O‘zLiDeP: Tadbirkorlar himoyasi doimiy nazoratda

Tashriflar: 86

Sana: 19.05.2017 15:51

Bugun tadbirkorning yo‘li ochiq. Imkoniyatlari yetarli, imtiyozlari bisyor. Har sohada tadbirkorlik qilaman, degan inson uchun zarur shart-sharoitlar, imkoniyatlar bor. Faqat ayrim hollarda ularda uchrayotgan to‘siqlarni bartaraf etish, lozim bo‘lganda ko‘maklashish kerak, xolos.

Andijonda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosi bo‘yicha oxirgi uch yilda xususiylashtirilgan davlat mulki ob’ektlarining hozirgi kundagi holati, bevosita davlat mulkini xususiylashtirishda turli xil byurokratik to‘siqlarga uchrayotgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ayni shu masalalar kun tartibidan o‘rin oldi.

O‘zLiDeP viloyat hamda Andijon shahar Kengashi hamkorligida tashkil etilgan muloqotda mazkur Qonunda belgilab berilgan vazifalar aholi, jumladan, tadbirkorlik sub’ektlari, keng jamoatchilik  vakillari hamda mahalliy Kengash deputatlari o‘rtasida muhokama qilinib, tadbirkorlar tomonidan ayrim muammoli masalalar, turli to‘siq va g‘ovlar o‘rtaga tashlandi.

–“Tozolov” inshoati qurish uchun foydalanilmayotgan sobiq “Bobur” nomidagi XBK yer maydonidan ajratib berishlarini so‘rab mutasaddi tashkilotlarga yozma murojaat qilgan edik, – deydi Andijon shahridagi “Marjoninvest group” MChJ ish boshqaruvchisi Shuhratbek Abdumajidov. – Biroq murojaatimiz e’tiborsiz qoldirildi. Shu sababli bugungi ochiq muloqotda ushbu masalani ijobiy hal etib berishlarini so‘rab murojaat qildim. Ushbu murojaatimni Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Abdurauf Abdullayev o‘z zimmasiga oldi va tegishli idora mutasaddilari bilan hal qilishda amaliy yordam ko‘rsatishini bildirdi. Muammomiz ijobiy hal etilayotganidan juda xursandman.

Jasurbek Tojidinov 2016 yil avgust oyida “Jasurnyumteych” MChJni umumiy ta’lim maktablarga transport xizmatini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etgan edi. Asosiy faoliyatini esa 2017 yil 1 yanvardan boshladi. Ammo shunday bo‘lsada unga davlat soliq inspeksiyasi tomonidan 590 000 so‘m daromad soliq solindi. Uning murojaati deputat va mutasaddilar tomonidan o‘rganildi va qonunchilikda belgilangan tartibda amaliy yordam ko‘rsatilishi qayd etildi. 

–Darhaqiqat, bugun yuqoridagi kabi dilni g‘ash qiladigan holatlar ham uchramoqdaki, ular tadbirkorlar yo‘liga katta to‘siq bo‘lmoqda, faoliyatini to‘xtatib qo‘ymoqda, – deydi O‘zLiDeP Andijon shahar Kengashi raisi o‘rinbosari, apparat rahbari Navro‘zbek Yusupov. – Endi bu masalaga chetdan qarab, kuzatib turib bo‘lmaydi. Chunki xalq bilan muloqot masalasi faqat deputatlar, rahbar shaxslar yoki davlat idoralari vakillarigagina daxldor vazifa emas. Bunda jamoat tashkilotlari, ayniqsa, siyosiy partiyalar zimmasiga katta vazifalar yuklanadi. Bu esa albatta, har birimizning faolligimizga, tashabbuskorligimizga bog‘liq.  

Tadbir yakunida mutassaddi idora vakillari hamkorlikda tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammoli masalalar yechimi yuzasidan alohida chora-tadbirlar belgilab olindi.  

Qudratbek RAHIMOV,

O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi

Biznes tuzilmalari va fermerlar bilan ishlash

 bo‘limi mudiri

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!