Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida

Tashriflar: 232

Sana: 11.01.2017 10:21

O‘zbekiston Respublikasining Qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2016-yil 24-noyabrda qabul qilingan

Senat tomonidan 2016-yil 13-dekabrda ma’qullangan

 

1-bob.     Umumiy qoidalar 

1-modda.    Ushbu Qonunning maqsadi

 

Ushbu Qonunning maqsadi ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

 

2-modda.    Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

 

Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

 

3-modda.    Asosiy tushunchalar

 

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

kamera  — maxsus qabulxonada joylashgan, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan xona;

maxsus qabulxona — ichki ishlar organlari tizimiga kiradigan, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus muassasa;

maxsus qabulxona ma’muriyati — maxsus qabulxonani boshqarishni amalga oshiruvchi maxsus qabulxona boshlig‘i va uning o‘rinbosarlari;

maxsus qabulxona xodimlari — ma’muriy qamoqni o‘tash rejimini ta’minlash majburiyatlarini bajarayotgan ichki ishlar organlarining safdorlar, serjantlar va ofitserlar tarkibidagi shaxslari;

ma’muriy qamoqqa olish — ma’muriy jazo turi bo‘lib, u shaxsni jamiyatdan vaqtincha ajratib qo‘yish sharoitlarida saqlashdan iborat va uch sutkadan o‘n besh sutkagacha bo‘lgan muddatga, favqulodda holat rejimi sharoitlarida esa jamoat tartibiga tajovuz qilganligi uchun o‘ttiz sutkagacha bo‘lgan muddatga qo‘llaniladi;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxs — o‘ziga nisbatan ma’muriy qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqarilgan fuqaro.

 

4-modda.    Ma’muriy qamoqni o‘tashning asosiy prinsiplari

 

Ma’muriy qamoqni o‘tashning asosiy prinsiplari qonuniylik, insonparvarlik, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishdan iboratdir.

 

5-modda.    Ma’muriy qamoqni o‘tash asosi

 

Tuman (shahar) sudi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudyasining qarori, favqulodda holat rejimi sharoitlarida esa, shuningdek harbiy komendantning yoki ichki ishlar organi boshlig‘ining qarori ma’muriy qamoqni o‘tash uchun asos bo‘ladi.

 

6-modda.    Maxsus qabulxonalarning huquqiy holati

 

Maxsus qabulxonalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladi, qayta tashkil etiladi va tugatiladi.

Maxsus qabulxonalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzurida tashkil etiladi.  

Maxsus qabulxonalar yuridik shaxs bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.

 

2-bob.    Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish, joylashtirish va saqlash tartibi

 

7-modda.     Ma’muriy qamoqqa olingan shaxsni qabul qilish tartibi

 

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxs maxsus qabulxonaga hududiy ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan keltiriladi.

Maxsus qabulxonaga qabul qilish chog‘ida ma’muriy qamoqqa olingan shaxsga nisbatan shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish, barmoq izlarini ro‘yxatga olish, ushbu shaxsni fotosuratga olish, undagi mavjud ashyolarni ko‘zdan kechirish, shuningdek tibbiy ko‘rik amalga oshiriladi.

Maxsus qabulxona ma’muriyati ma’muriy qamoqqa olingan shaxs maxsus qabulxonaga joylashtirilgan paytdan boshlab unga u maxsus qabulxonaga joylashtirilganligi to‘g‘risida advokatga, qarindoshlariga yoxud boshqa shaxslarga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilish yoki xabar qilish huquqini berishi shart. Agar maxsus qabulxonaga joylashtirilgan shaxs chet el fuqarosi bo‘lsa, uning maxsus qabulxonaga joylashtirilganligi to‘g‘risidagi yozma bildirish yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuborilishi kerak.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonaga  qabul qilish kechayu kunduz amalga oshiriladi.

 

8-modda.      Ma’muriy qamoqqa olingan shaxsni shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish va uning ashyolarini ko‘zdan kechirish

 

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxs maxsus qabulxonaga keltirilganda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Ma’muriy qamoqqa olingan shaxsda mavjud bo‘lgan hujjatlar, pul mablag‘lari, qimmatbaho buyumlar, narsalar va boshqa ashyolar ham ko‘zdan kechirilishi lozim.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxsdan hujjatlar, pul mablag‘lari, qimmatbaho buyumlar, narsalar va boshqa ashyolar olib qo‘yiladi, bundan ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar ichki tartib qoidalariga muvofiq o‘zida olib qolishi va foydalanishi mumkin bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, eng zarur narsalar, kiyim-bosh, poyabzal, o‘zga narsalar va boshqa ashyolar mustasno. Olib qo‘yilgan hujjatlar, pul mablag‘lari, qimmatbaho buyumlar, narsalar va boshqa ashyolar shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda ashyolarni ko‘zdan kechirish bayonnomalarida ularning tavsiflari va identifikatsiya raqamlari sanab o‘tilgan holda ko‘rsatiladi.

Dori vositalari ro‘yxat bo‘yicha tibbiyot punktiga topshirilib, alohida saqlanadi va ma’muriy qamoqqa olingan shaxsga uning imzosi olingan holda, maxsus qabulxona tibbiyot xodimining ko‘rsatmasi bo‘yicha qaytariladi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxsdan topilgan, saqlanishi, tarqatilishi, iste’mol qilinishi va foydalanilishi taqiqlangan narsalar va boshqa ashyolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olib qo‘yiladi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxsda mavjud bo‘lgan, ichki tartib qoidalariga ko‘ra saqlanishi va foydalanilishi taqiqlangan narsalar va boshqa ashyolar ushbu shaxsning maxsus qabulxonada bo‘lishi davrida olib qo‘yiladi hamda u ozod qilinguniga qadar alohida jihozlangan joylarda saqlanadi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxsni sanitariya ishlovidan o‘tkazish va shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish maxsus qabulxonaning ma’muriy qamoqqa olingan shaxs bilan bir jinsda bo‘lgan xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. 

 

9-modda.     Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni joylashtirish va saqlash

 

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar maxsus qabulxonalarda saqlanadi va ushbu Qonunning 20-moddasi talablariga rioya etilgan holda umumiy kameralarga yoki bir kishilik kameralarga joylashtiriladi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni kameralarda alohida-alohida joylashtirish ularning shaxsi va psixologik jihatdan mosligi hisobga olingan holda amalga oshiriladi. Chekuvchilar, qoida tariqasida, chekmaydiganlardan alohida joylashtiriladi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni joylashtirish chog‘ida erkaklarning ayollardan alohida joylashtirilishi ta’minlanishi shart.

Quyidagilar ma’muriy qamoqqa olingan boshqa shaxslardan alohida joylashtiriladi:

chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;

yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlar yoki tibbiy kuzatuvga muhtoj bo‘lgan shaxslar;

sobiq sudyalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning sobiq xodimlari, sobiq advokatlar;

hayoti va sog‘lig‘ining xavfsizligini ta’minlash manfaatlaridan kelib chiqqan holda ayrim shaxslar.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni bir kishilik kameralarda saqlash ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilishini ta’minlashning boshqa imkoniyati mavjud bo‘lmagan taqdirda amalga oshiriladi.

 

10-modda.    Maxsus qabulxonadagi ichki tartib

 

Maxsus qabulxonada rejimni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan ichki tartib qoidalari tasdiqlanadi.

Ichki tartib qoidalarida maxsus qabulxonaning namunaviy tartibi, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning maxsus qabulxonadagi xulq-atvori qoidalari, shuningdek:

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va kameralarga joylashtirish;

maxsus qabulxona hududiga kirishda va hududidan chiqishda shaxslarning ashyolarini, kiyim-boshini va poyabzalini ko‘zdan kechirish, shuningdek kirayotgan va chiqayotgan transport vositalarini ko‘zdan kechirish, taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlarini, narsalarni va boshqa ashyolarni olib qo‘yish;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularning barmoq izlarini ro‘yxatga olish, ushbu shaxslarni fotosuratga olish, ularda mavjud bo‘lgan hujjatlar, pul mablag‘lari, qimmatbaho buyumlar, narsalar va boshqa ashyolarni ko‘zdan kechirish, ular saqlanayotgan xonalarni ko‘zdan kechirish;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslardan hujjatlar, pul mablag‘lari, qimmatbaho buyumlar, narsalarni hamda saqlash va foydalanish taqiqlangan boshqa ashyolarni olib qo‘yish;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning moddiy-maishiy ta’minoti, shu jumladan ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarda bo‘lishi mumkin bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarining, eng zarur narsalarning, kiyim-boshning, poyabzalning, o‘zga narsalarning hamda boshqa ashyolarning nomi va soni;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning tibbiy-sanitariya ta’minoti;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, eng zarur narsalar, kitoblar, qog‘oz va kanselyariya ashyolarini sotib olish;

pochta jo‘natmalarini va yo‘qlovlarni qabul qilib olish hamda ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga berish, shuningdek ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar tomonidan pochta jo‘natmalarini va yo‘qlovlarni jo‘natish;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar tomonidan pul jo‘natmalari olish;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning har kungi sayrlarini o‘tkazish;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning uchrashuvlarini o‘tkazish, shuningdek ular tomonidan telefon orqali so‘zlashuv huquqini amalga oshirish;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning diniy rasm-rusumlarni ado etishi;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida, davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovda va O‘zbekiston Respublikasining referendumida qonun hujjatlariga muvofiq ishtirok etishi;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni mehnatga jalb etish;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning arizalar, takliflar va shikoyatlar yuborishi;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning maxsus qabulxona boshlig‘i va u vakolat bergan shaxslar tomonidan shaxsan qabul qilinishi;

ma’muriy qamoqqa olingan, maxsus qabulxonada vafot etgan shaxslarning jasadlarini berish;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonadan ozod qilish tartibi belgilanadi.

 

11-modda.   Nazorat va tekshiruvning texnik vositalari

 

Maxsus qabulxonalarda jinoyatlar va boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishining, ichki tartib qoidalari buzilishlarining oldini olish hamda ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning xulq-atvori to‘g‘risida zarur axborot olish uchun nazorat va tekshiruvning audiovizual, elektron vositalaridan va boshqa texnik vositalaridan foydalaniladi, ushbu vositalarning ro‘yxati hamda ulardan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.

Maxsus qabulxona ma’muriyati nazorat va tekshiruvning texnik vositalari qo‘llanilayotganligi haqida ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni xabardor etishi shart.

 

3-bob.       Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning huquqiy holati

 

12-modda.  Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning huquqiy holati asoslari

 

O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy qamoqqa olingan fuqarolari qonunda belgilangan cheklovlar inobatga olingan holda huquqlar va erkinliklardan foydalanadi, shuningdek majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi.

Ma’muriy qamoqqa olingan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, qonunda nazarda tutilgan cheklovlar inobatga olingan holda huquqlar va erkinliklardan foydalanadi, shuningdek majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi.

 

13-modda.    Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning huquqlari

 

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar quyidagi huquqlarga ega:

ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi va sharoitlari, o‘z huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida axborot olish;

arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish;

maxsus qabulxona boshlig‘iga yoki u vakolat bergan shaxslarga shaxsan qabul qilish to‘g‘risida murojaat qilish;

o‘zlarining shaxsiy xavfsizligi va sog‘lig‘i saqlanishi ta’minlanadigan sharoitlarda saqlanish, tegishli tibbiy yordam olish;

pochta jo‘natmalarini va yo‘qlovlarni olish hamda jo‘natish;

advokat, qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan uchrashish;

O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘yicha telefon orqali har kuni limitlangan bir martalik so‘zlashish;

tungi vaqtda uzluksiz sakkiz soat uxlash;

maxsus qabulxona hududida maxsus ajratilgan joylarda kunduzgi vaqtda davomiyligi ikki soatdan kam bo‘lmagan har kungi sayr qilish;

diniy rasm-rusumlarni ado etish, agar bu ichki tartib qoidalarini, shuningdek boshqa shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzmasa;

mehnatga jalb qilingan taqdirda tegishli haq olish va mehnatining muhofaza qilinishi;

belgilangan normalar bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanish, moddiy-maishiy sharoitlardan, o‘quv-badiiy, axborot materiallaridan va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa narsalar va ashyolardan foydalanish;

belgilangan tartibda dori vositalarini olish va saqlash.

O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy qamoqqa olingan fuqarolari, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqlardan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida, davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovda va O‘zbekiston Respublikasining referendumida qonun hujjatlariga muvofiq ishtirok etish huquqiga ega.

Ma’muriy qamoqqa olingan chet el fuqarolari, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqlardan tashqari, o‘z davlatlarining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan, O‘zbekiston Respublikasida diplomatik va konsullik muassasalariga ega bo‘lmagan mamlakatlarning fuqarolari esa, ularning manfaatlarini himoya qilishni o‘z zimmasiga olgan davlatning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan aloqa bog‘lash huquqiga ega.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

 

14-modda. Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning majburiyatlari

 

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar:

ushbu Qonun talablariga va ichki tartib qoidalariga rioya etishi;

maxsus qabulxona ma’muriyati va xodimlarining qonuniy talablarini bajarishi, ularning o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilmasligi;

sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etishi;

yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etishi;

maxsus qabulxona mol-mulkiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi;

kameralarni va boshqa xonalarni navbatma-navbat tozalab turishi;

boshqa shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi, shuningdek o‘z hayoti va sog‘lig‘iga yoxud boshqa shaxslarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi xatti-harakatlarni sodir etmasligi shart.

 

15-modda.     Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning shaxsiy xavfsizligi

 

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning shaxsiy xavfsizligi ta’minlanadi.

Maxsus qabulxona ma’muriyati va xodimlari ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdidlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan darhol choralar ko‘rishi shart.

 

16-modda.     Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning advokat, qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan uchrashuvlari

 

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga advokat, qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan uchrashuvlar beriladi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga yuridik yordam olishi uchun  advokat bilan uchrashuvlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, soni va davomiyligi cheklanmagan holda beriladi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga ma’muriy qamoqni o‘tash davrida bir marta qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan davomiyligi  bir soatgacha bo‘lgan uchrashuv beriladi. Ayrim hollarda, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga maxsus qabulxona ma’muriyatining ruxsati bilan davomiyligi bir soatgacha bo‘lgan qo‘shimcha uchrashuv berilishi mumkin.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar bilan uchrashuvlar quyidagilarga beriladi:

advokatga — u orderni va advokatlik guvohnomasini ko‘rsatganda;

qarindoshga yoki boshqa shaxsga — o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatganda.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxsning arizasiga ko‘ra, uchinchi shaxslar eshitishi mumkin bo‘lgan doiradan tashqarida va eshitishning texnik vositalarini qo‘llamasdan advokat bilan xoli uchrashishga maxsus qabulxona xodimlari tomonidan chetdan ko‘z bilan ko‘rib turib nazoratni amalga oshirish imkoniyati bo‘lishi sharti bilan ruxsat beriladi.

Qarindoshlar yoki boshqa shaxslar bilan uchrashuvlar maxsus qabulxona xodimlarining nazorati ostida amalga oshiriladi hamda ichki tartib qoidalariga ko‘ra saqlash hamda foydalanish taqiqlangan hujjatlarni, pul mablag‘larini, qimmatbaho buyumlarni, narsalarni va boshqa ashyolarni ma’muriy qamoqqa olingan shaxsga topshirishga urinish bo‘lgan taqdirda muddatidan ilgari to‘xtatib qo‘yiladi. 

Advokatlarga, qarindoshlarga yoki boshqa shaxslarga uchrashuvlar berilganda ularning yonida aloqa vositalari, shaxsiy kompyuter, fotoapparatlar, videokameralar va ovoz yozish qurilmalari bo‘lishi taqiqlanadi.

 

17-modda.    Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning arizalari, takliflari va shikoyatlari

 

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilishga haqlidir.

Maxsus qabulxona xodimlari ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning og‘zaki yoki yozma shaklda berilgan arizalari, takliflari va shikoyatlarini darhol qabul qilishi, ularni maxsus jurnalda qayd etishi va maxsus qabulxona ma’muriyatiga topshirishi (xabar qilishi) shart.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning arizalari, takliflari va shikoyatlari senzuradan o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning arizalari, takliflari va shikoyatlari ular berilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay oluvchilarga yuboriladi.

Arizalar, takliflar va shikoyatlarga javoblar maxsus qabulxonaga kelib tushgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay tegishli arizalar, takliflar va shikoyatlarni bergan shaxslarga yetkaziladi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning arizalari, takliflari va shikoyatlarini jo‘natish xarajatlarining o‘rni maxsus qabulxona mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning arizalari, takliflari va shikoyatlarini qabul qilish hamda ko‘rib chiqishning asossiz ravishda rad etilishi, ularni ko‘rib chiqish yoki oluvchilarga topshirish tartibi va muddatlarining buzilishi yoxud ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning bergan arizalari, takliflari va shikoyatlari munosabati bilan ta’qib qilinishi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

 

18-modda. Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar tomonidan pochta jo‘natmalarini va yo‘qlovlarni olish hamda jo‘natish

 

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar maxsus qabulxonaga kelgan kunidan e’tiboran pochta jo‘natmalarini va yo‘qlovlarni olishi hamda jo‘natishi mumkin. Pochta jo‘natmalari va yo‘qlovlar ko‘zdan kechirilishi kerak.

Pochta jo‘natmasining og‘irligi pochta qoidalarida belgilangan normadan, yo‘qlovning og‘irligi esa posilkaning belgilangan og‘irligidan oshmasligi kerak.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar tomonidan pochta jo‘natmalarini va yo‘qlovlarni olish hamda jo‘natish tartibi ichki tartib qoidalarida belgilanadi.

 

19-modda.     Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning maxsus qabulxona hududidan chetga chiqishi

 

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga alohida hollarda (yaqin qarindoshning vafoti yoki yaqin qarindoshning hayotiga tahdid soluvchi og‘ir kasallik, ma’muriy qamoqqa olingan shaxsga yoki uning oilasiga ancha miqdorda moddiy zarar yetkazgan hodisa) ikkala tomonga borib-kelish vaqti (ikki sutkagacha) hisobga olinmagan holda bir sutkadan ko‘p bo‘lmagan muddatga maxsus qabulxona hududidan chetga chiqishga ruxsat berilishi mumkin. Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi doirasida chetga chiqish uchun ruxsat etiladi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxsning maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish uchun ruxsat berish to‘g‘risidagi arizasi ariza kelib tushgan paytdan e’tiboran keyingi kundan kechiktirmay maxsus qabulxona ma’muriyati tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ma’muriy qamoqqa olingan shaxsning chetga chiqishi to‘g‘risidagi qaror uning shaxsi, xulq-atvori, tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligi inobatga olingan holda qabul qilinadi.

Maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish vaqti ma’muriy qamoqni o‘tash muddatiga qo‘shib hisoblanadi.

Maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish xarajatlari ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning mablag‘lari hisobidan yoki boshqa shaxslar tomonidan to‘lanadi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxsning maxsus qabulxonaga belgilangan muddatda qaytib kelishini qiyinlashtiruvchi kutilmagan holatlarda qaytib kelish muddati ma’muriy qamoqqa olingan shaxs turgan joydagi ichki ishlar organi boshlig‘ining qaroriga ko‘ra ikki sutkagacha uzaytirilishi mumkin va bu haqda maxsus qabulxona ma’muriyati xabardor qilinishi shart.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxs belgilangan muddatda maxsus qabulxonaga qaytib kelishdan bo‘yin tovlagan taqdirda u ichki ishlar organi tomonidan ushlanadi va maxsus qabulxonaga jo‘natiladi. Bunday holda maxsus qabulxona hududidan  chetga chiqish vaqti ma’muriy qamoqni o‘tash muddatiga qo‘shib hisoblanmaydi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning maxsus qabulxona hududidan chetga chiqishi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.

 

4-bob.  Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning moddiy-maishiy va tibbiy ta’minoti

 

20-modda.  Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash joylari va ularning moddiy-maishiy ta’minoti

 

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga sanitariya qoidalari, normalari, gigiyena normativlari va yong‘in xavfsizligi qoidalari talablariga javob beradigan moddiy-maishiy sharoitlar yaratiladi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanadigan kameralar ventilyatsiya jihozlariga va isitish tizimiga, shuningdek ko‘zga ziyon yetkazmaydigan holda o‘qish yoki yozish uchun yetarlicha tabiiy va sun’iy yorug‘likka ega bo‘lishi kerak. Kameralarning derazalari, sun’iy ventilyatsiya tizimi mavjudligidan qat’i nazar, toza havo kirishini ta’minlashi lozim.

Kameralarda bir kishiga to‘g‘ri keladigan maydonning normasi kamida ikki yarim kvadrat metrni, ayollar uchun esa kamida uch kvadrat metrni tashkil etadi. Ma’muriy qamoqqa olingan, yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlar saqlanadigan kameralarda bir kishiga to‘g‘ri keladigan maydon to‘rt kvadrat metrdan kam bo‘lmasligi kerak.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga alohida yotoq joyi, ko‘rpa-to‘shak, idish-tovoq hamda ovqatlanish anjomlari beriladi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar o‘zining kiyim-boshi, poyabzali va shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanadi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxsda zarur vositalar mavjud bo‘lmagan taqdirda, ushbu shaxsning iltimosiga ko‘ra, unga shaxsiy gigiyena vositalari (sovun, tish cho‘tkasi, tish pastasi yoki kukuni), soqol oladigan asbob yoki shaxsiy gigiyena vositalari (ayollar uchun) ham beriladi.  

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning cho‘milib-yuvinishi, choyshab va yostiqjildlarini almashtirish yetti kunda kamida bir marta amalga oshiriladi.

Maxsus qabulxonalardagi ovqat normalari ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning sog‘lig‘i holatiga, yoshiga, shuningdek ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar jalb etilishi mumkin bo‘lgan ishning xususiyatiga qarab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

 

21-modda.  Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga tibbiy xizmat ko‘rsatish

 

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga tibbiy xizmat ko‘rsatish maxsus qabulxonaning tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

Maxsus qabulxonaga yangi kelgan shaxslar maxsus qabulxonaning tibbiyot xodimlari tomonidan bemorlarni va tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan shaxslarni aniqlash maqsadida amalga oshiriladigan birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga tibbiy yordam ichki tartib qoidalarida belgilangan tartibda maxsus qabulxonalarda yoki O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan tartibda davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida ko‘rsatiladi.

Maxsus qabulxonalarda ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarda tan jarohatlari aniqlanganda, ular maxsus qabulxonaning tibbiyot xodimlari tomonidan kechiktirmasdan tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Tibbiy tekshiruv natijalari to‘g‘risida darhol prokurorga xabar qilinadi.

Maxsus qabulxona tibbiyot xodimining xulosasiga ko‘ra statsionar sharoitlarda yordam ko‘rsatilishiga muhtoj bo‘lgan shaxslar davlat sog‘liqni saqlash muassasalariga yuboriladi. Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga statsionar sharoitlarda tibbiy yordam ko‘rsatilgan taqdirda ularning qarindoshlari yoki ma’muriy qamoqqa olingan shaxs tomonidan ko‘rsatilgan boshqa shaxslar bu haqda darhol xabardor qilinadi. Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga statsionar sharoitlarda tibbiy yordam ko‘rsatilgan vaqt ma’muriy qamoqni o‘tash muddatiga qo‘shib hisoblanadi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha o‘zlariga zarur bo‘lgan tayinlangan dori vositalari va preparatlaridan maxsus qabulxona tibbiyot xodimining ruxsati bilan foydalanishga haqli.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga maxsus qabulxonalarda tibbiy xizmat ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Maxsus qabulxona ma’muriyati, xodimlari va tibbiyot xodimlari muntazam ravishda dezinfeksiya va boshqa sanitariya-gigiyena tadbirlari o‘tkazilishini ta’minlashi shart.

 

5-bob.      Maxsus qabulxona ma’muriyati va xodimlarining huquqlari hamda majburiyatlari

 

22-modda.    Maxsus qabulxona ma’muriyati va xodimlarining huquqlari

 

Maxsus qabulxona ma’muriyati va xodimlari o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:

advokatlar, qarindoshlar va boshqa shaxslarning ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar bilan uchrashish huquqini beruvchi hujjatlarini tekshirish;

maxsus qabulxonada kirish-chiqish rejimini va ob’ektning ichki rejimini ta’minlash choralarini ko‘rish, nazorat va tekshiruvning texnik vositalarini qo‘llash, maxsus qabulxona hududiga kirib kelayotgan va undan chiqib ketayotgan transport vositalarini ko‘zdan kechirish;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularning barmoq izlarini ro‘yxatga olish va ushbu shaxslarni fotosuratga olish, ularda mavjud bo‘lgan hujjatlar, pul mablag‘lari, qimmatbaho buyumlar, narsalar va boshqa ashyolarni ko‘zdan kechirish;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar tomonidan olinadigan va jo‘natiladigan pochta jo‘natmalarini va yo‘qlovlarni ko‘zdan kechirish;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslardan  saqlash, tarqatish, iste’mol qilish va foydalanish taqiqlangan hujjatlarni, pul mablag‘larini, qimmatbaho buyumlarni, narsalarni hamda boshqa ashyolarni olib qo‘yish;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslardan va maxsus qabulxona hududida turgan boshqa shaxslardan maxsus qabulxona ma’muriyati va xodimlari tomonidan xizmat majburiyatlari bajarilishiga to‘sqinlik qiluvchi harakatlarni darhol to‘xtatishni talab qilish, ushbu harakatlarga barham berish, ularni bartaraf etish va aybdorlarni qonunga muvofiq javobgarlikka tortish yuzasidan zarur choralar ko‘rish;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning yozma roziligi bilan ularni haq to‘lanadigan mehnatga, shuningdek maxsus qabulxona xonalarida sanitariya-gigiyena, maishiy sharoitlarni yaxshilash, ichki ishlar organi yoki maxsus qabulxona hududini obodonlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan, haq to‘lanmaydigan jismoniy ishlarga jalb etish;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq jismoniy kuch ishlatish va maxsus vositalarni, rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralarini qo‘llash.

Maxsus qabulxona ma’muriyati va xodimlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

 

23-modda. Maxsus qabulxona ma’muriyati va xodimlarining majburiyatlari

 

Maxsus qabulxona ma’muriyati va xodimlari:

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslardan va maxsus qabulxona hududida turgan boshqa shaxslardan ushbu Qonun talablariga va ichki tartib qoidalariga rioya etilishini talab qilishi;

ma’muriy qamoqqa olish to‘g‘risidagi qarorning ijro etilishini tashkil etishi;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxs maxsus qabulxonaga joylashtirilgan paytdan boshlab unga u maxsus qabulxonaga joylashtirilganligi to‘g‘risida advokatga, qarindoshlariga yoxud boshqa shaxslarga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilish yoki xabar qilish huquqini berishi;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga advokat, qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan uchrashuvlar berishi;

 

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslardan olib qo‘yilgan, shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish va ashyolarni ko‘zdan kechirish bayonnomalarida ko‘rsatilgan hujjatlar, pul mablag‘lari, qimmatbaho buyumlar, narsalar va boshqa ashyolarning saqlanishini, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni ozod etish paytida ularning qaytarib berilishini ta’minlashi yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ushbu ashyolarga nisbatan boshqa choralar ko‘rishi;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi va shartlari, ularning huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risidagi axborotni taqdim etishi, mazkur shaxslarni nazorat va tekshiruvning texnik vositalari qo‘llanishi to‘g‘risida xabardor qilishi;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar moddiy-maishiy sharoitlarining belgilangan normalari va qoidalarini, ularning shaxsiy xavfsizligi va sog‘lig‘i saqlanishini ta’minlaydigan sharoitlarda saqlanishini, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning boshqa huquqlariga rioya etilishini ta’minlashi;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar ushbu Qonunda va ichki tartib qoidalarida belgilangan majburiyatlarni bajarishi uchun sharoitlar yaratishi;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar ma’muriy qamoqni o‘tash tartibiga rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshirishi;

maxsus qabulxonaga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) moneliksiz kirishini va uning xavfsizligini ta’minlashi;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarda tan jarohatlari aniqlanganligi haqida, shuningdek jismoniy kuch ishlatish yoki maxsus vositalarni qo‘llash natijasida ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning hamda boshqa shaxslarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan har bir holat to‘g‘risida prokurorga darhol xabar qilishi;

maxsus qabulxona hududiga kelgan yoki maxsus qabulxona hududida turgan shaxslar tomonidan kirish-chiqish rejimiga va ob’ektning ichki rejimiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi shart.

Maxsus qabulxona ma’muriyati va xodimlari zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

 

6-bob.      Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash xarajatlarini undirish va ularni mehnatga jalb etish tartibi

 

24-modda.  Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash xarajatlarini undirish va xarajatlardan ozod etish

 

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslardan tuman (shahar) sudi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudyasining, favqulodda holat rejimi sharoitlarida esa, shuningdek harbiy komendantning yoki ichki ishlar organi boshlig‘ining qaroriga ko‘ra, maxsus qabulxonada saqlash bilan bog‘liq xarajatlar sutkasiga eng kam oylik ish haqining 15 foizi miqdorida undiriladi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxs ma’muriy qamoqni o‘tashi vaqtida ishlagan va shu tariqa o‘zining maxsus qabulxonada saqlanishi bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini qoplagan hollarda undan xarajatlar undirib olinmaydi. Ma’muriy qamoqqa olingan, mehnatga qobiliyatsiz shaxslar ham bu xarajatlarning undirilishidan ozod qilinadi.

Ayrim hollarda muayyan holatlar, ma’muriy qamoqqa olingan shaxsning moddiy ahvoli va shaxsi hisobga olingan holda, u maxsus qabulxonada saqlash bilan bog‘liq xarajatlar undirilishidan tuman (shahar) sudi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudyasining, favqulodda holat rejimi sharoitlarida esa, shuningdek harbiy komendantning yoki ichki ishlar organi boshlig‘ining qaroriga ko‘ra ozod qilinishi mumkin.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonada saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni undirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

 

25-modda.  Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni haq to‘lanadigan mehnatga jalb etish

 

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning yozma roziligiga ko‘ra ular haq to‘lanadigan mehnatga jalb etiladi, mehnatga qobiliyatsiz shaxslar bundan mustasno.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning mehnatidan foydalanishni tashkil etish tuman (shahar) hokimliklarining zimmasiga yuklatiladi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning ish vaqti va mehnatiga haq to‘lash mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.

Belgilangan ish hajmlarini bajargan shaxslar mehnatiga haq to‘lash qonun hujjatlarida belgilangan miqdordan —Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadidan kam bo‘lmasligi lozim.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning mehnatidan foydalanish natijasida olingan pul mablag‘lari ularni maxsus qabulxonalarda saqlash va ovqatlantirishga yo‘naltiriladi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonalarda saqlash va ovqatlantirish qiymatidan ortiq bo‘lgan summa ularning nomiga ochiladigan maxsus bank hisobvaraqlariga o‘tkaziladi.

 

26-modda.  Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni haq to‘lanmaydigan jismoniy ishlarga jalb etish

 

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar maxsus qabulxona xonalaridagi sanitariya-gigiyena, maishiy sharoitlarni yaxshilash, shuningdek ichki ishlar organi yoki maxsus qabulxona hududini obodonlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan, davomiyligi sutkasiga ikki soatdan ko‘p bo‘lmagan haq to‘lanmaydigan jismoniy ishlarga o‘z roziligiga ko‘ra jalb etiladi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni haq to‘lanmaydigan jismoniy ishlarga jalb etish ularning sog‘lig‘i holati hisobga olingan holda va navbat tartibida amalga oshiriladi.

Ma’muriy qamoqqa olingan mehnatga qobiliyatsiz shaxslar haq to‘lanmaydigan jismoniy ishlarga jalb etilishdan ozod qilinadi.

 

7-bob. Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralari

 

27-modda.  Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni rag‘batlantirish

 

Ma’muriy qamoqqa olingan, ichki tartib qoidalariga rioya etayotgan va mehnatga vijdonan munosabatda bo‘layotgan shaxslarga nisbatan quyidagi rag‘batlantirish choralari qo‘llanilishi mumkin:

tashakkur e’lon qilish;

O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘yicha telefon orqali limitlangan bir martalik qo‘shimcha so‘zlashuv huquqini berish;

har kungi sayr vaqtini uch soatgacha uzaytirish.

Rag‘batlantirish choralari maxsus qabulxona boshlig‘ining yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning buyrug‘i bilan qo‘llaniladi va ma’muriy qamoqqa olingan shaxsga e’lon qilinadi.

 

28-modda.  Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan intizomiy jazo choralari

 

Ma’muriy qamoqqa olingan, ushbu Qonun talablari va ichki tartib qoidalarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin:

ogohlantirish;

telefon orqali navbatdagi so‘zlashuv huquqidan mahrum qilish;

haq to‘lanmaydigan jismoniy ishlarga navbatdan tashqari jalb etish.

Intizomiy jazo choralari maxsus qabulxona boshlig‘ining yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning buyrug‘i bilan qo‘llaniladi va ma’muriy qamoqqa olingan shaxsga e’lon qilinadi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar yuqori turuvchi mansabdor shaxsga, prokurorga yoki sudga qo‘llanilgan intizomiy jazo ustidan shikoyat qilish huquqiga ega. Shikoyat berilishi intizomiy jazo chorasining ijro etilishini to‘xtatib turmaydi.

 

8-bob.  Jismoniy kuch ishlatish va maxsus  vositalarni qo‘llash

 

29-modda.     Jismoniy kuch ishlatish va maxsus vositalarni qo‘llash shartlari

 

Jismoniy kuch ishlatish va maxsus vositalarni qo‘llash ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga azob-uqubat yetkazilishiga olib bormasligi, shuningdek shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi tazyiqlar bilan amalga oshirilmasligi lozim. Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning hamda boshqa shaxslarning hayoti va sog‘lig‘iga jismoniy kuch ishlatish yoki maxsus vositalarni qo‘llash natijasida zarar yetkazilgan har bir holat to‘g‘risida darhol prokurorga xabar qilinadi.

 

30-modda.    Jismoniy kuch ishlatish

 

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning jinoyatlari va boshqa huquqbuzarliklariga barham berish maqsadida, shuningdek ularning maxsus qabulxona xodimlarining qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatishini bartaraf etish uchun, agar qonuniy talablarning ular tomonidan bajarilishini jismoniy kuch ishlatmay, boshqa usullar bilan ta’minlashning iloji bo‘lmasa, ularga nisbatan jismoniy kuch ishlatilishi mumkin.

 

31-modda.    Maxsus vositalarni qo‘llash

 

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlariga, shuningdek o‘ziga o‘zi zarar yetkazishiga barham berish maqsadida maxsus vositalar qo‘llanilishi mumkin.

Maxsus vositalarga tinchlantirish ko‘ylaklari, rezina tayoqlar, qo‘lkishanlar yoki boshqa bog‘lash vositalari, ko‘zdan yosh oqizuvchi moddalar, chalg‘itma ta’sir ko‘rsatuvchi nur-tovush moslamalari, xonalarni ochish moslamalari hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa vositalar kiradi.

Maxsus vositalar quyidagi hollarda qo‘llaniladi:

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning maxsus qabulxona xodimlariga, ma’muriy qamoqqa olingan boshqa shaxslarga va o‘zga shaxslarga hujumini daf etishda;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar tomonidan sodir etilgan ommaviy tartibsizliklarga, jamoat tartibini guruh bo‘lib buzishlarga barham berishda;

maxsus qabulxona xodimlariga ashaddiy tarzda bo‘ysunmayotgan yoki qarshilik ko‘rsatayotgan huquqbuzarlarni ushlashda;

maxsus qabulxonadan qochgan ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni ushlashda;

ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonadan qochishining oldini olish uchun qo‘riqlab turishda.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga nisbatan, agar ular jazavaga tushsa, tinchlantirish ko‘ylagini qo‘llashga yo‘l qo‘yiladi.

Maxsus vositalar turlari va ularni ishlatish muttasilligi yuzaga kelgan vaziyat, huquqbuzarlikning xususiyati va huquqbuzarning shaxsi inobatga olingan holda belgilanadi. Maxsus vositalarni qo‘llash ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga va boshqa shaxslarga mumkin qadar kam zarar yetkazishi kerak.

Tinchlantirish ko‘ylagi maxsus qabulxonaning tibbiyot xodimi ishtirokida qo‘llaniladi hamda uni qo‘llashning davomiyligi ikki soatdan oshmasligi kerak.

Ma’muriy qamoqqa olingan ayollarga va nogironlik belgilari yaqqol ko‘rinib turgan shaxslarga nisbatan maxsus vositalarni qo‘llash taqiqlanadi, bundan ular tomonidan faol yoki qurolli qarshilik ko‘rsatilgan yoxud ma’muriy qamoqqa olingan boshqa shaxslarning, o‘zga shaxslarning yoki maxsus qabulxona xodimlarining hayoti va sog‘lig‘iga haqiqatda tahdid etib, guruh bo‘lib hujum qilingan hollar mustasno.

 

9-bob.      Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonalardan ozod qilish

 

32-modda.     Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonalardan ozod qilish tartibi

 

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar maxsus qabulxonalardan quyidagi hollarda ozod qilinadi:

ma’muriy qamoq tarzidagi ma’muriy jazoni qo‘llash to‘g‘risidagi qaror bekor qilinganda;

ma’muriy qamoq muddati o‘tab bo‘linganda.

Maxsus qabulxonalardan ozod qilish chog‘ida maxsus qabulxona ma’muriyati ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning tibbiy ko‘rigini tashkil etadi, ular maxsus qabulxonaga kelib tushganda olib qo‘yilgan hujjatlar, pul mablag‘lari, qimmatbaho buyumlar, narsalar va 
boshqa ashyolarni tilxat bilan ularga qaytaradi (qaytarilmaydigan ashyolardan tashqari) hamda ozod etilganligi to‘g‘risida belgilangan shaklda ma’lumotnoma beradi.

Zarur bo‘lgan taqdirda maxsus qabulxona ma’muriyati maxsus qabulxonadan ozod qilingan, ma’muriy qamoqqa olingan shaxsni yashash joyiga yetib olishi uchun yo‘l hujjatlari va yo‘lda ketish uchun belgilangan normalar bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlaydi.

 

33-modda.    Ma’muriy qamoqqa olingan shaxsning vafot etishi munosabati bilan ma’muriy qamoq muddatining tugashi

 

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxs vafot etgan taqdirda maxsus qabulxona ma’muriyati bu haqda uning qarindoshlariga, qonuniy vakiliga va prokurorga darhol xabar qiladi. Ma’muriy qamoqqa olingan shaxsning vafot etganligi fakti bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan tartibda tergovga qadar tekshiruv o‘tkaziladi.

Vafot etgan shaxsning jasadi sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilganidan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan boshqa harakatlar bajarilganidan keyin uning eri (xotini), ota-onasi, farzandlariga va boshqa qarindoshlariga yoki qonuniy vakillariga yoxud dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan o‘zga shaxslarga topshiriladi.

Er (xotin), ota-ona, farzandlar va boshqa qarindoshlardan yoki qonuniy vakillardan yoxud dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan o‘zga shaxslardan jasadni berish to‘g‘risida ariza tushmagan taqdirda, vafot etgan shaxsni dafn etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

 

10-bob.     Yakunlovchi qoidalar

 

34-modda.    Maxsus qabulxonalarni moliyalashtirish

 

Maxsus qabulxonalarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

 

35-modda.     Maxsus qabulxonalar faoliyatini tekshirish va nazorat qilish

 

Maxsus qabulxonalar faoliyatini tekshirish O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Maxsus qabulxonalarda qonunlarga rioya etilishi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar tomonidan amalga oshiriladi.

Ma’muriy qamoqni o‘tash chog‘ida qonun hujjatlariga rioya etilishi vakolatli yuqori turuvchi organlar va mansabdor shaxslar tomonidan muntazam tekshirish, prokuror nazorati, shikoyat berish huquqi orqali ta’minlanadi.

 

36-modda.  Maxsus qabulxonalar ma’muriyati va xodimlarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish

 

Maxsus qabulxonalar ma’muriyati va xodimlarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, prokurorga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.

 

37-modda.    Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

 

Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

 

38-modda.     Ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish

 

Quyidagilar:

1) O‘zbekiston Respublikasining 1995 yil 6 mayda qabul qilingan «Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash xarajatlarini undirish to‘g‘risida»gi 68–I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995 yil, № 6, 116-modda);

2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995 yil 6 mayda qabul qilingan «Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash xarajatlarini undirish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida»gi 69–I-sonli Qarorining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995 yil, № 6, 117-modda) 1-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.

           

39-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

 

40-modda.  Ushbu Qonunning kuchga kirishi

 

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran yigirma to‘rt oy o‘tgach kuchga kiradi.

 

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti  SH. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 9-yanvar

№ O‘RQ—420

Халқ Сўзи

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!