O‘zbekiston Prezidenti Jahon banki delegatsiyasini qabul qildi

19.01.2018, 10:07

O‘zbekiston Prezidenti Jahon banki delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 18 yanvar kuni Jahon banki bosh ijro direktori Kristalina Georgiyeva boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut delegatsiyasi tarkibiga Jahon bankining vitse-prezidenti Siril Myuller, mintaqaviy direktori Liliya Burunchuk, ijrochi direktori Verner Gruber hamda bankning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori ham kiritilgan.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston va Jahon banki guruhi o‘rtasidagi mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlarida ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan sheriklik izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.

O‘tgan yili Toshkent va Nyu-York shaharlarida bank rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan ochiq va amaliy uchrashuvlar o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, uni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilgani qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Jahon bankiga 1992 yilda a’zo bo‘lgan. O‘zaro hamkorlikning o‘tgan davrida umumiy qiymati 2,9 milliard dollardan ziyod imtiyozli kredit mablag‘lari jalb qilingan holda, 30 dan ortiq loyiha amalga oshirildi va bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.

Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasining qurilishi, energetika va sanoat ob’ektlarida zamonaviy va energiyatejamkor texnologiyalarni joriy etish, transport infratuzilmasini rivojlantirish, agrar tarmoq salohiyatini oshirish, suv resurslarini boshqarish va suv ta’minotini yaxshilash, shoshilinch tibbiy yordam tizimini modernizatsiya qilish, ta’lim sohasini takomillashtirish hamda mamlakatimizning deyarli barcha hududlarini qamrab olgan boshqa ko‘plab loyihalar shular jumlasidan.

Uchrashuvda 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakatimizni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari doirasidagi sheriklikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Jahon bankining uzoq muddatli moliyaviy resurslarini jalb qilgan holda investitsiya loyihalarini sifatli va o‘z vaqtida tayyorlash, ularni samarali amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, ijtimoiy infratuzilma va kommunal xo‘jalikni modernizatsiya qilish, moliya sektorini rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalar, davlat va xususiy sektor sherikligi mexanizmlarini joriy etish, biznesni qo‘llab-quvvatlash sohalaridagi loyihalar, tibbiyot va ta’limdagi dasturlarni amalga oshirish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan.

Jahon banki bosh boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Jahon banki prezidenti Jim Yong Kimning ezgu tilaklarini yetkazdi.

Jahon banki vakillari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan, barcha soha va yo‘nalishlarni qamrab olgan islohot va o‘zgarishlarning yangi bosqichiga yuksak baho berdilar. Bularning barchasi mamlakatimizning uzoq istiqbolga mo‘ljallangan barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga, aholi farovonligini izchil oshirishga mustahkam zamin bo‘layotgani ta’kidlandi.

Kristalina Georgiyeva Jahon banki ustuvor milliy va mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi bilan keng miqyosli sheriklikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.

Manba

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1338
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+