O‘zLiDeP va bank:Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi mutasaddi rahbarlari hisobot berdi

Tashriflar: 60

Sana: 11.01.2017 16:21

Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining ijrosi yuzasidan Markaziy bank Namangan viloyat bosh boshqarmasi mutasaddi rahbarlarining hisoboti tinglandi.

Qayd etildiki, mazkur Farmon ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilash, davlat organlari, eng avvalo, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalar bilan o‘zaro munosabatlardan tortib tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, javobgarligini erkinlashtirish kabi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatining deyarli barcha jihatlarini qamrab olgan.

– Mamlakatimizda yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhiti va xususiy mulk egalariga yaratilayotgan imkoniyatlar bugun har tomonlama o‘zini oqlamoqda, – deydi Markaziy bank Namangan viloyat bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Odiljon Hamraev. –Bugun bankdan imtiyozli kredit olib, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan, natijada ham oilasi daromadiga, ham mamlakatimiz iqtisodiyoti o‘sishiga katta xissa qo‘shib kelayotgan tadirkorlar safi yil sayin kengaymoqda. Zotan, hozirda viloyatda 22 ta tijorat banklari filiali tomonidan tadbirkorlikka qiziqishi baland bo‘lgan yoshlar o‘rtasida kredit olish tartibi, imtiyozlari haqida keng tushunchalar berib borilmoqda. Bankdan bog‘dorchilik, chorvachilik, hunarmandchilik, xizmat ko‘rsatish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha imtiyozli kreditlar berilishi tushuntirilmoqda.

Tadbirda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”ning asosiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, davlat idoralarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari yuzasidan yondashuvni tubdan qayta ko‘rib chiqish, bu borada aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy etish kerakligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish davomida deputatlar bank mutasaddilarning axborotini eshitib, bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirish, takomillashtirish zarurligini, faqat targ‘ib etish bilan kifoyalanmay, yoshlarni  tadbirkorlikka kengroq jalb etish, ularga biznes rejalar tuzishga ko‘maklashish kerakligini qayd etishdi.      

Yig‘ilish so‘nggida kun tartibdagi masalalar muhokama qilinib, O‘zLiDeP deputatlik guruhining tegishli qarori qabul qilindi.

Komiljon Fayziyev,

O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi

Matbuot xizmati rahbari

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!