Loyihalar

Sana: 21.04.2014 23:19

“PARLAMENTDA MENING O‘RNIM”

Loyihaning maqsadi:

Yoshlarni mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etilishi jarayoniga keng jalb qilish, deputatlik guruhlarining yig‘ilishlari kun tartibiga yoshlar muammolari bilan bog‘liq masalalarni olib chiqish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimovning “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi”dan kelib chiqadigan partiyaviy vazifalarni amalga oshirish.

Loyihaning ob’ekti:  O’zLiDeP elektorat vakillari – yoshlar

Loyihaning vazifalari :

- yoshlarga oid ishlab chiqilayotgan qonunlar loyihalariga yoshlar takliflarini olish tizimini shakllantirish va qabul qilingan qonunlarni chuqur o‘rganishni targ‘ib qilish.

- yoshlarni huquqiy bilimlarini yanada oshirish va ularning intellektual salohiyatining o‘sishga ko‘maklashish.

- zamonaviy fikrlay oladigan, bilimli, jamiyatda munosib o‘rin egallashga intiluvchan barkamol avlodni tayyorlash, ularning huquqiy madaniyatini shakllantirish.

- ko‘p partiyaviylik sharoitida  maqsadlarimizga erishishning eng samarali yo‘llarini izlash va amalga oshirishda partiyaviy g‘oyalar va dasturlarimizning yanada keskin va raqobatbardosh bo‘lishini ta’minlash.

Loyihaning o‘tkazish muddati:

Loyiha har bir hududning chora-tadbirlar rejasiga muvofiq mart-dekabr oylari davomida davra suhbati, seminar trening, anjuman va kengaytirilgan yig‘ilishlar shaklida amalga oshiriladi.

Loyihadan kutilayotgan natija:

- Partiya saylovoldi platformasida belgilangan vazifalar hayotga tatbiq qilinadi.

- Partiya tizimida istiqbolli yosh kadrlar zahirasi shakllantiriladi.

-  Yoshlarda qonunchilik tashabbusi ruhi shakllanadi.

- Joylarda yoshlarning hayotiy muammolarini bartaraf etish bo‘yicha aniq amaliy takliflar ishlab chiqiladi.

- “Yoshlar qanoti” guruhlari va deputatlik guruhlari o‘rtasida hamkorlikning samaradorligi oshadi.

 

“YOSH OLIMLAR VA KATTA ILMIY XODIM-IZLANUVCHILAR” tanlovi

TADBIRKORLAR VA ISHBILARMONLAR HARAKATI – O‘ZBEKISTON  LIBERAL-DEMOKRATIK PARTIYASI SIYOSIY KENGASHI IJROIYA QO‘MITASI

Toshkent shahridagi “Interkontinental” mehmonxonasining anjumanlar zalida 2015 yil noyabr oyining uchinchi dekadasida o‘tkaziladigan “Yuksak bilimli va intellektual yoshlar salohiyatini yuksaltirish – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani va uning doirasida yosh olimlar va mutaxassislar o‘rtasida tanlovini o‘tkazish bo‘yicha

YO‘RIQNOMA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O’zLiDeP VII s’ezdidagi “Bizning maqsadimiz aniq va ravshan-hech kimdan kam bo‘lmagan farovon va baxtli hayot barpo etish” nomli dasturiy ma’ruzasida belgilangan muhim yo‘nalishlarni va partiya saylovoldi dasturida nazarda tutilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi “Yuksak bilimli va intellektual yoshlar salohiyatini yuksaltirish – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani va uning doirasida yosh olimlar va mutaxassislar o‘rtasida tanlov (keyingi o‘rinlarda – tanlov) e’lon qiladi. 

Tanlov mamlakatni modernizatsiya qilish va zamonaviy jamiyatni barpo etish bilan bog‘liq murakkab vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan kadrlarning yangi avlodini tayyorlash, iqtisodiyot, fan va ta’lim ehtiyojlarining yaqin aloqasini ta’minlashni ko‘zda tutuvchi zamonaviy ilmiy bilimlar bilan qurollangan va barkamol insonni shakllantirishga xizmat qiladigan milliy ta’lim modelini yanada rivojlantirish maqsadida o‘tkaziladi.

Tanlovda 36 yoshgacha bo‘lgan magistrantlar, yosh olimlar va mutaxassislar ishtirok etishi mumkin.

Tanlov shartlari:

Tanlovda quyidagi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha yozma ilmiy ishlar bilan qatnashish mumkin:

I. Davlat va jamiyat boshqaruvini demokratlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish sohasida.

1. O‘zbekistondagi davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi islohotlar – tizimlilik, izchillik va o‘zaro bog‘liqlik. Davlat – saylov erkinligini ta’minlash va O‘zbekistonda saylov qonunchiligini rivojlantirishga qaratilgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirishda asosiy islohotchi.

2. Ijro etuvchi organlarning vakolatlari, faoliyat shakllari va usullarini, davlat boshqaruvi, bozor sharoitida xo‘jalik faoliyat asoslarini aniq belgilovchi qonunchilikni takomillashtirish.

3. Ijro hokimiyati organlarini shakllantirishda parlament rolini yanada oshirish. Hukumat va mahalliy ijro hokimiyati organlar faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash. Mahalliy ijro hokimiyati organlarining islohotlarni amalga oshirish, bandlik muammolarini hal etish va xalq farovonligini yuksaltirish hamda boshqa ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf etish uchun mas’uliyatini oshirish.

4. Davlat va jamiyat hayotini yanada demokratlashtirish va liberallashtirish jarayonida siyosiy partiyalarning tutgan o‘rni va roli. Fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi, ularning siyosiy madaniyati oshib borishi masalalari.

II. Qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq tizimini yanada liberallashtirish sohasida.

1. Huquqiy davlat va aholi huquqiy ongini shakllantirishning asosi bo‘lgan qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan sud-huquq tizimini izchil demokratlashtirish va liberallashtirish. 

2. Tadbirkorlar, fermerlar, mulkdorlar va xususiy sektorning boshqa vakillari manfaatlarini himoya qilishning qonunchilik bazasi va mexanizmini takomillashtirish. Xususiy sektor vakillari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida xo‘jalik sudlari rolini oshirish. Xo‘jalik sudlari faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish – oshkoralik va ochiqlikni ta’minlash. Hakamlik sudlarini faollashtirish va uning imkoniyatlarini kengaytirish.

3. Mulkdorlarning mulkiy huquqlarini himoya qilishni ta’minlovchi qonunchilik normalari va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish. Sudgacha va sud yurituvi davridagi xo‘jalik va boshqa nizolarni hal etishning yanada ta’sirchan mexanizmini ishlab chiqish.

4. Fuqarolarning huquqlari va erkinliklari, qonuniy manfaatlari va qadr-qimmati himoyasiga qat’iy rioya etilishini, sodir etilgan jinoyat uchun jazo muqarrarligini kafolatlovchi huquqni muhofaza qilish organlari vakolatlarining hajmini aniq qonunchilik asosida belgilash.

5. OAV va AKTlarning jamiyatni demokratlashtirish, matbuot erkinligini, yangilanish jarayonlari hamda islohotlarning amalga oshirilishidagi roli va ta’sirchanligini oshirishni ta’minlash.  

III. Bozor islohotlarini chuqurlashtirish, iqtisodiyotni liberallashtirish va raqobatdoshligini oshirish sohasida:

1. Iqtisodiyotni boshqarish tizimini yanada chuqurlashtirish, takomillashtirish va liberallashtirish. Amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning xolisona tahlili, mantiqi va izchilligi, ularning eng zamonaviy me’yorlarga muvofiqligini baholash.

2. Iqtisodiyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy sarmoyalarni jalb qilish – uni modernizatsiya qilishning eng muhim omili sifatida. 

3. Jahon maydonida etakchi rol o‘ynovchi, sanoati rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash. Savdo-iqtisodiy aloqalar qamrovini kengaytirish, xorijiy investitsiyalar, yangi zamonoviy texnika va texnologiyalarni jalb qilish, fanga doir iqtisodiyot tarmoqlarini yaratish, keng miqyosli innovatsion dasturlarni ro‘yobga chiqarish. 

4. Texnologik taraqqiyot, mamlakat iqtisodiyotining ustuvor sohalari va jamiyat hayotining turli jabhalarida yuqori raqobatbardoshlikni ta’minlaydigan loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish. 

5. Xalqaro valyuta fondi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom rivojlanish banki kabi xalqaro moliyaviy tuzilmalar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish.

6. Bozorlarda monopollashuvning oldini olish, ishlab chiqarish hajmlari, aholi bandligi, turmush darajasi va sifatini oshirish uchun zarur bo‘lgan sog‘lom raqobat sharoitlarini saqlashga doir dolzarb muammolar.

7. Fermer xo‘jaliklari va ular uchun zarur bo‘lgan samarali infratuzilmani yanada rivojlantirishga ko‘maklashish. Qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini oshirish uchun eng qulay sharoitlarni yaratish. Fermer xo‘jaliklarining ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar tizimidagi (asosiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar, tub islohotlarni amalga oshiruvchilar, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni joriy etuvchilar sifatidagi) rolini oshirish.

8. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozidan keyingi davrda mamlakatimizda qonunchilikni yanada takomillashtirish. Xususiy sektor vakillari uchun qo‘shimcha investitsiyaviy foyda va imkoniyatlarni taqdim etish.

O‘zbekistonning raqobatbardoshligini jahon bozorlarida yuksaltirish maqsadida iqtisodiyotda tadbirkorlik sektorining har bir sub’ekti mamlakat innovatsion rivojlanishidagi manfaatdorligini ta’minlovchi chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va qabul qilish.

Mavjud zaxiralarni qo‘llash, mahsulot tannarxini pasaytirish va uning sifatini oshirish ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va texnik qayta jihozlash, eksport salohiyatini oshirish asosida tadbirkorlik tuzilmalarini yanada rag‘batlantirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish. 

Xususiy sektor vositasida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va qayta jihozlash jarayonlarini moliyalashtirish. Innovatsion loyihalarni yaratish va joriy etish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalashni moliyalashtirishda tadbirkorlik va biznesning roli hamda uning o‘ziga xos jihatlari.

Titul varag‘ida quyidagilarni ko‘rsatish lozim:

- muassasa nomi, pochta indeksi va manzili;

- ish mavzusi;

- muallif haqida ma’lumotlar:

familiyasi, ismi, otasining ismi, bosqich, o‘qitish shakli, fakultet (institut); pochta indeksi, uy manzili, telefon.

Mazkur Nizom talablariga javob bermaydigan ishlar tanlov komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilmaydi. 

Qabul qilingan ishlar qaytarilmaydi. Tanlovda ishtirok etish muallifning uning ishi yoki lavhasi chop etilishiga ruxsat berishini anglatadi.

Tanlovni o‘tkazish tartibi:

Tanlov natijalarini yakunlash uchun tanlov komissiyasi tuziladi, uning tarkibiga olimlar, mutaxassislar, davlat hokimiyati organlari va deputatlik korpusi vakillari kiradi. 

Tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi. 

Tanlovni yakunlash:

Tanlov yakunlarini tanlov komissiyasi o‘tkazadi.

Tanlov komissiyasi taqdim etilgan ishlarni, ma’ruzachilar chiqishlarini baholaydi va g‘oliblarni aniqlaydi. Konferensiya tugagach, uning yakunlari o‘tkaziladi.

Tanlov komissiyasi qarorlari va konferensiya natijalari asosida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib chiqqan magistrantlar, yosh olimlar va katta ilmiy xodim-izlanuvchilar O’zLiDeP targ‘ibot materiallari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Bundan tashqari, bir qator rag‘batlantiruvchi mukofotlar joriy etilgan.

Tashkilotchilar tanlangan ishlarni chop etish va ularni tarqatish huquqini o‘zida qoldiradi. 

Eng yaxshi ishlar alohida to‘plam shaklida chop etilishi mumkin.

Loyihadan kutilayotgan natija:

Partiya va uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi orqali huquqiy va iqtisodiy sohadagi islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan qonun ijodkorligi jarayonlarida (yosh olim mutaxassis, ekspertlar sifatida) ishtiroklarini ta’minlash.

Yosh olimlar, tadqiqotchilar va mutaxassislar orasidan tashkilotchilik, ishbilarmonlik qobiliyati bilan ajralib turadigan faollarini partiyaning  kadrlar zaxirasiga kiritish.

“SOG‘LOM OILA-MUSTAHKAM OILA”

Loyihaning maqsadlari:

-xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ma’naviy salohiyatini yuksaltirish;

-onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish, umr uzoqligini ta’minlash, sog‘lom millat genafondini asrashga ko‘maklashish;

-sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va targ‘ib qilish;

-xotin-qizlar o‘rtasida tibbiy savodxonlik va madaniyatni oshirishga nazariy va amaliy jihatdan ko‘maklashish;

-chekka hududlarda yashayotgan yosh qizlarni sport bilan shug‘ullanishga kengroq jalb etish;

-ayol murabbiylarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ularning sonini kengaytirish;

-xotin-qizlar o‘rtasida zararli illatlar (jinoyatchilik, alkogolizm, giyohvandlik, chekish va h.k) tarqalishining oldini olish yuzasidan targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib borish;

-nikoh yoshiga yetmagan qizlar va qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlarining oldini olish.

Loyihaning vazifalari:

-xotin-qizlar o‘rtasida targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib borish;

-xotin-qizlar o‘rtasida zararli illatlar tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;

-nikoh yoshiga yetmagan qizlar va qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan faol jamoatchilik nazoratini tashkil etish;

-xotin-qizlarning ma’naviy dunyosini boyitish, zamonaviy ayol tafakkurini shakllantirish,

-qishloqlarda yashayotgan yosh qizlarni sportga qiziqtirsh, kengroq jalb etish, ayol murabbiylar tayyorlash ishlarini rag‘batlantirish, ular faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

-giyohvandlik vositalariga ruju qo‘ygan xotin-qizlarga tibbiy-ijtimoiy yordamlar ko‘rsatiladi;

-loyihani amalga oshirish davomida aniqlangan ma’lumotlar mutaxassislar ishtirokida tahlil qilinib, aniq asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi hamda O’zLiDeP fraksiyasi orqali tegishli vazirlik va idoralarga yetkaziladi.

Loyihaning mavzulari:

-  “Erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari hamda ularni bartaraf etish yo‘llari”;

-  “Mamlakatimizda oila institutini yanada mustahkamlash va rivojlantirish borasida erishilgan natijalar hamda navbatdagi vazifalar”; (1998 yil “Oila yili” – 2012 yil “Mustahkam oila yili).

-  “Yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashda mahallainstitutining roli va ahamiyati”;

-  “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobi – istiqlolga erishish tarixini o‘rganish bo‘yicha muhim manba”;

-  “Mamlakatimizda sog‘lom avlodni tarbiyalash yo‘lida yaratilgan shart-sharoitlar va ulardan samarali foydalanish masalalari: erishilgan natijalar hamda navbatdagi vazifalar”;

-  “Barkamol avlod tarbiyasida kasbga yo‘naltirishning ilmiy-amaliy masalalari”; (respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi).

-  “Ijtimoiy xavfli va zararli illatlar (giyohvandlik, alkogolizm, chekish, OITS)ga qarshi kurashishda oila, maktab va mahalla hamkorligi”;

-  “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati va zarurati”;

-  “Oilaning intellektual, ma’naviy-axloqiy darajasi – jamiyat oldidagi burchi va mas’uliyati”;

-  “Jamiyat intellektual salohiyatini yuksaltirish, ma’naviy-axloqiy darajasini oshirishga hissa qo‘shish har bir oilaning burchidir”;

-  “Oila–ma’naviy asoslarni yanada rivojlantirish, milliy qadriyatlarni saqlashda – ishonchli omil”.

Loyihani amalga oshirish shakli

-Ushbu loyiha O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va hududiy partiya tashkilotlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O`zLiDeP fraksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi;

-loyiha doirasidagi turkum davra suhbatlari va amaliy muloqotlar deputatlar, tibbiyot sohasining malakali mutaxassislari, psixologlar, tajribali mahalla oqsoqollari va maslahatchilari ishtirokida malakali mutaxassislar tomonidan yangi o‘quv texnologiyalari va interfaol uslublarni qo‘llagan holda ma’ruza, bahs-munozaralar shaklida olib boriladi.

Loyihaning asosiy hamkorlari:

-O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O’zLiDeP Fraksiyasi;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi,

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi,

O‘zbekiston “Mahalla” xayriya-jamoat fondi,

Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi.

Loyihaning o‘tkazish joyi va muddati:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida,doimiy.

Loyihadan kutilayotgan natijalar:

-O’zLiDeP Dasturi va saylovoldi platformasida belgilangan maqsad va vazifalar amalga oshiriladi;

-joylarda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi oshadi;

-xotin-qizlar orasida tibbiy madaniyat oshiriladi;

-oilada sog‘lom turmush tarzi rivojlantiriladi;

-yosh qizlarning belgilangan muddatdan oldin turmushga chiqish holatlarining oldi olinadi;

-joylarda xotin-qizlar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkaziladi;

-aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yanada oshiriladi.

“MULKDOR OILA”

YOSHLARGA!

Bu Siz uchun agrar sohaning deyarli barcha tarmoqlari (chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, meva, sabzavot, polizchilik, issiqxona, ko‘chat yetishtirish, urug‘chilik va boshqa) bo‘yicha shaxsiy tomorqa, dehqon xo‘jaligi negizida oilaviy tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki o‘zingiz tanlagan yo‘nalishda biznesingizni yanada kengaytirish uchun juda qulay imkoniyatdir!

TADBIRKORLARGA!

•          Loyihada aholining oilaviy tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan qatlamlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi, ularga individual yondashiladi.

•          Loyihada oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish (biznes-reja tuzish, oilaviy korxonani tashkil etish, yuritish, belgilangan imtiyoz va preferensiyalardan samarali foydalanish) bilan bog‘liq huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy bilim va malakani oshirishga ko‘maklashiladi.

HAR BIR OILAGA!

•          Loyihada qatnashib o‘z biznes-rejalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan ishtirokchilar, uni moliyalashtirish uchun bank sertifikatini qo‘lga kiritadi.

•          Loyiha ishtirokchilari tadbirkorlik faoliyatini muvaffaqiyatli yuritishlari uchun ularga yaqindan amaliy ko‘maklashish, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatish maqsadida O’zLiDeP safidagi tajribali tadbirkor, fermer va xalq deputatlari mahalliy kengashlaridagi partiya deputatlik guruhi a’zolariga biriktiriladi.

Bu hammasi emas, maqsadingiz aniq va jiddiy bo‘lsa boshqa imtiyoz va imkoniyatlarni ham qo‘lga kiritishingiz mumkin!

“MULKDOR OILA” loyihasida ishtirok eting va mulkingizni ko‘paytiring, zero mulkdor oilalar – obod turmush va farovon jamiyatimiz bunyodkoridir!

Batafsil ma’lumot va axborot olish uchun O’zLiDePning markaziy, hududiy, tuman (shahar) va boshlang‘ich tashkilotlariga murojaat eting!

Tel/Fax: (+99871) 255-53-53,www.uzlidep.uz., uzlidep@intal.uz

“ISHBILARMON TALABA”

Ko‘rik -tanlov maqsadi:

Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatiga qiziqishini kuchaytirish, ularga o‘z biznesini tashkil etish uchun iqtisodiy va huquqiy sharoit yaratish, ularning ijtimoiy siyosiy-faolligini oshirish, mamlakatimiz kelajagi yo‘lidagi intilishi, izlanishlari, jamoat ishlaridagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash.

Ko‘rik -tanlovning ob’ekti: O’zLiDeP elektorat vakillari - yoshlar, tadbirkorlar

Ko‘rik -tanlov shartlari:

  • tadbirkorlik va ishbilarmonlik ko‘nikmalarini qay darajada o‘zlashtirganligi;
  • zamonaviy axborot-kompyuter texnologiyalari, internet xizmatidan, milliy va xorijiy axborot-kutubxona fondlaridan foydalanish borasidagi bilimlari;
  • ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, servis va qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish borasida ishlab chiqqan  innovasion loyihalari;
  • stipendiya sovrindori “a’lo” o‘qishi, uning partiya faoliyatidagi faol ishtiroki, namunali xulqi, yetakchilik qobiliyati, yoshlar bilan ishlay bilishi;
  • milliy va liberal-demokratik g‘oyalarni qay darajada o‘zlashtirganligi.

Ko‘rik -tanlovning o‘tkazish bosqichlari va muddati:

Birinchi tuman va shahar bosqichi 

Ikkinchi viloyat bosqichi 

Uchinchi respublika yakuniy bosqichi 

“XAVFSIZ INTERNET” loyihasi

Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasida ta’kidlanganidek, axborot texnologiyalari va tizimlaridan foydalangan holda axborot resurslarini qo‘llash bo‘yicha mexanizmlarini aniqlash va joriy qilish mamlakatimizni modernizatsiyalash jarayonini jadal rivojlantirishga xizmat qildi. Amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar samarasida Internetdan foydalanuvchilar soni  tobora oshmoqda.

Internet O‘zbekiston aholisining kundalik hayotiga kirib keldi, ayni damda, voyaga yetmaganlar va yoshlar global tarmoqning eng faol foydalanuvchilaridan biri hisoblanadi. Internet foydali axborot olish va do‘stlar bilan muloqot qilish imkonini beradigan manbadir. Biroq, Internetda ham, hayotda bo‘lgani singari, ma’lum tahdidlar mavjud va bu mamlakatimiz  o‘smir va yoshlarini ushbu xatarlardan muhofaza qilish lozimligini taqozo etadi.

Quyidagi Internet resurslari voyaga yetmaganlar ruhiyatiga zararli ta’sir ko‘rsatishi mumkin:

- atrof muhitga depressiya munosabatini shakllantirishga, o‘z kuchi va imkoniyatlariga ishonmaslikka, o‘ziga suiqasd qilishni muammodan qutulish chorasi deb qarashlikka o‘rgatadigan;

- ijtimoiy axloqqa qarshi, alkogol, psixotrop, giyohvandlik mahsulotlarini iste’mol qilish, jumladan, “yumshoq” giyohvandlik vositalari, umumfoydalanish tibbiyot preparatlaridan  marixuana, giyohvandlik vositalarini tayyorlash bo‘yicha retseptlar va maslahatlari zararsiz deb hisoblaydigan yopiq reklamaga jalb qiladigan;

- o‘zida zo‘ravonlik, pornografiya, jirkanch ma’lumotlarni aks ettiradigan;

- real muloqot qilish imkoniyatlariga zarar yetkazadigan, ijtimoiy muloqot qilishga qarshi madaniyatni singdiradigan, O‘zbekiston xalqining ijtimoiy ahamiyatga molik madaniy qadriyatlari, Vatanga muhabbat g‘oyalariga tajovuz qiladigan tanishuv saytlari, ijtimoiy tarmoqlar, bloklar va chatlar;

- voyaga yetmaganlarni qo‘rqitishga o‘rgatadigan, ular orasida kishi obro‘sini to‘kadigan mish-mishlarni tarqatadigan, shaxsiy axborotni keng yoyadigan, ig‘vo tarqatadigan fotosuratlarni nashr etadigan va boshqa shu kabi resurslar;

- sekta, ekstremizm va fundamental tashkilotlarga ishtirok etish, ularning buzg‘unchi faoliyatini oqlaydigan g‘oyalariga targ‘ib etuvchi va shu kabi boshqa resurslar kabilar

Yoshlar o‘rtasida internet tarmoqlari orqali virtual xayot, salbiy saytlarga kirish xolatlari uchrab turmoqda. Ushbu holatlar yoshlarda  milliy qadriyatlarni mensimaslik, yoshlar ma’naviy qarashlarida turli salbiy o‘zgarishlarga olib keladi.

Loyihaning maqsad va vazifalari:

- Barkamol avlodni voyaga yetkazish, O‘zbekiston yoshlarining milliy an’analarimiz va xalqimizning ma’naviy qadriyatlariga hurmat, vatanparvarlik va javobgarlik g‘oyalariga sodiq holda tarbiyalash va yoshlarda internet madaniyatini shakllantirish;

- O‘zbekiston ijtimoiy hayoti va ta’lim tizimida AKT, Internetdan foydalanish holatini tahlil qilish, xavfsiz Internet-muhitini rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni aniqlash va aniq tizimga solish;

- mazkur tahlillar asosida axborot va kommunikatsiya almashinuvi, yosh avlodning rivojlanishi va tarbiyasi uchun xavfsiz, madaniyatli va qulay Internetni shakllantirish bo‘yicha jamiiyatdagi barcha sa’y-harakatlarni birlashtiradigan tavsiyalar ishlab chiqish;

- keng jamoatchilik e’tiborini O‘zbekistonda xavfsiz Internet muhitini yaratish masalalariga qaratish hamda aholining onlayn texnologiyalaridan xavfsiz foydalanishga doir xabardorligini oshirish;

- internetdan xavfsiz foydalanishga doir uslubiy ko‘rsatma va tavsiyalar ishlab chiqish;

- sohadagi qonunchilik asosni yanada takomillashtirish va O‘zbekistonda ijobiy kontentni rivojlantirishni rag‘batlanirish;

- O‘zbekistonda xavfsiz Internet muhiti muammolari bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rcatish uchun sharoit yaratish;

- O‘zbekiston aholisi, ayniqsa yoshlarining Internet resurslari, xususan, butun jahon ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish holatini tahlil qilish;

- axborot-resurs markazlari (ARM) va axborot-kutubxona markazlari (AKM) faoliyatini o‘rganish;

- voyaga yetmagan shaxslarga zarar yetkazadigan, yosh avlodning ruhiy salomatligi va ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga ta’sir ko‘rsatadigan  axborotdan qonuniy muhofaza qilishga doir xorijiy tajribani o‘rganish;

- davlat organlarida axborot va telekommunikatsiya sohasi bo‘yicha qonunchilik  hujjatlariga rioya etilish holatiga doir nazorat-tahlil ishlarini olib borish;

- qonunchilik asosni takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish;

-aholi, eng avvalo yoshlarni Internetning zararli ta’siriga oid xabardorligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

-texnika vositalari va imkoniyatlaridan foydalangan holda, bolalarni Internetning zararli ta’siridan himoya qilish choralari va usullarini ishlab chiqish.

Tahliliy ishlarni amalga oshirish:

O‘zbekistonning rivojlangan davlatlar orasidan o‘rin egallashi, Internetning yoshlarning ilmiy va madaniy jihatdan rivojlanishi, o‘smirlarni o‘qitishda muhim vosita bo‘lgan holda mamlakatimiz kundalik hayotidagi roli tobora  o‘sib borayotganini bildiradi.

Shu bois,  yoshlar  global tarmoqda duch keladigan axborotga tanqidiy baho berish va tegishli qoidalarga amal qilgan holda, zamonaviy yoshlarni xavfsiz Internetdan foydalanishga o‘rgatish xavf-xatardan ko‘ra, yangi imkoniyatlarni namoyon etadi.

Yoshlarni Internet tarmog‘ining zararli ta’siridan muhofaza qilish maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiqdir:

Muntazam ravishda jamoat tashkilotlari va davlat organlarini jalb qilgan holda yoshlar, ularning ota-onalari va o‘qituvchilar uchun  bolalarni Internet tarmog‘idagi salbiy axborotlardan muhofaza qilish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatlari, anjumanlar, forumlar va seminarlar o‘tkazish;

Mazkur chora-tadbirlar ota-onalarda bolalarni kattalarning rag‘batlantirishi asosida Internetni o‘zlashtirishi lozim, degan qat’iy fikrni  shakllantirishi lozim. Bunda ota-onalar bolani Internetda mavjud bo‘lgan ko‘plab foydali ilmiy va ko‘ngilochar manbalardan foydalanishini chegaralamagan holda, uni salbiy kontent va Internet tarmog‘idagi boshqa xatarlardan muhofaza qilish imkonini beradigan mavjud zamonaviy kompyuter texnologiyalari to‘g‘risida barcha zarur ma’lumotga ega bo‘lishi lozim;

Yoshlarning   ruhiy va jismoniy rivojlanishiga zararli ta’sir ko‘rsatadigan axborotdan muhofaza qilish bo‘yicha mahalliy bosma va elektron OAVlarda yoshlarning fikr-mulohazalariga asoslangan maqolalar tayyorlash.

Yoshlar  zo‘ravonlik, dushmanlik va tajovuzkorlikka chaqiruvchi xorijiy ijtimoiy tarmoqlar, ko‘ngilochar saytlardan chalg‘itish maqsadida quyidagi vazifalarni bajarishga alohida e’tibor qaratish lozim:

Ma’naviy yetuk va barkamol avlodni tarbiyalash uchun Internet tarmog‘ida milliy axboriy, yoshlarbop, ma’rifiy  resurslar, ijtimoiy tarmoqlar va bloklar kontentini rivojlantirish;

Qishloq joylaridagi kutubxonalar, ijtimoiy shoxobchalar,  mahalla qo‘mitalarida bepul ravishda kompyuter kurslarini tashkil etish orqali aholining kompyuter savodxonligini oshirish;

Ota-onalar va yoshlar uchun Interent texnologiyalaridan foydalanish madaniyati va aholining media savodxonligi masalalari bo‘yicha axborot resurslarni tashkil etish. Yoshlarning ZiyoNET ma’rifiy tarmog‘i axborot resurslaridan foydalanishini yanada rivojlantirish Milliy dasturiy mahsulotlar, jumladan, kompyuter o‘yinlarini yaratish sohasida tadbirkorlarni jalb qilish va faollashtirish uchun sharoit yaratish;

Yoshlarni ularning salomatligi, axloqiy-ma’naviy tarbiyasiga zararli ta’sir ko‘rsatadigan xavfli saytlarga kirishidan  tadbirlar va ishlarni amalga oshirish zarur.

Loyihani amalga oshirish muddati:

loyiha har bir Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi Yoshlar bilan ishlash bo‘limi bilan kelishilgan alohida tadbirlar rejasiga muvofiq fevral-dekabr oyilari davomida targ‘ibot-tushuntirish, taqdimot, davra-suhbat, ma’ruza, amaliy o‘quv-seminar, anjuman va kengaytirilgan yig‘ilishlar shaklida tashkil etiladi. 

902