Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida

08.05.2020, 11:48

Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq jahon iqtisodiy inqirozining toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirishdagi salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida:

 

1. Belgilansinki:

mahalliy ishlab chiqarilgan bazaviy sifatdagi paxta tolasining boshlangʻich narxi Nyu-York tovar birjasining eng yaqin yetkazib berish oyi uchun fyuchers kotirovkasi qiymatidan kelib chiqqan holda sotuvchi tomonidan belgilanadi;

mahalliy toʻqimachilik korxonalariga birja savdolarida 2020-yil 1-aprelga qadar milliy valyutada sotilgan paxta tolasi uchun yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirish muddati 90 kundan 150 kungacha uzaytiriladi.

2. Ilovaga muvofiq import qilinadigan xomashyo va materiallar 2022-yil 1-yanvarga qadar bojxona boji toʻlashdan ozod qilinsin.

3. Belgilansinki, 2020-yil 1-maydan 31-dekabrga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarishning soddalashtirilgan tartibi amal qiladi, unga binoan kalava va toladan tashqari, eksport qilinadigan toʻqimachilik va tikuv-trikotaj tovarlari (xizmatlari) uchun foydalanilgan, haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan (toʻlangan) qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonasining Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi hisob raqamiga kelib tushgan valyuta tushumi summasidan qatʼi nazar, hisobga olinadi hamda eksport qiluvchining oʻrnatilgan tartibda beriladigan arizasiga asosan qaytarilishi shart.

Bunda, qoʻshilgan qiymat soligʻining qaytarilgan summasi yoki uning bir qismi tovarlar eksport bojxona rejimi ostida chiqarilgan kundan eʼtiboran bir yuz sakson kalendar kuni ichida valyuta tushumi yoki uning bir qismi eksport qiluvchining Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi hisob raqamiga kelib tushmagan taqdirda, shuningdek, arizada qaytarilishi koʻrsatilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi asoslantirilganligini kameral soliq tekshiruvidan oʻtkazish davomida aniqlangan gʻayriqonuniy hisobga olingan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi 5 kun ichida penya hisoblangan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga qaytarilishi shart.

Qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarishning mazkur band bilan belgilangan soddalashtirilgan tartibi toʻqimachilik va tikuv-trikotaj korxonalariga ular tomonidan oxirgi 12 oy davomida tovarlar eksporti amalga oshirilgan, shuningdek, eksport qilingan tovarlar boʻyicha 10 ming AQSH dollaridan koʻp miqdorda muddati oʻtgan debitor qarzdorlik mavjud boʻlmagan taqdirda tatbiq etiladi. Bunda, tovarlar eksport bojxona rejimi ostida chiqarilgan kundan eʼtiboran bir yuz sakson kalendar kuni ichida valyuta tushumi eksport qiluvchining Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi hisob raqamiga kelib tushmagan taqdirda, debitor qarzdorlik muddati oʻtgan deb hisoblanadi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda quyidagilar boʻyicha idoralararo ishchi guruhlari tarkibini tasdiqlasin:

toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarining xomashyolari, materiallari, tayyor mahsulotlari, shuningdek, ishlab chiqarish xodimlarini tashish va logistika masalalarini tezkor hal etish – transport vaziri E.Ganiyev boshchiligida;

ishlab chiqarilayotgan toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari tannarxini pasaytirish hamda raqobatbardoshligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish – moliya vaziri T.Ishmetov va Davlat soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari M.Mirzayev boshchiligida;

yangi istiqbolli tashqi bozorlarni izlash, mahalliy toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari eksportini ragʻbatlantirish – investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.Voitov boshchiligida;

liboslar dizayni va kolleksiyalarini ishlab chiqish hamda ularni tarmoq korxonalariga joriy qilish – “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi raisi I.Xaydarov boshchiligida.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi:

bir oy muddatda toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha eksport shartnomalarini global karantin cheklovlari sharoitida bajarish istiqbollari nuqtayi nazaridan batafsil oʻrgansin va istiqbolsiz eksport shartnomalari oʻrniga, birinchi navbatda, karantin chora-tadbirlari yumshatilayotgan davlatlardagi hamkorlar bilan yangi shartnomalar tuzishga har tomonlama yordam koʻrsatsin;

ikki oy muddatda eksportga yoʻnaltirilgan tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlariga ixtisoslashgan jahon brendlari vakillari bilan ushbu mahsulotlarni Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarishni tashkil etish va tayyor mahsulotlarni, shu jumladan, respublikaning ishlab turgan korxonalari quvvatlarida tikish boʻyicha yirik buyurtmalarni shakllantirish yuzasidan muzokaralar oʻtkazsin;

“Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda xalqaro tashkilotlar koʻmagida AQSH va Yevropada tan olingan zamonaviy xalqaro sertifikatlar tarmoq korxonalari tomonidan har yili tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha olinishini taʼminlasin;

Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Koreya, Hindiston va boshqa davlatlardan tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasidagi yetakchi ekspertlarni mazkur sohani isloh qilish boʻyicha maslahatchilar sifatida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi mablagʻlari hisobidan jalb qilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi va tijorat banklari bilan birgalikda:

yirik toʻqimachilik sanoati korxonalari faoliyatini ularning moliyaviy barqarorligi nuqtayi nazaridan stress-testdan oʻtkazsin;

stress-test natijalariga koʻra toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarining unumdorligi, moliyaviy samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish boʻyicha takliflarni hamda mahalliy toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati raqobatbardoshligini taʼminlashni hisobga olgan holda tarmoqni rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan kelishilgan holda ikki oy muddatda infratuzilma majmuasini (sertifikatlash, standartlashtirish, logistika va boshqalar) yaratishni hisobga olgan holda yirik hududiy toʻqimachilik-tikuvchilik klasterlarida tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari chiqarish boʻyicha eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarishlarni joylashtirish va ularni rivojlantirish yuzasidan takliflarni kiritsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020-yil 1-sentyabrga qadar jahon brendlarini jalb qilgan holda tashqi bozorlarda talab katta boʻlgan yuqori qoʻshilgan qiymatga ega tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari va yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish, shu jumladan, ularni yirik hududiy toʻqimachilik-tikuvchilik klasterlari hududida joylashtirish boʻyicha 2021-2025 yillarga moʻljallangan investitsiya loyihalari tasdiqlanishini taʼminlasin.

Bunda har bir yangi tikuvchilik-toʻqimachilik ishlab chiqarishi, qoida tariqasida, mashhur xalqaro brendlar mahsulotlarini realizatsiya qilish va kamida mingta ish oʻrnini tashkil etishga moʻljallangan boʻlishi lozim.

8. Belgilansinki:

a) 2020-2025 yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari, shuningdek, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarini aylanma mablagʻlar bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining 300 million AQSH dollari miqdoridagi kredit liniyalari mablagʻlari, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati uchun ochilgan tijorat banklari kreditlari, xalqaro moliya institutlari qarz mablagʻlari va xorijiy banklar kredit liniyalari hisobiga, shu jumladan, quyidagilar orqali moliyalashtiriladi:

yangi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish;

ikki-uch smenali ish rejimidagi ishlab chiqarish, eng avvalo, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini tikish faoliyati uchun revolver kreditlar taqdim etish;

mustahkam eksport shartnomalariga ega boʻlgan toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarini eksportoldi moliyalashtirish hajmlarini kengaytirish;

b) Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali paxta ip-kalavasi va trikotaj matoni olib chiqishda 2021-yil 1-yanvardan boshlab olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava uchun 0,01 AQSH dollari, 2022-yil 1-yanvardan olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava va trikotaj mato uchun 0,05 AQSH dollari, 2023-yil 1-yanvardan – 0,1 AQSH dollari, 2025-yil 1-yanvardan – 0,2 AQSH dollari miqdorida yigʻim undiriladi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda mahalliy korxonalardan 2020-yilda xarid qilinadigan quyidagi qoʻshimcha hajmlar sotib olinishini taʼminlasin:

qariyalar uylariga yetkazib berish uchun kiyimlar va poyabzallar komplektlari, shuningdek, yolgʻiz va kam taʼminlangan qariyalar uchun qishki kiyimlar va poyabzallar komplektlari;

Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi xodimlari va harbiy xizmatchilari uchun formali kiyimlar va poyabzallar komplektlari;

Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi muassasalari, kasalxonalar, bolalar bogʻchalari, qariyalar uylari uchun choyshablar, toʻshaklar, yostiqlar, oʻrin yopingʻichlari va boshqa toʻqimachilik mahsulotlari komplektlari;

davlat zaxirasi nomenklaturasi boʻyicha toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati mahsulotlari.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi:

ikki hafta muddatda oʻz markaziy apparatlari tuzilmasida belgilangan shtat birliklari doirasida toʻqimachilik sanoati masalalari boʻyicha tuzilmalarni tashkil etsin;

boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishning butun davri (paxtani yetishtirishdan boshlab tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha) boʻyicha qoʻshilgan qiymat zanjiri shakllanishini batafsil tahlil qilish asosida mahalliy tayyor mahsulotlarning eksport bozorlarida (shu jumladan, Yevropa Ittifoqi, Osiyo mamlakatlari va AQSHda) raqobatbardoshligini taʼminlash maqsadida toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarining narx shakllantirish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

          Prezidenti                  Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 5-may

  • Ko'rildi
    724
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+