Dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlandi

Sana: 11.08.2017 17:16

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyat Kengashi hamda Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi hamkorligida “Ishbilarmonlik muhitini va investitsiyaviy iqlimni yaxshilash borasida viloyatda olib borilayotgan ishlar” mavzuida tadbir tashkil etildi. Unda Prezidentimizning 2017 yil 19 iyundagi “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratildi.

Tadbirda so‘z olganlar, mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida xususiy mulkdorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlash borasida mustahkam qonunchilik bazasi yaratilganligi, davlat xizmatlari ko‘rsatishning to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz zamonaviy interaktiv shakllari joriy etilib, davlat bilan ishbilarmonlar o‘rtasida tizimli muloqot yo‘lga qo‘yilganligi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligi va farovonligini ta’minlashda yaqindan yordam berayotganligini alohida e’tirof etdilar.  

Viloyat Davlat Bojxona qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Shavkat Hamroqulovning ta’kidlashicha, ayni vaqtda qo‘mita tomonidan 22 turdagi interaktiv davlat xizmatlari amaliyotga joriy etilgan. Shu bilan birga tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan tovarlarni elektron dekloratsiyalash amalga oshirilgan bo‘lib, ushbu xizmat joriy qilingach, so‘nggi ikki yilda 99 foiz bojxona yuk deklaratsiyalari elektron shaklda rasmiylashtirildi. Shuni alohida ta’kidlash joiz, joriy yilning birinchi yarmida ushbu xizmatdan 10 mingdan ortiq tadbirkor foydalanib, bojxonaga murojaat etmasdan shartnomaga tegishli ma’lumotlarni bevosita elektron shaklda olgan.

– 2017 yilning o‘tgan 4 oyi mobaynida  277 ta (24 gektar) ob’ektlar ochiq tanlov savdolari orqali tadbirkorlik sub’ektlari berildi. Ikkinchi yarim yillikda esa 64 ta ob’ektlar savdoga qo‘yiladi, – deydi viloyat Arxitektura va qurilish Bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Jahongir Hazratov. – Hozirga qadar boshqarmamizga yer ajratish bo‘yicha tadbirkorlardan 41 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning barchasini ijobiy hal etish borasida amaliy ishlar qilinayapti. Bundan tashqari, boshqarma qoshidagi arxitektura-shaharsozlik kengashida 244 ta loyihalar ko‘rib chiqilib, 223 tasi tasdiqlashga tavsiya etilgan.

Tadbirda tadbirkor va fermerlarni qiziqtirgan barcha savollarga viloyat tashkilotlari va boshqarmalari rahbarlari, mutassadi vakillari, atroflicha javoblar qaytarishdi. Ayrim muammoli masalalarni shu yerning o‘zida ijobiy hal etish choralari ko‘rildi. 

               O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

56