Tinchligimiz, osoyishtaligimiz va taraqqiyotimiz posbonlari

Sana: 12.01.2017

Yurtimizda an’anaga aylangan va har yili nishonlanadigan umumxalq bayramlarimizdan biri – Vatan himoyachilari kunidir. Agar mushohada yuritilsa, bunda ham o‘ziga xos ma’no-mazmun, hikmat mujassam ekaniga amin bo‘lasiz. Chunki, istiqlol yillarida davlat va jamiyat qurilishining turli jabhalarida erishgan yutuqlarimizning asosi – diyorimizda o‘rnatilgan tinchlik, millatlararo totuvlik, mamlakat xavfsizligini saqlash borasidagi chora-tadbirlar, amalga oshirilgan va izchil davom ettirilayotgan tub islohotlar bilan uzviy bog‘liqdir.

Zero, o‘z sarhadlari daxlsizligini ta’minlay olgan davlatgina mustaqil bo‘lib, ulkan maqsadlar sari intiladi. Milliy armiyamizni tuzish, shakllantirish va rivojlantirishdek ulkan tarixiy jarayonga rahnamolik qilgan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’biri bilan aytganda: “Qurolli Kuchlarimiz – Vatanimiz osoyishtaligi, sarhadlarimiz daxlsizligi hamda taraqqiyotimiz kafolatidir”. 

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining vujudga kelishida Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz parlamentining 1992-yil 14-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘g‘risida”gi qarori alohida ahamiyat kasb etdi. Unga ko‘ra, sobiq Ittifoq Qurolli Kuchlarining respublikamiz hududida joylashgan barcha qismlari, harbiy o‘quv yurtlari, muassasa va tashkilotlari hamda boshqa harbiy tuzilmalari O‘zbekiston Respub­likasi yurisdiktsiyasiga o‘tkazildi. Birinchi Prezidentimiz rahbarligida harbiy sohaga oid yagona davlat siyosati ishlab chiqildi. Sohaga oid qonunchilikni mustahkamlashga alohida e’tibor berildi. “Mudofaa to‘g‘risida”, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi. Mazkur muhim hujjatlarning qabul qilinishi milliy armiyamizning salohiyati, jangovarlik darajasini oshirishga xizmat qilmoqda. Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi o‘z Qurolli Kuchlarini tuzishda BMTning huquqiy me’yorlari, qator xalqaro hujjatlarning talablariga to‘liq amal qilindi.

Milliy armiyamiz rivojlanishining keyin­gi bosqichlarida mamlakatimizning mudofaa salohiyatini kuchaytirishga,  kam sonli, biroq yaxshi qurollangan, xalqimiz va Oliy Bosh qo‘mondan tomonidan qo‘yilgan har qanday vazifalarni bajarishga qodir bo‘lgan armiyani shakllantirishga asosiy e’tibor qaratildi. Harbiy qism va bo‘linmalarni zamonaviy qurol va harbiy texnika bilan ta’minlash, tezkor harakatlanadigan professional armiyani shakllantirish, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, muqobil harbiy xizmat sohasidagi islohotlar shular jumlasidandir.

Ayniqsa, yosh, mahoratli kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi. Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Urganch shaharlarida harbiy mutaxassislarni tayyorlaydigan litseylar tashkil etildi. Qurolli Kuchlar akademiyasi, Toshkent umumqo‘shin komandirlari, Samarqand avtomobilchi komandir-muhandislar, Chirchiq tankchi komandirlar-muhandislar, Jizzax aviatsiya bilim yurtlari, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus fakultetida turli yo‘nalishdagi harbiy mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, Qurolli Kuchlarimiz safini to‘ldirish tartibi izchil va bosqichma-bosqich takomillashtirildi. Milliy armiyani rivojlantirish borasidagi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida Vatan himoyachilari uchun qator imkoniyat va imtiyozlar yaratilganini alohida e’tirof etish joiz.

Bir necha marta tinchligimizni ko‘rolmasdan, osuda hayotimizga daxl qilishga uringan ekstremist, terrorchi-jangarilarning g‘arazli harakatlarini tez fursatda bartaraf etishda milliy armiyamiz o‘z kuch va imkoniyatlarini namoyon etdi. O‘sha janglarda harbiylarimiz o‘z zimmalaridagi vazifani sharaf bilan ado etishgani, ba’zi askar va zobitlarimizning esa muqaddas burchga sodiq qolib jon fido qilishgani bois, ayni paytda xalqimizning o‘z milliy armiyasiga bo‘lgan ishonchi va mehri o‘zgacha.

Bugungi kunda milliy armiyamizda xizmat qilish o‘zbek yigitlari uchun nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki ulug‘ orzu-niyatga aylandi. Chunki, harbiy qism tavsiyanomalariga ko‘ra, harbiy xizmatni o‘tagan yigitlarimiz oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda to‘planishi mumkin bo‘lgan maksimal ballning 27 foizi miqdorida imtiyozga ega bo‘lishgani, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy-maishiy ahvoli, yashash va xizmat qilish sharoitlarini yaxshilash, ish haqi va ta’minotini oshirish masalalarining tizimli ravishda bosqichma-bosqich hal etib borilayotgani bunga asos bo‘lmoqda.

Hozirda harbiy xizmatga chaqirilayotgan yoshlar har tomonlama tayyorgarlikka ega desak, mubolag‘a emas. Zero, ular litsey va kollejlarda ta’lim-tarbiya olgan, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan xabardor, xorijiy tillarni puxta egallagan, o‘z mustaqil fikri va dunyoqarashiga ega yoshlardir. Amerikalik siyosatshunos Gleb Xlardning O‘rta Osiyo davlatlari orasida faqat O‘zbekistongina o‘z chegaralarini turli ekstremistik xurujdan mustaqil himoya qila oladi, degan fikrini endilikda ko‘plab xorijlik mutaxassislar, harbiylar e’tirof etishmoqda.

Chiroyli askariy libos kiygan, yurishi, qat’iyligi o‘ziga yarashgan,  o‘z yigitlik burchini sharaf bilan o‘tayotgan, yeru ko‘kda eng zamonaviy harbiy texnikalarni mohirlik bilan boshqarayotgan o‘g‘lonlarimizni ko‘rib, beixtiyor bir zamonlar boshqa millat vakillariga, jumladan, o‘zbek yigitlariga harb ishiga uquvsiz, texnikalarni boshqarishga noloyiq, deb qaralganini, ularni asosan, qurilish va ikkinchi darajadagi qismlarda xizmat qilishga majbur qilishgani esga tushadi. Zukko insonlar bunday siyo­satning mohiyati – qo‘rquv, yolg‘on, aldovdan iborat ekanini yaxshi bilishardi...

Mustaqillik davrida Birinchi Prezidentimiz tomonidan davlatimizning tinchlikparvar siyosat olib borishi, harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, qurolli nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga harakat qilish, askar va ofitserlarimizni boshqa hududlarga yubormaslik, o‘zga davlat harbiylarini ham o‘z yurtimizga kiritmaslik, mamlakatimiz hududlarining daxlsizligini, xalqimizning tinch va farovon hayotini ishonchli ta’minlash kabi asosiy yo‘nalishlar amalga tatbiq qilindi. Ularning izchil davom ettirilishi keng jamoatchilik tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi.

Shu kunlarda Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 25 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “O‘zbekiston – mustaqil Vatanimiz, milliy armiyamiz – faxru g‘ururimiz!” shiori ostida joylarda madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Yaqinda Jizzax davlat pedagogika institutida o‘tgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyati harbiylarining ota-onalari, yaqinlari o‘z farzandlari bilan videomuloqotda bo‘lishdi.

– Mening o‘g‘lim ham yigitlik burchini o‘tab qaytgan, – deydi O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi raisining o‘rinbosari Nodira Alimova. – Shu sabab, muloqot davomida askarlarning onalari ko‘nglidan qanday tuyg‘ular o‘tayotganini his qilib turdim. Farzandining Vatan himoyachisi degan sharafli nomga loyiq ko‘rilgani ota-onani bir quvontirsa, jigarbandining xizmat davomida  jismonan chiniqqani, dunyoqarashi o‘sgani ikki karra suyuntiradi.

Bahrom MIRZAQOBILOV,

“XXI asr”muxbiri

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!