy Hindistonning biznes ruhini namoyon qilayotganini taʼkidladi. 

Davlatimiz rahbari Hindiston bilan uzoq muddatli strategik sheriklikni mustahkamlash Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini alohida qayd etib, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. 

– Eramizdan avvalgi III-II asrlarda hind zaminini Markaziy Osiyo bilan Buyuk Hindiston yoʻli bogʻlagani yaxshi maʼlum. Bugun ham Markaziy va Janubiy Osiyo bozorlari oʻrtasidagi ishonchli savdo va transport kommunikatsiyalarini yaratish har qachongidan dolzarbdir. Biz Transafgʻon temir yoʻli loyihasini muhokama qilyapmiz. Istiqbolda bu yoʻl Janubiy Osiyoga, jumladan, Choxbahor porti orqali Hindistonga chiqish imkonini beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Davlatimiz rahbari axborot texnologiyalari, dasturiy taʼminot, qishloq xoʻjaligi, qayta tiklanadigan energiya hamda ushbu sohalar uchun mutaxassislar tayyorlash boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni taklif etdi. Bu boʻyicha dastlabki harakatlar boshlangan.

Sarmoyadorlarni Oʻzbekistonga jalb qilish uchun eng qulay sharoitlar yaratilishi alohida taʼkidlandi. 

Oʻzbekiston, avvalo, kimyo sanoati va energetika, farmatsevtika, toʻqimachilik, charm-poyabzal, turizm sohalaridagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor. 

– Gujaratning ulkan iqtisodiy salohiyati va Andijon viloyati bilan sheriklik aloqalaridan kelib chiqib, shoh Bobur tugʻilgan va ulugʻ Akbarshoh ajdodlarining vatani boʻlmish Andijonda Oʻzbekiston – Hindiston mintaqalari biznes-forumini shu yili oʻtkazishni taklif qilamiz, – dedi Prezidentimiz. 

Davlatimiz rahbari 2020 yilda Hindistonda “Oʻzbekiston madaniyati yili”ni hamda Oʻzbekistonda “Hindiston madaniyati yili”ni oʻtkazish, joriy yilda yurtimizda Oʻzbekiston – Hindiston Yoshlar festivalini tashkil qilish taklifini ilgari surdi. 

Prezidentimiz soʻzining yakunida yurtimizning sanoat, investitsiya va sayyohlik salohiyati, boy tarixi va madaniyati haqida tanishish imkonini beruvchi sammit doirasida tashkil etilgan Oʻzbekiston koʻrgazmasiga barchani taklif qildi. 

“Joʻshqin Gujarat – 2019"” sammitida soʻzga chiqqanlar hamkor mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro tajriba va texnologiya almashish, yangi sheriklar va investitsiyalar jalb etish yoʻllarini topish boʻyicha oʻz nuqtai nazarlarini bayon etdi. 

Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindiston Respublikasiga amaliy tashrifi yakuniga yetdi. 

  • Ko'rildi
    3065
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+