Yetakchi tashabbuskor bo‘lsa, siyosiy partiyaning jamiyatdagi ta’sir kuchi oshadi

Tashriflar: 46

Sana: 18.03.2017 14:31

Partiya dasturiy maqsadlarni hayotga tatbiq etish, tarafdorlarning ko‘payishida boshlang‘ich tashkilotlarning o‘rni beqiyos. Quyi bo‘g‘in yetakchisi tashabbuskor, siyosiy-huquqiy bilimga ega, mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardan boxabar bo‘lsagina, partiya elektoratini ortidan ergashtira oladi. Partiya ishini to‘g‘ri va tizimli yo‘lga qo‘yishda ilg‘or, yetarli tajribaga, o‘rganishga munosib, betakror va zamonaviy ish uslubiga ega quyi bo‘g‘inlar faoliyatini ommalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Qarshi shahridagi “Qashqadaryo maxsus qurilish dizayn” korxonasi boshlang‘ich partiya tashkiloti yetakchisi Dilshod Kichkinayev ana shunday tinib-tinchimas, o‘ziga nihoyatda talabchan, o‘tkazilayotgan siyosiy o‘quvlar, tadbirlarning faol ishtirokchisi sifatida partiya a’zolari o‘rtasida hurmat va e’tibor qozongan faollardan biri sanaladi.

Bugungi kunda Qashqadaryoda o‘tkazilayotgan boshlang‘ich partiya tashkilotlarining hisobot-saylov yig‘ilishida u yetakchilik qilayotgan quyi bo‘g‘in faoliyati ibrat sifatida ko‘rsatilayotgani bejiz emas. Jonkuyar yigit nafaqat partiyaning  jamiyatdagi mavqeini oshirishda, balki yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirish, tashabbuslarini  qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan yangi loyihalar ijrosini nazoratga olish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini tadbirkorlikka yo‘naltirish orqali bandligini ta’minlash borasida ham qator takliflarni o‘rtaga tashlaydi.  

Birgina misol. Partiya faoli taklifi bilan xalq deputatlari shahar kengashidagi O`zLiDeP deputatlik guruhi tomonidan shahar kengashi sessiyasiga kiritilgan masalani bartaraf etish yuzasidan tijorat banklari, savdo-sanoat palatasi hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida aniq takliflar ishlab chiqilib, shaharda  ishga tushirilishi lozim bo‘lgan barcha loyihalar deputatlar nazoratiga olindi va amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etildi.   

Faqat shugina emas. BPT yetakchisi, shahar va viloyat kengashidagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamkorligida shaharda yashovchi yosh tadbirkorlarga qurilish materiallari ishlab chiqarish borasidagi o‘nlab loyihalarini amalga oshirishda ham yaqindan ko‘mak berib kelmoqda. Masalan, Qarshi shahridagi tashlandiq holdagi bino tadbirkor tomonidan “nol” qiymatda olinib, qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda bu yerda 23 nafar yoshlarning bandligi ta’minlangan. 

– Dilshod Kichkinayev shahrimizdagi eng namunali BPT yetakchisi sifatida partiya ishini yaxshilash borasidagi amaliy ishlari bilan barchaga o‘rnak bo‘lib kelayapti, – deydi O`zLiDeP Qarshi shahar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Dilshod Tursunov. – U joylarda o‘tkazilayotgan tashkiliy-partiyaviy, g‘oyaviy-siyosiy ishlarning faol targ‘ibotchisi va tashkilotchisidir. Partiyamiz faollari va yetakchilarning siyosiy bilim va dunyoqarashini oshirish maqsadida o‘tkazilayotgan davra suhbatlari va seminarlarda asosli taklif va mulohazalar bildiradi.

Darhaqiqat, BPT yetakchisi aholi murojaatlarini tahlil etib, shaharga hududiga xos bo‘lgan masalalarni umumlashtirib, yuqori partiya tashkilotlariga olib chiqishda tashabbuskorligi, faolligi bilan partiya a’zolariga namuna bo‘lmoqda. O‘tgan davrda mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish orqali shaharning sanoat salohiyatini oshirish, zamonaviy inshoatlar barpo etish, infratuzilmani yaxshilash, ziyoratgohlarni ta’mirlash, turizmni rivojlantirish borasidagi o‘nlab takliflari amaliyotga tatbiq etilganligi fikrimiz tasdig‘idir.   

– Boshlang‘ich tashkilotimiz a’zolarining partiyaviy topshiriqlar bilan qamrab olishga asosiy e’tibor qaratayapmiz, – deydi BPT yetakchisi. – Chunki aholini, xususan, yoshlarni o‘ylantirayotgan masalalarni ulargina yaqindan bilishadi, teran anglashadi, partiya yuqori organlariga hayotiy, asosli takliflar beradi. Bo‘lib o‘tgan hisobot-saylov yig‘ilishimizda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatini o‘rganish, partiya elektorati va aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish borasida tadbirlar rejasi ishlab chiqdik. Mazkur strategiya va “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida belgilab berilgan vazifalarni bajarishda quyi bo‘g‘inimiz a’zolari faol ishtirok etmoqda. Eng muhimi, mamlakatimiz taraqqiyotining kelgusi besh yillik ustuvor yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan mazkur hujjat barchamiz uchun dasturilamaldir.

– Viloyatimizda 917 ta BPT bo‘lib, 22 ming 209 nafar partiya a’zolarini o‘z saflarida birlashtirgan. Hozirga qadar 300 ga yaqin quyi tuzilmalarimiz faoliyati sarhisob qilindi, – deydi O`zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi rais o‘rinbosari-apparat rahbari Orzuqul Sherov. – Bo‘lib o‘tayotgan hisobot-saylov yig‘ilishlarida BPT faoliyatini jonlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilayapti. Xususan, quyi bo‘g‘inlarning deputatlik guruhlari bilan hamkorlikda xalq orasida bo‘lib, elektorat muammolarini o‘rgangan holda deputatlik guruhiga chiqishi, muhokamalar natijalari bo‘yicha partiya hududiy kengashlari va xalq deputatlari Kengashlariga murojaat qilish borasidagi amaliy ishlari tanqidiy tahlil etilayapti. Bunday samarali hamkorlik aniq natijalarga erishishimizga yaqindan yordam beradi.

Ha, siyosiy yetuk inson uzoqni ko‘zlaganda chuqurroq o‘ylashi talab etiladi. Shundan keyingina uning so‘zi o‘z ta’sirini yo‘qotmaydi, xalq uni tinglaydi. Amaliy ishlarning kuchaytirilishi odamlarni partiyaga va uning yetakchilariga ishonchini orttirib, mazkur siyosiy kuch g‘oyasi atrofida birlashib, dasturiy maqsadlarni muvaffaqiyatli oshirishga da’vat etishi tajribadan ma’lum. Hali yosh bo‘lsa-da, Dilshod Kichkinayev tashabbuskorligi, tashkilotchiligi bois o‘zi rahbarlik qilayotgan quyi bo‘g‘in ishini talablar darajasida tashkil etayotir. Bunday tashabbuskor yosh yetakchilar faoliyatini targ‘ib qilish partiya ishi rivojiga yaqindan yordam beradi.

Sayfulla IKROMOV,

“XXI asr” muxbiri

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!