Geologiya sohasida zamonaviy universitet tashkil etiladi

31.01.2020, 18:45

Geologiya sohasida zamonaviy universitet tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 yanvar kuni poytaxtimizning Olimlar ko‘chasidagi ilmiy-tadqiqot institutlariga tashrif buyurdi.
 
Ma’lumki, 2020 yil mamlakatimizda Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e’lon qilindi. Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida shu boradagi maqsadlarga to‘xtalar ekan, har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yo‘nalishini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. 

Joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiyada fundamental va amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha shart-sharoitlar yaratilishi belgilandi. 

Yurtimiz zamini tabiiy resurslarga boy. Ularni tadqiq qilib, samarali o‘zlashtirish uchun geologiya birlamchi asos.

Shu bois Prezidentimiz bu sohani alohida nazoratiga olib, uning rivojlantirish asoslarini yangidan tashkil etib bermoqda. 

Bugungi kunda yer qa’rini geologik o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimidagi 4 ta muassasa – Geologiya va geofizika instituti, Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti, Mineral resurslar instituti, Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti tomonidan olib boriladi. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mazkur institutlar negizida yaxlit majmua – zamonaviy universitet tashkil etilishi rejalashtirilgan. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 yanvar kuni ushbu yangi universitet kampusiga tamal toshi qo‘ydi. 

Mazkur muassasa ta’lim va ilm-fan klasteri shaklida bo‘ladi. 4 ta institutning moddiy-texnik bazasi va ilmiy kadrlar salohiyati birlashtirilib, eng ilg‘or uskunalar bilan jihozlanadi. Sankt-Peterburg tog‘-kon universiteti va boshqa nufuzli dargohlar bilan hamkorlikda ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi. 

Davlatimiz rahbari shu yerda ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan suhbatlashdi.

- Bir paytlar O‘zbekistonda geologiya ancha rivojlangan, raqobatbardosh soha edi. Hatto boshqalar kelib, yurtimiz mutaxassislaridan tajriba o‘rganib ketardi. Lekin oxirgi o‘ttiz yilda bu soha e’tibordan chetda qolib ketdi. Bor salohiyatni saqlab qololmadik. Olimlarga yo‘nalish, rag‘bat bo‘lmadi. Zamonaviy kadrlar yetishib chiqmadi. Aslida, geologik tadqiqotlar iqtisodiyotning hamma sohalari uchun kerak. Tashxissiz bemorni operatsiya qilib bo‘lmaganidek, geologiyasiz sanoatni rivojlantirib bo‘lmaydi. Biz bugun shu soha rivojiga asos bo‘ladigan ilm dargohiga poydevor qo‘ymoqdamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
 
Davlatimiz rahbari Geologiya fanlari universiteti qurilishiga oid loyihalar bilan tanishdi. O‘quv binolari va laboratoriyalarni chet el tajribasi hamda kasb spetsifikasidan kelib chiqib qurish, maydonlardan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

  • Ko'rildi
    120
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+