O‘zLiDeP loyihasida ishtirok etgan xotin qizlarga 12 mlrd. so‘mdan ortiq kreditlar ajratildi

Tashriflar: 14

Sana: 06.01.2017 13:10

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal - demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Ayollarning siyosiy faolligi, jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish bo‘limi va hududiy bo‘limlari tomonidan 2016-yil - “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida, partiyaning saylovoldi dasturi hamda o‘tgan yil uchun mo‘ljallangan ish rejasi ijrosini ta’minlash maqsadida respublika miqyosida 4 ming 501 ta partiyaviy tadbirlar  va qator loyihalar asosida davra suhbatlari, uchrashuv va seminar-treninglar tashkil etildi. Ularda 393 mingdan ziyod xotin-qizlar qamrab olindi.

O‘tkazilgan tadbirlar “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, Fermerlar kengashi, O‘zbekiston kasaba Uyushmalari federatsiyasi kabi bir qator hamkor tashkilotlar hamda mamlakatimizdagi yetakchi tijorat banklarining hududiy hamda tuman bo‘limlari bilan hamkorlikda tashkil etildi. Shuningdek, 2016-yilda tizimli loyihalar asosida ko‘plab xotin-qizlarni partiya safiga qabul qilishga erishildi.

  • 2016-yil davomida “Oilaviy tadbirkorlikdan- mustahkam oilaga” nomli loyihaning tuman (shahar) bosqichlarida 561 nafar xotin-qizlarning yetakchi tijorat banklari tomonidan biznes rejalari moliyalashtirilib, 12 mlrd. 637 mln. 373 ming so‘m miqdorida kredit olishga erishildi, natijada 1302 ta yangi ish o‘rni yaratildi;
  •  “Ishbilarmon ayol” loyihasi ko‘rik tanlov shaklida yuqori saviyada tashkil etildi. Tanlov g‘oliblari va “Zamonaviy tadbirkor ayol portreti”, “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirgan fermer ayol” hamda “Tashabbuskor ayol” kabi nominatsiyalarga munosib topilgan xotin-qizlarga hamkor tashkilot va partiyaning qimmatbaho sovg‘alari topshirildi;
  • 2016-yil - “Sog‘lom ona va bola yili”da “Sog‘lom oila-mustahkam oila” loyihasi doirasida hududlarda 541 ta bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etilib, ularda 80 ming 291 nafar  xotin-qizlar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi;
  • Shuningdek, yil davomida “Diyorimizni gulzorga aylantiramiz!” aktsiyasi doirasida joylarda bir nechta O‘zLiDeP “Ayollar qanoti bog‘i” tashkil etildi;
  • 2016-yilning eng muhim siyosiy jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiyadan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi Dasturini aholi, ayniqsa, xotin-qizlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish maqsadida “Oilam va yurtimda barqaror tinchlik, farovonlik uchun ovoz beraman!” nomli targ‘ibot aktsiyasi o‘tkazildi;
  • O‘zLiDeP “Ayollar qanoti” tomonidan olib borilgan samarali targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida 2016-yilda partiya a’zolari orasida ayollarning soni 129 mingdan oshdi ya’ni, a’zolarning 37,2 foizini aynan ayollar tashkil etmoqda;

2017-yil – “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da partiya “Ayollar qanoti” o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan. Jumladan, “Ayollar innovatsion rivojlanish tarafdori”, “Xotin-qizlarning huquqiy madaniyati va ongini oshirishning dolzarb masalalari”, “Zamonaviy ayol – bunyodkor yetakchi”, “Turizmni rivojlantirish” kabi yangi loyihalarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu o‘z navbatida partiya safida tadbirkor va ishbilarmon va dono xotin-qizlar bilan yanada kengayishiga zamin yaratadi.       

O‘zLiDeP Matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!