Kechirimlilik, bag‘rikenglik – yuksak insonparvarlikdir

04.06.2019, 19:02

Kechirimlilik, bag‘rikenglik – yuksak insonparvarlikdir
Prezident farmoniga muvofiq, sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazo o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 575 nafar fuqaro afv etildi.
 
Hayot yo‘llari turfaligi, unda goh quvonch, goh g‘am almashib turishi hech kimga sir emas. Ayni vaqtda hech bir inson men doim hayot yo‘llarining tekis va yorug‘ yo‘lida yuraman, deb ayta olmaydi. Chunki bu yo‘llarning oq va qora chiziqlarini hamma birdek bosib o‘tishi azaliy qonuniyat.
 
Ammo bir haqiqat borki, sabrli, imon-e’tiqodli, aqlga tayanib ish ko‘radigan odamlar hayotning qora chizig‘ini o‘z matonati ila yorug‘ yuz bilan bosib o‘ta oladi. Biroq, shunday odamlar ham borki, irodasizlik qilib egri yo‘llarga kirib ketadi.
 
Lekin hamma ham odam. Kimnidir qilgan yomon ishi uchun bir umrga chohga itarib bo‘lmaydi. Uni kechirish, to‘g‘ri yo‘l topishiga imkon berish, zarur bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlash asl insoniy qadriyatlardan hisoblanadi.
 
Ayniqsa, jinoyat qilib jazosini olgan shaxslarga imkon berish davlat siyosatida mavjud bo‘lsa, uning chinakam bag‘rikengligi va insonparvarligini ko‘rsatadi. O‘zbekiston bu jihatdan boshqa davlatlarga nisbatan ancha ilg‘or. Chunki xalqimiz hayotidagi muhim sanalar munosabati bilan Prezident tomonidan afv e’lon qilinishi an’anaviylik kasb etgan.
 
– Muborak Ramazon hayiti arafasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning afv etishga oid yana bir farmoni e’lon qilindi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining o‘rinbosari Svetlana Ortiqova. – Bu yurtimizda inson hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa huquqlari oliy qadriyat sifatida tan olinishining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. Afv etish hukm qilingan shaxsga nisbatan insonparvarlik ifodasi bo‘lib, uni jazodan to‘liq yoki qisman ozod qiladi yoki sud tomonidan belgilangan jazoni boshqa yengilroq jazo bilan almashtiradi.
 
Avf etish sudlar tomonidan hukm qilinganlarga, individual tartibda aniq bir mahkumga nisbatan uning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga afv etishni so‘rab yozgan yozma murojaatiga asosan amalga oshiriladi. Ya’ni shaxs o‘z aybini tan olib, bunga pushaymon bo‘lib, kechirim so‘raydi. Bunday holatlarda amnistiyaga tushgan ayrim kimsalardek jazoni his etmaslikka o‘rin qolmaydi.
 
Davlatimiz rahbari 2019 yil 3 iyun kuni “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani xalqimiz tomonidan katta xursandchilik bilan kutib oldi.
 
Chunki Ramazon hayiti yurtdoshlarimiz uchun ulug‘ bayramlardan biri bo‘lishi bilan birga, mehr-muruvvat ko‘rsatish onlari hamdir.
 
Xalqimiz hayit kunlarini bayram qilish bilan birga, muhtojlarga yordam ko‘rsatish, mushkul ahvolga tushib qolganlarga madad bo‘lish, ehson qilish bilan bir-birining ko‘nglini obod etish, shafqat ko‘rsatishni odat qilgan. Shunday muborak kunlarda adashgan kishilarning afv etilishi ana shu ezgu va xayrli amallarga to‘liq hamohangdir.
 
Qayd etib o‘tish kerakki, farmonga muvofiq, muborak Ramazon hayiti munosabati bilan hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan 575 nafar fuqaro afv etildi.
 
Afv etilgan shaxslarning 361 nafari jazodan to‘liq ozod qilinib, ota-onasi, farzandlari va yaqinlari bag‘riga qaytariladi. Shuningdek, 214 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum etish jazo muddatlari qisqartiriladi.
 
Afv etilganlarning 7 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 6 nafarini ayollar, 1 nafarini chet el fuqarosi tashkil etadi.
 
Afv – jamiyatimizning insonparvarlik va adolat tamoyillariga uyg‘un va hamohangdir. Chunki jinoyat sodir etgan shaxs nafaqat o‘zining, balki jigarbandi bo‘lgan farzandlari, ota-onasiyu qavmu qarindoshlarining ham kelajagi va taqdiriga ta’sir o‘tkazmasdan qolmaydi. Ozodliqdan mahrum bo‘lish bilan ular shirindan-shirin farzandlarini o‘z mehridan ayirib, mo‘ysafid ota va mushtipar onasini farzand dog‘iga mubtalo qiladi.
 
Shu sababli, qilmishidan chinakam pushaymon bo‘lgan shaxslarni kechirish – qalbi vayron bo‘lib yaqin insonini kutayotgan butun bir oilani yangidan hayotga qaytarish bilan barobar. Bu esa yuksak olijanoblik timsolidir.
 
Mazkur insonparvarlik akti davlatimizning har qanday holatda fuqarolar uchun g‘amxo‘rligining yorqin misolidir. Zero, jinoyatga qo‘l urgan, boshi devorga tekkandan so‘ng adashganligini tushunib yetgan odamlarni afv etish muqaddas dinimizning ham asosiy g‘oyalaridan biri sanaladi.
 
Zero, jinoyat sodir etgan shaxslarni faqat jazolash emas, balki “Jaholatga qarshi ma’rifat“ g‘oyasi asosida qayta tarbiyalash, ularning o‘z halol mehnati bilan jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun barchamiz birdek mas’ulmiz.
Teglar
Kun mavzusi
  • Ko'rildi
    1729
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+