O‘zbek so‘mi qanday dunyoga kelgan edi? O‘zbekiston Birinchi Prezidentining birinchi va so‘nggi Davlat kotibi Rahim Rajabov xotiralari

17.01.2018, 18:05

O‘zbek so‘mi qanday dunyoga kelgan edi? O‘zbekiston Birinchi Prezidentining birinchi va so‘nggi Davlat kotibi Rahim Rajabov xotiralari

– O‘zbekiston Mustaqilligining uchinchi yo to‘rtinchi yili edi, – deya gap boshlaydi O‘zbekistonning birinchi Prezidenti qoshidagi sobiq Davlat kotibi Rahim Rajabov. – Milliy valyutamiz yo‘q edi, O‘zbekiston Rossiya rubli bilan faoliyat yuritmoqda edi. Ayni paytda Mustaqillikka erishgan davlatimiz o‘z milliy pulini chiqarishi yuzasidan ish olib borilayotgandi.

Sobiq ittifoqdosh respublikalar, jumladan, O‘zbekistonni ham yagona rubl hududida ushlab turish Rossiya uchun foydali edimi? Rossiya davlat banklaridan bizga rus banknotalari yetarli miqdorda muntazam kelib turar edi. Lekin bu holatning biz uchun na ma’naviy, na moddiy va na moliyaviy foydasi bor edi. Haqiqiy - ham siyosiy, ham iqtisodiy mustaqil davlat sifatida e’tirof etilish, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro muassasalarga to‘laqonli a’zo bo‘lish uchun O‘zbekiston o‘z milliy chegarasi, konstitutsiyasi, gerbi, madhiyasi va, albatta, o‘z milliy valyutasiga ega bo‘lishi shart edi.

Lekin shuncha vaqt o‘tsa ham hamon o‘zimizning milliy pulimizga ega emas edik. Yangi pul ishlab chiqarish oson emasligini davlat rahbari ham, iqtisodchilar, mutaxassisu moliyachilar ham yaxshi tushunishar edi.

– Agar shu paytda, – deya davom etdi yoshi to‘qsonga qarab ketayotgan, lekin hamon tetik, so‘zamol va umuman, ajoyib inson Rahim Rajabov.

Shu yerda kichik bir chekinish qilishimizga to‘g‘ri keladi. Rahim ota Rajabov haqidagi ta’riflarimizni tasdiqlash uchun u kishi bilan bu galgi uchrashuvimiz haqida aytib beray. Biz haydovchi Abdulaziz Mirzayev bilan Professorlar mahallasida u kishining uyini topolmay, qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qildik. Bu paytda Toshkentda oppoq qor yog‘ayotgan edi. Bir mahal yelkasiga to‘n kiygan va qo‘lini baland ko‘targancha, "Mana men, bu yerdaman, bu yoqqa kelinglar", deb ko‘cha boshidan bizni imlayotgan kishiga ko‘zimiz tushdi. Ha, bu Rahim aka edi. 

Rahim Rajabov bilan birinchi marta bundan 30 yillar muqaddam uchrashgan edik. Qorachadan kelgan, serharakat, gapini kesib-kesib gapiradigan bu kishi menda o‘ta bilimli va madaniyatli inson sifatida taassurot qoldirgan edi. Toshkentdagi bir qator yirik zavodlarda, Davlat konstruktorlik byurosida direktor, bosh muhandis lavozimlarida mehnat qilgan. Yillar deymizmi, hayot yo keksalik deymizmi, o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmas ekan. Hozir biroz cho‘kkan, toliqqanroq ko‘rindi ko‘zimga. Lekin ko‘zlari hamon ziyrak va diqqat bilan tikilib turadi. Harakatlari chaqqon, avvalgidek ehtiros bilan so‘zlaydi. Yurish-turishi esa, bu yoshdagi qariyalar uchun havas qilsa arzigulik darajada.

– Agar biz o‘sha paytda milliy pulimizni chiqarayapmiz, deb ovoza qilsak bormi, Rossiya O‘zbekistonga qog‘oz pul berishni taqqa to‘xtatib qo‘ygan bo‘lar edi. Ana unda asosiy moliyaviy muloqot vositasidan ham mahrum bo‘lgan yosh mustaqil respublikaning ahvoli, qariyb 22 millionli xalqning hayoti, sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligini boshqarish nima bo‘lishi faqat Allohga ma’lum edi. Ittifoqning tarqalib ketishida o‘zlari tashabbus ko‘rsatgan bo‘lsalar-da, biz mustaqil bo‘lganimizni unchalik ham xushlamas edi. Buni tushunadigan tushunadi, tushunmaydiganlarga tushuntirib ham bo‘lmaydi.

Lekin bir narsa oydek ravshan edi. Davlatlararo munosabatlarda barcha masalalar – qishloq xo‘jaligi, sanoat yo qurilish va hatto mudofaa masalasida ham hamkorlik qilish mumkin edi. Faqat pul masalasida emas. Zero, pul o‘ta nozik – siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy masala. Boshqa davlatning pul birligida xo‘jalik yuritish esa kutilmagan tomonlari bilan qaltis va nihoyatda xavfli ekanini hayotning o‘zi isbotlayotgan edi. Katta yoshdagi yurtdoshlarimiz yaxshi eslasa kerak, Rossiya davlat banki eng katta pul birliklaridan bo‘lgan 50 rubllik banknotani hech qanday e’lonsiz to‘satdan almashtirib, aholi shaxsiy jamg‘armasini qo‘ying, hatto endi oyoqqa turayotgan kichik va o‘rta tadbirkorlaru katta biznesmenlarni ham ag‘dar-to‘ntar qilib tashlay, degan edi.

Prezident shu haqda o‘ylar edi. Axir, Rossiya davlatni, xalqni boshqarish qonun-qoidalariga zid holda, bir kechaning o‘zida 50 rubllik qog‘oz pullarini bekor qildi-ku?! 

Davomi bor

Manba

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1583
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+