O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi

06.01.2021, 09:29

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi

Assalomu alaykum, hurmatli deputat va senatorlar!

Aziz yurtdoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llanayotgan bu yilgi Murojaatnoma, o‘tgan yillardan farqli ravishda, murakkab bir davrga to‘g‘ri kelmoqda.

Barchamiz yaxshi bilamizki, bugungi kunda butun insoniyat koronavirus pandemiyasi degan global ofatni boshidan o‘tkazmoqda. Bunday ulkan falokat jahon miqyosida so‘nggi yuz yilda ro‘y bermagan, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning 191 mamlakatida 81 million kishi koronavirus bilan kasallangan. Ulardan 1 million 765 ming nafari vafot etgan.

Pandemiya jahon iqtisodiyoti uchun - shunga e’tibor bering - har oyda qariyb 400 milliard dollar miqdorida zarar keltirmoqda. Bugungi kunga qadar dunyo bo‘yicha 500 millionta ish o‘rni yo‘qotilgan.

Afsuski, bu ofat butun insoniyat qatori xalqimiz uchun ham kutilmagan tashvish va murakkab muammolarni keltirib chiqardi. Buxoro va Sardobada yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlar ham el-yurtimizning irodasini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi.

Xalqimizning bukilmas irodasi, fidokorona mehnati va matonati, aholi va davlat organlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli mavjud qiyinchiliklarni mardona yengib o‘tmoqdamiz.

Xabaringiz bor, pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab butun boshqaruv tizimi va barcha tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga o‘tkazildi.

Qisqa muddatda Toshkent shahri va hududlarda barcha sharoitlarga ega bo‘lgan qariyb 30 ming o‘rinli davolash maskanlari tashkil etildi. Ular zarur dori-darmon, himoya va eng zamonaviy diagnostika vositalari bilan ta’minlandi. Pandemiyaga qarshi kurashish uchun 200 mingdan ziyod tibbiyot xodimi, jumladan, chet ellik 150 nafar yuqori malakali shifokor va mutaxassislar jalb etildi.

Xorijdan 600 mingdan ortiq vatandoshlarimiz yurtimizga olib kelindi. Chet elda qiyin ahvolga tushib qolgan 100 mingga yaqin fuqarolarimizga zarur yordamlar ko‘rsatildi.

Pandemiya oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish uchun davlat tomonidan jami 82 trillion so‘mlik kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, Inqirozga qarshi jamg‘arma tashkil etilib, koronavirusga qarshi kurashish, aholi va korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq tadbirlarga byudjetdan 16 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Shuningdek, davlat korxonalariga va 500 mingdan ziyod tadbirkorlik sub'yekti hamda qariyb 8 million fuqaroga jami 66 trillion so‘mlik soliq imtiyozlari, kredit muddatlarini uzaytirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy yordamlar berildi.

“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida fidoyi va olijanob vatandoshlarimizning faol ishtirokida 800 mingdan ziyod ehtiyojmand oilalarga 1 trillion so‘mdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatildi.

O‘z paytida ko‘rilgan tezkor va tizimli choralarimiz natijasida ushbu xatarli kasallikning keng tarqalishiga yo‘l qo‘yilmadi. Yurtimizda osoyishta hayot, barqaror iqtisodiy rivojlanish davom etmoqda.

Karantin talablarini to‘g‘ri qabul qilib, ularga amal qilgan, sabr-toqatli, olijanob xalqimizga, o‘ta xatarli vaziyatda o‘zini ayamasdan mardona mehnat qilgan jonkuyar shifokorlarga, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatida munosib ishtirok etgan barcha tadbirkor va fuqarolarimizga yana bir bor o‘zimning chuqur minnatdorchiligimni izhor etaman.

Pandemiyaga qarshi kurashda bizga amaliy ko‘mak bergan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, xalqaro moliya institutlari, Rossiya, Xitoy, AQSh, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya kabi davlatlar rahbarlariga tashakkur bildiraman.

Mamlakatimiz bilan yaqin do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan chet davlatlarning hurmatli elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillariga rahmat aytib, ezgu tilaklarimni bildirishdan mamnunman.

Hurmatli parlament a’zolari!

Qadrli do‘stlar!

Joriy yilda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” Davlat dasturiga muvofiq yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha barcha sohalarda islohotlarni qat’iy davom ettirdik.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi va xalqaro reyting agentliklari tahlillariga ko‘ra, bu yilgi sinovlarga qaramasdan, O‘zbekiston dunyoning sanoqli davlatlari qatorida ijobiy o‘sish sur’atlarini saqlab qoldi.
 Yevropa Ittifoqi tuzilmalari bilan  yaqin hamkorlikda mamlakatimizga kengaytirilgan savdo preferentsiyalari - “GSP ” tizimini tatbiq etish bo‘yicha, muhim qadamlar tashlandi. Ushbu tizim kelgusida respublikamizda ishlab chiqariladigan 6 mingdan ziyod turdagi mahsulotlarni Yevropa bozoriga boj to‘lamasdan olib kirish imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, birgina to‘qimachilik mahsulotlarining yillik eksportini 300 million dollarga oshirish uchun sharoit yaratadi.

Joriy yilda mamlakatimizning xalqaro moliya bozorlariga chiqish imkoniyatlari yanada yaxshilandi, ilk bor milliy valyutada 2 trillion so‘mlik davlat yevroobligatsiyalari past foizlarda joylashtirildi.

Bu yil respublikamizda 197 ta yirik, minglab kichik va o‘rta korxonalar hamda infratuzilma ob'yektlari barpo etildi. Jumladan, “Navoiyazot”da ammiak va karbamid ishlab chiqarish kompleksi hamda azot kislotasi zavodi, Muborak, Gazli va Sho‘rtan neft-gaz korxonalarida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish qurilmalari, Toshkent metallurgiya zavodi kabi yirik quvvatlar ishga tushirildi.

Birgina energetika sohasida xorijiy investorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida 6 ta yangi elektr stantsiyasini barpo etish ishlari boshlandi. Ularning umumiy qiymati 2 milliard dollar bo‘lib, 2 ming 700 megavatt quvvatga ega.

Toshkent shahrida 2 ta yangi metro stantsiyasi va ilk bor 18 kilometrlik yer usti metrosi foydalanishga topshirildi.

Qishloq xo‘jaligidagi islohotlar, yer maydonlari to‘liq xususiy klaster va kooperatsiyalarga berilgani paxtachilikda hosildorlikni bir yilda o‘rtacha 10 foizga oshirish imkonini yaratdi.

Meva-sabzavotchilik, g‘allachilik va chorvachilikda ham 500 ga yaqin klaster va kooperatsiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida, pandemiyaning salbiy ta’siriga qaramasdan, 1 milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qilindi.

Bu yil 91 ming gektar yer maydoni qaytadan foydalanishga kiritildi. 133 ming gektar yoki o‘tgan yilga nisbatan 2 barobar ko‘p maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi.

Tadbirkorlikni keng qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘plab imtiyoz va yengilliklar berildi. Tadbirkorlik sub'yektlariga 100 trillion so‘m yoki 2016 yilga nisbatan qariyb 4 barobar ko‘p kreditlar ajratildi.

2020 yil aholini ijtimoiy himoya qilish borasida tub burilish yili bo‘ldi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Avvalo, aholining muayyan qatlami o‘rtasida kambag‘allik mavjudligini birinchi marta tan olib, uni qisqartirish bo‘yicha keng qamrovli ishlarni boshladik.

Barcha tuman va shaharlarda, har bir mahallada ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi - “temir daftar” tizimi joriy etildi. Qisqa muddatda bu tizim orqali 527 ming fuqaroning bandligi ta’minlandi.

Bundan tashqari, o‘zini o‘zi band qilgan aholi uchun soliq imtiyozlari berilishi hamda ko‘pgina cheklovlarning bekor qilinishi tufayli 500 ming nafar fuqaro mehnat faoliyatini qonuniy tarzda yo‘lga qo‘ydi.

Dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalariga 300 milliard so‘m imtiyozli kredit va subsidiya ajratilgani ham qishloq aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda yangi yo‘nalishga aylandi.

Toshkent shahri, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida tashkil etilgan “IT-parklar”da 500 dan ortiq zamonaviy kompaniyalar ish boshladi.

Yakunlanayotgan yilda markazlashgan ichimlik suv ta’minotini yaxshilash uchun 3 trillion so‘m yoki 2016 yilga nisbatan 5 barobar ko‘p mablag‘ ajratildi. Natijada aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 73 foizga yetdi.

Birgina joriy yilda ijtimoiy nafaqa oluvchilar qamrovi 2 barobarga oshirilib, 1 million 200 ming nafarga yetkazildi. Ushbu maqsadlarga byudjetdan 2016 yilga nisbatan 5 barobar ko‘p mablag‘ ajratildi.

Kichik yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 4 yil davomida 2 barobar ortib, 60 foizga yetdi. Bog‘chalar soni esa 3 barobarga ko‘payib, 14 mingdan oshdi.

Bu yil oliy ta’limga qabul parametrlari 2016 yilga nisbatan 2,5 barobarga o‘sdi, yoshlarimizni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 25 foizga yetdi.

Ehtiyojmand oilalarning mingga yaqin qizlari ilk bor oliy o‘quv yurtlariga alohida davlat grantlari asosida qabul qilindi.

O‘zbekiston “Ochiq ma’lumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida 125 pog‘onaga ko‘tarilib, 44-o‘rinni egalladi. Bunda davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi 20 ta yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatkichlarni oshkor qilib borish amaliyoti joriy etilgani muhim ahamiyat kasb etdi.

“Iqtisodiy erkinlik” reytingida ham mamlakatimizning 26 pog‘ona ko‘tarilgani islohotlarimizning xalqaro maydondagi yana bir e’tirofi bo‘ldi.

Sud-huquq sohasi, jumladan, jinoiy jazolarni liberallashtirish borasidagi islohotlarimiz ham izchil davom ettirildi. Natijada bu yil sudlangan shaxslarning 74 foiziga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.

Jazo muddatini o‘tayotgan va tuzalish yo‘liga qat’iy kirgan 616 nafar fuqaro afv etildi.

Sudlar mustaqilligi ta’minlanishi natijasida joriy yilning o‘zida 719 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi.

O‘zbekiston fuqarolari qayerda bo‘lmasin, ularning konstitutsiyaviy huquqlari ishonchli himoya qilinmoqda. “Mehr-3” operatsiyasi amalga oshirilib, Suriyadan yana 98 nafar fuqaro, asosan ayollar va bolalar Vatanimizga olib kelingani buning yaqqol tasdig‘idir.

Jahonda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqiroz sharoitida O‘zbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosatni faol olib bormoqda. Xalqaro maydondagi qat’iy sa’y-harakatlarimiz natijasida yurtimizning nufuzi va obro‘-e’tibori tobora yuksalmoqda.

Mamlakatimiz tarixda birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo etib saylandi. Yaqinda AQSh davlat departamenti tomonidan O‘zbekiston diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” ro‘yxatidan chiqarilgani ham keng ko‘lamli demokratik islohotlarimizning e’tirofidir.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining oliy minbaridan ilgari surgan global va mintaqaviy tashabbuslarimiz dunyo hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinib, qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Qadrli xalq noiblari!

Aziz yurtdoshlar!

Barchangizga ma’lumki, kirib kelayotgan 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligiga 30 yil to‘ladi. Albatta, bu tarixiy sanani siz, azizlar va butun xalqimiz bilan birgalikda “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu g‘oya asosida keng bayram qilamiz.

Bugun kelgusi yil uchun reja va dasturlarimizni aniq belgilab olar ekanmiz, mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarimizni yanada mustahkamlab, eng muhim va ustuvor sohalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratamiz, albatta.

Ta’kidlash kerakki, pandemiya barchamizga tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini - tez yordam xizmati, sanitariya-epidemiologiya tizimini tubdan isloh qilish muhim hayotiy zarurat ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Hozirgi vaqtda dunyoning boshqa mintaqalarida kuzatilayotgan “pandemiyaning navbatdagi to‘lqini” va u bilan bog‘liq xavf-xatarlar hammamizni yanada hushyor va ogoh bo‘lishga undamoqda.

Buyuk ajdodimiz Imom Moturidiy hazratlarining “Tiriklik hikmatini sog‘liqda, deb bilgin”, degan chuqur ma’noli so‘zlari naqadar to‘g‘ri ekanini hayotning o‘zi bugun qayta-qayta isbotlamoqda.

Shu bois mavjud imkoniyat va salohiyatimiz, pandemiya davrida orttirgan tajribamiz hamda xorijdagi ilg‘or yutuqlardan foydalanib, aholi salomatligini asrash va mustahkamlash borasidagi tub islohotlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz zarur. Bunda aholi, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish - eng ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lishi lozim.

Umuman, har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta’minlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu sababli biz islohotlarimiz ko‘lami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz.

Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, ta’lim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib xizmat qilishi lozim.

Ushbu maqsad yo‘lida yoshlarimiz o‘z oldiga katta marralarni qo‘yib, ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama ko‘mak berish - barchamiz uchun eng ustuvor vazifa bo‘lishi zarur. Shundagina farzandlarimiz xalqimizning asriy orzu-umidlarini ro‘yobga chiqaradigan buyuk va qudratli kuchga aylanadi.

Shu maqsadda “Yangi O‘zbekiston - maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan g‘oya asosida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshiramiz.

Birinchidan, yosh avlodga bog‘cha, maktab va oliygohda sifatli ta’lim-tarbiya berishni yo‘lga qo‘yamiz, ular jismoniy va ma’naviy sog‘lom, vatanparvar insonlar bo‘lib ulg‘ayishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz.

Ikkinchidan, yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi bo‘lgan insonlar etib voyaga yetkazamiz.

Uchinchidan, o‘g‘il-qizlarimizni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish hamda tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, ish va uy-joy bilan ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz.

Bir so‘z bilan aytganda, bola tug‘ilganidan boshlab, 30 yoshgacha bo‘lgan davrda uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishi uchun ko‘mak beradigan, yaxlit va uzluksiz tizim yaratiladi.

Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish uchun sarflangan sarmoya jamiyatga o‘n, yuz barobar ko‘p foyda keltiradi.

Buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino, bundan ming yil oldin “Dovyurak va botir insonlar kelajakda sodir bo‘ladigan qiyinchiliklardan qo‘rqmaydi”, deb bejiz aytmagan.

Yaqinda Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarida va Toshkent shahrining Chilonzor tumanida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda yoshlarimiz tomonidan bildirilgan dadil fikr va tashabbuslar meni juda quvontirdi.

Ayniqsa, kuni kecha Yoshlar forumida o‘g‘il-qizlarimizning yonib turgan ko‘zlarida ulkan azmu shijoatni, bilimga tashnalik va yangilikka intilishni ko‘rib, yanada ruhlandim va ulardan kuch oldim. Ibn Sino bobomiz aytgan dovyurak va botir yoshlar aynan shu farzandlarim ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim.

Agar katta avlodning bilimi va tajribasini, uzoqni ko‘ra olish fazilatlarini, yoshlarimizdagi g‘ayrat-shijoat, mardlik va fidoyilik bilan birlashtira olsak, ko‘zlagan marralarga albatta yetamiz.

Yangi O‘zbekistonni ana shunday bilimli va bunyodkor yoshlarimiz bilan birgalikda barpo etamiz.

Ana shu muhim yo‘nalishlarda boshlagan ishlarimizni davom ettirish va yangi, yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida kirib kelayotgan 2021 yilga mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berishni taklif etaman.

2021 yil nomida belgilangan sohalarni tubdan isloh qilish
va yanada rivojlantirish bo‘yicha quyidagi keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishimiz lozim.

Birinchidan, bola dunyoga kelganidan boshlab, unda aynan maktabgacha bo‘lgan yoshda aqliy faollik oshadi, axloqiy-estetik va jismoniy xislatlar shakllanadi.

Shu bois ham kelgusi yillarda maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish borasidagi strategik maqsadimiz - bog‘cha yoshidagi har bir bolani ushbu ta’lim yo‘nalishi bilan to‘liq qamrab olish uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iborat.

Kelgusi yil yakuni bilan maktabgacha ta’lim qamrovini 65 foizga, 2023 yil oxirida esa 75 foizga yetkazishimiz kerak. Bu ishlarga byudjetdan 600 milliard so‘m subsidiya berish hisobidan qo‘shimcha ravishda 2 mingta nodavlat bog‘cha tashkil etilib, xususiy sektor ulushi 25 foizga yetkaziladi.

Shuningdek, 2021 yilda maktabga tayyorlashning bepul tizimi bilan 560 ming nafar 6 yoshli bolalar yoki ularning 82 foizi qamrab olinadi.

Uzoq qishloqlarda maktabgacha ta’limning muqobil shakllari yanada kengaytiriladi. Bunda YuNISEF hamda Jahon banki bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktabgacha ta’limni uyda berish modeli ham yo‘lga qo‘yiladi.

Ikkinchidan, maktab ta’limini tubdan yaxshilash va uning sifatini oshirish, muallimlarga munosib sharoit yaratish borasidagi islohotlar jadal davom ettiriladi.

Kelgusi yili 30 ta yangi maktab qurish, 320 ta maktabni ta’mirlash va moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida byudjetdan 2 trillion so‘m ajratiladi.

Sohada yagona “elektron ta’lim” tizimini joriy etishga kelgusi 2 yilda 250 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Ta’lim sifatini tubdan yaxshilash maqsadida, avvalo, o‘quv dasturlari, o‘qituvchi va domlalar uchun metodik qo‘llanmalarni ilg‘or xalqaro mezonlarga moslashtirish lozim.

Bolalarning tahliliy va kreativ fikrlash qobiliyatini rivojlantirish uchun ularga sermazmun va tushunarli darsliklar yaratish zarur. Bu borada kelgusi o‘quv yilida boshlang‘ich sinflarda davlat ta’lim standarti o‘rniga, ilg‘or xorijiy tajriba asosida, bolaga ortiqcha yuklama bermaydigan “Milliy o‘quv dasturi” joriy etiladi.

Umumta’lim maktablaridagi ta’lim sifati poytaxtda ham, olis qishloqlarda ham yuqori bo‘lishi shart. Buning uchun chekka hududlarda maktablarni malakali kadrlar bilan ta’minlash, ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi. Jumladan, boshqa tumandagi olis maktabga borib, dars beradigan o‘qituvchilar oyligiga 50 foiz, boshqa viloyatga borib ishlasa - 100 foiz ustama haq to‘lanadi.

Shuningdek, hududlarda xususiy maktablar faoliyatini rag‘batlantirish uchun byudjetdan subsidiyalar ajratiladi.

Yoshlarning iqtidori va salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirishga qaratilgan uzluksiz tizim yaratiladi.

Kelgusi yilda yurtimizda 10 ta Prezident maktabi, kimyo-biologiya, matematika, axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 197 ta maktab o‘z faoliyatini boshlaydi.

Iqtidorli o‘g‘il-qizlarimizning yuqori texnologiyalar va bilimlarni chuqur o‘zlashtirishiga keng sharoit yaratish hamda raqobatbardosh milliy kadrlarning yangi avlodini tayyorlash maqsadida Toshkent shahrida yangi zamonaviy universitet tashkil etamiz. Ushbu oliygohda chet eldagi yetakchi olimlar va professor-o‘qituvchilar jalb qilinib, yoshlarga eng zamonaviy dasturlar asosida ta’lim-tarbiya beriladi.

Bolalarimizning mehnat ko‘nikmalarini maktab davridan boshlab shakllantirib borish maqsadida “kasbga o‘rgatish tizimi” joriy etiladi.

Yana bir masala - pedagoglar malakasini oshirish, ularning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Ma’lumki, muallimlar hozirgi vaqtda har 5 yilda malaka oshiradi. Bundan buyon ularning “hayot davomida o‘qish” tamoyili asosida o‘z malakasini uzluksiz oshirib borishi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, o‘qituvchilarning o‘z fanini bilishi, pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligidan kelib chiqib, toifa berish mezonlari ham qayta ko‘rib chiqiladi.

Yana bir bor takrorlayman, jamiyatda o‘qituvchi kasbi eng nufuzli va obro‘li kasb bo‘lishi lozim. Muallimlarimiz bolalarga sifatli ta’lim berish va o‘z ustida ishlashdan boshqa narsa haqida o‘ylamasligi uchun davlat barcha sharoitlarni yaratib berishi zarur. Shu bois o‘qituvchi, murabbiy va metodistlar mehnatiga munosib haq to‘lash bo‘yicha boshlagan ishlarimiz kelgusi yilda ham davom ettiriladi. Buning uchun xalq ta’limi xodimlarini rag‘batlantirish hududiy jamg‘armalariga 330  milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, 240 mingdan ziyod maktab o‘qituvchilariga sinf rahbarligi uchun ustama to‘lovlar 1,5 barobarga oshirilib, byudjetdan 400 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.

Uchinchidan, oliy ta’limning qamrovi va sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Keyingi yildan boshlab oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshiriladi.

Oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar sonini 2 barobarga ko‘paytirib, 2 mingtaga yetkazamiz. A’lo baholarga o‘qiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etiladi.

Hozirgi vaqtda yoshlar eng nufuzli oliygohlarga kirish uchun intiladi, lekin oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida bilimli va iqtidorli yoshlarni jalb qilish bo‘yicha raqobat yo‘q. Shu sababli xususiy oliygohlarga ham zarur mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasi berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Oliygohlar va ta’lim tizimining quyi bo‘g‘inlari o‘rtasidagi uzviylikni kuchaytirish maqsadida 65 ta akademik litsey oliy o‘quv yurtlari tasarrufiga o‘tkaziladi. Shuningdek, 187 ta texnikum ham o‘z yo‘nalishi bo‘yicha turdosh oliygoh va tarmoq korxonalariga biriktiriladi.

Nufuzli xorijiy universitetlar, ilmiy va innovatsion markazlar bilan aloqalarni kuchaytirish, ular bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishimiz zarur.

Shu munosabat bilan kelgusi yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining magistratura va doktoranturasida o‘qishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshiriladi. Bu dastur orqali ilk bor bakalavr yo‘nalishida chet ellarga 100 nafar o‘g‘il-qizlarimizni yuboramiz. Keyingi yillardan ularning soni 2-3 barobarga ko‘paytiriladi.

Yangi yilda yurtimizdagi 30 ta yetakchi oliygohga o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, qabul kvotasi va moliyaviy masalalarni mustaqil hal qilish huquqi beriladi.

To‘rtinchidan, mamlakat taraqqiyotining zamini, hech shubhasiz, ilm-fan va innovatsiyalardir.

Kelgusi yilda ilm-fan sohasida oliygohlar va ilmiy tashkilotlardagi doktorantlar soni 4,5 mingtaga yetkaziladi yoki 2017 yilga nisbatan 3 barobarga oshiriladi. Ushbu maqsadlar uchun byudjetdan qo‘shimcha 240 milliard so‘m ajratiladi.

Ilg‘or xalqaro amaliyot asosida dotsent va professor ilmiy unvonlari, falsafa va fan doktori ilmiy darajalarini berish vakolati o‘z yo‘nalishi bo‘yicha nufuzli bo‘lgan oliygohlarning ilmiy kengashlariga o‘tkaziladi.

Joriy yilda ilk bor matematika, kimyo-biologiya va geologiya fanlarini ta’lim va ilmning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab, ularni kompleks rivojlantirish choralari ko‘rildi. Jumladan, 98 ta ixtisoslashgan maktablar hamda Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi. O‘quv dasturlari tubdan qayta ko‘rib chiqildi, o‘qituvchilarning ish haqi oshirildi.

Endi keyingi yil uchun ustuvor ilm-fan yo‘nalishlarini belgilab olishimiz kerak.

Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, dunyodagi deyarli barcha kashfiyot va texnologiyalarni yaratishda fizika fani fundamental asos bo‘lganini ko‘ramiz. Haqiqatan ham, fizika qonuniyatlarini chuqur egallamasdan turib, mashinasozlik, elektrotexnika, IT, suv va energiyani tejaydigan texnologiyalar kabi bugun zamon talab qilayotgan sohalarda natijaga erishib bo‘lmaydi.

Buyuk mutafakkir shoirimiz Mir Alisher Navoiy o‘z davrida yoshlarga murojaat qilib, “Quyoshliq istasang, kasbi kamol et”, deb yozganlar. Chindan ham, odamlarga quyoshdek beminnat nur taratishni, yaxshilik qilishni istaydigan inson, kamolotga intilib, turli ilm va kasb-hunarlarni o‘zlashtirishi lozim.

Hozirgi davrda xorijiy tillarni mukammal o‘rganmasdan turib, buyuk bobomiz aytgan ana shunday marralarga erishib bo‘lmaydi, desak, adashmagan bo‘lamiz.

Bunday o‘tkir talabga amal qilib, kelgusi yilda fizika va chet tillarini o‘rganishni ustuvor yo‘nalish etib belgilashni taklif etaman.

Shu maqsadda kelgusi yilda ta’limning barcha bo‘g‘inlarida ushbu fanlarni o‘qitish sifatini tubdan oshirish, ixtisoslashgan maktablar ochish, malakali pedagoglarni jalb etish kabi tizimli ishlar amalga oshiriladi.

Fizika bo‘yicha Ahmad Farg‘oniy nomidagi xalqaro fan olimpiadasi tashkil etiladi. Shuningdek, fizika yo‘nalishida ilmiy izlanishlar ko‘lami va sifatini oshirish, yosh olimlarga zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Beshinchidan, yoshlar o‘rtasida bandlikni ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalasi e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Buning uchun kelgusi yilda professional ta’lim tizimi mehnat bozoridagi talab va xalqaro andozalarga mos yangicha yondashuvlar asosida isloh qilinadi.

Bundan buyon ishchi kasblar bo‘yicha talab qo‘yishda malaka asosiy o‘ringa chiqadi.

Shuning uchun Hukumat kelgusi yil 1 yanvardan talab yuqori bo‘lgan ishchi kasblar bo‘yicha fuqarolarning malaka darajasini tasdiqlash tizimini joriy etsin.

Xabaringiz bor, Yoshlar forumidagi uchrashuvimizda yoshlar tadbirkorligi va bandligini ta’minlash uchun 100 million dollar ajratish to‘g‘risida qaror qabul qildik.

Bundan tashqari, yoshlarning biznes loyihalarini kreditlash hamda ularni kasb-hunarga o‘qitish uchun 1 trillion so‘m va 50 million dollar ajratiladi.

Oltinchidan, ehtiyojmand oilalarning farzandlari, chin yetim, nogironligi bo‘lgan va davolanishga muhtoj bolalarga alohida mehr-muruvvat ko‘rsatish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi.

Hozirgi kunda respublikamizda alohida e’tiborga muhtoj 18 yoshgacha bo‘lgan 150 ming nafar farzandlarimiz bor. Ularning ta’lim olishi, aniq bir kasbni egallashi uchun ko‘maklashish, og‘ir kasallikka chalinganlarni davolash, chin yetimlarga hayotda o‘z o‘rnini topishga yordam berish, uy-joy bilan ta’minlash - nafaqat vazifamiz, avvalo, insoniy burchimizdir.

2021 yilda birinchi marta byudjetdan 900 nafar chin yetim yoshlarni uy-joy bilan ta’minlashga 50 milliard so‘m ajratiladi.

Umuman, bunday ezgu ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish uchun Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondini tashkil etib, unga byudjetdan 100 milliard so‘m yo‘naltirsak, o‘ylaymanki, sizlar ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaysiz. Bu mablag‘lar yil davomida ko‘paytirib boriladi.

Bu tashabbus umumxalq harakatiga aylanishi, saxovatpesha hamyurtlarimiz ushbu xayrli ishga munosib hissa qo‘shishiga ishonchim komil.

Oliy Majlis palatalari Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini qonun darajasida mustahkamlab, bu borada faollik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizni rag‘batlantirishni ham nazarda tutishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, Bolalar Ombudsmani to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishning ham vaqti-soati keldi.

Umuman yoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqorida qayd etilgan forumda juda ko‘plab masalalar yechimini kelishib oldik. Shuning uchun bugun ular to‘g‘risida batafsil to‘xtalmadim.

Barchamiz uchun endigi vazifa - ushbu tashabbus va takliflarni to‘liq amalga oshirishdan iborat.

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

2021 yil uchun yana bir muhim yo‘nalish sifatida belgilangan tibbiyot sohasida quyidagi ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratiladi.

Birinchidan, kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni tizimli ravishda davom ettirish - eng muhim vazifalarimizdan biri bo‘ladi.

Bu ishlar uchun 2021 yil davlat byudjetida 3 trillion so‘m zaxira shakllantirildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan, albatta, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari ham amalga oshiriladi.

Sanitariya-epidemiologiya xizmati sifatini oshirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va zamonaviy laboratoriyalar tashkil etishga 200 million dollar yo‘naltiriladi.

Pandemiya saboqlaridan kelib chiqqan holda, tibbiyot sohasini raqamlashtirish ko‘lami yanada kengaytiriladi. Jumladan, barcha tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni ko‘paytirish, poliklinika va kasalxonalarni elektron ish yuritishga o‘tkazish choralari ko‘riladi. Shuningdek, respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari va ularning filiallari o‘rtasida telemeditsina yo‘lga qo‘yilib, diagnostika va davolash uchun joylardagi imkoniyatlar yanada kengaytiriladi.

Ikkinchidan, ona va bola sog‘lig‘iga e’tibor - jamiyatga, kelajakka e’tibordir.

Shu maqsadda keyingi yildan boshlab 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatiladi. Bu jarayon bilan 2021 yilda - 11 million nafar, 2022 yilda - 17 million nafar aholi qamrab olinadi va bu ishlarga 100 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul ta’minlash orqali aholi o‘rtasida kamqonlik 25 foizga kamaytiriladi.

Uchinchidan, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish zarur.

Bu borada birlamchi bo‘g‘inda umumiy amaliyot shifokori o‘rniga oilaviy shifokor va unga yordamchi sifatida 5 nafar o‘rta tibbiyot xodimidan iborat “tibbiy brigadalar” tashkil etiladi.

Har bir mahallada, eng avvalo, 5 yoshgacha bolalar, shuningdek, tug‘ish yoshidagi va homilador ayollar, nogironligi bo‘lganlar, qon-tomir, onkologik, endokrin kabi kasalliklarga moyilligi bo‘lgan fuqarolar bilan ishlashning alohida tizimi joriy etiladi.

Shu bilan birga, davlat tomonidan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari ro‘yxati qayta shakllantirilib, ular bilan aholini kafolatli ta’minlash tizimi bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda birlamchi bo‘g‘in qamrovini kengaytirish maqsadida kelgusi 3 yilda 315 ta “oilaviy shifokor” punkti va 85 ta oilaviy poliklinika ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, “qishloq shifokori” dasturi doirasida olis hududlarda ish boshlaydigan mingdan ortiq vrachga 30 million so‘mdan yordam puli beriladi hamda ular xizmat uylari bilan ta’minlanadi.

Olis va chekka hududlarda birlamchi va ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish va ehtiyojmand aholi uchun skrining tadbirlariga xususiy shifoxonalar ham jalb etilib, ularga subsidiya ajratiladi.

O‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlari - hamshira va feldsherlarning obro‘si va mavqeini oshirishga alohida urg‘u beramiz. Jumladan, 47 ta Ibn Sino nomidagi texnikumlarni har yili bitiradigan 20 mingdan ortiq o‘g‘il-qizlarimiz tibbiyotning bir nechta sohalarida kasb egasi bo‘lib chiqadi. Shuningdek, o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlariga “hamshiralik ishi” bilan mustaqil shug‘ullanish uchun ruxsat beriladi.

To‘rtinchidan, hozirgi kunda 12 mingdan ziyod fuqarolarimiz oq qon va og‘ir irsiy gematologik kasallikdan aziyat chekmoqda.

Shu sababli kelgusi yilda onko-gematologiya sohasi hamda davolash qiyin bo‘lgan kasalliklar bo‘yicha murakkab diagnostika va tibbiy amaliyotlar uchun byudjetdan 250 milliard so‘m ajratiladi.

O‘tkir buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan 5 mingdan ortiq bemor esa ilk bor bepul gemodializ xizmati bilan qamrab olinadi va shu maqsadlar uchun byudjetdan 140 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Shuningdek, endokrin kasalliklarni aniqlash va davolash maqsadida hududiy shifoxonalarda maxsus bo‘limlar tashkil etiladi. Buning uchun 2021 yilda byudjetdan 150 milliard so‘m ajratiladi.

Yana bir masala - aholimizning katta qismini qiynaydigan o‘tkir qon-tomir kasalliklari bo‘yicha 35 ta tumanlararo markaz tashkil etamiz. Ushbu markazlar aholiga infarkt va insult holatlarida tezkor va malakali tibbiy yordam ko‘rsatish orqali o‘lim va nogironlikni kamaytirishga xizmat qiladi. Shu tariqa har yili kamida 30 ming nafar insonning hayoti saqlab qolinadi.

Beshinchidan, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish - aholi salomatligini ta’minlashda muhim omildir.

Kelgusi yilda 70 ta jismoniy tarbiya va sport muassasasi, 16 mingta bog‘cha va maktablarni sport jihozlari bilan ta’minlashga 100 milliard so‘m ajratiladi. Shuningdek, barcha tuman markazlari va shaharlarda maxsus piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etiladi.

Aholini ommaviy sport turlariga keng jalb qilish orqali 2021 yilda qamrov hozirgi 19 foizdan 25 foizga yetkaziladi.

Sport haqida gapirganda, yana bir muhim vazifa oldimizda turganini ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Yaqinda Osiyo olimpiya kengashi 2025 yilda Yoshlar o‘rtasida Osiyo o‘yinlarini Toshkent shahrida o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu mamlakatimizga ko‘rsatilgan katta ishonch, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Ayni vaqtda buning mas’uliyati ham katta ekanini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz. Qit’amiz miqyosidagi ushbu musobaqaga hozirdan boshlab puxta tayyorgarlik ko‘rishimiz lozim.

Oltinchidan, xalqimizning madaniy-ma’rifiy hayotini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Bunda madaniyat va san’at muassasalari faoliyatini jonlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga byudjetdan 420 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Jumladan, hududlarda 22 ta teatr va madaniyat ob'yekti quriladi va rekonstruktsiya qilinadi.

Toshkent shahrining markazida Milliy akademik drama teatri, mashhur yapon arxitektori Tadao Ando loyihasi asosida yangi san’at muzeyi, zamonaviy kutubxona hamda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ijod maktabidan iborat madaniyat va ma’rifat majmuasini barpo etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanadi. Mustaqilligimizning 30 yilligiga bag‘ishlab poytaxtimiz markazida “Istiqlol” majmuasi qad rostlaydi.

Ilgari ko‘p yillar davomida o‘tkazib kelingan Toshkent xalqaro kinofestivali “Ipak yo‘li durdonasi” - Toshkent xalqaro kinofestivali nomi bilan qayta tashkil etiladi.

Shu o‘rinda yana bir muhim masalaga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Boy tariximiz durdonasi bo‘lgan madaniy merosimizni asrab-avaylab, kelajak avlodlar uchun bezavol yetkazishimiz zarur. Hozirgi vaqtda ularning soni 7 mingdan ziyodni tashkil etadi.

Afsuski, keyingi paytlarda bebaho madaniy merosimiz bo‘lgan ayrim obidalarimizga zarar yetkazish holatlari uchrayotgani bu borada e’tibor susayganidan dalolat beradi. Bu ish nafaqat Madaniyat vazirligi, balki mahalliy hokimliklar, mahalla, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilikning ham diqqat markazida bo‘lishi kerak.

Hukumat bir oy muddatda madaniy meros ob'yektlarining hisobini yuritish, saqlash va himoyasini ta’minlash bo‘yicha alohida dastur qabul qilishi lozim.

Qadrli xalq vakillari!

Yangi yilda iqtisodiy islohotlarning pirovard maqsadi kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishdan iborat bo‘ladi. Ushbu strategik maqsadlarga hamma uchun teng imkoniyat yaratadigan yuqori iqtisodiy o‘sish hisobiga erishiladi.

So‘nggi 4 yilda iqtisodiyotimizning barcha jabhalariga bozor mexanizmlarini joriy etish borasida jiddiy qadamlar tashlandi. Endigi vazifa - chuqur tarkibiy islohotlar orqali uzoq muddatli barqaror o‘sishning poydevorini yaratishdan iborat. Shularni inobatga olib, keyingi yilda quyidagi yo‘nalishlarda keng qamrovli ishlarni amalga oshiramiz.

Birinchidan, kambag‘allikni qisqartirish borasida kompleks yondashuv va nostandart usullarni joriy etamiz.

Bir haqiqatni aniq tushunib olishimiz kerak - kambag‘allik masalasi kredit, ijtimoiy nafaqa yoki uy berish bilan o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmaydi. Buning uchun ta’lim, sog‘liqni saqlash, kasb-hunarga o‘qitish, ichimlik suv, energiya va yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq kompleks muammolarni hal etib borish kerak.

Nima uchun biz “temir daftar”ni joriy etdik? Bundan maqsad - ehtiyojmand aholini to‘g‘ri aniqlash va shu asosda, ular bilan manzilli ishlashni tashkil etishdir.

Kelgusi yildan to‘liq ishga tushadigan “Ijtimoiy reyestr”da “temir daftar”dagi barcha ma’lumotlar qamrab olinib, ehtiyojmand oilalarga 30 dan ziyod ijtimoiy xizmatlar elektron shaklda ko‘rsatiladi.

Birinchi navbatda, kambag‘al aholining asosiy ehtiyojlarini kafolatli ta’minlashimiz lozim. Bu masalada xalqaro ekspertlar bilan chuqur tahlil asosidagi hisob-kitoblar yakuniga yetkazilmoqda. Kelgusi yil 1 martdan boshlab aholining minimal iste’mol xarajatlari miqdori e’lon qilinadi.

Hukumat ikki oy muddatda ijtimoiy kafolatlarni bir tizimga keltirib, ularni minimal me’yorlar darajasida bosqichma-bosqich ta’minlash bo‘yicha dastur ishlab chiqsin.

“Temir daftar”ga kiritilgan har bir fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha “motivatsiya, ko‘nikma va moliyaviy ko‘mak” tamoyili asosida yangi mexanizm joriy etiladi.

Kambag‘allikdan chiqib ketish uchun eng muhim omil - bu insonning intilishi, o‘z kuchiga tayangan holda, aniq maqsad sari harakati bo‘lishi kerak. Shu maqsadda kelgusi yili mahallalarda aholini kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha mingdan ziyod markazlar tashkil etiladi.Bunda kasb-hunarga o‘qitilgan har bir shaxs uchun o‘quv markazlariga 1 million so‘mgacha subsidiya berilib, buning uchun byudjetdan 100 milliard so‘m ajratiladi. O‘quv kurslarini tamomlab, o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga asbob-uskuna xarid qilish uchun 7 million so‘mgacha subsidiyalar beriladi.

Shuningdek, har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yo‘nalishidan kelib chiqib, dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan oilalarga 10 sotixdan 1  gektargacha yer maydonlari ajratiladi.

Ehtiyojmand aholi bandligini ta’minlashga Bandlikka ko‘maklashish hamda Jamoat ishlari jamg‘armalaridan 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Pandemiya sharoitida o‘z ishini yo‘qotgan aholini kambag‘allikka tushib qolishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Shuning uchun kelgusi yildan boshlab yangicha tizim joriy etiladi. Unga ko‘ra, vaqtincha ishsizlik nafaqasi 3 barobar oshiriladi va bunda 6 ta hujjat talab etiladigan eski byurokratik tartib bekor qilinadi.

Kambag‘allikni qisqartirish borasida hududlardagi haqiqiy holatga baho berish, amalga oshirilayotgan ishlar ijrosini nazorat qilish Oliy Majlis palatalari va mahalliy Kengashlarning diqqat markazida bo‘lishi lozim.

Har bir tuman va shahar hokimi bir oy muddatda o‘z hududida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqib, uning ijrosi bo‘yicha har chorakda mahalliy Kengashlarda hamda ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa hisobot  berib borishi zarur. Bu masala barcha rahbarlarning birinchi darajali vazifasi va ish samarasini baholaydigan asosiy mezonga aylanishi kerak.

Ikkinchidan, iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni jadallashtirish kerak.

Hozirgi vaqtda davlat ishtirokidagi korxonalarning aksariyati moliyaviy barqaror bo‘lmagani uchun davlatga og‘ir yuk bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun joriy yildan barcha davlat korxonalarini isloh qilish dasturi amalga oshirilmoqda. Jumladan, kelgusi yilda Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “O‘zbekneftgaz”, “O‘zbekgidroenergo”, “O‘zavtosanoat” aktsiyadorlik jamiyatlari xalqaro moliya bozoriga chiqib, davlat kafolatisiz mablag‘ jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tan olish kerak, mutaxassislarning bilim va malakasi, yirik korxonalarning texnik imkoniyatlari, ularni mustaqil transformatsiya qilish uchun yetarli emas. Shuning uchun elektr energetikasi, neft-gaz va kimyo sanoati, mashinasozlikdagi yirik korxonalar hamda tijorat banklarini isloh qilishga Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda “MakKinzi”, “Boston konsalting Grupp”, “Rotshild” kabi xalqaro tan olingan kompaniyalar jalb etildi.

2021 yilda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan 32 ta yirik korxona va tarmoqni transformatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi. Banklar faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

2021 yilda “Sanoatqurilishbank”, “Asaka bank”, “Ipoteka bank”, “Aloqa bank”, “Turon bank” hamda “Qishloq qurilish bank”ni xususiylashtirishga tayyorlaymiz. Kamida bitta yirik bankdagi davlat ulushi strategik investorlarga to‘liq sotiladi. Bu borada yetakchi yevropa banklari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Tarkibiy islohotlarning yana bir yo‘nalishi bu - davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishdir.

Biz davlat aktivlarini ochiq-oshkora va samarali sotish uchun, xalqaro moliyaviy va huquqiy maslahatchilarni jalb etgan holda, qator korxonalarni xususiylashtirishga oid keng qamrovli ishlarni boshladik.

Kelgusi yilda “Farg‘ona azot” va “Dehqonobod kaliy” zavodlari, “Koka-kola ichimligi” korxonasi, “Bildirsoy” va “Chorvoq” oromgohlari, “Ichan qal’a” va “Hayat Rejensi” mehmonxonalari, “Poytaxt” biznes majmuasi, Alkogol, Yog‘-moy kabi tarmoqlardagi 83 ta yirik korxonadagi davlat ulushi sotuvga qo‘yiladi.

Umuman olganda, davlat ulushi bo‘lgan korxonalar soni, kelgusi ikki yilda kamida 3 barobar qisqartiriladi.

Uchinchidan, tovar va moliya bozorlarida erkin raqobat muhitini shakllantirish hamda tadbirkorlarga xomashyo sotib olish uchun teng imkoniyatlar yaratish zarur.

Hozirgi kunda elektr energiyasi, gaz, qimmatbaho metallar, mineral o‘g‘itlar, transport xizmatlari kabi yo‘nalishlarda monopol bozorlar mavjud bo‘lib, ularda ko‘plab muammolar saqlanib qolmoqda.

Shu o‘rinda bir masalaga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Iqtisodiy faollik va aholi daromadlari o‘sgani sayin, energiya resurslariga bo‘lgan talab ortib boradi. Shuning uchun neft-gaz va energetika sohalaridagi islohotlarni va boshlangan yirik loyihalarni yakuniga yetkazishimiz lozim. Jumladan, 2021 yilda davlat va xususiy elektr stantsiyalari hamda iste’molchilar o‘rtasida elektr energiyasi ulgurji bozorini shakllantirish boshlanadi.

Shuningdek, tabiiy gaz ta’minotida monopoliyani bekor qilib, bozor mexanizmlarini joriy etamiz. Bunda ishlab chiqaruvchi va importyorlarga birja orqali tabiiy gazni sotish, ulgurji iste’molchilar esa gazni sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. “O‘ztransgaz” kompaniyasi esa faqat gazni transportirovka qiladi.

Suyultirilgan gaz bozorida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida uning importiga o‘rnatilgan bojlar bekor qilinadi.

Zargarlik sohasida ham tadbirkorlarga xomashyo sotib olish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Bunda kelgusi yil 1 martdan boshlab, kumushni birja orqali ishlab chiqaruvchilarga erkin sotish tartibi o‘rnatiladi.

Avtomobil sanoatida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish va korxonalarga teng sharoitlar yaratish orqali sohada ishlab chiqaruvchilar soni ko‘paytiriladi.

2021 yildan boshlab oziq-ovqat, neft va elektrotexnika kabi tarmoqlarda 73 ta aktsiz solig‘i bekor qilinadi.

Yana bir masala - hozirgi kunda davlat xaridlarida atigi
4 foiz tadbirkor qatnashmoqda.

Kelgusi yilda 24 ta yirik davlat korxonasiga davlat xaridi bo‘yicha ochiq-oshkora talablar joriy etiladi. Natijada mahalliy tadbirkorlarimiz har yili kamida 10 trillion so‘mlik mahsulotlarini ushbu korxonalarga sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bundan buyon barcha davlat xaridlari jamoatchilik va Parlament nazoratida bo‘ladi.

To‘rtinchidan, iqtisodiy o‘sishga, avvalo, raqobatdosh sanoat zanjirlarini yaratish hamda bunday loyihalarga investitsiyalarni ko‘paytirish orqali erishiladi.

Garvard universiteti tadqiqotlariga ko‘ra, mamlakatimiz
50 dan ortiq sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda barcha imkoniyatlar va nisbiy ustunliklarga ega. Ayniqsa, neftgaz-kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat hamda “yashil iqtisodiyot” bilan bog‘liq sanoat tarmoqlari iqtisodiyotimiz “drayverlari”ga aylanishi uchun barcha yetarli sharoitlar mavjud.

Bu tarmoqlarda xususiy sektorning tashabbuslari va yangi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda kooperatsiyani rivojlantirish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilishi lozim.

Hozirgi kunda G‘ozg‘ondagi dekorativ toshlar, Namangandagi tayyor kiyim-bosh, Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi “Texnopark” kabi sanoat klasterlari o‘z samarasini ko‘rsatib, shu tizim afzalliklarini namoyon etmoqda.

Hukumat kelgusi yil 1 aprelgacha istiqbolli sanoat klasterlari ro‘yxatini aniqlab, ularni jadal rivojlantirish uchun alohida dastur ishlab chiqsin.

Shuningdek, “bojxona hududida qayta ishlash rejimi”da sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish zarur.

Shu bilan birga, investitsiya siyosatini yuritishda davlat ishtirokini pasaytirib, xususiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar ulushini oshirish kerak.

Geologiya sohasida joriy yilda 21 ta kon va istiqbolli maydonlar ochiq auktsion orqali investorlarga sotildi. 2021 yilda yana 50 ta kon va istiqbolli maydonlar mahalliy va chet ellik investorlarga ochiq mexanizmlar asosida sotiladi. Bunday ishlarni boshqa yo‘nalishlarda ham davom ettirishimiz kerak.

Umuman olganda, kelgusi yilda 23 milliard dollar qiymatidagi investitsiyalarni o‘zlashtirish zarur. Natijada 226 ta yirik sanoat va infratuzilma ob'yektlari ishga tushiriladi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2 ta yirik metallurgiya zavodi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida texnogen rudani qayta ishlash zavodi, shuningdek, respublikamiz bo‘yicha to‘qimachilik, qurilish materiallari, charm-poyabzal, oziq-ovqat va farmatsevtika tarmoqlarida yuzlab yangi ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi.

Birgina Toshkentdagi “Yashnobod” texnoparkida yana 11 ta zamonaviy elektrotexnika korxonasi ishga tushirilib, u yerdagi jami korxonalar soni 17 taga va ishlovchilar soni 11 mingtaga yetkaziladi.

Toshkent, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarida jami quvvati 760 megavatt bo‘lgan yangi elektr stantsiyalari ishga tushiriladi.

Qashqadaryo viloyatida qiymati 3 milliard 600 million dollar bo‘lgan, yiliga 1,5 million tonna kerosin, dizel yoqilg‘isi va suyultirilgan gaz ishlab chiqaradigan majmua to‘liq mahsulot berishni boshlaydi.

Beshinchidan, makroiqtisodiy barqarorlik - iqtisodiy islohotlarning mustahkam poydevoridir.

Shuning uchun kelgusi yilda inflyatsiyaviy targetlash doirasida narx-navo o‘sishini 10 foizdan oshirmaslik Markaziy bank va Hukumatning asosiy vazifasi bo‘ladi. Bu borada global pandemiya oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratish zarurligini yana bir bor tasdiqladi. Shu boisdan ham asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida import sohasidagi boj to‘lovlari bo‘yicha berilgan imtiyozlar yana bir yilga uzaytiriladi.

Umuman, xalqimiz xotirjam bo‘lishi kerak: sifatli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, bu borada kafolatlangan zaxirani yaratish va ularni bozorga uzluksiz yetkazib berish hamda narx-navo barqarorligini ta’minlash ishlariga ustuvor darajada e’tibor qaratiladi. Buning uchun Hukumat va hokimliklar tomonidan barcha choralar ko‘riladi hamda bu masala Prezidentning doimiy nazoratida bo‘ladi.

Shuningdek, 2021 yilda iqtisodiyotni kamida 5 foizga o‘sishini, byudjet defitsiti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,4 foizdan oshmasligini ta’minlashimiz zarur. Kelgusi 2 yilda esa byudjet defitsitini 2 foizdan oshirmaslik bo‘yicha Hukumat zarur chora-tadbirlarni belgilashi lozim.

Mana, valyuta bozori erkinlashganiga ham 3 yildan oshdi. Shu davrda erkin valyuta ayirboshlash bo‘yicha yurtimizda yetarli tajriba to‘plandi. Endi iqtisodiyotimizning xorijiy valyutaga bog‘liqlik darajasini bosqichma-bosqich kamaytirish kerak. Shu maqsadda kelgusi yilda valyuta kreditlari ulushini hozirgi 50 foizdan 45 foizga, ya’ni, kamida 2 milliard dollarga pasaytirish lozim.

Yangi yilda milliy valyutada chiqariladigan xalqaro obligatsiyalar ulushini hozirgi 25 foizdan kamida 40 foizga oshirish zarur.

Shu bilan birga, kelasi yili banklararo valyuta bozori “onlayn” platformaga o‘tkaziladi va tadbirkorlarga valyutani bevosita bankning o‘zidan sotib olish uchun imkoniyat yaratiladi. Natijada tadbirkorlar valyutani hozirgidek 4 kunda emas, yarim soatda sotib olishi mumkin bo‘ladi.

Yana bir masala - hozirgi kunda O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi mezonlariga ko‘ra xavfsiz hisoblanadi. Ayni vaqtda tashqi qarz hisobidan hududlarda amalga oshiriladigan loyihalar bundan buyon mahalliy kengashlar va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi. Ularning natijalari to‘g‘risida jamoatchilikka hisobot berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, davlat nomidan tashqi qarz olish kamaytirilib, investitsiya va infratuzilma loyihalariga ko‘proq xususiy kapital jalb etiladi. Masalan, keyingi yilda davlat-xususiy sheriklik asosida 40 dan ortiq yirik va o‘rta loyihalarni amalga oshirish boshlanadi.

Markaziy bank moliya bozorida raqobatni oshirish maqsadida 1 fevralga qadar bank bo‘lmagan kredit tashkilotlari to‘g‘risida qonun loyihasini kiritsin.

Shuningdek, mamlakatimizda islom moliyaviy xizmatlarini joriy etish bo‘yicha huquqiy bazani yaratish vaqti-soati keldi. Bunga Islom taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlari ekspertlari jalb etiladi.

Oltinchidan, tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish bo‘yicha yanada qulay sharoitlar yaratiladi.

Bir narsani alohida ta’kidlash kerak, pandemiya davrida iqtisodiyotning barqaror ishlashi uchun tadbirkorlar davlat bilan teppa-teng hissa qo‘shdilar. Shuning uchun barchamiz tadbirkorlarga yelkadosh bo‘lib, ularni doimo qo‘llab-quvvatlashimiz shart. Bu borada ishbilarmonlarning haq-huquqlarini, ayniqsa, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash - barcha darajadagi davlat organlarining asosiy vazifasi bo‘lishi lozim.

Shu bilan birga, ayrim joylarda davlat organlari tizimidagi rahbar va mutasaddilar tomonidan tadbirkorlarning mulkka doir huquqlarini buzish holatlari davom etmoqda. Bunday mansabdorlarni ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha Biznes-ombudsmanga vakolat berishni taklif etaman.

Kelgusi yilda “Soliqchi - ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlar uchun ularning biznes hamkorining soliq qarzdorligi haqidagi ma’lumotlarni olish imkoniyati yaratiladi.

Tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida 105 ta litsenziya va ruxsatnoma turlari bekor qilinadi, 115 tasi bo‘yicha esa tartib-qoidalar soddalashtiriladi.

Pandemiya sharoitida aylanma mablag‘ tanqisligiga duch kelgan tadbirkorlarimiz “oyoqqa turib olishlari” uchun ularga ko‘mak berishni davom ettiramiz.

Turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohalariga berilgan imtiyozlar kelgusi yil yakunigacha uzaytiriladi. Shuningdek, 20 mingta tadbirkorning 400 milliard so‘mlik yer va mol-mulk solig‘ini to‘lash muddatini yana bir yilga uzaytirishni taklif etaman.

Bundan tashqari, 1 milliard so‘mgacha davlat xaridlari doirasida avans miqdori 30 foizga yetkaziladi.

Umuman, tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni davom ettirish maqsadida oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kelgusi yilda 6 trillion so‘m imtiyozli kreditlar ajratiladi. Shuningdek, Hukumat tomonidan Jahon banki bilan birgalikda boshlangan qishloqlarda tadbirkorlikni rivojlantirish dasturini kengaytirish uchun qo‘shimcha 100 million dollar yo‘naltiriladi.

Tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, ularning soni qisqartiriladi hamda Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqiladi.

Xabaringiz bor, bundan 4 yil oldin tadbirkorlik sub'yektlarida tekshirishlar o‘tkazishga moratoriy e’lon qilgan edik. Buning natijasida o‘tgan davrda tadbirkorlar soni 2 barobar ko‘payib, 400 mingtaga yetdi. Shuning uchun moratoriy muddatini yana bir yilga uzaytirishni taklif etaman.

Shu bilan birga, Hukumat tomonidan bozorda teng raqobat muhitini yaratish va halol-pok tadbirkorlarni - takror aytaman - zamonaviy texnologiyalar asosida ishlayotgan vijdonli tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirishga qaratilgan mexanizmlar joriy etiladi.
 Yettinchidan, kambag‘allikni qisqartirish va qishloq aholisi daromadlarini ko‘paytirishda eng tez natija beradigan omil bu - qishloq xo‘jaligida hosildorlik va samaradorlikni keskin oshirishdir.

Bunda har gektar yerdan olinadigan daromadni hozirgi o‘rtacha 2 ming dollardan kamida 5 ming dollargacha yetkazish ustuvor vazifa qilib qo‘yiladi. Buning uchun qishloq xo‘jaligiga eng ilg‘or texnologiyalar, suvni tejaydigan va biotexnologiyalarni, urug‘chilik, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi yutuqlarni keng joriy etishimiz lozim.

Avvalo, fermer va dehqonlarning yerdan manfaatdorligini oshirish kerak. Manfaatdorlik va adolat bo‘lgan joyda, albatta, o‘zgarish va o‘sish bo‘ladi. Bu borada yerdan foydalanish huquqlarini kafolatlash va yerlarni bozor aktivlariga aylantirish masalasini ko‘rib chiqish vaqti keldi.

Shuning uchun Hukumat ikki oy muddatda yerdan foydalanish huquqini mustahkamlash, uning iqtisodiy qiymatini belgilash va moliyaviy oborotga kiritish mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha taklif kiritsin.

Kelgusi yili barcha viloyatlarda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar markazlari tashkil etilib, ularda “yagona darcha” tamoyili asosida 100 dan ortiq agroxizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Bu markazlar orqali yerning sifatini yaxshilash, kasalliklarga qarshi kurashish, urug‘liklarni tanlash bilan bog‘liq muhim xizmatlar ko‘rsatiladi.

Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish, yerning unumdorligini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishga ilk bor 600 million dollardan ziyod kredit va grant mablag‘lari jalb qilinadi.

Suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etiladigan yer maydonlari 5 barobarga ko‘paytirilib, 430 ming gektarga yetkaziladi, 90 ming gektar yangi yerlar o‘zlashtiriladi.

Sakkizinchidan, barcha viloyat, tuman va shahar hokimlari birinchi marta 2020 yil boshida o‘z zimmasiga olgan majburiyat va rejalari ijrosi haqida mahalliy kengashlar oldida hisobot berdi.

Bugungi kunda ishimizdagi eng katta kamchilik - bilim yetishmasligi, afsuski, barcha sohalarda sezilmoqda.

Holbuki, birorta hududni ham, tarmoqni ham zamonaviy ilm va bilimlarsiz rivojlantirib bo‘lmaydi. Taraqqiy etgan mamlakatlarda yalpi ichki mahsulotning 50  foizidan ortig‘i “bilimlar iqtisodiyoti” hisobidan, ya’ni, innovatsiyalar va yuqori malakali kadrlar tomonidan yaratilayotgani buni yaqqol isbotlamoqda.

Bundan buyon har bir qishloq yoki mahalla o‘z yo‘nalishi va “o‘sish nuqtalari”dan kelib chiqib rivojlantiriladi. Buning uchun kelgusi yilda 3 trillion so‘mlik mablag‘ga ega bo‘ladigan hududlar infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasini tuzishni taklif etaman. Jamg‘arma mablag‘lari mahalliy kengashlar takliflariga asosan infratuzilma loyihalarini qo‘shma moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, 84 ta tuman va shaharda sanoat salohiyatini yanada oshirish uchun 100 ta texnopark, kichik sanoat zonalari, hududiy klaster va logistika markazlari tashkil etiladi.

Kelgusi yilda erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini zarur infratuzilmalar bilan ta’minlash uchun 1,6  trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Hukumat hududlarda 130 ming kilometr uzunlikdagi past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 40 mingdan ortiq transformatorni bosqichma-bosqich yangilash dasturini kelgusi yil 1 aprelga qadar tasdiqlashi zarur. Shuningdek, 5 mingdan ortiq ta’mirtalab ko‘prikni tiklash bo‘yicha dastur qabul qilinadi. Bu ishlarga 2021 yilda 400 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Yana bir muhim masala - so‘nggi 3 yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 5 millionga yaqin aholi yashaydigan 1 ming 200 ta mahalla va qishloqlar qiyofasi tubdan o‘zgardi. Lekin pandemiya tufayli ushbu yo‘nalishdagi ishlarimizni vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan edik.

Hukumat bir oy muddatda 2021 yil uchun “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini ishlab chiqib, tasdiqlasin. Ushbu dasturlarni respublika va mahalliy byudjetlar tomonidan teng ulushlarda moliyalashtirishni nazarda tutsin.

Xalqaro moliya institutlari ham mazkur dasturda ishtirok etish uchun 270 million dollar yo‘naltirishga tayyor ekanini bildirdi.

Hududlarning rivojlanishi uchun muhim omillardan biri bu - ularning o‘rtasida transport aloqasini ta’minlashdir. Qisqa qilib aytganda, barcha aholi punktlaridan poytaxtimizga, eng yirik shaharlar va turistik markazlarga tezda kelib-ketish imkoniyatini beradigan, o‘zaro bog‘langan transport tarmog‘ini yaratishimiz lozim.

Shu maqsadda Hukumatga keyingi yil 1 martdan boshlab ichki turizm yo‘nalishlaridagi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va aviachipta narxining bir qismini byudjetdan qoplab berish tizimini joriy etish vazifasi yuklanadi.

Shuningdek, bir qator hududiy aeroportlar davlat-xususiy sheriklik asosida tashqi boshqaruvga beriladi.

Keyingi yilda 2 ta tezyurar poyezd harakati yo‘lga qo‘yiladi, Buxoro - Urganch - Xiva temir yo‘lini elektrlashtirish boshlanadi.

Aholi punktlari o‘rtasidagi, ayniqsa, qishloqlarni tumanlar markazlari bilan bog‘laydigan uzluksiz avtobus qatnovlari xususiy sektorni jalb qilish orqali ko‘paytiriladi.

Toshkent shahrida yer usti metrosining 12 kilometrlik ikkinchi bosqichi foydalanishga topshiriladi. Shu tariqa yer osti va yer usti metro liniyalari yaxlit tizim sifatida bir-biriga ulanadi.

Turizmni rivojlantirish bo‘yicha 2021 yilda ham izchil islohotlarni davom ettiramiz. Ayniqsa, ziyorat turizmi va ichki turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor beriladi. Shuningdek, turizm ob'yektlari atrofidagi yer maydonlari, suv va yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash uchun byudjetdan 1 trillion so‘m ajratiladi.

To‘qqizinchidan, kelgusi yil aholining ijtimoiy himoyasi yanada kuchaytiriladi.

Nogironlikni belgilashning jahon andozalariga mos “ijtimoiy modeli”ga bosqichma-bosqich o‘tiladi.

Muhtoj aholini protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Bu imkoniyatdan qariyb 50 ming nafar yurtdoshimiz foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Ehtiyojmand oilalarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha olib borayotgan ishlarimiz ko‘lami yanada kengaytiriladi. Bunda 27 mingta yoki bu yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p oilaning ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badallarini to‘lash va kredit foizlarini subsidiyalash uchun 2,4 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

O‘ninchidan, yangi eksport bozorlariga chiqish Hukumatning eng asosiy vazifalaridan biri bo‘lib qoladi.

Kelgusi yilda Jahon savdo tashkilotiga a’zolik masalasi hamda Yevropa Ittifoqi bilan keng qamrovli hamkorlik bo‘yicha ishlarni faollashtirish lozim.

“GSP ” tizimi doirasidagi imtiyozlarni mamlakatimizda samarali qo‘llash uchun alohida dastur ishlab chiqish kerak.

O‘zbekiston yaqinda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomini oldi. Ushbu tashkilotga a’zo bo‘lgan davlatlar bozorlarida to‘laqonli ishtirok etish uchun milliy texnik tartibga solish me’yorlarini ularning talablariga moslashtirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish zarur.

Kelgusi yilda korxonalarga xomashyo sotib olish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish uchun Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 100 million dollar ajratiladi.

Eksport qiluvchilarga chet elda savdo uylari va do‘konlar ochish hamda reklama xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.

Umuman, Hukumatga kelgusi yilda tovar va xizmatlar eksportini kamida 20 foizga oshirish vazifasi topshiriladi.

Hurmatli parlament a’zolari!

Islohotlarimiz xalqimizning kundalik hayotida o‘z ifodasini topishi, kutgan natijalarimizga erishish ko‘p jihatdan davlat boshqaruvidagi samaradorlikka bevosita bog‘liq. Shu maqsadda kelgusi yilda quyidagi vazifalarni amalga oshirish lozim.

Birinchidan, davlat boshqaruvi idoralari faoliyatini tubdan takomillashtirish talab qilinadi.

Ko‘pgina vazirlik va idoralar faoliyatida qaror qabul qilish haddan tashqari markazlashgan. Ularning vazifalari aniq va to‘liq belgilanmagani sababli faoliyatlarida bir-birini takrorlash holatlari mavjud. Sababi - ko‘pchilik vazir o‘rinbosarlari, o‘rta bo‘g‘in rahbarlari masalani hal qilish uchun tashabbus ko‘rsata olmaydi.

Buning sababi nimada? Ularning yo bilimi, malakasi yo‘q, yo qat’iyati yetmaydi, yoki korruptsiyaga berilgan.

Afsuski, bunday rahbarlar aholi kutayotgan hayotiy muammolarni hal qilish o‘rniga keraksiz qog‘ozbozlik va natijasiz majlislar o‘tkazish bilan ovora bo‘lib qolmoqda.

Yana bir jiddiy kamchilik shuki, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hisobidan xodimlar sonini va ish jarayonlarini optimallashtirish choralari ko‘rilmayapti.

Shuning uchun Hukumat ikki oy muddatda boshqaruvda bir-birini takrorlaydigan idoralar, funktsiyalar va byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha hujjatlar loyihalarini tayyorlasin. Bunda davlat boshqaruvi xodimlari sonini o‘rtacha 15 foizgacha optimallashtirishni nazarda tutish zarur.

Kelgusi yil oxiriga qadar elektron davlat xizmatlarini 60 taga ko‘paytirib, ularni 300 taga, masofaviy xizmatlar ulushini esa kamida 60 foizga yetkazish zarur.

Ikkinchidan, boshqaruv idoralarining hududiy masalalarni hal qilishdagi mas’uliyat va javobgarligi kuchaytiriladi.

Kelgusi yil boshidan har bir vazirlik o‘z ishini tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida rejalashtiradi va tashkil etadi. Vazirlar va ularning o‘rinbosarlari faoliyatiga joylarda amalda qanday o‘zgarish bo‘lganiga qarab baho beriladi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, o‘zlarining quyi tizim rahbarlari va xodimlarini yangicha talablar va zamonaviy axborot texnologiyalari asosida samarali ishlashga o‘rgatish va malakasini muntazam oshirib borish uchun mas’ul bo‘ladi.

Deputat va senatorlarni o‘zlari saylangan hududdagi muammolar, tegishli vazirlik va hokimliklar tomonidan qay darajada hal etilayotganini doimiy o‘rganib, nazorat qilib borishga chaqiraman.

Shu o‘rinda yana bir masala - tuman, shahar va mahalla boshqaruvida samaradorlikni oshirish uchun xodimlar soni va maoshini hududning o‘ziga xosligi va ish hajmidan kelib chiqib belgilash lozim. Masalan, Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida 150 ming, Urgut tumanida 500 mingdan ortiq aholi yashaydi. Yoki Shayxontohur tumani aholisi qariyb 350 ming, Bektemirda esa - 46 ming nafar. Lekin ushbu tumanlarda boshqaruv xodimlari soni va ularning ish haqi bir-biridan katta farq qilmaydi.

Shuning uchun Hukumat ikki oy muddatda o‘rta va quyi bo‘g‘in boshqaruv idoralarining faoliyatini tubdan takomillashtirish, ulardagi xodimlar soni va mehnatiga haq to‘lash shartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha qaror loyihasini kiritsin.

Uchinchidan, mahalliy ijro organlari, vakillik idoralari hamda mahallaning institutsional asoslarini yanada takomillashtirish lozim.

Mahalliy hokimlik va kengashlar bundan 27 yil avval, ya’ni, hokimlik instituti joriy etilgan dastlabki paytda qabul qilingan Qonun asosida ishlamoqda. Bu hujjat bugungi islohotlarimiz talablariga mutlaqo javob bermasligini hisobga olib, uni tubdan yangilash zarur.

Islohotlarimiz natijalari, bo‘layotgan o‘zgarishlar va aholining kayfiyati avvalo mahallada seziladi. Shu ma’noda, “mahalla - jamiyatimizning yorug‘ yuzi va vijdoni ko‘zgusi”, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Shuning uchun barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi muammolarni o‘rganishi va ularga yechim topishi, odamlar sezadigan natijani ta’minlashi shart.

Bundan buyon mahalladagi ishlarning ahvoli vazirlik, idoralar va hokimliklar ishini baholashda bosh mezon bo‘ladi.

Shuningdek, mahallaning nufuzini, uning resurs va imkoniyatlarini oshirish, xodimlarining moddiy ta’minotini yaxshilash bo‘yicha dastur ishlab chiqish zarur.

Joriy yilda tumanlar byudjetiga qo‘shimcha manbalarning kamida 10 foizini bevosita mahalladagi muammolarni hal etishga sarflash bo‘yicha ishlarni boshlab, bu maqsadlarga 70 milliard so‘m ajratildi. Endi bu vakolatni yanada kengaytirib, tuman byudjeti xarajatlarining 5 foizini ham ana shunday maqsadlarga yo‘naltirish bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi.

Buning natijasida bu yangi eksperiment orqali birgina G‘ijduvon tumanida 8 milliard so‘m yoki Farg‘ona shahrida 11 milliard so‘m mablag‘ aynan aholi dolzarb deb hisoblaydigan muammolarni hal etish uchun sarflanadi.

Mahalla raisi va uning o‘rinbosarlari vakolatlarini kengaytirib, ularga aholi muammolarini bevosita hal qilish imkonini yaratishimiz kerak. Bunda mahalla raisiga mahalliy kengash majlisida ko‘rilishi majburiy bo‘lgan masalalarni kiritish huquqini berish lozim. Bu orqali muammolarni tezkor hal qilishga erishish imkoniyati yaratiladi.

Mahallada ishlayotgan malakali va tashabbuskor kadrlarni davlat idoralari rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Qonunchilik palatasi va Senat, Vazirlar Mahkamasi bilan birga 2021 yil 1 aprelga qadar mahalliy ijro va vakillik organlari hamda mahalla instituti faoliyatini tubdan takomillashtirishga oid yangi qonun loyihalarini ishlab chiqsin. Ushbu hujjatlarda hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va maslahatchilarining vakolat chegarasi, vazifa va funktsiyalari aniq belgilanishi lozim.

To‘rtinchidan, korruptsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lish kundalik hayot tarzimizga aylanishi shart.

Bu illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilishi zarur.

Korruptsiya o‘ta og‘ir jinoyat ekani va unga nisbatan murosasiz bo‘lish g‘oyasini farzandlarimizga yoshlik davridan boshlab singdirishimiz, ularga faqat halol mehnat va tadbirkorlik orqali daromad topishni o‘rgatishimiz lozim.

Shuningdek, korruptsiyaning oldini olishda barcha davlat organlarida qaror qabul qilish jarayonlari, ochiq va faqat ochiq bo‘lishini ta’minlash hal qiluvchi ahamiyatga ega. Masalan, fuqarolarimiz joriy yildan boshlab ochiq e’lon qilinayotgan davlat xaridlariga oid ma’lumotlardan foydalanib, o‘rinli masalalarni ko‘tarmoqda.

Moliya vazirligi uch oy muddatda davlat idoralari byudjetdan tashqari jamg‘armalarining daromad va xarajatlari, davlat ulushiga ega bo‘lgan tashkilotlar xaridlari, davlat subsidiya va grantlariga oid ma’lumotlarni e’lon qilish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.

Bundan tashqari, oxirgi ikki yilda hokimlarning 2,5 mingga yaqin qarori sudlar tomonidan bekor qilingani bundan buyon ularning qaror qabul qilishida ochiqlikni ta’minlash zarurligini taqozo etmoqda. Shuning uchun mahalliy davlat hokimiyati idoralarining qarorlarini hisobga qo‘yish va e’lon qilish bo‘yicha elektron axborot tizimi joriy etiladi.

Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi bir oy muddatda ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha taklif kiritsin.

Korruptsiyaga qarshi kurashishning samarali vositalaridan biri - kadrlarni tanlash va ishga qabul qilishning ochiq tizimini yo‘lga qo‘yishdan iborat. Ushbu tizim asosida kadrlarni tanlashda eski usullardan voz kechib, ularning intellektual salohiyatini, ma’naviy fazilatlarini baholaydigan ochiq va oshkora tanlov tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, korruptsiyaning oldini olish bo‘yicha davlat xizmatchilarini muntazam o‘qitish va bilimini baholab borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Beshinchidan, islohotlarimiz samarasini har bir inson o‘z hayotida his etishi uchun qabul qilinayotgan hujjatlar ijrosini o‘z vaqtida va samarali ta’minlash lozim.

So‘nggi 4 yilda barcha sohalarda keng ko‘lamli o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘yicha 150 ta qonun, 2 mingga yaqin farmon va qarorlar qabul qilindi. Lekin joylarda barcha rahbarlar ham ushbu hujjatlar mazmun-mohiyatini tushunib, berilgan imkoniyatlardan foydalanmoqda, aholi va tadbirkorlarga zarur shart-sharoit yaratmoqda, deb ayta olmaymiz.

Amaldagi nazorat tizimi esa ko‘proq formal tusga ega bo‘lib, ijroni tashkil etishdagi muammolarni aniqlash va hal qilishga yo‘naltirilmayapti. Shuning uchun kelgusi yilda bu borada yangi ish tizimi joriy etiladi.

Endi Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarma va bo‘limlarining asosiy vazifasi qabul qilingan hujjatlarni mas’ullarga yetkazish, tushuntirish, amaliyotda qo‘llashga ko‘maklashish va nazorat qilishdan iborat bo‘ladi. Shu maqsadda Adliya vazirligiga zarur vakolat va resurslar beriladi.

Shuningdek, qabul qilingan hujjatlar ijrosini tashkil etishda jamoatchilik ishtiroki va nazorati keng yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, “jamoatchilik eshituvlari” va “jamoatchilik monitoringi” tizimi joriy qilinadi. Bu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolar ham faol jalb etiladi.

Shuningdek, tahlillar asosida ijroga xalaqit berayotgan ortiqcha vazifa va funktsiyalar qisqartiriladi.

Davlat idoralaridagi ijro sifati va holatini viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari kengashlarida, respublika darajasida esa - Vazirlar Mahkamasida har oyda tanqidiy muhokama qilib borish amaliyoti joriy etiladi.

Hukumat Adliya vazirligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birga bir oy muddatda ushbu tizimni joriy etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni belgilasin.

Adliya vazirligi barcha ommaviy axborot vositalari, jumladan, televideniye orqali “Prezident qarorlari - hayotda va nazoratda”, degan mavzuda ko‘rsatuv va chiqishlar tashkil etib, xalqimizga islohotlar mohiyati va natijalarini yetkazib borish tizimini joriy etsin.

Oltinchidan, davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rni va mavqeini yanada mustahkamlash -islohotlarimizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Xabaringiz bor, ayni paytda Kasaba uyushmalari federatsiyasi boshchiligida mutasaddi idoralar, banklar va hokimliklar tomonidan joylarda uyma-uy yurib, 6 milliondan ortiq xotin-qizlarning muammolari puxta o‘rganildi.

Achchiq bo‘lsa ham, to‘g‘risini tan olib aytishimiz kerak: bu o‘rganishlarimiz natijasida birinchi marta joylardagi haqiqiy ahvol yuzaga chiqdi. Shular asosida “Ayollar daftari” shakllantirilmoqda, xotin-qizlarni qiynayotgan ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga amaliy yechim topilmoqda.

Bu ishlarga mahallalarda yangi tashkil etilgan “Ayollar maslahat kengashlari” ham yaqindan ko‘mak bermoqda. Lekin bu hali ayollar muammolarini yechish uchun biz bajarishimiz shart va zarur bo‘lgan ishlarning boshlanishi, xolos.

Biz mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 17 milliondan ziyod opa-singillarimiz, qizlarimiz, onaxon va momolarimizga munosib sharoit yaratib berish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz lozim.

Ayollarning andisha qilib, biz erkaklarga ayta olmagan dardu tashvishlari, kundalik muammolari, orzu-niyatlarini ularning o‘zidan yaxshi tushunadigan inson yo‘q.

Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi rolini oshirish bo‘yicha olib borgan islohotlarimiz natijasida Parlamentimiz yangi tarkibining 30 foizi ayollardan iborat bo‘ldi. Viloyat, shahar va tuman hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi.

Endi xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish ularga yangi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha navbatdagi qadam sifatida hayotni va ayollar muammolarini yaxshi biladigan, faol va tashabbuskor opa-singillarimizdan iborat Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etishni taklif qilaman.

Kengashga bu borada katta tajribaga ega bo‘lgan Senatimiz Raisi Tanzila Kamolovna Norboyeva rahbarlik qilsa, degan taklifni bildirsam, o‘ylaymanki, barchangiz meni qo‘llab-quvvatlaysiz.

Joylardagi Xotin-qizlar kengashlari faoliyatiga esa hokimlarning ushbu masalalar bo‘yicha maslahatchilari rahbarlik qilishi eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi.

Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika va hududiy jamg‘armalarni yangi tashkil etiladigan kengashlar ixtiyoriga o‘tkazib berish maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb hisoblayman.

Ayollarning biznes sohasidagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda joylarda aniqlangan xotin-qizlar muammolarini hal etish uchun byudjetdan qo‘shimcha ravishda 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi. Buning uchun “Xalq banki” tomonidan joylarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish, biznesga oid namunaviy rejalarini ishlab chiqish va kredit olishda ularga amaliy yordam ko‘rsatishning yangi tizimi joriy etiladi.

Oliy Majlis palatalari va Hukumat bir oy muddatda xotin-qizlarning jamiyatdagi va davlat boshqaruvidagi mavqeini yanada oshirishga qaratilgan yaxlit tizim yaratish bo‘yicha taklif ishlab chiqsin.

Yana bir muhim masala - nuroniy otaxon va onaxonlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz ham qarz, ham farzdir.

Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan keksalarga doimiy yordam ko‘rsatilishi uchun uning moliyaviy imkoniyatlari yanada kengaytiriladi. Buning uchun keyingi yilda ushbu jamg‘armaga byudjetdan 100 milliard so‘m ajratiladi.

O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 16 mingdan ziyod keksalarga yordam berish, ularning hayotini mazmunli tashkil etish uchun to‘lovlar miqdori oshiriladi hamda ularga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar ko‘lami kengaytiriladi. Shuningdek, Buxoro, Qarshi va Urganch shaharlarida yangidan tashkil etiladigan sihatgohlarda hamda mavjud dam olish maskanlarida jami 25 mingdan ortiq nuroniylarning sog‘lig‘i tiklanadi.

Markaziy telekanallarimizda namoyish etilayotgan “Otalar so‘zi - aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvi soni ko‘paytirilib, mazmunan boyitilsa, shuningdek, “Nuroniylar maslahati”, “Mahallada gurung” kabi yangi ko‘rsatuvlar tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
 Yettinchidan, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiramiz.

Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini joylardagi dolzarb muammolarni hal etishga qaratish zarur.

Ayniqsa, mavjud muammolarni aniqlash, ularni chuqur tahlil qilish, yechimlari bo‘yicha taklif ishlab chiqish, ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlashga ijtimoiy buyurtma asosida nodavlat notijorat tashkilotlari keng jalb etiladi. Bunday hamkorlikni, eng avvalo, ta’lim, madaniyat, tibbiyot, ekologiya, qurilish, kadastr, transport, kommunal xo‘jaligi, bandlik, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish kabi muammoli sohalarda keng joriy etish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu ishlarni tashkil etish uchun kelgusi yilda byudjetdan 60 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, Qonunchilik palatasida nodavlat notijorat tashkilotlarining doimiy vakili institutini joriy etishni taklif qilaman. Ushbu vakil quyi palata yig‘ilishlarida ishtirok etish, qabul qilinayotgan qonunlarga ta’sirchan jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklik masalalarini kiritish bo‘yicha takliflar berish vakolatiga ega bo‘lishi zarur, deb hisoblayman.

Navbatdagi muhim masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni xolis yoritish bilan birga, joylardagi mavjud dolzarb muammolarga davlat idoralari va jamoatchilik e’tiborini qaratib, ularni bartaraf etishga barcha darajadagi rahbarlarni da’vat etib, undab kelayotganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Ular tom ma’noda “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylanib bormoqda.

Achchiq va tanqidiy materiallar joylardagi ko‘plab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchini va halovatini buzayotgani ham bor gap. Lekin oshkoralik va so‘z erkinligi bu - davr talabi, bu - O‘zbekistondagi islohotlarning talabi.

Biz o‘tgan to‘rt yil davomida jamiyatimizda oshkoralik va ochiqlik, so‘z erkinligi muhitida yashash va ishlashga asta-sekin o‘rganib boryapmiz.

Xolis va adolatli jurnalist va blogerlarning tanqidiy chiqishlari eskicha qolipda ishlaydigan rahbarlarning faoliyatidagi xato-kamchiliklarni ko‘rsatib, ularni ish uslubini o‘zgartirish va mas’uliyatini oshirishga majbur qilmoqda.

Bundan buyon har bir davlat organi o‘z kundalik faoliyatida ommaviy axborot vositalari bilan yaqin muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi zarur va shart.

Bu boradagi mavjud qonunchilikni liberallashtirish yo‘lida tashlangan dadil qadamlarimizning dalili sifatida kuni kecha Jinoyat kodeksining ommaviy axborot vositalari orqali “tuhmat” va “haqorat qilish” kabi moddalari bo‘yicha ozodlikdan mahrum qilish shaklidagi jazo choralari bekor qilindi.

Kelgusi yilda ham so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar yanada kuchaytiriladi.

Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishning dastlabki davrida ommaviy axborot vositalarini keng qo‘llab-quvvatlash, ularni himoya qilish, davlat idoralarida axborot xizmatlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish maqsadida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashkil etilgan edi. Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish, ularni yanada rivojlantirish, mustaqil faoliyat yuritishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Agentlik faoliyatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish lozim, deb hisoblayman.

Hurmatli deputat va senatorlar!

Inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar yangi yilda ham izchil davom ettiriladi.

Xabaringiz bor, so‘nggi 4 yil davomida sud-huquq sohasini isloh etish borasida dadil qadamlarni qo‘ydik. Bu yo‘nalishdagi ustuvor masalalar yuzasidan 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi.

Adolat bu - davlatchilikning mustahkam poydevoridir. Adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi o‘rinni egallaydi.

Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, bu borada hali qiladigan ishlarimiz juda ko‘p.

Birinchidan, yangi yildan boshlab joriy etiladigan “bir sud - bir instantsiya” tamoyili sud qarorlarining adolatli, qonuniy va barqarorligini ta’minlashda bosh mezon bo‘lishi lozim.

Hozirgi kungacha viloyat sudlari chiqargan qaror ustidan berilgan shikoyatlar shu sudlarning o‘zida ko‘rib chiqilar edi. Birgina 2019 yilda viloyat sudlari qabul qilgan 13 mingta shunday qaror Oliy sud tomonidan o‘zgartirilgan va bekor qilingan.

Kelgusi yildan boshlab bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartiriladi. Odil sudlovga xos bo‘lmagan ishlarni nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti bekor qilinadi.

Navbatdagi muhim masala - yangi yildan boshlab fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat darajasidagi 3 ta sudlar bitta sud sifatida birlashtiriladi. Bu yangilik aholi va tadbirkorlarga katta qulayliklarni yaratadi. Shuningdek, kelgusi yildan sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yangi tartib sifatida joriy etiladi. Bunda ishni to‘xtatish yoki tugatishga asos yetarli bo‘lsa, sud ishni avvalgiday tergov yoki prokurorga qaytarmasdan, o‘zining yakuniy qarorini qabul qiladi.

Yana bir muhim yangilik - investorlar huquqlarini munosib himoya qilish maqsadida Oliy sudda investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha maxsus sudlov tarkibi tashkil etildi.

Endi investorlar, o‘z xohishiga ko‘ra, nizoni hal qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sudga murojaat qilishi mumkin.

Sud tizimida raqamlashtirish yanada kengaytirilib, fuqarolarimizga sud binosiga kelib yurmasdan, “onlayn” tartibda murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, fuqarolar o‘z arizalarini ko‘rib chiqish jarayonini masofadan turib kuzatib borishi mumkin bo‘ladi.

Ikkinchidan, jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyilini keng qo‘llash borasidagi ishlar davom ettiriladi. Jumladan, xalqaro standartlardan kelib chiqib, 25 ta manzil-koloniyalar bosqichma-bosqich qisqartiriladi.

Bundan buyon birinchi marta ozodlikdan mahrum etilgan shaxsga berilgan jazo yengilrog‘i bilan almashtirilsa, u manzil-koloniyaga o‘tkazilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri probatsiya nazoratiga olinadi. Mazkur yengillik natijasida hozirda jazo o‘tayotgan 6 ming nafar shaxsga o‘z mahallasi nazorati ostida oilasi bag‘rida bo‘lish imkoniyati yaratiladi.

Shu bilan birga, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish va shartli ozod qilish to‘g‘risida taqdimnoma kiritish vakolati jazoni ijro etish muassasalaridan yangi tashkil etiladigan insonparvarlik komissiyalariga o‘tkaziladi.

Uchinchidan, tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish zarur. Ushbu holatlar hali ham uchrab turgani, fuqarolarda jiddiy e’tirozlarni keltirib chiqarayotgani hamda mamlakatimizning xalqaro nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ham ayni haqiqat.

Oliy Majlis palatalari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Ombudsman vakolatlarini kengaytirish, shuningdek, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan ikki oy muddatda o‘z takliflarini ishlab chiqishi zarur. Bunda Ombudsman tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni o‘tash muassasalariga “monitoring tashriflari” tizimi yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Oliy Majlis palatalari har yili Ombudsmanning qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha ma’ruzasini eshitib, bu illatga butunlay barham berish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni belgilashi lozim.

To‘rtinchidan, o‘tgan yili 1995  yilgacha yurtimizga ko‘chib kelganlarga O‘zbekiston fuqaroligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish tartibi belgilandi. Bu bilan 50 ming nafardan ortiq shaxslarga fuqarolik olish imkoniyati yaratildi.

Kelgusi yilda bu ishlarni davom ettirib, 2005 yilgacha mamlakatimizga kelib doimiy yashayotgan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston fuqaroligini bersak, nima deysizlar? Bu o‘zgarish bilan yana 20 ming kishi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bundan buyon yurtimizda 15 yil davomida muqim yashagan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston fuqaroligini berishning doimiy tartibi joriy qilinadi.

Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

Dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlar yaqin-uzoq mintaqalarda kuzatilayotgan ziddiyat va to‘qnashuvlar sharoitida biz yurtimizda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi ishlarimizni yanada jadallashtirishimiz lozim.

Kelgusi yilda mamlakatimiz mudofaa salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha islohotlarimizni davom ettiramiz. Xususan, Qurolli Kuchlarimiz qudratini, qo‘shinlarning professional va jismoniy salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga alohida e’tibor qaratamiz.

Shuningdek, jamoat xavfsizligini ta’minlash, har bir mahallada xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha yangicha yondashuvlar joriy etiladi. Huquq-tartibot idoralarini aholi osoyishtaligi va fuqarolar manfaatlarining chinakam himoyachisiga aylantirishga qaratilgan islohotlarimiz izchil davom ettiriladi.

So‘nggi yillarda respublikamizda yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlar, kuz-qish mavsumida sodir bo‘layotgan yong‘in va boshqa ko‘plab noxush holatlar bu boradagi mavjud tizimni yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Yurtimizda barpo etilayotgan ko‘plab yirik ob'yektlar va baland qavatli binolarda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning yangi tizimini tashkil etish zarur. Shuningdek, sohaning moddiy-texnik bazasini va kadrlar salohiyatini tubdan mustahkamlash lozim.

Shu sababli 2 oy muddatda “Favquloddagi holat to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi hamda yuqorida qayd etilgan muammolar yechimiga qaratilgan Hukumat dasturi ishlab chiqilsin.

Hurmatli senator va deputatlar!

Qadrli mehmonlar!

Kelgusi yilda mamlakatimizning tashqi siyosatini amalga oshirishda quyidagi vazifalarga ustuvor ahamiyat beriladi.

Birinchidan, davlatimiz olib borayotgan ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosatni inobatga olib hamda uzoq muddatli strategik maqsadlarimizdan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat kontseptsiyasi takomillashtiriladi.

Ikkinchidan, tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va o‘zaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratamiz.

Murakkab pandemiya sharoiti biz bir-birimizga qanchalik bog‘liq va kerak ekanimizni yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Bu ijobiy jarayonlarni chuqur o‘rganish va yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo xalqaro instituti tashkil etildi.

Kelgusi yili Toshkentda mintaqamizning Janubiy Osiyo bilan munosabatlariga doir yuqori darajadagi xalqaro konferentsiya o‘tkaziladi.

Shular qatorida Xiva shahrida YuNESKO bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro anjumanini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Uchinchidan, asosiy xorijiy sheriklarimiz hisoblangan Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Frantsiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytiramiz.

Tashqi ishlar vaziri va uning o‘rinbosarlari hamda yurtimizning chet ellardagi elchilari mazkur davlatlar bilan yangi, yanada samarali ish tizimini joriy etishlari zarur.

To‘rtinchidan, biz qo‘shni Afg‘oniston zaminida tinchlik o‘rnatilishiga qat’iy ishonamiz va bu ezgu yo‘lda amaliy yordamni bundan keyin ham ayamaymiz.

Afg‘on muammosini hal etishga qaratilgan global sa’y-harakatlarga Toshkent Xalqaro konferentsiyasi ham mustahkam poydevor yaratdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Hozirgi kunda Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bog‘laydigan Trans-afg‘on transport yo‘lagini barpo etish borasida dastlabki amaliy qadamlarni tashladik. Bu loyihaning ro‘yobga chiqarilishi butun mintaqamizda barqarorlik va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga beqiyos xizmat qiladi.

Beshinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan yaqin hamkorlikni rivojlantirish masalalari doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Joriy yilda respublikamiz ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkilotiga raislik qildi va pandemiyaga qaramasdan, ko‘zda tutilgan 60 dan ziyod barcha xalqaro tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi, 70 ga yaqin muhim hujjatlar qabul qilindi.

2021-2022 yillarda O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishi bo‘yicha ham jiddiy tayyorgarlikni boshladik.

Oltinchidan, inson huquqlarini ta’minlash, so‘z va diniy e’tiqod erkinligi bo‘yicha erishayotgan yutuqlarimizni tegishli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda izchil mustahkamlab boramiz.

Kelgusi yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim” global forumi, yoshlar huquqlariga bag‘ishlangan Butunjahon yoshlar anjumani, diniy erkinlik masalalari bo‘yicha mintaqaviy konferentsiyalarni o‘tkazamiz.
 Yettinchidan, dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash va ular bilan aloqalarimizni yanada mustahkamlash maqsadida “Vatandoshlar” jamg‘armasini tuzishni taklif etaman.

Sakkizinchidan, jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarimizni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqamiz.

Barchangizga ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi bilan har yili 30 iyul - Xalqaro do‘stlik kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu bois ushbu sanani O‘zbekistonda “Xalqlar do‘stligi kuni” deb belgilashni taklif etaman.

To‘qqizinchidan, mintaqamizda, butun dunyoda ekologik vaziyatning tobora yomonlashib borayotgani bizni jiddiy tashvishga soladi.

Qo‘shni davlatlar va jahon jamoatchiligi bilan birgalikda Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar ta’sirini yumshatishga qaratilgan harakatlarni qat’iy davom ettiramiz.

Dengizning qurigan tubida yuz minglab gektar o‘rmon va butazorlar tashkil etilayotgani, Orolbo‘yi hududlarida amalga oshirilayotgan ulkan qurilish va obodonchilik ishlari xalqimizni yuksak marralar sari ruhlantirmoqda. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda tuzilgan Orolbo‘yi mintaqasida inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama Trast fondi doirasidagi amaliy ishlarni yanada kuchaytiramiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tahlillariga ko‘ra, pandemiya xavfi hali uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin. Demak, insoniyat boshidagi sinovlar yana qancha davom etishi noma’lum.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, nufuzli ekspertlar prognoziga ko‘ra, pandemiya butun dunyoda inqirozli holatlar, ijtimoiy keskinlik, qashshoqlik kabi muammolarni kuchaytirishi mumkin.

Barchamizga ayonki, pandemiyadan keyin dunyoning ijtimoiy-iqtisodiy manzarasi albatta o‘zgaradi.

To‘plangan tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, kuchli va samarali boshqaruv tizimiga, bir yoqadan bosh chiqarib yashaydigan aholiga ega bo‘lgan davlatlar pandemiyaning keng tarqalish xavfini o‘z vaqtida bartaraf etishga qodir bo‘ladi. Buni O‘zbekistonning pandemiya davridagi kurash tajribasi ham isbotlab turibdi.Lekin erishgan natijalarimizga mahliyo bo‘lmasdan, jahondagi vaziyatga sergaklik bilan qarab, barchamiz - kim bo‘lishimiz, qaysi vazifada ishlashimizdan qat’i nazar, mamlakatimizning milliy manfaatlarini ta’minlash haqida jiddiy o‘ylashimiz zarur.

Bugungi murakkab sharoitda yurtimizda boshlangan keng qamrovli islohotlar, yangi O‘zbekistonni barpo etish sari tashlayotgan dadil qadamlarimizning bardavom bo‘lishini ta’minlash eng asosiy vazifamiz bo‘lishi shart.

Global inqiroz sharoitida iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni ta’minlash, joylardagi mavjud muammolarni manzilli hal etish, ko‘makka muhtoj yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarimizning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish - Prezidentdan boshlab, barcha darajadagi rahbarlarning bosh vazifasi bo‘lmog‘i darkor.

Ana shu o‘ta muhim vazifalarni amalga oshirishda asosiy talab - davlat va jamiyat institutlari o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlash, bu jarayonda natijadorlik va sifatni oshirishdan iborat.

2021 yilda davlatimiz va xalqimiz hayotida katta siyosiy voqea - Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi.

Markaziy saylov komissiyasi bo‘lajak saylov milliy qonunchiligimiz va umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuksak saviyada tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratishi lozim.

Birinchi navbatda, saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi va xalqaro standartlar bo‘yicha bilimlarini tizimli asosda shakllantirish kerak.

O‘tgan saylovlarda xalqaro kuzatuvchilar tomonidan berilgan maqbul tavsiyalarni milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish ishlarini davom ettiramiz.

Bu muhim siyosiy kampaniya yangi O‘zbekiston sharoitida saylovchilarimiz, barcha fuqarolarimizning siyosiy va huquqiy madaniyati, dunyoqarashi, grajdanlik pozitsiyasi yuksalib borayotganini yana bir bor namoyon etadi, deb ishonaman.

Aziz do‘stlar! 

O‘ylaymanki, bugungi Murojaatnomada o‘rtaga qo‘yilgan ustuvor vazifalar bo‘yicha parlamentimiz, siyosiy partiyalar, nodavlat tashkilotlar, ko‘pni ko‘rgan donishmand nuroniylarimiz, tashabbuskor yoshlarimiz - keng jamoatchilik o‘z fikr-mulohazalarini bildiradi.

Hukumat bir oy muddatda ana shu ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar bo‘yicha keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflar, fikr va mulohazalarni inobatga olgan holda, 2021 yil Davlat dasturini hamda O‘zbekistonning pandemiyadan keyingi taraqqiyot dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun kiritsin.

Shuni ta’kidlash kerakki, o‘z oldimizga qo‘ygan marralarga erishish uchun bizda tabiiy resurslar ham, kuch va imkoniyatlar ham, salohiyat ham yetarli.

Ortimizda, tog‘dek tayanch va suyanch bo‘lib turgan ko‘pmillatli xalqimiz - hayot yo‘llarida to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan mo‘’tabar nuroniylarimiz, mehnatkash, oqila opa-singillarimiz, ilg‘or va zamonaviy fikrlaydigan, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan azmu shijoatli yoshlarimiz bor.

Eng muhimi, jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va mehr-oqibat muhiti hukm surmoqda.

Biz barchamiz “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan yagona maqsad atrofida birlashib, mas’uliyat va javobgarlikni chuqur his etgan holda, fidokorona mehnat qilib, o‘z orzu-maqsadlarimizga, inshoolloh, erishamiz.

Bugun yaxshi niyatlar bilan juda katta marralarni o‘zimizga belgilab olmoqdamiz. 2021 yilda oldimizda har qachongidan ham zarur, o‘ta muhim vazifalar turibdi. Albatta, ularga erishish oson bo‘lmaydi. Hayotimizning turli sohalarida muammo va kamchiliklarimiz ham yetarli. Joylarda ishni to‘g‘ri tashkil etmaslik, ayrim rahbarlarda saviya va malaka yetishmasligi, byurokratiya, korruptsiya holatlari, loqaydlik va beparvolik kabi nuqsonlar ham borligi sir emas.

Biz bularning barchasini o‘zimizga yaxshi tasavvur etamiz. Yo‘limizda katta g‘ov bo‘lib turgan to‘siqlarni bartaraf etish uchun boshlagan islohotlarimizni og‘ishmasdan davom ettiramiz.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, yangi yilda yanada katta safarbarlik ruhida ishlashimizga to‘g‘ri keladi.

Hayot oldimizga yana qancha sinov va muammolarni qo‘yishi mumkin va biz har qanday holatga tayyor turishimiz zarur. Lekin qanchalik qiyin va murakkab bo‘lmasin, demokratik islohotlar yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz. Oldinga, faqat oldinga qarab boramiz. Va biz bunga har tomonlama qodirmiz. Chunki bugungi xalqimiz - kechagi xalq emas. Bugungi O‘zbekiston ham - kechagi O‘zbekiston emas.

El-yurtimiz hozirgi og‘ir sharoitda barcha sinov va qiyinchiliklardan yanada kuchli va irodali bo‘lib chiqmoqda. O‘zining hayoti va taqdiri, kelajagi Vatanimizning taqdiri va kelajagi bilan chambarchas bog‘liq ekanini chuqur his etmoqda.

Hech shubhasiz, o‘z kuchimiz va imkoniyatlarimizga bo‘lgan ishonch bizni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ezgu maqsad yo‘lida birlashtirib, yanada kuchli va mustahkam qilmoqda. Bu intilishlar ulkan amaliy ishlarga aylanib, buyuk xalq harakati tobora kengayib bormoqda. Bunday qudratli safda bo‘lishning o‘zi katta baxt, katta sharafdir.

Barchamizga ana shu ulug‘ safda boshqalarga ibrat va namuna bo‘lish, jonajon Vatanimiz, aziz xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan xizmat qilish nasib etsin!

Fursatdan foydalanib, sizlarni, sizlar orqali barcha vatandoshlarimizni kirib kelayotgan yangi - 2021 yil bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Yangi yilda barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka, farzandlar, nabiralarning kamolini ko‘rish baxtini tilayman.

Doimo sog‘-omon bo‘ling, katta rahmat sizlarga.

  • Ko'rildi
    43290
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

ZAYNIDDIN 2021-03-30 22:31:52

Ushbu ma'ruza orqali ta'lim tizimidagi islohotlar natijasida mamlakatimizda yoshlarga e'tibor kuchli ekanligidan xursandman.


Doniyorova Gulbahor Bobir qizi2021-02-20 15:14:21

Yurtimiz tinchligiga ko‘z tegmasin. Mustagillimiz abadiy bo‘lsin! Men shunday farovon, xalqi qadrlanadigan yurtda tug‘ilganimdan faxrlaman!!!


Рахманова Гульнара Арзеновна 2020-12-30 09:45:35

Хурматли Президентимизнинг уз Мурожаатидаги "Халқимизнинг букилмас иродаси, фидокорона меҳнати ва матонати, аҳоли ва давлат органларининг биргаликдаги саъй-ҳаракатлари туфайли мавжуд қийинчиликларни мардона енгиб ўтмоқдамиз" деган катта ишонч билан айтилган сузларидан хар биримиз рухландик , албатта хамма нарса бирликда хамжихатликда, хар бир ишни пухта уйлаб режалаштириб амалга оширсак узинин самарасини берарини яна бир бор таъкидлаб утди. Мурожаатдаги барча сохаларга алохида тухталиши, бахо бериши ва келгуси вазифаларни аник ва халкимизга кулай тарзда белгилаб берди. Биз хар биримиз Президентимизнинг кул каноти булиб вазифаларни биргаликда амалга оширишда хамийша таёр туришимиз зарур. Барчага янги йил муборак булсин. Юртимиз тинчлиги обадий булсин!


Fikringizni qoldiring

+