Kun.uz: “Yosh fermer” ko'rik-tanlovining respublika bosqichi g'oliblari aniqlandi

Sana: 22.03.2017 1:22

Samarqandda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo'mitasi va O'zbekiston Fermerlari kengashi hamkorligida “Vatanimiz taraqqiyoti uchun barchamiz birdek mas`ulmiz!” shiori ostida “Yosh fermer” ko'rik-tanlovining yakuniy respublika bosqichi tashkil etildi. Bu haqda O‘zLiDeP Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur tanlovning birinchi kunida ishtirokchilarning o'z fermer xo'jaliklarida yetishtirgan qishloq-xo'jaligi mahsulotlari ko'rgazmasi tashkil etilib, hakamlar hay`ati tomonidan baholab borildi.

Ko'rgazma davomida fermer xo'jaliklari rahbarlari, agrar sohada muayyan tajribaga ega mutaxassis-ekspertlar, olimlar, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, issiqxona, baliqchilik, asalarichilik, parrandachilik bilan shug'ullanuvchi tadbirkor va dehqon xo'jaliklari rahbarlari yosh fermerlarga zarur maslahat va tavsiyalar berishdi.

Tanlov davomida meva–sabzavot, chorvachilik va parrandachilikka va boshqa yo'nalishlarga  ixtisoslashgan fermerlarning aholi farovonligi yo'lida amalga oshirayotgan loyihalari bilan yaqindan tanishdik. Bugungi tanlovda bildirilgan ushbu yuksak ishonch tajribamizni oshirishga, ko'proq izlanishga, yanada fidoyi va faol bo'lishga undaydi. 

Tadbirning ikkinchi kuni ishtirokchilar Samarqand tumanidagi “SamPromXolod”, “Agromir” qo'shma korxonalari, “A`zam Azamat Agro”, “Istiqlol shu`lasi” ko'p tarmoqli fermer xo'jaliklariga sayohat ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Ular bu maskanlarda qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash, saqlash va eksport qilish, intensiv bog'dorchilikni tashkil etish, yilning turli fasllarida sabzavot ekinlari yetishtirish jarayonlari bilan tanishdi. 

Tanlov yakuniga ko'ra, Gran-prini Samarqand viloyatining “Domla Abroriy umr” fermer xo'jaligi boshlig'i A.Rabbimov qo'lga kiritdi. Surxondaryo viloyati “Shuhrat muxtor” fermer xo'jaligi rahbari Sh.Toshpo'latov birinchi, Buxoro viloyatidagi “Qo'chqor bobo” fermer xo'jaligi rahbari X.Kamolov, Andijon viloyati “Doniyorbek bog'i” fermer xo'jaligi boshlig'i D.Qodirov ikkinchi o'ringa sazovor bo'ldi. 

Tanlov ishtirokchilari bir qator qo'shimcha nominatsiyalar bo'yicha rag'batlantirildi. 

kun.uz

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

 

227