Sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy shеriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

23.04.2019, 17:41

Sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy shеriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Sogʻliqni saqlashda xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qabul qilingan kompleks chora-tadbirlar natijasida nodavlat tibbiyot muassasalari sonini yanada koʻpaytirish hamda ular tomonidan koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar turlarini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Shu bilan birga, xususiy tibbiyot muassasalarining aholi sogʻligʻini muhofaza qilishdagi hissasini oshirish, sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni joriy etishning institutsional va huquqiy mexanizmlarini yaratish masalasi hali-hamon dolzarb boʻlib qolmoqda.

Xususiy sogʻliqni saqlashni yanada rivojlantirish, ushbu sohada davlat-xususiy sheriklikning huquqiy asoslarini yaratish, investitsiyalarni, ayniqsa, chet el investitsiyalarini jalb etishni kengaytirish, shuningdek, aholining yuqori texnologik tibbiy xizmatlar va uskunalardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishda nodavlat sektori ishtirokini ragʻbatlantirish maqsadida:

1. Sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Belgilansinki:

a) sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalari davlat va xususiy sherik oʻrtasida quyidagi bir yoki bir necha shakllarni birlashtirish orqali amalga oshiriladi:

sogʻliqni saqlash sohasida jamoat infratuzilmasini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, yaratish, jihozlash, modernizatsiya qilish, moliyalashtirish, foydalanish va xizmat koʻrsatish;

 

sogʻliqni saqlash sohasida tovarlarni yetkazish, ishlarni bajarish
va xizmatlar koʻrsatish;

 

b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari xususiy sherikni tanlab olish tender asosida yoki toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi;

v) bitimning amal qilish muddati davlat va xususiy sherik tomonidan belgilanadi. Bunda u uch yildan kam boʻlmasligi va 49 yildan oshmasligi kerak;

g) davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda xususiy sherikka ajratilgan yer uchastkalari, sotib olingan tibbiy va boshqa uskunalar, shuningdek, ular tomonidan qurilgan obyektlar bitimning amal qilish muddati tugagandan soʻng davlat sherigiga topshiriladi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish doirasida sogʻliqni saqlash sohasiga investitsiya kiritadigan investorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashmaqsadida jamgʻarma mablagʻlari hisobidan imtiyozli kreditlash (keyingi oʻrinlarda – imtiyozli kreditlash) toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

 

Jamgʻarma davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil qilinadigan tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil
6 yanvardagi “Oziq-ovqat, charm-poyabzal va farmatsevtika sanoatida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish manbalarini kengaytirish
chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2718-son qaroriga asosan ochilgan kredit liniyalarining tanlanmagan mablagʻlari hisobidan vakolatli tijorat banklariga 10 yil muddatgacha, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan, yillik foiz stavkasi 6 oylik LIBOR plyus 2 foizga teng, umumiy miqdori 200 million AQSH dollarigacha boʻlgan kredit liniyalarini ochsin.

 

4. Belgilab qoʻyilsinki, sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish doirasidaimtiyozli kreditlash tijorat banklari tomonidan:

faqatgina import qilinadigan zamonaviy tibbiy uskunalar va inventarlarni sotib olish uchun – chet el valyutasida kiritiladigan investitsiya umumiy hajmining 20 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda;

3 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda, 8 yilgacha boʻlgan muddatga qayta moliyalashtiruvchi bankning marjasi bilan birga yillik 1 foiz miqdorida;

investor tomonidan kiritiladigan investitsiyalar umumiy hajmining 80 foizidan kam boʻlmagan miqdorida xususiy, shu jumladan, xorijiy investitsiya kiritish sharti bilan amalga oshiriladi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va Adliya vazirligi:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari bilan birgalikda bir oy muddatda va keyinchalik har yili davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarni amalga oshirish maqsadida davlat tibbiyot muassasalarining yer uchastkalari, binolari yoki ularning qismlari va xonalari, shuningdek, samarasiz faoliyat koʻrsatayotgan davlat tibbiyot muassasalari hamda sogʻliqni saqlash sohasida ustuvor yoʻnalishga ega boʻlgan tibbiy va qoʻshimcha xizmatlar roʻyxatini shakllantirsin va ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tegishli ixtisoslashgan veb-saytlarga joylashtirsin;

ikki oy muddatda ilgʻor xalqaro tajribani inobatga olgan holda, sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik bitimlarining namunaviy shakllariniishlab chiqsin va tasdiqlasin;

uch oy muddatda sogʻliqni saqlash sohasida, shu jumladan, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari ishtirokida amalga oshiriladigan birlamchi ahamiyatga ega boʻlgan davlat-xususiy sheriklik loyihalarining konsepsiyasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;

2019 yil 15 avgustga qadar davlat-xususiy sheriklik bitimlarini tuzish huquqini beruvchi tender eʼlon qilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari bilan birgalikda, shu jumladan, Sogʻliqni saqlash vazirligi va respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining byudjetdan tashqari mablagʻlari, texnik koʻmak mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ekspertlar va konsultantlarni jalb etgan holda davlat-xususiy sheriklik aniq loyihalarining konsepsiyalari, bitimlari hamda tender hujjatlarining ishlab chiqilishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda xorijiy investorlarga davlat-xususiy sheriklik loyihalari toʻgʻrisida maʼlumot yetkazilishini, shu jumladan, Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida va “Investitsiya portali”da eʼlon berish orqali taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, boshqa taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birgalikda bir oy muddatda Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti negizida davlat tibbiyot muassasalari rahbarlari uchun xorijiy investorlarni jalb etish va sogʻliqni saqlash sohasida investitsion faoliyatni boshqarish masalalari boʻyicha mazkur tibbiyot muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan shartnoma asosida qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil qilsin;

ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Quyidagilarga:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimovga – sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish doirasida vazirlik va idoralar faoliyatini samarali muvofiqlashtirish, shuningdek, mazkur qarorning amalga oshirilishini muntazam muhokama qilish;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorovga – sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish uchun zarur boʻladigan byudjet mablagʻlarining hajmini oʻz vaqtida aniqlash;

Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K.Shodmonovga – sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini oʻz vaqtida va sifatli tayyorlash hamda ularni amalga oshirish, loyihalar tashabbuskorlariga zarur boʻladigan moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblar, statistik va boshqa maʼlumotlarni olishda koʻmaklashish;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori G.A.Xoljigitovga – Sogʻliqni saqlash vazirligiga davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda, shu jumladan, aniq loyihalarning konsepsiyalari, bitimlari hamda tender hujjatlarini ishlab chiqishda koʻmaklashish yuzasidan shaxsiy javobgarlik belgilansin.

 

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga
2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

 

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.A.Abduhakimov, E.M.Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                    Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019 yil 16 aprel

  • Ko'rildi
    1704
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+