Qatordagi norlarsiz...

Tashriflar: 39

Sana: 12.01.2017 15:23

Bir narsa ko‘ngilga taskin beradi: yurt tinchligi, Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida sadoqat kamarini mahkam taqqanlar bor ekan, onalarning kiprigi namlanmaydi, sochlari oqarmaydi. Otalarning boshlari doimo baland, qalblari g‘urur va iftixorga to‘liq bo‘ladi.

Vatanni sevish, uning har qarich yerini muqaddas bilish eng oliy fazilatdir. O‘z mustaqilligi, tinchligini asray olgan davlatgina barqaror rivojlanadi, gullab-yashnaydi.

Shuning uchun ham istiqlolning ilk kunlaridanoq mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Izchillik bilan amalga oshirilgan islohotlar tufayli nisbatan qisqa muddatda chegaralarimiz daxlsizligi, hududlarimiz xavfsizligini ta’minlashga qodir bo‘lgan ixcham va tezkor mudofaa tizimi shakl­landi. Qurolli Kuchlarimizda ma’naviy-axloqiy muhit butunlay yangilandi. Yondashuv va qarashlar tubdan o‘zgardi. Harbiy xizmatni o‘tash konstitutsiya­viy burchgina bo‘lib qolmay, balki sharafli vazifaga aylandi.

O‘zbekistonning purviqor tog‘lari, jannatmonand bog‘larigina emas, ko‘z ilg‘amas kengliklarda yastanib yotgan cho‘l-adirlari, qo‘yingki, barcha-barchasi har birimiz uchun nihoyatda aziz va mo‘‘tabardir. Chunki shu yurtning non-tuzini yeb katta bo‘lganmiz. Tinchlik va osoyishtalik esa eng katta boyligimizdir. Uni ko‘z qorachig‘iday asrash uchun biz, onalar mard va jasur o‘g‘lonlarni voyaga yetkazishimiz kerak.  Negaki, tinchlik bor joyda taraqqiyot, to‘y-tomosha bo‘ladi, tunlari xotirjam hordiq chiqaramiz, munavvar tongni ezgu niyatlar bilan qarshi olamiz. Eng muhimi, suyukli nabiralarimiz ota-onalari bag‘rida baxtiyor ulg‘ayishadi.

Mening farzandlarim – harbiy xizmatchi. Ularni sog‘inganda beixtiyor suratlariga boqaman. G‘urur va quvonch balqigan ko‘zlariga, yarashib turgan harbiy libosiga qarab ko‘zlarim yoshlanadi. Shunday dilband­larim borligidan g‘ururlanib, Yaratganga shukrona aytaman.

Bugun dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalarni, davlatlar va turli siyosiy kuchlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar kundan-kunga chigallashib borayotganini ich-ichdan his etasiz. Bu esa har birimizni doimo hushyor bo‘lishga undaydi. Zero o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol, yetuk insonlar etib tarbiyalash uchun barchamiz birdek mas’ul ekanimizni unutmasligimiz lozim. 

Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar, o‘zini el osoyishtaligi uchun burchli deb bilgan barcha yurtdosh­larimizni 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bilan chin dildan tabriklayman. Bayramingiz qutlug‘ bo‘lsin, xalqimizning mard va jasur o‘g‘lonlari!

Go‘zal IBRAGIMOVA,

O‘zLiDeP Ayollarning siyosiy faolligi,

jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish

bo‘limi yetakchi konsultanti

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!