Intellektual salohiyatli yoshlar — yurt tayanchi

Tashriflar: 74

Sana: 18.03.2017 17:11

Yosh avlodning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi uchun zarur shart-sharoit yaratish, jismoniy hamda ma’naviy jihatdan yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishini ta’minlash, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani va sohani takomillashtirishga oid ishlar yangi sur’atlarda izchil davom ettirilayotgani buning amaliy ifodasidir. 

Ma’lumki, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan maqsad va vazifalarning hayotga joriy etilishi natijasida yurtimizda 1 ming 500 dan ziyod o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari barpo etildi hamda bugun ularda millionlab yoshlarimiz ta’lim-tarbiya olmoqda. Har yili kasb-hunar kollejlarini tamomlayotgan 500 ming nafar yoshlar bir yoki bir necha ixtisoslik bo‘yicha kasbga ega bo‘layotgan bo‘lsa, respublikamizdagi mavjud akademik litseylarni o‘rtacha 35 ming nafar yigit-qiz bitirib chiqayapti. 

Bilamizki, akademik litseylar bitiruvchilarining birinchi yildayoq  oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi mazkur  ta’lim muassasalari faoliyatining eng muhim va asosiy ko‘rsatkichi hisoblanadi. Biroq ochig‘ini aytish kerak, bu boradagi natijalar qoniqarli emas. Ayrim akademik litseylar bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari o‘ta pastligicha qolmoqda. Keyingi paytlarda yurtdoshlarimizni “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kira olmagan akademik litsey bitiruvchilarining kelajagi nima bo‘ladi, ularning bandligini ta’minlash masalasi qanday hal etiladi?” degan haqli savol o‘ylantirib kelayotgani ushbu masalaning, haqiqatan ham, dolzarbligini ko‘rsatayotgan edi.     

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 14 martdagi “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur sohadagi mavjud muammolarni hal etish, akademik litseylarda o‘quv jarayonining sifati va samaradorligini oshirish, bu maskanlarda ta’lim berish uchun umumta’lim maktablarining eng qobiliyatli bitiruvchilarini saralab olish, muhimi, yoshlarning o‘zlari tanlagan kasb va mutaxassisliklarni egallashiga keng imkoniyat yaratish kabi aniq maqsadlarga yo‘naltirilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir. 

Binobarin, ushbu qaror bilan ayrim akademik litseylarning kasb-hunar kollejlariga aylantirilishi belgilandi. Bu esa mazkur ta’lim muassasalari bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish huquqi saqlab qolingan holda, bir yoki bir nechta ixtisoslik bo‘yicha kasbga ega bo‘lishini ta’minlaydi. Akademik litseylar bitiruvchilariga maxsus chuqurlashtirilgan tayyorgarlikni talab etmaydigan alohida mutaxassisliklar berilishining yo‘lga qo‘yilishi bilan kelgusida bitiruvchilarning bandligini ta’minlash imkoniyatlari ham ortadi. Shuningdek, mazkur hujjatga asosan qabul qilingan chora-tadbirlar dasturi o‘quv jarayoni samaradorligi yanada ortishiga hamda akademik litseylar bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi ko‘rsatkichlari oshishiga xizmat qiladi. 

Qarorda umumta’lim maktablarining eng iste’dodli o‘quvchilarini tanlash, o‘qishni oliy ta’lim muassasalarida davom ettirishga maqsadli chuqur tayyorlash, ta’lim jarayonini tashkil qilishning zamonaviy shakllarini joriy etish va uning mazmunini doimiy ravishda yangilab borish kabilar akademik litseylarning muhim vazifalari va asosiy faoliyati yo‘nalishlari etib belgilab qo‘yilgani e’tiborga molik. Ayniqsa, o‘quv guruhlari tarkibi 26 nafar o‘quvchidan ortiq bo‘lmagan tarzda shakllantirilib, chuqurlashtirib o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha amaliy, laboratoriya va seminar mashg‘ulotlari ikkita kichik guruhga ajratilgan holda o‘tkazilishining yo‘lga qo‘yilishi, shak-shubhasiz, ta’lim sifati va samaradorligini yuksaltiradi.  

Umuman aytganda, mazkur qarorda akademik litsey bitiruvchilariga mutaxassisliklar berilishi, akademik litseylarning o‘quv rejalari va dasturlarini tanqidiy qayta ishlab chiqish kabi chora-tadbirlarning ko‘zda tutilgani va uning hayotga tatbiq etilishi ushbu sohaning yanada rivojlanishiga, intellektual salohiyatli yoshlar safi kengayishiga zamin yaratadi. 

Abdurashid ABDUQODIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O'zLiDeP fraksiyasi a'zosi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!