Xalq ishonchi – oliy baxt

06.12.2016, 19:35

Xalq ishonchi – oliy baxt
2016-yil 9-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 96-, 117-moddalari, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasi, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi qonunning 5- va 9-moddalariga muvofiq 2016-yil 4-dekabr O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni, deb belgilangan edi. 

Shu kundan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov okruglari tuzildi. 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Sarvar Sadullayevich Otamuratov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Xatamjon Abduraxmonovich Ketmonov, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Narimon Majidovich Umarov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar etib ro‘yxatga olindi. 

Saylovoldi tashviqoti davrida barcha nomzodlarga teng sharoitlar yaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish uchun 9 ming 383, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy vakolatxonalari huzurida 44 saylov uchastkasi tuzildi. Siyosiy tadbirga tashkiliy-huquqiy va moddiy-texnik jihatdan yuksak darajada tayyorgarlik ko‘rish, uni milliy saylov qonunchiligimizda mustahkamlab qo‘yilgan demokratik prinsiplarga to‘liq muvofiq holda, ochiq-oshkora va adolatli o‘tkazish uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. 

Jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarning ovoz berishda ishtirok etishi uchun qulayliklar yaratish maqsadida saylov uchastkalarida panduslar o‘rnatildi, kabinalardan biri nogironlar uchun hozirlab qo‘yildi. Brayl alifbosida ko‘zi ojiz saylovchilarga mo‘ljallangan saylovga oid turli risolalar tayyorlandi, ilk marta ular uchun maxsus saylov byulletenlari chop etildi. 

Ushbu chora-tadbirlar natijasida 4-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yuqori saviyada, xalqaro talablar darajasida o‘tkazildi. 

31.JPG
5-dekabr kuni poytaxtimizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Prezident saylovining dastlabki natijalariga bag‘ishlangan tadbiri bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda O‘zLiDeP faollari, tadbirkorlar va ishbilarmonlar, turli soha vakillari, san’at va madaniyat namoyandalari, keng jamoatchilik ishtirok etdi. 

Yig‘ilganlar Prezident saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markaziga onlayn tarzida bog‘lanib, saylovning dastlabki natijalarini kuzatib bordi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 15 million 906 ming 724 ovoz, ya’ni saylovda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 88,61 foiz ovozi bilan g‘alaba qozongani haqidagi xabar yig‘ilganlar tomonidan gulduros qarsaklar bilan kutib olindi. 

Shavkat Mirziyoyev tadbirda so‘zga chiqib, o‘ziga bildirilgan yuksak ishonch uchun butun xalqimizga minnatdorlik bildirdi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida o‘tgan 25-yilda mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida beqiyos o‘zgarishlar amalga oshirilgani, milliy davlatchiligimizning mustahkam asoslari yaratilib, demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyati shakllantirilgani, bozor iqtisodiyoti tamoyillari rivojlantirilganini ta’kidladi. Bunday keng ko‘lamli ishlarni izchil davom ettirish barchamizning, butun xalqimizning eng asosiy maqsadi, burchidir. Zero, Vatan ravnaqi, yurt kelajagi, xalq farovonligi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh g‘oyasidir. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatib borgan beshta xalqaro tashkilot – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorlik tashkilotidan, 46 davlatdan kelgan 600 ga yaqin kuzatuvchilarga ham samimiy minnatdorlik bildirdi. 

Saylovda xalqimiz mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalik barqaror bo‘lishi, xalqimizning turmush farovonligi yanada yuksalishi, davlatimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini mustahkamlash, rivojlangan davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashi uchun ovoz berdi. Har bir saylovchi o‘z oilasi, farzandlari baxtu kamoli, yorug‘ kelajagi uchun ovoz berdi. 

14.JPG
Eng muhimi, xalqimiz ushbu saylov orqali dunyo hamjamiyati oldida juda muhim, mas’uliyatli sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Birinchi Prezidentimiz ilgari surgan g‘oyalarga sodiqligini, o‘zaro ahil, hamjihatligini, Vatan taqdiri, xalqimiz kelajagi uchun befarq emasligini, ulug‘ maqsadlar yo‘lida yakdillik bilan harakat qilishini va ulkan natijalarga erisha olishini yana bir bor namoyon qildi. Buni dunyoning turli mintaqalaridan, nufuzli xalqaro tashkilotlardan kelgan kuzatuvchilar ham e’tirof etdi. 

Videokonferensaloqa shaklida o‘tgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlaridan ko‘p ming sonli odamlar ishtirok etdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasidan mehnat faxriysi Q.Kamolov, Buxoro viloyatidagi “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” korxonasi muhandis-texnologi X.Latipov, Navoiy kon-metallurgiya kombinati “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasi direktori N.Lakkay, Qarshi shahridagi “Xontepa” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi R.Zohirov, Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo‘jaligi rahbari L.Murodova, “Davsuvxo‘jaliknazorat” davlat inspeksiyasining Xorazm viloyati bo‘yicha inspektori K.Ortiqov, Toshkent viloyatidan mehnat faxriysi U.Mirzaqulov, Surxondaryo viloyatidan baxshi S.Shaydilov, Toshkent shahridan mehnat faxriysi D.G‘ulomova va boshqalar Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangani bilan samimiy tabriklab, Vatan va xalq manfaati yo‘lidagi ezgu ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi. 

Tadbirda Vatan, mustaqillik, baxt haqidagi qo‘shiqlar yangradi.
 

 O‘zA 

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1773
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+