2020–2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida

13.05.2020, 09:36

2020–2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Moliyaviy sektorni izchil isloh qilish davomida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi va natijada ilgʻor bank biznesini yuritish hamda ushbu sektorda raqobat muhitini kuchaytirish uchun zarur huquqiy shart-sharoitlar yaratildi.

Xususan, xalqaro standartlarga muvofiq keladigan va moliyaviy sohaga xorijiy investitsiyalar kiritish uchun jozibador huquqiy muhitni yaratadigan Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi hamda “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi yangilangan qonunlari qabul qilindi.

Shu bilan birga, bank sohasidagi hozirgi holat tahlili bank sektorida davlatning yuqori darajadagi aralashuvi, davlat ishtirokidagi banklarda menejment va tavakkalchiliklarni boshqarish sifatining yetarli emasligi, iqtisodiyotda moliyaviy vositachilikning past darajasi kabi bank sektorini iqtisodiy yangilanishlar va jamiyat ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan qator tizimli muammolar mavjudligini koʻrsatmoqda.

Moliyaviy xizmatlarning ommabopligini oshirish, banklarning hududlarga kirib borishini kengaytirish va barcha aholi punktlarida bir xil turdagi xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrilishi lozim.

Bank tizimiga zamonaviy servis yechimlari asosida axborot texnologiyalarini, moliyaviy texnologiyalarni keng joriy etish, axborot xavfsizligini lozim darajada taʼminlash, shuningdek, moliyaviy xizmatlar koʻrsatishda inson omili taʼsirini kamaytirish boʻyicha tezkor chora-tadbirlar koʻrish talab etilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi PF–5953-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda, shuningdek, xususiy sektor rivojini ragʻbatlantirish, banklarning investitsiyaviy jozibadorligini, bank xizmatlari ommabopligini va ularning sifatini oshirish uchun bank sektorini tubdan transformatsiya qilish maqsadida:

1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasida bank sektorini isloh qilishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

moliya bozorida teng raqobat sharoitlarini yaratish, kreditlashni faqat bozor shartlari asosida amalga oshirish, banklarning davlat resurslariga qaramligini pasaytirish, banklarda xizmat koʻrsatishni modernizatsiya qilish, samarali infratuzilma yaratish va banklar faoliyatini avtomatlashtirish, shuningdek, banklarning asosiy faoliyat turi bilan bogʻliq boʻlmagan funksiyalarini bosqichma-bosqich bekor qilish orqali bank tizimining samaradorligini oshirish;

kredit portfeli va tavakkalchiliklarni boshqarish sifatini yaxshilash, kreditlash hajmlari oʻsishining moʻtadil darajasiga amal qilish, muvozanatlashgan makroiqtisodiy siyosat yuritish, korporativ boshqaruvni takomillashtirish va xalqaro amaliy tajribaga ega boʻlgan menejerlarni jalb qilish, moliyaviy tavakkalchiliklarni baholash uchun texnologik yechimlarni tatbiq etish orqali bank tizimining moliyaviy barqarorligini taʼminlash;

davlat ulushi mavjud tijorat banklarini kompleks transformatsiya qilish, bank ishining zamonaviy standartlarini, axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish, banklardagi davlat aksiyalari paketini zarur tajriba va bilimga ega boʻlgan investorlarga tanlov savdolari asosida sotish, shuningdek, davlat ulushi mavjud tijorat banklari va korxonalarni bir vaqtning oʻzida isloh qilish orqali bank sektorida davlatning ulushini kamaytirish;

yetarli darajada xizmat koʻrsatilmayotgan va zaif qatlamlarda davlat ishtirokini koʻpaytirish va manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish, aholi va kichik biznes uchun masofaviy xizmatlarni keng joriy qilish, kamxarj xizmat koʻrsatish nuqtalari tarmogʻini rivojlantirish, shuningdek, respublikaning yagona moliya tizimidagi oʻzaro toʻldiruvchi qism sifatida nobank kredit tashkilotlarining shakllanishi va rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali moliyaviy xizmatlar ommabopligini va sifatini oshirish.

2. Quyidagilar:

2020–2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimini isloh qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. 2020–2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi maqsadli koʻrsatkichlar 3-ilovaga muvofiq belgilansin:

bank tizimi aktivlarining jami hajmida davlat ulushi boʻlmagan banklar aktivlari hissasini joriy 15 foizdan 2025-yilga kelib 60 foizgacha oshirish;

banklar majburiyatlarining umumiy hajmida xususiy sektor oldidagi majburiyatlar hissasini joriy 28 foizdan 2025-yil yakuniga 70 foizgacha oshirish;

2025-yilga kelib davlat ulushi mavjud kamida uchta bank kapitaliga zarur tajriba, bilim va nufuzga ega kamida uchta strategik xorijiy investorlarni jalb qilish;

umumiy kreditlash hajmida nobank kredit tashkilotlari ulushini joriy 0,35 foizdan 2025-yilga kelib 4 foizgacha oshirish.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy bankining quyidagilar toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:

xalqaro moliya institutlari koʻmagida “Ipoteka-bank” ATIB, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB, “Asaka” ATB, AT “Aloqabank”, “Qishloq qurilish bank” ATB va “Turonbank” ATBdagi davlat ulushlarini bosqichma-bosqich xususiylashtirish, bunda birinchi bosqichda ularni institutsional oʻzgartirishni (faoliyatini transformatsiya qilish), ikkinchi bosqichda esa davlat aksiyalari paketini sotishni nazarda tutish;

bank tizimini isloh qilish davrida aholining moliyaviy xizmatlarga boʻlgan talabini qondirish, investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmini (“loyihalar fabrikasi”) keng joriy qilish, bank xizmatlarining hududiy qamrovini taʼminlash maqsadida “Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki” AJ, “Agrobank” ATB va “Mikrokreditbank” ATB ustav kapitallarida davlat ulushini saqlab qolish;

ayrim banklarning faoliyatini diagnostika qilish va moliyaviy ahvolini baholash asosida, meʼyoriy talablaridan hamda qayta tashkil etishning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligidan kelib chiqqan holda qonun hujjatlariga muvofiq ularni konsolidatsiyalash.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida vazirlikning tasdiqlangan shtatlar soni doirasida Davlat ulushiga ega tijorat banklarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish boʻyicha loyiha ofisi (keyingi oʻrinlarda – Loyiha ofisi) tashkil etilsin hamda unga quyidagi huquqlar berilsin:

tijorat banklarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlariga maslahatchi sifatida xalqaro konsultantlarni jalb qilish;

tijorat banklarini transformatsiya qilish, shuningdek, ulardagi davlat aksiyalari paketini xususiylashtirishga doir masalalarda xalqaro moliya institutlari va salohiyatli xorijiy investorlar bilan muzokaralar olib borish va bitimlar tuzish.

Belgilansinki, Loyiha ofisiga Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining birinchi oʻrinbosari rahbarlik qiladi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligi 2024-yildan kechiktirmay Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon banki dasturi (FSAP) asosida moliyaviy sektor holatini baholashni oʻtkazish choralarni koʻrsin.

7. Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari tomonidan banklarning, shu jumladan, kredit portfeli va bank aktivlarini shakllantirish bilan bogʻliq tadbirkorlik tavakkalchiliklarini boshqarish faoliyatiga aralashish taqiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikning banklar faoliyatiga davlat organlarining maʼmuriy aralashuviga yoʻl qoʻymaslik qismi ijro etilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasini boshqarish boʻyicha kengash tarkibiga mustaqil aʼzolarni kiritish orqali uni institutsional jihatdan mustahkamlash choralarini koʻrsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

 

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil
29-apreldagi “Respublika iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4300-son qaroriga 1-ilovaning 1–3-pozitsiyalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

 

11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B.Nurmuratov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

          Prezidenti                         Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 12-may

  • Ko'rildi
    2041
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Meliqulov.ulugbek.Farxodovich 2020-05-16 00:07:36

O'zbekiston.Respublikasi.Boshvaziri.Abdulla.Aripov.Nigmatovichga.iltilomos.qilaman.Men.Meliqulov.Ulugbek..men.ota onam.vafotetgan.meni.2 nafar.ukambor.men.ukamniuqutishim.kerak.ishka.kirgishim.kerak uylantirishim.kerak.va.uzim.uylanishim.kerak.Meni.Navoiy..da.ota.onam.xechkim.yodam bermadi.Vertual Qabulxonasi.2017yil.dabirmirjatqilman.2020.men.Abdulla.Aripov.Boshvaziri.Qabuliga.kirishimuch.yordam.berishingizni.iltimos.qilaman.942571718


Fikringizni qoldiring

+