71 ta ish o‘rni yaratgan ayol g‘olib bo‘ldi

Sana: 11.08.2017 11:32

O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi, Fermerlar kengashi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi va kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi hamkorligida o‘tkazilgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida 100 ga yaqin tadbirkor ayol ishtirok etdi. Tanlov tadbirkor va fermer xotin-qizlar tomonidan yaratilagn mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyishi bilan boshlandi.

Tadbirda partiya viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Nortoji Yusupova, viloyat  kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi xodimi Gulchexra Kazakovalar mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga oid qabul qilingan Qonun, Farmon va qarorlar, xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar haqida so‘z yuritdilar.

–Tanlovga bu yil har qachongidan ham jiddiyroq e’tibor qaratildi, - deydi O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi ayollarning siyosiy faolligi, jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish bo‘limi mudiri Husnida Iminjanova. - Tuman, shahar bosqichlari ham keng ko‘lamda o‘tkazilib, ularda eng chekka tumanlardagi tadbirkor, fermer ayollarning ham ishtirok etishi ta’minlandi. Maqsad faqat tanlov o‘tkazishgina emas, balki xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, mahalla fuqarolar yig‘inlarida oilaviy biznesni yanada rivojlantirishga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.

Darhaqiqat, tanlovning viloyat bosqichi g‘oliblarini aniqlash hakamlar hay’ati a’zolari uchun ham oson bo‘lmadi.Ular har bir tadbirkor ayol bilan suhbat qilib, ularning tajribasi, yangi ish o‘rinlari yaratganligi, kelgusidagi rejalari, shuningdek, muammolari, takliflari bilan qiziqdilar.

Ayniqsa, Chortoq tumanidagi “Koroskon Durdona” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi faoliyati barchada katta taassurot qoldirdi. Uning 61,5 gektar yeri  bo‘lib, shundan 41 gektarida g‘alla, 20 gektarida paxta yetishtiriladi. G‘alladan hosildolik yomon bo‘lgani yo‘q. Xo‘jalik a’zolarining manfaatdorligi ham chakki emas. G‘alladan bo‘shagan 20 gektar maydonga soya, qizil loviya, kungaboqar, pomidor, bodring, mosh, sabzi kabi sabzavotlar ekildi, parvarish avjida. Bundan tashqari baliqchilik, bog‘dorchilik va asalarichilik ham yo‘lga qo‘yilgan. Eng muhimi, fermer xo‘jaligida 71 kishi ishlaydi, shundan 13 tasini kollej o‘quvchilari tashkil etadi. Boshqa tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati ham sinchkovlik bilan tahlil etildi.

Hakamlar hay’ati qarori bilan “Koroskon Durdona” fermer xo‘jaligi rahbari Nodira Mamatova birinchi, Namangan shahridagi “Nasiba” atelesi rahbari Nasiba Ayubxonova ikkinchi, Uychi tumanidagi “Sanam Uychi” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Risliqxon Jo‘rayeva uchinchi o‘ringa loyiq deb topildi.

Shuningdek, tanlovda faol ishtirok etgan tadbirkor ayollar Marg‘uba To‘rayeva “Zamonaviy tadbirkor ayol portreti”, Mohichehra Nazirova “Yilning muruvvatli ishbilarmon ayoli”, Asila Boymirzayeva “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirayotgan fermer ayol”, Dilshoda Mahmudova “Tashabbuskor ayol”, Gulnoza Sultonova esa “Bitiruvchi qizlarga eng ko‘p ish o‘rni yaratgan ishbilarmon ayol” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar.

G‘oliblarga tashkiliy qo‘mitaning diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.

Komiljon Fayziyev,

O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

76