Tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilish – Qonunning bosh maqsadi

Tashriflar: 164

Sana: 12.01.2017 14:43

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni joriy yilning 1 yanvaridan e’tiboran kuchga kirdi.

Davlatimiz rahbarining 2016-yil 5-oktabrdagi Farmoni ijrosi doirasida qabul qilingan mazkur Qonun mamlakatimizda tadbirkorlikka keng yo‘l ochish, ular faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarga yo‘l qo‘ymaslik, bu boradagi huquqiy kafolatlarni kuchaytirishga qaratilgan bo‘lib, amaldagi 13 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

«Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida»gi, «Davlat soliq xizmati to‘g‘risida»gi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi, «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi, «Xususiy korxona to‘g‘risida»gi, «Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi, «Xususiy bank va moliya institutlari hamda ular faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, shuningdek Soliq, Byudjet, Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi kodekslari shular jumlasidandir.

Mazkur qonunlarga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorlarni va ularning xodimlarini, shuningdek, davlat ro‘yxatidan o‘tkazmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirgan shaxslarni, agar yetkazilgan zararning o‘rni ular tomonidan huquqbuzarlik aniqlangan paytdan e’tiboran o‘ttiz kun ichida qoplangan va huquqbuzarlik oqibatlari ixtiyoriy ravishda bartaraf etilgan, tadbirkorlik sub’ektining ro‘yxatdan o‘tkazilishi ta’minlangan va zarur bo‘lgan ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirgan taqdirda, javobgarlikning barcha turlaridan ozod etish belgilandi.

 Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etish tarzidagi jinoiy jazoni qo‘llashga taqiq belgilash nazarda tutilgan.

Ushbu qoidalar tadbirkorlik sub’ektlarini ikki tomonlama jazolashni istisno etibgina qolmay, balki ilk bor huquqbuzarlik sodir etgan va o‘z aybini anglab yetgan fuqarolarga hech qanday salbiy oqibatlarsiz tadbirkorlik faoliyatini davom ettirish imkoniyatini beradi, ularning ishbilarmonlik borasidagi faolligini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Qonun bilan nazarda tutilgan muhim yangiliklardan biri – bu rejadan tashqari tekshirishlar, shuningdek jinoyat ishlari bo‘yicha muqobil tekshirishlarning barcha turlari bekor qilingani hisoblanadi.

Ayni paytda jinoyat-protsessual qonunchiligida qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha moliya-xo‘jalik faoliyati tekshiruvlarni (taftishlarni) tayinlash, o‘tkazish va ularning muddatini uzaytirishning aniq protsessual tartibi belgilab qo‘yildi. Qonunchilikka kiritilgan ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga asossiz aralashishlarga va ularning faoliyati tuxtatib qo‘yilishiga yo‘l kuymaslikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.  

Mazkur Qonun bilan shuningdek, ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilash, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga doir boshqa bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar ham nazarda tutilgan.  

Ushbu Qonunning amalda samarali tatbiq etilishi mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishning asosiy omili sifatida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish yo‘lidagi ma’muriy g‘ov va sun’iy to‘siqlarni bartaraf etish va iqtisodiyotimizning yanada jadallik bilan rivojlanishiga asos bo‘lishi shubhasiz.

Mazkur Qonunning samarali ijrosini ta’minlashda parlament nazorati shakllaridan keng foydalanish, tadbirkorlar, fermerlar va aholi barcha qatlamlari vakillari bilan doimiy muloqot olib borish, ularni o‘ylantirayotgan muammolarni yechish oldimizda turgan muhim vazifamizdir.

Rahimjon HAKIMOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!