Huquqiy qo‘llab-quvvatlash – kichik biznes faoliyati samaradorligining bosh omili

Sana: 10.01.2017 16:45

Dunyo tajribasi va yaqin tarix bozor iqtisodiyoti, mulkiy munosabatlar hamda tadbirkorlik faoliyati ustuvor va samarali ekanligini isbotladi.

O‘tgan 25 yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz davomida izchil amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida kichik biznes sohasi nafaqat shakllandi, balki uning mustahkam huquqiy poydevori yaratilib, iqtisodiyotimizning tayanchiga aylandi.

Iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish hamda aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi – tadbirkorlik – mamlakatimiz iqtisodiyotida yuz berayotgan jiddiy sifat o‘zgarishlarda o‘zining hal qiluvchi ahamiyatiga ega bo‘lib bormoqda. Ushbu ahamiyatni iqtisodiyotimiz tarkibida bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarda, yalpi ichki mahsulotning 56 foizi ayni shu sohada ishlab chiqarilayotganida, iqtisodiyot tarmoqlarida ish bilan band bo‘lgan aholining 78 foizi kichik biznes ulushiga to‘g‘ri kelayotganligida ko‘rish mumkin.

2016-yilning oktabr oyidan boshlab, mamlakatimizda yanada qulay biznes muhiti yaratish, xususiy mulkchilikning ustuvorligini mustahkamlashga yo‘naltirilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish, tadbirkorlikka ko‘proq erkinlik berish, sohada davlatning boshqaruv funktsiyalari va ruxsat beruvchi normalarni qisqartirish, davlat buyurtmalari berilishida teng sharoitlar yaratish, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar stavkalarini optimallashtirish, imtiyoz va preferentsiyalar berish, ularning eksport salohiyatini yanada oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish yangi bosqichga o‘tdi.

Xususan, davlatimiz rahbarining saylovoldi dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish munosabati bilan o'tkazilgan Oliy Majlis palatalarining qo'shma majlisidagi nutqida 2017-2021-yillarda mamlakatimizni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari harakat strategiyasi haqida aniq fikrlar bildirildi. Muhimi, ushbu Strategiyaning kechiktirib bo‘lmas vazifalari ijrosi to‘rt oy oldin boshlab yuborildi.

Jumladan, 2016-yilning 5-oktabrida imzolangan “Tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasini belgilab berdi.

Farmon bilan tasdiqlangan 42-banddan iborat chora-tadbirlar dasturi davlat hokimiyatining boshqa bo‘g‘inlari qatorida parlament oldiga ham qator vazifalar quydi. Dastur doirasida qabul qilinadigan yangi va yaxlit qonunlar bilan birgalikda avvalo, tadbirkorlik sub’ektlarining javobgarligini yanada liberallashtirish yuzasidan “Tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi.

Ushbu Qonun orqali O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Soliq hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qodekslariga, shuningdek qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Mazkur o‘zgarishlar orqali tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga bo‘lgan muayyan huquqdan mahrum etish tarzidagi jazoni tayinlashga yo‘l qo‘ymaslik, moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida birinchi marta jinoyatlar sodir etgan shaxslar yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplagan taqdirda ularni javobgarlikdan ozod etishni nazarda tutuvchi, jinoiy ishlar bo‘yicha taftishlar o‘tkazishni protsessual jihatdan aniq tartibga solishga qaratilgan normalar kiritildi.

Bu o‘zgarish va yangiliklar, mamlakatimizdagi investitsiya, ishbilarmonlik muhiti va biznes yuritish sharoitining bugungi holatini erkin bozor iqtisodiyotining talab va printsiplariga, umumiy xalqaro normalarga to‘liq javob berishi uchun kiritilmoqda va albatta, tadbirkorlar huquq va manfaatlarini himoyalash mexanizmlarini takomillashtirish bundan buyon ham izchil davom etadi. Bu o‘z navbatida, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga yanada ko‘proq erkinlik berishga, ularning mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmidagi ulushini oshirishga, bajariladigan ishlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati va ko‘lami ortishi pirovardida iqtisodiy qudratimizni yuksaltiradi, mamlakatimiz aholisining turmush darajasini yanada yaxshilashda salmoqli ahamiyat kasb etadi.

Parlament ham biznes vakillarining huquq va manfaatlarini himoya qilishning yangi mexanizmlarini izlab topish, qonunlar ijrosi yuzasidan nazorat-tahlil faoliyati ko‘lamini kengaytirishga e’tiborni kuchaytirmoqda.

Doniyor Abdukadirov,

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

225