Shavkat Mirziyoyev Angela Merkel bilan muzokara oʻtkazdi

22.01.2019, 21:28

Shavkat Mirziyoyev Angela Merkel bilan muzokara oʻtkazdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-yanvar kuni Germaniya Federal kansleri Angela Merkel bilan muzokara oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbari suhbat avvalida Germaniyaga taklif va Oʻzbekiston delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan hurmat-eʼtibor uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston Germaniyaga vaqt davomida sinalgan ishonchli sherik deb qarashini taʼkidladi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik asosiy masalalar boʻyicha pozitsiyalar oʻxshash va yaqinligi namoyon boʻldi. Samarali muloqotni ikki va koʻp tomonlama shaklda, jumladan, nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida izchil davom ettirishga intilish mushtarak ekani tasdiqlandi.

Germaniya kansleri Oʻzbekiston Prezidenti rahbarligida iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va jamiyatni yanada demokratlashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda doʻstlik va oʻzaro ishonch muhitini yaratish, koʻp yillik bahsli masalalarni tinchlik yoʻli bilan hal etish va mintaqani global iqtisodiyotga integratsiya qilish boʻyicha yangi mintaqaviy siyosatini olqishladi.

Tomonlar inson huquqlarini himoya qilish, atrof muhitni muhofaza etish masalalarini ham koʻrib chiqdi. Davlatimiz rahbari Germaniya hukumatiga Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etishdagi koʻmagi uchun minnatdorlik bildirib, Berlinni Orolboʻyi uchun koʻp sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyatida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Muloqotda xavfsizlik sohasidagi hamkorlik masalasiga, jumladan, Afgʻoniston muammosini hisobga olgan holda eʼtibor qaratildi. Bu masalani barcha tomonlar ishtirokida, afgʻonlar rahbarligida tinch yoʻl bilan hal etish zarurligi alohida qayd etildi.

Uchrashuvda asosiy eʼtibor savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratildi. Oʻtgan yili ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 700 million yevrodan oshgani qayd etilib, bu koʻrsatkichni 1 milliard yevroga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar borligi taʼkidlandi.

Oʻzbekistonda germaniyalik investorlar ishtirokida 132 ta firma va kompaniya faoliyat yuritmoqda. Shundan 33 tasi yuz foiz nemis kapitali asosida tuzilgan, 31 tasi yurtimizda oʻz vakolatxonalarini ochgan. Oʻzbekiston milliy banki Germaniyaning 57 ta banki bilan aloqa oʻrnatgan. Toshkentda “Doyche-bank” boʻlimi tashkil etilgan.

Tashrif doirasida kimyo, qurilish, energetika, metallurgiya va oziq-ovqat sohalari yetakchilari – “Simens”, “Tissen Grupp”, “Klaas”, “MAN”, “Knauf”, “Linde”, “Pappenburg”, “Xumana”, “Folksvagen” kabi xalqaro miqyosdagi nemis konsernlari bilan sheriklikda yangi koʻp milliardli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ilm-fan, taʼlim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, madaniy aloqalar va turistlar almashinuvini kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Oʻzbekistonda 8 mingdan ziyod nemis millatiga mansub fuqarolar yashamoqda. Madaniyati va anʼanalarini saqlab, rivojlantirishi uchun ularga barcha sharoitlar yaratilgan.

400 mingdan ortiq oʻquvchilar nemis tilini oʻrganmoqda. Yaqinda Toshkent, Samarqand va Buxorodagi maktablarga buyuk nemis olim va yozuvchilari nomi berildi.

Toshkentdagi Gyote instituti, Konrad Adenauer hamda Fridrix Ebert nomidagi jamgʻarmalar, Germaniya akademik almashinuvlar xizmati vakolatxonalari va boshqa tashkilotlar xalqlarimiz oʻrtasidagi madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirishga hissa qoʻshmoqda. Poytaxtimiz va bir necha viloyatlarda boʻlimlari boʻlgan “Vidergeburt” nemis madaniyat markazi, “Oʻzbekiston – Germaniya” doʻstlik jamiyati faoliyat yuritmoqda.

Oʻzbekistonda Germaniya fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz rejim joriy etilgani muhim voqea boʻldi. Bu mamlakatimizni koʻrishga qiziqadigan turistlar, biznesini yoʻlga qoʻyadigan investorlar va boshqalarga katta qulaylik yaratdi.

Tashrif doirasida iqtisodiyot, savdo, moliya, taʼlim, ilm-fan va innovatsiya sohalariga oid hukumatlararo va idoralararo 9 ta hujjat imzolandi.

Tomonlar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaati yoʻlida oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilishini bildirdilar.

  • Ko'rildi
    1180
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Холмурод Сориев Нуробод туман Кенгаши депутати2019-01-23 23:18:48

Европа ва бутуе дунёда ўзининг муносиб сиёсий, иқтисодий, ҳарбий ўрнига, мавқеига эга бўлган кучли Германия давлати билан ўзаро манфаатли шартномаларнинг имзоланиши - мамлакатимиз иқтисодиётининг жаҳон иқтисодиётига янада кенгроқ интеграциялашувида муҳим аҳамият касб этади.


Холмурод Сориев Нуробод туман Кенгаши депутати2019-01-23 23:18:48

Европа ва бутуе дунёда ўзининг муносиб сиёсий, иқтисодий, ҳарбий ўрнига, мавқеига эга бўлган кучли Германия давлати билан ўзаро манфаатли шартномаларнинг имзоланиши - мамлакатимиз иқтисодиётининг жаҳон иқтисодиётига янада кенгроқ интеграциялашувида муҳим аҳамият касб этади.


Fikringizni qoldiring

+