Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida oʻzbekiston respublikasining reytingini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

06.02.2019, 10:11

Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida oʻzbekiston respublikasining reytingini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
 
Soʻnggi bir necha yillar davomida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish sohasida normativ-huquqiy hujjatlar bazasini va tartibga solish jarayonlarini takomillashtirishga, qulay biznes muhitini va xalqaro maydonda mamlakatning ijobiy nufuzini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrildi. Oxirgi 5 yil davomida koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” reytingida Oʻzbekiston jahonning 190 ta mamlakati orasida 146-oʻrindan 76-oʻringa koʻtarildi.
 
Shu bilan birga, amaliyotda, xususan, qurilishga ruxsatnomalar olishda, mulkni roʻyxatdan oʻtkazishda va tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishda tadbirkorlik subyektlari duch kelayotgan ortiqcha byurokratik tartib-taomillar hanuzgacha saqlanib qolmoqda.
 
“Biznes yuritish” yillik hisobotida mamlakatning reytingini yaxshilashga doir qoʻshimcha choralar koʻrish, shuningdek, 2017-2021yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida:
 
1. Quyidagilar:
 
a) Jahon banki va boshqa xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash boʻyicha “Yoʻl xaritasi”(keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq;
 
b) 2022 yilga kelib respublikaning 20-oʻringa erishishini nazarda tutuvchi Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasi reytingini yaxshilashning “Biznes yuritishni yaxshilash – 2022” maqsadli koʻrsatkichlari (keyingi oʻrinlarda – Maqsadli koʻrsatkichlar) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
 
2. 2019 yil 1 martdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
 
a) tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasida – banklar Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish boʻyicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruhning (FATF) talablaridan kelib chiqib, ariza beruvchilarni masofadan turib identifikatsiya qilish uchun zarur boʻlgan shart-sharoitlar mavjud boʻlganda taʼsischilari Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari hisoblangan yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonida bank hisobraqamlarini masofadan turib ochishi mumkin;
 
b) qurilish uchun ruxsatnomalar olish sohasida:
 
yer uchastkasida qurilishi taqiqlangan yoki ruxsat etilgan obyektlar turlarining toʻliq roʻyxatini majburiy tarzda koʻrsatib, “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasiga auksion orqali qoʻyilganda, yer uchastkalaridan maqsadli foydalanish tartibi bekor qilinadi;
 
qurilish organlariga arxitektura-shaharsozlik kengashlarining loyiha-smeta hujjatlarini kelishish funksiyalari ushbu kengashlarda faqat tarixiy hududlar, shu jumladan, madaniy meros yodgorliklarini qoʻriqlash hududlari, shuningdek, davlat obyektlarining loyiha-smeta hujjatlarini kelishish funksiyalarini saqlab qolgan holda oʻtkaziladi;
 
“E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksion orqali realizatsiya qilingan yer uchastkalaridagi qurilish obyekti foydalanishga topshirilganidan soʻng amalga oshiriladigan topografik va maxsus suratga olishlarni (zarur hollarda) yangilash ishlarining qiymati yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlar doirasida yer uchastkalari va koʻchmas mulk egalari faoliyatiga aralashmagan yoki toʻsqinlik qilmagan holda toʻlanadi;
 
qurilishi tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqidagi guvohnoma koʻchirmasi bilan bir vaqtda beriladi;
 
v) elektr taʼminoti tizimiga ulanish sohasida – isteʼmolchilarni elektr taʼminotidan ruxsatsiz uzganlik uchun iqtisodiy sanksiyalar qoʻllaniladi;
 
g) mulkni roʻyxatdan oʻtkazish sohasida:
 
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va kadastr hisobini yuritish uchun ariza eksterritoriallik prinsipi asosida berilishi mumkin;
 
jismoniy va yuridik shaxslar koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha bitim va koʻchmas mulkka egalik huquqini olish bilan bogʻliq boʻlgan guvohnomalarni notarial tasdiqlash uchun murojaat qilganda, notarial idoralar majburiy tartibda koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizani va tegishli hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organga axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali bepul asosda yuboradi;
 
koʻchmas mulk obyektining kadastr yigʻmajildi va kadastr hujjatlarini tayyorlash uchun elektron shaklda murojaat qilish va tayyorlash mexanizmini joriy etish orqali qogʻoz shaklida murojaat qilish va kadastr yigʻmajildini berish toʻgʻrisidagi talab bekor qilinadi;
 
d) minoritar aksiyadorlarni himoya qilish sohasida:
 
aksiyadorlarga yirik bitim va affillangan shaxslar bilan qiymati jamiyat sof aktivlari miqdorining 10 va undan ortiq foizini tashkil qiluvchi bitim tuzish natijasida jamiyatga yetkazilgan zarar uchun kuzatuv kengashining manfaatdor aʼzosini sud tartibida javobgarlikka tortish huquqi beriladi;
 
masʼuliyati cheklangan yoki qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat faoliyati yuzasidan qaysidir masalada kelishuvga erishilmaganligi sababli qaror qabul qilish uchun yetarli ovoz boʻlmaganda, vujudga kelgan ziddiyatli vaziyat sud tartibida hal qilinadi;
 
aksiyalar boʻyicha hisoblangan dividendlarni Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi yoki investitsiya vositachilari orqali toʻlash mexanizmi joriy etiladi;
 
e) xalqaro savdo sohasida – tovarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikatni berish Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan bir qatorda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisining ariza-deklaratsiyasi asosida, ariza topshirilgan vaqtdan boshlab bir ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda Savdo-sanoat palatasi tomonidan ham amalga oshiriladi;
 
j) kontraktlar ijrosini taʼminlash sohasida:
 
iqtisodiy sudda nizolarni hal qilish usuli sifatida sudgacha majlis oʻtkazish imkonini beruvchi tartib joriy etiladi;
 
jinoyat va fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda, maʼmuriy va iqtisodiy sudlarda fuqarolar tomonidan amalga oshiriladigan barcha toʻlovlarni, shu jumladan, davlat bojini hisobga olish va toʻlashning yagona elektron tizimi joriy etiladi.
 
3. 2019 yil 1 martdan boshlab:
 
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik subyektlaridan hujjatlarga muhr bosilishi yoki hujjatlarning muhr bilan tasdiqlanishini talab qilish;
 
qurilish-montaj ishlarining boshlanishi haqida xabardor qilish mexanizmini joriy etish orqali ularni amalga oshirish uchun ruxsatnoma olish;
 
ommaviy ofertani joriy etish orqali qurilish sohasini nazorat qiluvchi hududiy inspeksiyalar tomonidan shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, shaharsozlik faoliyati sohasidagi texnik jihatdan tartibga solish boʻyicha normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi, tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq qurilish-montaj ishlarining sifati va toʻliqligi ustidan nazorat funksiyalarini bajarish yuzasidan shartnomalar tuzish tartiblari bekor qilinsin.
 
4. Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi va Bosh prokuraturaning 2020 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent shahrida eksperiment tariqasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etish haqidagi takliflari maʼqullansin:
 
shaharsozlik faoliyati obyektini qurishni loyihalashtirish uchun meʼmoriy-rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish yer uchastkasini “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksion orqali realizatsiya qilish uchun materiallar tayyorlanayotganda amalga oshiriladi va auksion gʻolibiga bepul asosda beriladi;
 
meʼmoriy-rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish boʻyicha ishlarning qiymati mahalliy byudjet mablagʻlaridan, keyinchalik xarajatlarni yer uchastkasini “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksion orqali realizatsiya qilishdan kelib tushgan mablagʻlardan qoplash orqali toʻlanadi.
 
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi:
 
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, boshqa masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 aprelga qadar Internet tarmogʻida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisoboti soʻrovnomalari asosida 10 ta indikator kesimida qatʼiy belgilangan axborotlarni oʻz ichiga olgan, shuningdek, respondentlar – tadbirkorlik subyektlari tomonidan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar berish imkonini taʼminlovchi “Oʻzbekistonda biznes yuritish” veb-saytini yaratsin;
 
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda 2019 yil 1 mayga qadar elektron raqamli imzo bilan bir qatorda, shu jumladan, mobil qurilmalarda shaxsni identifikatsiya qilishning zamonaviy shakllarini qoʻllash imkoniyatlari yuzasidan asoslantirilgan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
 
6. Quyidagilarga:
 
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga – “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarning davlat organlari va tashkilotlari tomonidan samarali amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va Maqsadli koʻrsatkichlarga erishish yuzasidan;
 
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari E.M.Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U.Umurzoqov zimmasiga – “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlar va loyihalarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya tashkilotlarining texnik koʻmak vositalari va kreditlarini jalb qilish boʻyicha zarur tashkiliy-amaliy choralar koʻrilishini taʼminlash yuzasidan;
 
“Yoʻl xaritasi”da koʻrsatilgan davlat organlari va tashkilotlar rahbarlari zimmasiga – chora-tadbirlarning sifatli amalga oshirilishi va “Biznes yuritish” hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilash hamda Maqsadli koʻrsatkichlarga erishish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
 
7. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish doirasida qonun hujjatlari talablarining amaliyotga joriy etilishini tizimli ravishda oʻrganib borsin, bunda tasdiqlangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlamagan hamda kechikishlarga yoʻl qoʻygan davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan aniq taʼsir choralarini qoʻllasin.
 
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotidagi indikatorlar doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisidagi axborotni ommaviy axborot vositalarida va Internet tarmogʻida keng yoritilishini hamda aholiga va tadbirkorlik subyektlariga tushuntirilishini taʼminlasin.
 
9. Vazirlik va idoralar ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
 
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.
 
Oʻzbekiston Respublikasi
 
Prezidenti                                                   Sh.MIRZIYOYEV
 
Toshkent shahri,
2019 yil 5 fevral
  • Ko'rildi
    1412
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+