Xususiylashtirilgan korxonalar faoliyati samaradorligi oshiriladi

Tashriflar: 19

Sana: 20.04.2017 15:37

O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida iqtisodiyotda davlatning ishtirokini qisqartirishga qaratilgan tizimli va institutsional islohotlarni davom ettirish, xususiy mulkning ustuvor roli va huquqiy himoyasini kuchaytirish iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va  liberallashtirishdagi muhim vazifa hisoblanadi.

Joriy yil 18-aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmon xususiy mulk va tadbirkorlikni taraqqiy toptirishga oid davlat siyosatini sifat jihatidan o‘zgartirishga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatli bo‘lib, unda bu borada aniq choralar belgilangan.  

Davlatimiz rahbarining mazkur Farmoni bilan bir qatorda, “Xususiylashtirilgan korxonalar bilan ishlash samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu huquqiy nuqtai nazardan, huquqni qo‘llash intizomini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi, tegishli hujjatlarda belgilangan choralarning ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash bo‘yicha mansabdor shaxslarning mas’uliyatini yuksaltirishga qaratilgan ijobiy amaliyot hisoblanadi.  

Farmonga asosan, O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil qilindi. Shu tariqa davlat ushbu organ orqali xususiy sektorga ko‘maklashadi va bu, o‘z navbatida, tadbirkorlar hamda xorijiy investorlarga keng imkoniyatlarni ochib beradi.  

Ma’lumki, Prezidentimiz mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida “nol” qiymati bo‘yicha sotilgan 1027 ta ob’ektdan foydalanish samaradorligi pastligini ta’kidlagan edi. Shu munosabat bilan xususiylashtirilgan korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini tiklash va samaradorligini oshirishni har tomonlama keng qo‘llab-quvvatlash, shu asosda yangi ish o‘rinlarini yaratish, ushbu maqsadlarda vakolatli davlat organlari, moliya hamda boshqa bozor tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtirish yangi davlat qo‘mitasining ustuvor vazifalari sifatida belgilab qo‘yildi. Qo‘mita, shuningdek, Savdo-sanoat palatasi hamda mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan mustahkam hamkorlikdagi faoliyatni muvofiqlashtiradi, respublika va hududlar darajasidagi barcha tadbirkorlik sub’ektining hisobga olinishini ta’minlaydi.

Buning uchun mavjud barcha resursni amaliyotga tatbiq etish, zarur bo‘lsa, sifat jihatidan yangi shart-sharoitlar yaratish, jumladan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatidan keng va samarali foydalanish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, tarmoqlar, hududlar va turli xususiylashtirish shakllari bo‘yicha muttasil yangilanib turuvchi ma’lumotlar bazasini hamda xususiylashtirilgan ob’ektlar reyestrini, shuningdek, davlat aktivlari reyestrini shakllantirish qo‘mitaning yana bir ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etildi. Ma’lumotlar bazasi va tegishli reyestrlarning sifatli ishlashini ta’minlash, o‘z navbatida, soliq, statistika va kadastr organlariga xususiylashtirilgan ob’ektlardan samarali foydalanilayotgani bo‘yicha ijobiy va salbiy tendensiyalarini o‘z vaqtida aniqlash imkonini beradi. 

Ta’kidlash joizki, olib borilayotgan sa’y-harakatlar tadbirkorlar manfaati yo‘lida samarali ishlashi, mamlakat iqtisodiyotiga foyda keltirishi, aholi daromadlarining oshishiga xizmat qilishi lozim. Farmonga ko‘ra, xususiylashtirilgan ob’ektlar negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga biznes yuritish va biznes-rejalarni ishlab chiqish asoslari, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi qonunchilik, menejment, moliyaviy boshqaruvga o‘qitish ko‘zda tutilgani bu borada muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur o‘quv mashg‘ulotlari 2017-yil 1-iyundan boshlab, kasb-hunar kollejlarining binolarida o‘quv mashg‘ulotlaridan bo‘sh vaqtda faoliyat yuritadi. 

O‘z navbatida, biz, deputatlar Prezidentimizning ushbu Farmon va qarorining mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng tushuntirishimiz, tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda sohadagi yangiliklarning ahamiyatiga e’tibor qaratgan holda, uni targ‘ib etishimiz maqsadga muvofiqdir. Albatta, bularning barchasi pirovardida milliy iqtisodiyotimizning hal qiluvchi kuchi hisoblangan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Elbek SHUKUROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O`zLiDeP fraksiyasi a’zosi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!