Matonat va jasorat maktabi

Tashriflar: 5

Sana: 12.01.2017 15:08

14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni... Bu sana yilning birinchi bayrami ekanida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Chunki barcha ayyomlarning asosi tinch­likdir. Osoyishta yurtga esa bayramlar yarashadi.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tashabbusi bilan poytaxtimizdagi harbiy qismlardan birida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 25 yilligi munosabati bilan “Jismoniy va ma’naviy jihatdan sog‘lom avlod – bizning eng katta boyligimiz” mavzuida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiya­miz a’zosi Rustam Qobilov, partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi xodimlari, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari, nuroniylar, mahalla faollari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

– Mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimiz mudofaa tizimida tub islohotlar amalga oshirildi, – dedi  harbiy qism komandiri Odiljon Ahrorov yig‘ilganlarga murojaat qilar ekan. – Natijada jangovarligi, taktik mahorati jihatidan hech kimdan kam bo‘lmagan tezkor va ixcham, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlangan milliy armiyamiz shakllandi. Bugun harbiy xizmat nafaqat burch, balki sadoqat, matonat va jasorat maktabi, milliy armiyamiz esa mamlakatimiz hududiy yaxlitligi va xalqimiz osoyishtaligining ishonchli kafolatidir. Biz – harbiylar zimmamizdagi vazifalarga doimo ulkan mas’uliyat bilan yondashishimiz,  davlatimiz rahbariyati, xalqimiz tomonidan bildirilgan ishonchni oqlashimiz zarur.

Partiyamizning parlament quyi palatasidagi vakili R. Qobilov o‘z so‘zida, jumladan,  hayotini Vatan himoyasi bilan bog‘lagan o‘g‘lonlar uchun barcha sharoit va imkoniyat yaratib berilayotgani, xususan, harbiy xizmatchilar turar-joylar bilan ta’minlanayotgani, so‘nggi yillarda barcha toifadagi harbiy xizmatchilarning oylik maoshi bir necha barobarga oshgani ularning oila a’zolariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi ekanini alohida qayd etdi.

Partiyamizning boshqa vakillari ham harbiylarni bayram bilan samimiy qutlab, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni sport musobaqalariga jalb etish, haqiqiy vatanparvarlarni tarbiyalash nafaqat mamlakatimiz mudofaasining mustahkamlanishiga, balki navqiron avlodning barkamol bo‘lib ulg‘ayishiga ham xizmat qilishi xususida so‘z yuritdilar.  

Tadbir nihoyasida sidqidildan xizmat qilib, safdoshlariga namuna ko‘rsatayotgan bir qancha askar va ofitserlarga O`zLiDeP sovg‘alari, tashakkurnomalari topshirildi.   

Behzod Isroilov

“XXI asr”muxbiri

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!