"O‘zbekiston" milliy stendi ishtirokchilar e’tiborini tortmoqda

Tashriflar: 31

Sana: 16.03.2017 13:57

Moskva shahrida bo‘lib o‘tayotgan “MITT – 2017” xalqaro turizm ko‘rgazmasida O‘zbekiston sayyohlik salohiyati keng namoyish qilinmoqda. 

Mamlakatimiz sayyohlik tashkilotlari dunyoning ko‘plab davlatlarida tashkil etilayotgan xalqaro sayyohlik yarmarkalarida faol ishtirok etib, O‘zbekistonning turizm salohiyatini keng targ‘ib qilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasidan ma’lum qilishlaricha, “MITT – 2017” xalqaro ko‘rgazmasida “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “Central Asia Travel”, “Marco Polo CAT”, “Compass Tour”, “Azimut Samarkand Travel”, “Oriental Tales”, “Shahriyor-Tur” kabi sayyohlik kompaniyalari ishtirok etmoqda. 

185 mamlakatdan ikki mingga yaqin sayyohlik firma va kompaniyasi vakillari, ekspert va mutaxassislar qatnashayotgan ko‘rgazma sayyohlik sanoatining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan. 

O‘zbekiston mazkur xalqaro sayyohlik yarmarkasida bir necha yildan buyon faol qatnashib kelmoqda. 2016-yilgi yarmarkada mamlakatimiz milliy stendi “Eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishi taqdimoti” maqomiga sazovor bo‘lgan edi. 

Bu gal ham “O‘zbekiston” milliy stendi o‘ziga xos yangi dizayni, bezaklari va mazmunan boyligi bilan ko‘rgazma ishtirokchilari e’tiborini tortmoqda. Unda mamlakatimiz tarixiy obidalari, xalqimizning milliy an’ana va qadriyatlari aks etgan. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Toshkent va boshqa tarixiy shaharlarimizning diqqatga sazovor joylariga oid rang-barang ma’lumotlar, xalq hunarmandligi buyumlari yarmarka ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. 

Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston delegatsiyasining Moskvada qator tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan. Muzokaralar davomida hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar yuzasidan fikr almashiladi. 

O‘zA
 
O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!