Italiyaning yetakchi nashrlari O’zbekistonning sayyohlik salohiyati haqida

Tashriflar: 11

Sana: 17.04.2017 14:51

O’zbekiston bag’rida joylashgan ko’p sonli noyob tarixiy yodgorliklar, ko’hna me'morchilik durdonalari, shuningdek, o’lkamiz  tabiatining go’zalligi dunyoning ko’pgina mamlakatlarida kuzatilayotgani singari Italiya ommaviy axborot vositalarining ham e'tiborini o’ziga tortmoqda. 

Masalan, yaqinda mazkur mamlakatda nashr etiladigan ommabop “Repubblica” kundalik gazetasi, “National Geographic Italia” va “Archeo” ilmiy-publitsistik jurnallarida O’zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag’ishlangan maqolalar bosilib chiqdi.

“La Repubblica” sahifasida e'lon qilingan maqolada muallif O’zbekistonni o’xshashi va tengi yo’q mamlakat, deya ta'riflar ekan, ko’p asrlar davomida o’lkamiz Buyuk Ipak yo’lida G’arb va Sharq o’rtasidagi ko’prik sifatida xizmat qilganini qayd etadi.

Nashr o’z o’quvchilarining e'tiboriga mamlakatimizning diqqatga sazovor maskanlari haqidagi atroflicha ma'lumotlarni taqdim etgan. Maqolada Buxoroga “Markaziy Osiyoning eng tabarruk shahri”, deya ta'rif berilgan. “Bu yerda yoshi necha-necha asrlarga teng imoratlar va ko’hna qal'a qaror topgan bo’lib, ular bugungi kunlarimizgacha yetib kelgan. Buxoroda ko’hna maktablar, bozor va karvonsaroylar joylashgan yo’llar bo’ylab V asrdan 1920-yilga qadar hukmdorlarning qarorgohi bo’lgan Ark qal'asiga borishingiz mumkin. Minorai kalon mo’'jizali me'moriy yodgorlik hisoblanadi, u to’qqiz asrlik tarixga ega bo’lgan go’zal minoradir”, deb yozadi muallif.

Ertakmonand O’zbekiston bilan o’quvchilarni tanishtirishda davom etar ekan, muallif Qizilqum sahrosi orqali “ochiq osmon ostidagi muzey shahar” - Xivaga borish mumkinligini ma'lum qilgan. Mazkur shaharda zamonaviy xizmatlar muvaaffaqiyat bilan rivojlanib borayotgani, mehmonxonalarda Wi-Fi va boshqa zamonaviy qulayliklar mavjulligi, hunarmandlar qo’llari bilan yasalayotgan an'anaviy yog’och buyumlar bugungi kunda dunyoning turli burchaklariga eksport qilinayotgani ham qayd etilgan. Muallif bu yerda moziyga sayr etish vositasida cheksizlik muhitini his qilish mumkinligini alohida ta'kidlaydi.

Maqolada Sharq gavhari - Samarqandda joylashgan tarixiy-me'moriy yodgorliklar haqida ham atroflicha  ma'lumotlar o’z ifodasini topgan. Muallif taniqli italiyalik qo’shiqchi Roberto Vekkioni ijrosida aytiladigan "Samarcanda” ashulasi alohida shuhrat qozonganini ta'kidlaydi.

Sayyohlik va arxeologiyaga oid xabar-maqolalarni chop etishga ixtisoslashgan “Archeo” jurnali ham Samarqand va uning shonli tarixiga oid maqolani chop etgan. “Samarqandda uchrashuv - tarix va shaharning qadimgi yodgorliklari” sarlavhasi ostida bosilib chiqqan mazkur maqolada eramizning VIII asridan e'tiboran ushbu shaharning paydo bo’lishi va rivojlanishi, Afrosiyob shaharchasining vujudga kelishiga oid ma'lumotlar jurnalxonlarning e'tiboriga havola etilgan. Shuningdek, nashr 2017-yilning sentyabrida Italiyada “Buyuk Ipak yo’li bo’ylab sayohat” nomli monografiya 40 ming nusxada savdoga chiqarilishi ham jurnalxonlarga ma'lum qilgan. 

Dunyodagi sayohatchilik haqidagi eng ommabop nashr - “National Geographic” jurnali esa jurnalist Mark Sinotta qalamiga mansub “Yerosti Everesti” (L'Everest sotterraneo) sarlavhali maqolani chop etdi. Unda jahonning eng chuqur g’orlaridan biri - O’zbekistonning Boysun tog’ida joylashgan “Qorong’u yulduz” g’ori haqida hikoya qilinadi. Muallif Italiya, Isroil va Rossiyaning 31 nafar olimi va nemis jurnalisti M.Sinottadan iborat xalqaro ekspeditsiya  tomonidan olib borilgan tadqiqotlar tafsilotlarini atroflicha qalamga olgan.

“Jahon” AA,

 Rim

O‘zLiDePning Facebook’dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!